II-BOB. YAQIN SHARQGA MINTAQA MAMLAKATLARINING TA`SIRI
2.1. Yaqin Sharq mamlakatlarida AQSHning ro`li
AQShning mintaqadagi eng asosiy manfaati sifatida xavfsizlikni ko’rsatish mumkin. Yaqin Sharqda yuritilayotgan tashqi siyosatda milliy xavfsizlikni ta’minlash tamoyili birinchi o’rinda turadi. 2010 yildagi AQSh Milliy Xavfsizlik Strategiyasida belgilanganidek “ushbu ma’muriyatning Amerika fuqarolarining xavfsizligini ta’minlashdan kattaroq mas’uliyati yo’q va Amerika fuqarolariga ommaviy qirg’in qurollaridanda xavfliroq tahdid yo’q, ayniqsa, ommaviy qirg’in qurollarini qo’lga kiritishga urinayotgan ekstremist kuchlar va ularning firqalaridan xavfliroq dushman mavjud emas.”
2011 yil 11 sentyabridagi terroristik xujumlardan so’ng terrorga qarshi kurash va ommaviy qirg’in qurollari tarqalashining oldini olish AQSh milliy xavfsizlik manfaatining bosh maqsadiga aylandi. Yaqin Sharq terroristlar va ekstremistlar yig’ilgan joy sifatida AQSh milliy xavfsizlik strategiyasining muhim qismiga aylandi. Milliy Xavfsizlik Strategiyasida “biz al-Qoida va uning firqalarini parchalaymiz, yo’q qilamiz. Shuningdek, yadro va biologik qurollar tarqalishining oldini olamiz hamda yadroviy materiallar xavfsizligini ta’minlaymiz,” deb belgilab qo’yilgan. Bularning hayotdagi in’ikosi sifatida, Obama ma’muriyati Afg’onistondagi urushga katta e’tibor qarata boshladi, Eronning yadro dasturi va Suriyadagi kimyoviy qurollardan foydalanish holati bo’yicha keng ko’lamli diplomatik amallar olib bordi.
Xavfsizlikni ta’minlash manfaatidan kelib chiqib, AQSh Fors ko’rfazi monarxiyalarini qo’llab keldi, terrorizmga kurashish doirasida yordamga muhtoj bo’lgan Obama hukumati Eron va Suriya rejimlari bilan turli darajada bevosita hamda bilvosita aloqalarni kuchaytirib bordi. Suriyadagi vaziyat yanada murakkablashib ketishini istamagan Obama Bashar al-Assadning hokimiyatda qolishiga bayonotlarida qarshilik qilishda davom etsada, amalda buni to’xtatdi. Xulosa qilib aytganda, milliy xavfsizlikni ta’minlash Obama birinchi ma’muriyatining Yaqin Sharq siyosatida eng yuqori darajali manfaati bo’ldi.
Neft resurslarini qo’lga kiritish imkoniyatini nazorat qilish AQSh Yaqin Sharq siyosatidagi navbatdagi manfaatdir. AQSh prezidenti Duayt Eyzenhover dunyodagi neft zahiralarining yarmidan ko’pi joylashgan Yaqin Sharqni “biz uchun strategik jihatdan eng muhim mintaqa”, deb ta’riflagan edi. 2010 yildagi statistik ma’lumotlarga qaraganda, Yaqin Sharq mamlakatlari kuniga 30 million barrel neft qazib olgan va kunlik 86 million barrel bo’lgan global neft ehtiyojining uchdan bir qismini qondirgan. Uch mamlakat: Saudiya Arabistoni (kunlik 10 mln barrel), Eron (kunlik 4 mln barrel) va BAA (kunlik 2,8 mln barrel) hisobiga Yaqin Sharqdagi neft qazib chiqarishning 57 foizi to’g’ri kelgan.
21 asr boshlariga qadar neft AQShning Yaqin Sharqdagi asosiy manfaati bo’lib kelgan. Biroq ichki neft va tabiiy gaz ishlab chiqarish miqdorining o’sishi ortidan import qilinadigan neftga bo’lgan ehtiyoj 2008 yildagi 57 foizdan 2011 yilga kelib 45 foizga tushdi. Shunday bo’lsada, xorijiy neft hanuz Amerika uchun muhim energetika manbasi bo’lib qolmoqda. Neftga qiymatining xalqaro munosabatlarga ta’sir o’tkazishi omili esa ushbu tabiiy resurs AQSh uchun hali yana uzoq vaqt asosiy manfaatlardan biri bo’lib qolishini anglatadi. Mobodo Yaqin Sharqdagi kunlik neft ishlab qazib olish ma’lum miqdorga kamaysa, jahondagi kunlik ehtiyojning 30 foizga yaqinini ta’minlash uchun O’rmuz bo’g’ozidan o’tuvchi neftning narxi keskin oshib ketadi. Shu sababli AQSh jahondagi siyosiy hamda iqtisodiy tartibotni nazorat qilib turish uchun Yaqin Sarqdagi energetika resurslarini muhofaza qilish, ularga erishish imkoniyatlarini saqlab qolish va energetika mahsulotlari o’tuvchi koridorlar (masalan, O’rmuz bo’g’ozi)larni doimiy o’z ta’sir doirasida tutib turish uchun harakat qiladi. Mintaqadagi neft resurslarini nazorat qilish manfaatidan kelib chiqib, AQSh yirik neft ishlab chiqaruvchi bo’lgan Fors ko’rfazidagi repressiv monarxiyalarning saqlanib qolinishidan manfaatdordir.
AQSh, vaziyat majbur qilsa, O’rmuz bo’g’ozini harbiy kuch bilan himoya qilishga tayyor bo’lishi mumkin. Isroil mintaqadagi AQSh uchun eng muhim strategik ahamiyatli davlat hisoblanadi. Isroil tashkil topgan vaqtdan boshlab AQSh ushbu yangi davlatni qo’llab-quvvatlashini ochiqdan-ochiq ma’lum qildi. AQSh Isroil xavfsizligini ta’minlashni o’zining Yaqin Sharqdagi eng muhim mas’uliyatlari va manfaatlaridan biri hisoblaydi. Obama BMT Bosh Assembleyasidagi nutqida “Amerikaning Isroil xavfsizligini ta’minlash yo’lidagi maqsadi qat’iydir. Bizning do’stligimiz chuqur ildizlarga ega va davomiydir”, deb ta’kidlagan edi. Obama hukumati ham Isroilga katta miqdorda iqtisodiy va harbiy ko’mak ajratish siyosatini davom ettirdi, uning foydasiga qudratli diplomatik mudofaa joriy qildi. AQShning Isroil bilan o’ziga xos ittifoqchiligining bir qancha sabablar bilan izohlash mumkin:
Birinchisi, muhim geostrategik ahamiyatga ega bo’lgan Isroilning geografik joylashuvi AQShga mintaqadagi ta’sir doirasini saqlab turish uchun geosiyosiy platform vazifasini o’taydi.
Ikkinchisi, harbiy jihatdan qudratli Isroil AQShni mintaqadagi manfaatlari xavfsizligini ta’minlashi mumkin. Harbiy qudrati ta’minlangan Isroil mintaqadagi AQSh manfaatlariga zid bo’lgan kuchlar, masalan, terroristik va ekstremistik kuchlarni tiyib turishga qodir bo’ladi.
Uchinchisi, Isroilni qo’llab-quvvatlash va ta’minlashning AQSh milliy manfaati darajasiga ko’tarilgani mintaqadagi boshqa iqtisodiy jihatdan qiynalayotgan davlatlarni amerikaparast siyosat yuritishiga undashi mumkin. Uzoq vaqt mobaynida Amerika ta’siri ostida Misrning Arab davlatlari ichida Isroilga ma’lum darajada yon bosgan yagona mamlakat bo’lganligi bundan dalolat beradi. Shu sababli Isroilni dastaklash AQShning mintaqadagi eng uzoq davrdan beri davom etib kelayotgan hayotiy muhim manfaatlaridan biri hisoblanadi. Iroq Urushi Yaqin Sharqdagi mavjud kuchlar muvozanati tizimini izdan chiqarib yubordi. Urushga qadar mintaqadagi kuchlar muvozanati, asosan, Iroq va Eron raqobati natijasida shakllangan edi. Mazkur muvozanat mavjud bo’lgan vaqtda bu ikki davlat qudrati bir-birinikiga deyarli teng bo’lib, 1980-1988 yillardagi urushdan so’ng ortiq ochiq qurolli nizoga bormaslikka intilar edilar.
Lekin 2003 yildagi AQSh boshchiligida xalqaro koalitsiya tomonidan Iroqqa nisbatan uyushtirilgan intervensiya ham Saddam Husayn hukumati ham armiyasining parchalanishiga sabab bo’ldi. Natijada AQShning eng asosiy raqibi bo’lmish Eron Fors ko’rfazidagi eng qudratli davlatga aylandi. Eronning kuchayishi murakkab vaziyatdagi mintaqada ta’sir doirasini kengaytirishga urinayotgan AQShning oldida yanada ko’proq strategik qiyinchiliklarni paydo qildi. Saddam Husayn rejimi ortidan Iroqda eronparast shia siyosatchilari hokimiyatga kelishi Tehronning mintaqadagi ta’sirining sezilarli ortishiga zamin yaratdi. Bundan tashqari Arab Bahoridan keyin mintaqada Turkiya va Qatarning ta’siri ortishi kuzatildi.
Mintaqadagi manfaatdor tashqi kuchlar, jumladan, AQSh ham o’z taktikalariga o’zgartirish kiritishga majbur bo’ldilar. O’zining geosiyosiy va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Qo’shma Shtatlar mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlik himoyachisi vazifasini bajarishga majbur bo’ldi; tarixdan xulosa chiqargan holda, Suriyaga harbiy intervensiya uyushtirish ortidan mintaqaviy kuchlar muvozanatini yana bir bor buzib yubormaslikka urindi; neftdan siyosiy bosim vositasi sifatida foydalanishi mumkin bo’lgan mintaqadagi biror neftga boy davlatning mustaqil siyosat yuritishiga yo’l qo’ymaslik uchun kurashdi. Obama ma’muriyati mintaqaviy davlatlar o’rtasida qudrat va ta’sir doirasining o’ta notengligi hisobidan kuchlar muvozanatini qayta tiklash uchun ofshor muvozanatlash strategiyasidan foydalanishga qaror qildi. Biror mintaqaviy davlatning dominant qudratga aylanib ketmasligi uchun xech bo’lmaganda ikki mahalliy davlat o’rtasida teng kuchlar muvozanatini shakllantirish lozim bo’lib, shunda mintaqada yagona gegemon qudrat yoki bir-biri bilan ochiq kurashayotgan davlatlar bo’lgan holat kelmas edi.
Bunday vaziyatda AQShning mintaqadagi jarayonlarga harbiy yo’l bilan aralashishiga hojat qolmas, ta’sir o’tkazish uchun mavjud havo va dengiz kuchlarini saqlab qolishning o’zi yetarli bo’lar edi. Mintaqada yagona davlat dominant qudratga ega bo’lmas va kuchlar muvozanati qayta tiklanar ekan, AQShning bu hududda harbiy jihatdan mavjud bo’lishiga ham sabab qolmaydi. Shu sababli Amerika Arab Bahoriga to’g’ridan-to’g’ri aralashishdan ko’ra, parda ortidan harakat qilishni ma’qul ko’rdi.
Bunday strategiya doirasida AQSh Turkiya va Eronning mintaqadagi kuchlari muvozanatini kafolatlash, o’zaro teng raqobatini shakllantirish uchun harakat qilmoqda. Buning ikki muhim sababi mavjud:
1) Turkiya o’zaro manfaatlar sababli AQShga qarshi siyosat yuritmaydi, rasmiy Vashingtonning raqibiga aylanmaydi
2) Turkiya va Eronning manfaatlari xech qachon bir joydan kesishmagan. Iroq-Eron raqobatidan so’ng mintaqada Turkiya-Eron ziddiyati avj ola boshladi. Ushbu ikki davlatning mintaqaviy ittifoq tuzish ehtimoli deyarli nolga teng.
Shu sababli ular o’rtasida o’zaro teng kuchlar muvozanatini shakllantirish orqali AQSh mintaqani biror bir mahalliy davlatning mutlaq ta’siriga tushib qolishidan saqlashi mumkin. Bundan tashqari Turkiya va Eronning o’zaro raqobat doirasida qo’llashi mumkin bo’lgan siyosiy, iqtisodiy va mafkuraviy resurslar bo’yicha salohiyati o’zaro muvozanatda. Obama hokimiyat tepasiga kelgan vaqtda Eron sanksiyalar tufayli ancha ojizlanib qolgan edi.
Kuchlar muvozanati strategiyasi doirasida Obama ma’muriyati Eronning qudratini Turkiyaniki bilan tenglashtirishdan manfaatdor edi. Turkiya mintaqada dominantlik qilish ambitsiyalariga ega davlat bo’lib, Eron qudratining ortishiga toqat qila olmaydi va shu bilan birga Eronga nisbatan uzoq vaqt davomida raqiblik qilish salohiyatiga ega. Shuningdek, Turkiya Rossiyadan import qilinuvchi energetika resurslariga nisbatan qaramlikni kamaytirish maqsadida Yaqin Sharqdagi neftini qo’lga kiritish uchun harakat qilmoqda. Turkiyaning mintaqada qanday manfaati mavjud bo’lmasin, bu manfaatlar deyarli doimo Eronniki bilan qarama-qarshi chiqadi, shuning uchun turklar Arab Yarimoroli va arab mamlakatlaridagi Eronning ta’sirini susaytirish orqali mintaqa janubidagi neft resurslariga erishishni o’zlarining bosh maqsadlaridan biri deb hisoblaydilar.
Yaqin Sharqning boshqa mamlakatlaridagi davlat institutlari faoliyati izdan chiqar ekan, qudratli Turkiya va Eron navbatdagi mintaqaviy kuchlar muvozanatining asosiy ishtirokchilari bo’lib qolaveradilar. Natijada xaos va anarxiyaga botgan Yaqin Sharqdan ko’ra, ikki qutbli kuch markaziga ega nisbatan barqaror yangi tartibot paydo bo’ladi. Har qanday diplomatiya va tashqi siyosiy faoliyat poydevori mamlakat ichida quriladi. Yaqin Sharq mintaqasidagi rejimlar, guruhlar va harakatlarni ichki siyosatda “milliy dushman” timsolida gavdalantirish orqali AQShning qator prezidentlari bu hududda faol siyosat imkonini beruvchi xalqning keng qo’llovini olishga erishdilar. Bunday strategiyadan AQSh hukmron siyosiy doiralari Sovuq Urush davrda Sobiq Sovet Ittifoqining eng ashaddiy dushman sifatida ko’rsatish yo’lida foydalanib, katta tajriba to’plagan edilar.
Siyosiy reallikda mavjud bo’lganidek, AQShning milliy manfaatlari ham Amerika xalqining milliy o’zligidan kelib chiqadi. Biror davlatning milliy manfaatlarini aniqlash uchun shu davlat xalqining milliy o’zligini yaxshi anglab olish zarurdir. Tarixan, Amerika xalqining milliy o’zligi to’rt muhim omil asosida shakllanib kelgan: irq, millat, madaniyat va mafkura.
Hozirga kelib milliy o’zlik shakllanish jarayoniga irq va millat omili deyarli ta’sir o’tkazmaydi. Amerika millati o’zligida saqlanib qolgan asosiy unsurlar – anglo-protestant madaniyati va ozodlik-demokratiyaga intiluvchi aqida esa hozirda turfa xil mafkuralar, multikulturalizm va kosmopolitanizm bilan qorishib ketmoqda. Bundan tashqari ispan tilining tez sur’atlarda tarqalishi ortidan Amerika xalqining ingliz va ispan tilida so’zlashuvchi ikki yirik jamiyatga bo’linishi kuzatilmoqda.
Umumiy qilib aytganda esa, Amerika xalqi milliy o’zlik inqirozi yoqasida turibdi. Amerika millatining o’zi turli manfaatlarga ega qutblarga bo’linib ketar ekan, tashqi siyosatning asosiga aylanishi lozim bo’lgan milliy manfaatlarni aniqlab olish ham mushkul masalaga aylanadi. Biroq 2001 yil 11 sentyabr voqealari bu qiyinchilikni anchayin osonlashtirdi. Osama ben Laden Jahon Savdo Markaziga xujum qilish orqali ikki muhim narsani o’zi bilmagan holda yuzaga kelishiga sabab bo’ldi. Birinchisi, u SSSR qulagandan beri mavjud bo’lib qolayotgan “ashaddiy dushman” bo’shlig’ida yangi milliy dushmanga aylandi va, ikkinchisi, u Amerika milliy o’zligida xristianlik unsurining dominant rolni egallashiga turtki berdi. Shunday qilib, 11 sentyabr voqeasidan keyin xristianlik ruhi yetakchiligida islomiy terrorizmga qarshi milliy vatanparvarlik ruhi shiddat bilan o’sib bordi. Bunday ruh va millat birligi Sovuq Urush yakuniga yetgan beri kuzatilmagan edi. Journalist Jorj Peker 11 sentyabr voqeasi haqida fikr bildirar ekan “ushbu voqea bizni biz yagona millatning bir bo’lagi ekanligimiz haqidagi haqiqatni qaytadan yodga olishimizga turtki berdi. Millatning qayta birlashishi, shubhasiz, bunday qonli voqeaning yagona va ijobiy natijasidir,” deb ta’kidlagan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |