Bir bor ekan, bir yo`q ekan, uch opa-singil daryolar bo`lgan ekan. Kattasining ismi Amudaryo, ikkinchisining ismi Sirdaryo va kenjasining ismi Zarafshon ekan. Amudaryo kattasi bo`lgani uchun Tojikistonning Panj viloyatidan orol dengizigacha bo`lgan masofada yumushlarni bajarar, hammaga shirindan shakar zilol suvini ulashar ekan. Amudaryo barcha dov-daraxtlar, giyohlar va ekin-tekinlarni yaxshi ko`rar ekan. U Qoraqum va Qizilqum cho`llarini ikkiga ajratib turar ekan. O`zbekiston orqali turkman eliga o`tib, suv tashir, qaytib kelib, Orol dengiziga quyularkan. Uning shahdu shiddati juda mo`l, ko`plab ishlarni yolg`iz o`zi bajarar ekan.
Sirdaryo ham go`zallikda Amudaryodan qolishmas ekan. Uning qaddi raso, yuzlari tiniq, sochlari Amudaryoday shovullab turar ekan. Sirdaryo, Norin va Qoradaryo kabi daryolarning birlashishidan hosil bo`lib, bu sirni hammadan sir tutib yasharkan. Chaqqonlikda opasi Amudaryoga teng kelolmasa ham, harakatdan to`xtamas ekan. Ancha-muncha yumushlarda opasiga yordamchi ekan.
Do'stlaringiz bilan baham: |