5-bob. Aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun tijorat banklari kreditlarini ajratishda Jamg‘arma kafilligi berilishini ko‘rib chiqishning shartlari va tartiboti
29. Loyiha tashabbuskorlarining O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Agentlik va Jamg‘arma tomonidan belgilangan mezonlarga mosligi, shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tganligi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun tijorat banklari ajratadigan kreditlar bo‘yicha Jamg‘arma kafilligini berish sharti hisoblanadi.
30. Tijorat banklari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun kreditlar ajratishda Jamg‘arma kafilligini kredit summasining 50 foizigacha (shu jumladan 50 foizi), ammo bazaviy hisob qiymatining 100 baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda qabul qiladi.
31. Loyiha tashabbuskori kreditni qaytarganda va kredit bo‘yicha o‘z majburiyatlarini imkon qadar kamaytirganda, birinchi navbatda, kredit bo‘yicha qaytarilgan summaga mutanosib ravishda Jamg‘arma kafilligi ta’minlanishidan ozod etiladi. Bunda loyiha tashabbuskori tomonidan ajratilgan kredit bo‘yicha ta’minlash sifatida taqdim etilgan mulk faqat Jamg‘arma kafilligi to‘liq qoplanganidan so‘ng garovdan ozod etiladi.
32. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun tijorat banklari ajratadigan kreditlar bo‘yicha Jamg‘arma kafilligini berish xizmatlari bepul hisoblanadi.
33. Loyiha tashabbuskori loyihani moliyalashtirishga kredit olish uchun tijorat bankining filialiga ariza bilan murojaat qiladi, unda quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda Jamg‘arma kafilligini olish istagini bildiradi:
qarz oluvchining bank hisobvarag‘iga pul mablag‘lari tushish prognozi (amalga oshiriladigan loyiha bo‘yicha pul oqimi) ko‘rsatilgan biznes-reja;
kredit bo‘yicha ta’minlash sifatida taqdim etiladigan garov to‘g‘risidagi ma’lumot.
34. Tijorat bankining filiali ariza va hujjatlarning to‘liq turkumini olgandan so‘ng ikki kun ichida:
loyiha tashabbuskorining belgilangan mezonlarga muvofiqligini, shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tganligini aniqlaydi;
taqdim etilgan hujjatlarning to‘liqligini tekshiradi. Hujjatlarning to‘liq bo‘lmagan turkumi taqdim etilganda bank filiali bir kun muddatda tegishli axborot (hujjat)ni so‘rab oladi;
taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqadi, qonunchilik va ichki kredit siyosatida belgilangan tartibotga muvofiq loyihaning moliyaviy-iqtisodiy samaradorligini baholaydi.
35. Quyidagi hollarda:
kredit ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda bank filiali Jamg‘arma kafilligini olish uchun buyurtmani ilova qilgan holda o‘z xulosasini tijorat bankiga yuboradi va bu haqda loyiha tashabbuskorini xabardor qiladi;
kredit ajratish rad etilganligi to‘g‘risida qaror qabul qilinganda — bank filiali rad etishning asosli sabablarini ko‘rsatgan holda loyiha tashabbuskoriga yozma javob yuboradi.
36. Tijorat banki filialdan hujjatlarni olgandan so‘ng bir kun mobaynida:
olingan hujjatlarni ko‘rib chiqadi;
Jamg‘arma tomonidan belgilangan tartibda buyurtmani tayyorlaydi;
ajratiladigan kreditlar bo‘yicha loyiha tashabbuskoriga kafillik berish to‘g‘risida Jamg‘armaga buyurtmani yuboradi.
Buyurtmada ko‘rsatilgan ma’lumotlarning to‘liqligi va haqqoniyligi uchun tijorat bankining imzo qo‘ygan mansabdor shaxsi javob beradi.
37. Buyurtma qabul qilingandan so‘ng Jamg‘arma ikki kun mobaynida:
buyurtmani ko‘rib chiqadi va uni ushbu Nizom talablariga muvofiqligi yuzasidan tekshiradi;
qabul qilingan qaror to‘g‘risida tijorat bankini xabardor qiladi.
38. Kafillik olish uchun talablarga muvofiq bo‘lmagan taqdirda Jamg‘arma xabarnomada rad etishning asosli sabablarini ko‘rsatadi.
39. Buyurtma ma’qullanganligi to‘g‘risida xabarnoma olingandan so‘ng tijorat banki bir kun mobaynida bank filiali tomonidan:
loyiha tashabbuskori bilan kredit shartnomasi;
Jamg‘arma va loyiha tashabbuskori bilan kafillik shartnomasi tuzilishini ta’minlaydi.
Kafillik shartnomasi elektron raqamli imzo bilan imzolangan bo‘lishi mumkin.
40. Jamg‘armaning berilgan kafillik bo‘yicha tijorat banki oldidagi majburiyatlari kafillik shartnomasi barcha tomonlari tomonidan imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi.
41. Jamg‘armaning berilgan kafilliklar bo‘yicha tijorat banki oldidagi majburiyatlari quyidagi holatlarda to‘xtatiladi:
kredit bo‘yicha asosiy qarz kafillik summasi miqdorida to‘liq qaytarilganda;
Jamg‘arma tomonidan kafillik bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirilganda;
Jamg‘armaning yozma ravishdagi ruxsatisiz kredit shartnomasi bo‘yicha majburiyatlardagi shaxslar o‘zgarganda.
Jamg‘armaning kafilliklar bo‘yicha majburiyatlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda ham to‘xtatilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |