XX asr arab mamlakatlari adabiyoti rivoji.
Yangi davr arab adabiyoti tadqiqodchilari arab Sharqi mamlakatlarining tarixiy taqdiri va madaniyati bilan bog‘liq qator muammolarga duch keladilar.
Qadimgi va o‘rta asrlarda gullab yashnagan arab adabiyoti yangi davr bo‘sag‘asida qoloq, susaygan taraqqiyot bosqichini boshdan kechirib, ilgarilab ketgan Yevropa adabiyotining ketidan quvishga majbur bo‘ldi.
O‘rta asrlarda vujudga kelgan madaniy, adabiy umumiylikning parchalanishi va milliy adabiyotlarning shakllantirish jarayoni arab Sharqida, bir tomondan, qudratli, barqaror o‘rta asr madaniy an’analarining mavjudligi, boshqa tomondan esa, ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotning tezlashuvi va jahon madaniyati bilan bo‘lgan aloqalarning kengayishi singari omillar ta’siri ostida sodir bo‘ldi.
Bu omillarning o‘zaro nisbati, ularning badiiy adabiyotga ta’siri darajasi va xarakteri bir xil emasdi, goh u, goh bu omil ustun kelar edi.
Yangi davr arab adabiyoti an’analarning tuganmas xazinasi, voqelik va jahon madaniyatidan o‘z taraqqiyotining turli bosqichlarida har xil unsurlarni o‘zlashtirdi.
Tabiiyki, arab Sharqi mamlakatlari bu adabiyot taraqqiyotiga qo‘shgan ulush bir xil emas. Yangi arab adabiyoti tarixini rivojlantirishda Misr, Suriya va Livan mamlakatlari alohida rol o‘ynadi.
Aksariyat arab tadqiqodchilari bugungi arab mamlakatlari adabiyotini Misr, Suriya, Tunis va boshqalarga bo‘lmasdan, yagona adabiyot sifatida qaraydilar. Mahalliy o‘ziga xosliklar va farqlarni nazarda tutgan holda arab adabiyotshunoslari «Misrdagi (Suriyadagi, Iroqdagi va h.k.) arab adabiyoti» atamasini qo‘llaydilar, lekin «Misr adabiyoti», «Iroq adabiyoti» kabi atamalarni inkor etadilar.
Darhaqiqat, bir tomondan ular orasida etnik yaqinlik, umumiy arab adabiy tili, ko‘pgina mamlakatlar uchun umumiy bo‘lgan islom dini, arab birdamligi g‘oyasi mavjud. Bular arab adabiyotini birlashtiruvchi omillar bo‘lib, ularga iqtisodiy va siyosiy sabablar bilan yuzaga keladigan arab Ichki sharoit va ijtimoiy-siyosiy o‘ziga xosligi bilan ajralib turuvchi mustaqil, milliy davlatlarning paydo bo‘lishi, shevalar mavjudligi singari omillar milliy adabiyotlar tez sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan hozirgi zamon arab adabiyotini o‘zanidan chetga tortadi.
Tarixiy sharoitlardagi tafovut va XIX asrda arab mamlaktlari ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining notekis kechgani arab dunyosining turli regionlari adabiyotning bir vaqtda o‘rta asrdan zamonaviy shakllarga o‘tishiga xalaqit berdi.
Hozirgi paytda esa arab Sharqining bir qator mamlakatlarida adabiyotning bir me’yorda taraqqiy etib borishi tamoyili yuzaga kelmoqda.
Yangi arab adabiyotining o‘rganilishiga I. Yu. Krachkovskiy, A. Ye. Krimskiy, K. V. Ode-Vasilyev, A. Sultonov, A. A. Dolinina, V. Borisov, N. K. Usmonov, A. B. Xolidov, V. N. Kirpichenko, S. V. Projogina va boshqa olimlar salmoqli hissa qo‘shdilar. Arab tadqiqodchilaridan Mahmud Amin al-Alim, Abbos Mahmud al-Akkad, Muhammad Mandur, Jamil Salib, Mustafo Shokir, Husayn Muravvalarni ko‘rsatib o‘tish lozim.
Ayniqsa, akademik I. Yu. Krachkovskiy asarlarini alohida e’tirof etish kerak. Ma’lumki ungacha rus va G‘arbiy Yevropa sharqshunosligi faqat o‘rta asr arab adabiyotini o‘rganishga loiq deb bilardi. I. Yu. Krachkovskiy XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab taraqqiy etayotgan yangi arab adabiyotining o‘ziga xos ahamiyatini to‘g‘ri baholab, Muntazam o‘rgana boshladi.
Uning milliy merosi arab Sharqi mamlakatlaridagi adabiy jarayonlarni o‘rganishda poydevor vazifasini o‘taydi.
Yangi arab adabiyoti tarixi materiallarini bayon etishda biz akademik I. Yu.Krachkovskiy qoldirgan quyidagi davrlashtirish prinsipiga amal qilamiz.
I-ma’rifatparvarlik davri (1800-1880 yillar).
II-arab jangovar publisistikasi davri (1880-1910 yillar)
III-ilk realizm davri (1910-1935 yillar)
IV-yangi davr adabiyoti (1940-bugungacha).
XX asr boshlaridagi arab adabiyotida ko‘proq nasr taraqqiy topdi. Poeziyada esa, bu davrda mazmunan ko‘pincha an’anaviy lirika ustunligicha qoldi. Shoirlar ko‘hna o‘lchov shakliga amal qildilar.
Arab she’riyatida mumtoz an’analar kuchli bo‘lib, yangilanish jarayoni sekin va og‘ir kechdi. Shunga qaramasdan, ko‘hna qasida shakli yangi mazmun bilan boyidi: jo‘shqin vatanparvarlik, ozodlik harakatiga da’vat va jamiyatning boshqa dolzarb muammolari qasidaning asosiy mavzusiga aylandi. Qasida shaklining asta-sekin yemirilishi jarayoni boshlandi, poetik ijodni keng kitobxonlar qatlamiga yaqinlashtirish, tilni soddalashtirish keng tus oldi.
Zamonaviy adabiyotning markaziy mavzulari, ayniqsa, she’riyatda eski an’analar va yangi tendensiyalar o‘rtasida to‘qnashuv mavzusi yanada avj oldi, ya’ni bu mavzuni tanqidchilar ‘eskilik’ va ‘yangilik’ o‘rtasida ziddiyat deb atashadi. Zamonaviy adabiyotning ilk davrlarida bu mavzu ya’ni an’anaviy madaniyat bilan boshqa xalq madaniyati o‘rtasidagi ziddiyat, ‘madaniyatning to‘qnashuvi’ markaziy o‘rinda turar edi.
Keyingi yillarda ham adabiyotdagi ‘eskilik’ va ‘yangilik’ o‘rtasidagi ziddiyat dolzarb mavzuligicha qoldi.
Aynan ijtimoiy tengsizlik, mehnat va kapital o‘rtasidagi qarama-qarshilikni tasvirlash adabiyotning obekti bo‘ldi. Adabiyotdagi mutsamlaka davlatlar va mustamlakachi davlatlar o‘rtasidagi ziddiyat jamiyatning ichki muammolarini, ichki vaziyatini tanqid qilishga imkon berdi.
Shuningdek, meroslarni saqlab qolish, boy madaniy merosga munosabat, shu jumladan, folklor janrini saqlab qolish adabiyot va san’at adiblarining eng dolzarb muammosiga aylandi.
Mana shu davrlarda g‘arb tanqidchilarining ba’zilari ta’kidlashicha, afrikalik yozuvchi necha asrlardan beri yashab, rivojlanib yetib kelayotgan Afrika madaniyatining ‘ustunligini’ himoya qlishi kerak. Hattoki ular afrikalik yozuvchilarni, realistik adabiyot Afrika uchun begonaligiga ishontirishga harakat qildilar. Ularning fikricha, an’anaviy janrlar, folklor manbalari afrika adabiyotining yagona boyligidir. Ular afrika yozuvchilarini ijtimoiy, dolzarb mavzularini inkor etishlariga, adabiyotni afrika ekzotikasi doirasida ushlab turishga, ‘mahalliy uslub’ni saqlab qolishga, ‘afrikaning qadimiyligi’ an’anasini ‘vayron qiluvchi’ realizmdan asrashga da’vat etardilar.
Arab davlatlaridagi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar yozuvchilarni o‘rab turgan olam bilan yangi o‘zaro aloqasini aniqlashtirdi, bu narsa o‘z navbatida yaratilajak asarlarni o‘zgartirdi, asarlardagi qahramon xarakterlarini haqqoniylashtirdi.
Arab yozuvchilarining muammosi rivojlanayotgan mamlakat hayoti bilan, siyosiy, madaniy o‘zgarishlar, yangi ijtimoiy munosabatning shakllanishi bilan bog‘liq bo‘ldi.
Mustamlaka davrida yozuvchilar asarlarida o‘z xalqini tasvirlashga, ‘mustaqil’ bilan ‘mustamlaka’ ni bir-biriga qarama-qarshi ekanligini aks ettirishga harakat qildilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |