Jamil Sidqi az-Zahoviy ijodi va hayoti.
Bag‘dod shahri muftiyi oilasida 1863 yili tug‘ildi.
Otasi tanilgan kurd zodagonlaridan bo‘lib, uning ajdodlari Sulaymoniyadagi amirlik sulolasini ta’sis etgan deb hisoblanadi. Rivoyat bo‘yicha bu sulolaning kelib chiqishi mashhur arab lashkarboshisi Xolid ibn Validga borib taqalar ekan.
Az-Zahaviy dastlab otasining an’anaviy musulmoncha maktabida o‘qib savod chiqardi. Bu yerda u deyarli hamma islom ilmlarini egallaydi, ayniqsa, fiqh ilmidan puxta bilim oladi. Az-Zahaviy to‘rtta sharq tili - arab, fors, turk, kurd tillarida bemalol gaplasha olar va she’rlar yozar edi. Shu tillarga qilingan tarjimalar orqali G‘arb adabiyoti va madaniyati bilan ham tanishdi.
Shunday qilib an’anaviy musulmon ilmlarini yaxshi egallagan az-Zahaviy muftiy otasining munosib shogirdi bo‘lib yetishib chiqdi. Oilasining mavqei, o‘zining tug‘ma iste’dodi, tirishqoqligi, bilimi va olgan tahsili mamlakatda yuqori vazifalarni egallashga imkon berar edi.
Ammo az-Zahaviy biror mansabda uzoq qolmadi, chunki u doimiy izlanishdagi, mustaqil fikr yurituvchi, erksevar, haqgo‘y shaxs edi. Uning fe’lidagi bu xususiyatlar atrofidagi razillik, riyokorlikka qarshi uni g‘azablantirdi.
1896 yilda az-Zahaviy oldin Istanbulga, u yerdan Misrga ketdi. Misrda ma’rifatparvarlik jarayoni jo‘sh urayotgan davrning shohidi bo‘lgan az-Zahaviy bu ma’rifatparvarlik g‘oyalaridan ta’sirlandi, adabiy va ilmiy majlislarda qatnashdi, o‘z qasidalarini o‘qib she’riyat muxlislarining olqishlariga sazovor bo‘ldi, katta shoir sifatida yanada yaqqolroq tanildi. Istanbulga qaytgach, u yerda podshoh hukmiga qarshi chiqqan “yosh turklar” partiyasi a’zolari bilan yaqinlashadi.
Hokimiyat tepasida turganlar bundan xabar topganlaridan so‘ng, shoir jazo sifatida Yamanga ishga tayinlandi. Faqat bir yil o‘tgach, az-Zahaviy katta qiyinchiliklar bilan vataniga qaytdi. Endi unga Bag‘dodni tark etish man etiladi. Yamanga qilgan safari taassurotlari natijasida u vahhobiylarga qarshi qaratilgan va ularning ta’limotini tanqid ostiga olgan “Haqiqiy tong” nomli asar yozdi.
Turkiyada sodir bo‘lgan “yosh turklar” inqilobidan so‘ng (1908) az-Zahaviy Istanbul universitetida musulmon falsafasi va arab adabiyotidan dars berishga taklif etiladi. Ammo ko‘p o‘tmay og‘ir betobligi tufayli vataniga qaytib ketadi.
Az-Zahaviyning birinchi she’riy to‘plami “Nazmga tushirilgan so‘z” 1890 yili Bayrutda nashr etildi. Bu to‘plamda az-Zahaviy erkin fikr yurituvchi faylasuf shoir sifatida gavdalangan.
Ko‘p hollarda katta mahorat bilan zamonasining ilg‘or g‘oyalarini ko‘tarib chiqqan shoir, yangi mavzularni ifodalash bilan birga an’anaviy uslub shakllaridan chekinishga ham qayt-madi, yangi vaznlar qo‘lladi, bir she’r ichida rang-barang qofiyalar ishlatdi, ichki qofiyadan xam foydalandi va, nihoyat, ba’zi asarlarida qofiyadan voz kechib oq she’rga o‘tdi.
Shoir butun ijodi davomida insonlarni ma’rifatparvarlik g‘oyalariga, tenglikka, ijtimoiy adolatga da’vat etib keldi. Iroq Angliyaning mustamlakasiga aylanishi havfi tug‘ilgandan so‘ng Iroq xalqi isyon ko‘targan davrlarida az-Zahaviy o‘z she’r-larida inglizlarga yon bosgan podsho Faysalni va uning hukumatini qattiq tanqid ostiga oldi, ayniqsa, “teng huquqli” Iroq–Angliya bitimlariga qarshi chiqib, ular ustidan achchiq istehzo bilan kuldi, ajnabiylarga vatanni talon - taroj qilishga yo‘l olib berganlarga hajv o‘qini qaratdi.
