II - BOB. ALMASHLAB EKISH
Almashlab ekish va uning ahamiyati.
Almashlab ekish deb, ekinlarni yillar davomida dalalar bo’yicha yuqori agrotexnik sharoitda tuproq unumdorligini yaxshilash va hosilni oshirishni ta’minlaydigan to’g’ri navbatlab ekishga aytiladi. Almashlab ekishning ahamiyati shundaki,uning tarkibidagi ko’p yillik o’tlar o’zidan keyin yerda ko’p miqdorda organik moddalar qoldiradi. Shu tufayli tuproqning strukturasi, suv-fizik xossalari, namlik sig’imi, zichligi, tuproqning oziq, issiqlik, havo rejimlari va mikroorganizmlar faoliyati yaxshilanadi. Almashlab ekish ta’sirida tuproqda turli kasalliklar va hashoratlar miqdori keskin kamayadi. Faqat ekinlar navbatlashuvi ilmiy asosda tashkil etilib, joriy etilgandagina tuproq unumdorligini saqlash va oshirish mumkin. Maydon, kasalliklar manbai va begona o’tlardan tozalanadi, hosildorligini oshirish bilan chorvachilik yem-hashak bazasini ko’tarishda ham katta rol o’ynaydi. Bir dalaning o’zida bitta ekinning uzoq vaqt eqilishi surunkasiga ekish deyiladi. ʼXo’jalik maydonlarining ko’p qismida uzoq vaqt bitta ekinni eqilishi monokulturadeyiladi. Ekinlar o’zaro navbatlashmasdan bir maydonda uzluksiz ekilaversa, hosildorlikka putur yetkazadigan salbiy oqibatlar yuzaga kela boshlaydi, ekinga qanchalik parvarish berilsada hosildorlik ko’tarilmasdan pasaya boradi. Bunga sabab, o’simlikning bir tomonlama tanlab oziqlanishi bo’lsa, unga o’ziga xos kasallik, zararkunanda va moslashgan begona o’tlar paydo bo’ladi. Tajriba ma’lumotlariga ko’ra, surunkasiga g’o’za ekilgan yerda vilt kasali 40-50% ni, almashlab ekilgan dalada esa 9% ni tashkil qilgan. Ma’lumki turli ekinlarning ildizi turlicha rivojlanadi. Shu tufayli ekinlar yerdan oziq elementlarni har-xil o’zlashtiradi. Masalan. g’alla ekinlari tuproqdan ko’p miqdorda fosfor, ildizmevalar esa kaliyni, dukkaklilar fosfor va kaliyni, g’o’za esa azot va fosforni ko’p o’zlashtiradi. Shu tufayli tuproqqa surunkasiga bir xil ekin ekish oqibatida oziq moddalarning bir tomonlama kamayish jarayoni sodir bo’ladi. Bunday jarayon surunkali davom etishi natijasida tuproq unumdorligi keskin pasayadi. Almashlab ekish natijasida begona o’tlar miqdori 30-50% gacha kamayadi, o’g’itlar samaradorligi 30-40% oshadi, har bir gektar ekin maydoniga sarflanayotgan suv 10-25% gacha tejaladi. Almashlab ekish ta’sirida ko’p yillik yem-xashak ekinlari botqoqlanish va sho’rlanish jarayoni ya’ni tuz to’planishini kamaytiradi, natijada ekinlarning hosildorligi 10-35% gacha oshadi.Almashlab ekish turlari.
Almashlab ekish, olinadigan mahsulotlarning turiga qarab dala, yem-xashak va maxsus turlarga bo’linadi.(1- jadval)
1. Dala almashlab ekish. Bunda umumiy maydonning yarmidan ko’pida don va texnik ekinlar ekiladi. Ular asosan bug’doy, g’o’za, zig’ir va hokoza ekinlardir.
2. Yem-xashak almashlab ekishda umumiy ekin maydoning ko’pini yem-xashak ekinlari tashkil qiladi. Ular ham o’z navbatida ikkiga bo’linadi: ferma oldi va pichan tayyorlash (yaylov). Ushbu jadvalda berilgan almashlab ekish klassifikasiyasi Timiryazev nomidagi Moskva qishloq xo’jalik akademiyasining dehqonchilik kafedrasida ishlab chiqilgan. Ferma oldida almashlab ekish fermaga yakin yerlarda tashkil qilinadi va ularda chorva mollariga ko’kat holda yediriladigan silosbop o’simliklar ekiladi. Pichan tayyorlanadigan yaylov almashlab ekishlar esa o’tloqlarda tashkil qilinadi. Bunda asosan ko’p yillik va bir yillik o’tlar ekiladi. Maxsus almashlab ekishda alohida sharoitni talab qiladigan yani tuproq unumdorligi yuqori va sug’orishning maxsus usullarini talab etadigan ekinlar ekiladi. Bunday ekinlarga sholi, sabzavot, poliz, tamaki, kartoshka, kanop va boshqalar kiradi.
Barcha almashlab ekishlarda yem-xashak ekinlarining salmog’i 37,5% ni, shu
jumladan beda 25% ni, boshqa oziq ekinlari esa 12,5% ni tashkil etadi. Sabzavot-poliz ekinlari va kartoshkaning salmog’i 62,5% ga to’g’ri keladi. Sabzavotalmashlab ekishda to’rt dala sabzavot, bitta dala kartoshka bilan band qilingan yoki ularning salmog’i 50 va 12,5% ni tashkil qiladi. Poliz almashlab ekishda poliz ekinlariga uch dala, sabzavot va kartoshkaga bittadan dala ajratiladi yoki ularning salmog’i 37,5; 12,5 va 12,5% ni tashkil etadi. Kartoshka almashlab ekishda kartoshkaga uch dala, sabzavot va poliz ekinlariga esa bittadan dala ajratiladi.Kartoshka 37,5% ni, poliz ekinlari 12,5% ni va sabzavotlar 12,5% ni band qiladi.
1 - jadval
Do'stlaringiz bilan baham: |