1924–1928 yillarda az-Zahaviy mamlakat parlamentiga vakil etib saylandi. Davlat arbobi sifatida olib borgan faoliyatini u jurnalistik faoliyat bilan uyg‘unlashtirib, demokratik jamiyatga xos siyosiy, ijtimoiy g‘oyalarni tinmay targ‘ib etdi, bu borada ko‘pgina siyosiy, ma’rifiy, ijtimoiy hamda ilmiy maqolalar yozdi. Barcha arab ma’rifatparvarlari kabi u ayol ozodligi, teng huquqliligi, ta’lim olishi kabi masalalarga jiddiy yondashdi. O‘zining maqolalarida, she’rlarida bu muammolarni aks ettirib, Iroq ayolining og‘ir qismatiga hamdarlik bildirdi, unga ta’lim berish jamiyatning burchi ekanligini eslatib, da’vatlar bilan chiqdi, chodra, ko‘pxotinlilikni qoraladi.
Az-Zahaviyning 1929 yilda yozgan “Jahannamdagi inqilob” qasidasi butun arab dunyosida shuhrat topdi. Qasida ruhiga, unda ko‘tarilgan mavzuga, ishlatilgan badiiy-ifodaviy obrazlarga, shubhasiz, o‘rta asrning buyuk mutafakkir shoiri Abu-l-Alo al-Maarriyning (973-1057) “Risolatal- g‘ufran” (“Kechirimlik risolasi”) nomli mashhur qasidasi ta’sir ko‘rsatgani yaqqol sezilib turadi. Az-Zahaviy bu qasidasida al-Maarriy kabi o‘zi ham asarning bosh qahramoniga aylanib jahannamga shayton kirdikorlari oqibatda tushgan barcha xalqlarning va millatlarning buyuk shoirlari, faylasuflari, adiblari va boshqa ziyolilariga bosh bo‘lib isyon ko‘taradi. Isyonkorlar jannatga qarab yo‘l olishganda, malaklar ularning yo‘lini to‘sadi. Oqibatda ikki tomon o‘rtasida jang bo‘lib o‘tadi. Jahannamda behuda azoblangan ziyolilar g‘alaba qilib jannatni egallashadi. Jannatga nohaq kirib olgan tovlamachilar esa haydalib jahan-namdan o‘zlariga munosib joylarini egallashadi. Albatta, bu qasida ramziy ma’noni ifodalab ijtimoiy adolatsizlikka qarshi qaratilgan edi va bu fikr mavzuning o‘zidan ayon bo‘lib turar edi. Shunga qaramasdan az-Zahaviy podshoh Faysal va uning yaqinlari tomonidan dahriylikda, hatto kofirlikda ayblanib, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotidan chetlatildi. Az-Zahaviy 1934 yilda Eronga ketadi va ikki yildan so‘ng o‘sha yerda vafot etadi.
Az-Zahaviyning ijodiga qaytsak, uning she’rlari ko‘proq ro‘znomalar va jurnallarda nashr etilib, juda kam qismi to‘plamlar shaklida chop etilgan. “Nazmga solingan so‘z” nomli birinchi to‘plami bosilganidan o‘n besh yil o‘tgach, 1924 yilda ikkinchi to‘plami “Az-Zahaviy ruboiylari” Bayrutda nashr etildi. Shu yilning o‘zida Kohirada uning “Az-Zahaviy devoni” va 1928 yili Bag‘dodda “Yuraklar” nomli tanlangan asarlaridan tuzilgan majmua chop etildi.
Az-Zahaviyning ayrim katta hajmdagi qasidalari, yuqorida aytilganidek, ro‘znoma va jurnallarda e’lon qilingan edi. Ularning ichida Iroqda ro‘y bergan falokatli suv toshqini to‘g‘risidai “Dehqon fojeasi”, “Bahor va kuz” hamda mazkur “Jahannamdagi isyon” qasidalari bor.
Az-Zahaviyning she’rlarini tahlil etar ekanmiz, uning qanchalik she’riyatga bo‘lgan nazariy qarashlari amalda tatbiq etilganligiga shohid bo‘lamiz. Shoirning fikricha, yangi she’riyat siyqasi chiqqan hamda mohiyatini yo‘qotgan an’analardan voz kechib, zamonaviy badiiyat qonunlariga buysunishi lozim. Bu borada az-Zahaviy she’riyatda jonli xalq tilini ko‘proq ishlatilishi, yuqorida ko‘rsatganimizdek, bitta asar tizimida yagona qofiyaga amal qilmasdan turli qofiyalarni ishlatishi, hatto oq she’rga o‘tish tarafdori edi. She’r vaznlarida ham faqat Xalil ibn Ahmad aniqlagan aruz vaznlari bilan kifoyalanmasdan, boshqa vaznlarni ishlatish mumkinligini qayd qilib, o‘z ijodida namoyish etgan edi.
Az-Zahaviy arab she’riyatiga xos ba’zi bir janrlardan voz kechdi. Masalan, “madhiya” kabi ko‘p ishlatiladigan an’anaviy janrdan u butunlay foydalanmadi. Uning fikricha, bunday janrlar oldindan aniq bo‘lgan mazmunni o‘zida ifodalab, ma’-lum janr qolipida yozilgan she’r har qanday holatda ham sun’iy hissiyotni aks ettiradi. Vaholanki, she’r erkin ijodning mahsuli bo‘lib, faqat ilhom bilan tug‘ilgan his-tuyg‘ularni ifodalashi lozim.
Shoirning o‘zi ko‘proq falsafiy (ash-shahaqat) yoki voqeaband epik (hadis shujun), yurak nolalari (anin al-majruh), vatanparvarlik (vahi ad-damir) mavzularidagi she’rlarni yaratar edi.
Xotin-qizlar masalasi ham (al-mar’a) uning ijodida ko‘p o‘rin egallaydi. She’rlarining tili ravon, jo‘shqin kechinmalar bilan to‘lib-toshgan bo‘lib, ko‘pincha, ularga ma’yuslik kayfiyati xos edi.
Bu xususiyat, ayniqsa, uning “Jon berayotgan musofir”, “Alla qo‘shig‘i”, “Qizi qabri ustida” kabi she’rlariga xos.
Az-Zahaviy ijodining yana bir o‘ziga xos tomoni bu uning ilmiy mavzularda yozgan she’rlaridir. Bu xususiyat arab she’riyati uchun butunlay yangilik hisoblanmaydi. Ma’lumki, o‘rta asrlarda ko‘pgina olimlar o‘z ilmiy risolalarini nazmga solib, uni aruzning “rajaz” vaznida taqdim etishni afzal ko‘rishar edi. Misol tariqasida she’rda bitilgan Ibn Malikning nahv faniga oid “Alfiya” nomli ming baytli urjuzasi yoki buyuk Ibn Sinoning tibbiyotga oid bir nechta urjuazalarini eslatib o‘tsak bo‘ladi.
Az-Zahaviy yashagan davr XX asrning boshlari barcha ilm-fan sohasida ixtirolarga boy davr edi. Fizika, biologiya, astronomiya va boshqa sohalarda yangi qonunlarning kashf etilishi, ularni inson taraqqiyoti manfaatlariga yo‘naltirish, buning natijasida texnikaning misli ko‘rilmagan darajada rivojlanib ketishi ilmu fanga alohida ehtiros qo‘ygan shoirda bu kashfiyotlarga she’rlar orqali o‘z munosabatini bildirish, ularni sharhlab, o‘quvchiga yetkazish ishtiyoqini tug‘dirdi. Natijada “Aql sayohati”, “Tortilish evaziga itarilish”, “Kuch va modda” kabi qator qasidalar yuzaga keldi. Shoir bu qasidalarida hissiyotga berilmaydi, balki ilmiy haqiqatlardan kelib chiqib olam tuzilishi, tabiat, qahrabo kabi mavzular atrofida fikr yuritadi.
Shoir sayyoramiz Yerni Quyosh qizi deb ta’riflaydi (Yer va Quyosh arab tilida muannas jinsda). Ularning o‘zaro muloqoti-ni ona va bola muloqotiga o‘xshatib, ta’sirchan.
Materiya molekulalar va atomdan tuzilishi, ichki quvvatga ega bo‘lishi, elektrning kelib chiqishi va shunga o‘xshash ko‘p mavzular az-Zahaviyning “ilmiy she’rlari” mazmuni bo‘ldi.
Ayniqsa, shoir odam paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi Charlz Darvin nazariyasiga juda berilib ketdi.
Darvinning odam maymundan tarqalishi nazariyasi o‘zining tarafdorlari va muxoliflari o‘rtasidagi katta tortishuvda az-Zahaviy Darvin tomonini oldi hamda o‘zining “Maymun avlodi” qasidasida buni ta’kidladi: Odamning odamsimon maymundan tadrijiy yuksalishi, g‘or va o‘rmondan chiqib, to‘rt oyoqdan ikki oyoqqa turib qo‘liga qurol sifatida toshni olishi, jamoa bo‘lib yashashi, nihoyat, davlatlar, hukumatlar tuzilishiga olib keladi. Az-Zahaviy qasidasi oxirida kelajakdagi barkamol inson to‘g‘risida orzu qiladi: unga tabiat butunlay bo‘ysunadi, sirlari ochiladi, o‘zi har tomonlama mukammal bo‘ladi, yerda adolat o‘rnatadi va oxiri “samoga o‘z elchisini yuboradi”, - deydi shoir.
Az-Zahaviy o‘z dunyoqarashida to‘la materialist emas edi. Qalbi bilan qiyomat kuniga, boqiy dunyoga ishonar, ammo ilmga berilishi, kashfiyotlar uning izlovchan shaxsiyatida ko‘p savollar, shak-shubhalar tug‘dirardi. Ularga to‘la javob topa olmasdan qiynalar edi. Hatto o‘limi oldidan “ar-Risola” majallasida: “Shak-shubha to‘g‘ri yo‘lga boshlamaydi” nomli qasida chop etib, o‘zining bu boradagi murakkab ruhiy kechinmalarini bayon etgan.
Az-Zahaviy fors tilida ham she’rlar yozar edi. U 1922 yilda Bag‘dodda Umar Hayyomning mashhur ruboiylarini arab tiliga tarjima qilib nashrdan chiqardi. 1934 yilda az-Zahaviy Tehronda buyuk shoir Firdavsiyga bag‘ishlab yozilgan qasidasini o‘qib, hozir bo‘lganlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |