1.2. Yaqin Sharq siyosiy muammosining yuzaga kelishiga ta`sir etgan omillar
Biror tashqi siyosatni shakllantirish ham tashqi ham ichki omillarni hisobga olish asosida amalga oshiriladi. Obama birinchi ma’muriyatining Yaqin Sharq siyosati haqida so’z borar ekan, uning shakllanishiga uch omil asosiy ta’sir ko’rsatganligini ko’rish mumkin:
ichki vaziyat, Yaqin Sharq mamlakatlaridagi holat va mintaqada AQSh manfaatlariga tahdid solishi mumkin bo’lgan tashqi kuchlar. AQSh tashqi siyosatidagi Yaqin Sharq vektori turli manfaatdor tomonlar, murakkab siyosiy tizim, ommaning siyosatga ta’siri, alohida guruhlar, ayniqsa, isroilparast lobbichilar, harbiy-sanoat komplekslari, shuningdek, doimo prezident vakolatlarini cheklashga urinadigan Kongress kabi ishtirokchilarning ta’siri ostida shakllangan. Oldingi prezidentlar kabi Obama ham bunday murakkab vaziyatda, manfaatdor va qudratli kuchlar o’rtasidagi muvozanatni saqlagan holda Yaqin Sharqqa nisbatan siyosat yuritishga majbur bo’ldi. O’z Yaqin Sharq siyosatini shakllantirishda turli ta’sir o’tkazuvchi kuchlar, manfaatdor tomonlar talablarini hisobga olishiga to’g’ri keldi.
Natijada birinchi ma’muriyat tomonidan mintaqaga nisbatan olib borilgan siyosatda turli ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar yuzaga keldi. Shuningdek, Obama uch tomondan ichki bosimga uchradi: ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, manfaatdor guruhlar va saylov. Iqtisodiy-ijtimoiy muammolar ichki bosimning eng birinchisi bo’ldi. Obama 2009 yilda prezident sifatida qasamyod keltirgandan so’ng moliyaviy inqiroz ortidan yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar va iqtisodiyotni qayta tiklash yangi ma’muriyat zimmasidagi eng birinchi vazifalardan biri edi. Obama o’z oldiga iqtisodiyotni rivojlantirish, ishsizlik darajasini pasaytirish, sog’liqni saqlash sohasida islohotlar o’tkazish va muqobil energiya olish imkoniyatlarini kengaytirishni o’zi uchun asosiy maqsad qilib qo’ydi.
Iroq va Afg’oniston urushlariga sarflanayotgan katta miqdordagi mablag’lar Obamaning sanab o’tilgan maqsadlariga erishish yo’lidagi imkoniyatlarini keskin kamaytirdi. Obama Iroqdan AQSh harbiylarini olib chiqdi va birinchi prezidentlik muddati davomida mavjud 1,3 trillionga teng moliyaviy kamomadni ikki barobarga qisqartirishni rejalashtirdi. Moliyaviy inqiroz oqibatida ishsizlik darajasining 10 foizdan oshib ketgani ijtimoiy beqarorlik keltirib chiqarayotgan edi. 2011 yil sentyabridagi iqtisodiy-ijtimoiy qiyinchiliklarga qarshi boshlangan “Occupy Wall Street” (Uoll Stritni egalla) harakati mazkur beqarorlikning yuqori cho’qqisi bo’ldi. Obama global terrorizmga qarshi kurash siyosatiga resurslar ajratishni keskin kamaytirib, asosiy e’tiborni ichki barqarorlikni ta’minlash uchun xalqaro iqtisodiy va moliyaviy aloqalarni mustahkamlashga qarata boshladi. Obama uchun ikkinchi ichki bosim manfaatdor guruhlar tomonidan keldi. Bunday guruhlar hukumat yuritayotgan tashqi siyosatga ta’sir o’tkazish va manipulyatsiya qilish orqali o’z manfaatlarini amalga oshirib olishga harakat qiladilar. Yaqin Sharq siyosati misolida manfaatdor guruhlar sifatida isroilparast lobbichilar va harbiy-sanoat komplekslarini misol keltirish mumkin.
Amerika-Isroil Ijtimoiy Ishlar Qo’mitasi (AIPAC), Amerika Yahudiylari koalitsiyasi kabi guruhlar Yaqin Sharqda AQShning Isroil manfaatlarini ko’zlab siyosat yuritishiga katta ta’sir ko’rsatadilar. Isroilga ko’rsatilayotgan katta miqdordagi moliyaviy va harbiy ko’makdan tashqari isroilparast lobbichi guruhlar Vashingtonni Isroil-Falastin mojarosi, Iroq Urushi va Eron yuzasidan o’z manfaatlariga mos siyosat yurishitishi uchun undashga urindilar. Bunday guruhlarning ta’sir o’tkazish yo’llari turlicha, masalan, saylov kampaniyalariga homiylik qilish, ovoz berish jarayonlarida to’siqlar yuzaga keltirish, Kongress faoliyatiga lobbichilik orqali aralashish va h.k.
Yaqin Sharq masalasida Kongress faoliyatiga isroilparast lobbichilar aralashgan vaqtda prezidentning mustaqil tashqi siyosat yuritish imkoniyatlari keskin cheklanadi. Yana bir tashqi siyosatga ta’sir o’tkazuvchi omil – harbiy-sanoat komplekslaridir. Bunday guruhlar yirik miqdordagi qurol-yarog’ savdosi amalga oshiriladigan urushlardan katta foyda oladi. Ularning Yaqin Sharq siyosati va mintaqadagi davom etayotgan beqaror vaziyatdan ham manfaatdorligi shubhasiz. 2011 yil aprel oyida, ya’ni arab mamlakatlarida vaziyat ayni keskinlashgan pallada AQSh sobiq Mudofaa vaziri Robert Geyts Saudiya Arabistonining Bahrayndagi namoyishlarni bostirish uchun uyushtirgan intervensiyasiga nisbatan biror munosabat bildirmasdan, ushbu qirollik bilan Amerika harbiy sanoatida millionlab yangi ish o’rinlari ochilishiga zamin yaratadigan 60 milliard dollarlik qurol-yarog’ savdosi bo’yicha shartnoma imzoladi.
Qisqacha aytganda, bunday manfaatdor mavjudligi sababli Obama o’z ta’kidlaridagi siyosatni amalga ko’chira olmadi. Ichki siyosatdagi uchinchi bosim o’tkazuvchi omil – saylovdir. 2011 yildagi saylovoldi kampaniyalarda ikkinchi muddat uchun kurashayotgan Obama 2008 yilga nisbatan ancha to’siqlarga duch keldi. Birinchi muddat davomida Vashingtondagi siyosiy tartiblarni o’zgartirishga uringan Obama va uning jamoasi bunday faoliyatni davom ettirish ortidan ikkinchi muddat uchun saylovlarni yutib chiqa olmasligini angladi. 2008 yilda deyarli 78 foiz yahudiy saylovchilarning qo’lloviga erishgan Obama 2012 yildagi saylovlarda bunday imkoniyatdan mahrum bo’lish arafasida qolgan edi.
AQShdagi saylov jarayonlariga katta ta’sir o’tkazuvchi yahudiy lobbichilar bosimi ostida qolgan Obama saylovdi kampaniyalari davrida o’zining avvalgi Isroilga nisbatan tanqidiy munosabatini o’zgartirishga majbur bo’ldi. Shuningdek, birinchi prezidentlik davri uchun saylovlarda kechganidek, Obama dohil boshqa nomzodlar ham moliyaviy inqiroz tufayli tashqi siyosatga sovuqqon munosabat bildirayotgan saylovchilar e’tiborini jalb qilish uchun ko’proq ichki masalalarga urg’u berishdi. 2011 yilda o’tkazilgan so’rovnoma natijalariga ko’ra, ishtirokchilarning faqat 3 foizi Afg’onistondagi terrorizmga qarshi harakatlarning muhimligini bildirgan bo’lsa, 73 foiz odam Obama ko’proq ichki muammolarni hal qilishi lozimligini ta’kidlagan.
Amerika xalqi va siyosiy doiralarida paydo bo’lgan bunday neo-izolyatsianizm kayfiyati Obamaning tashqi siyosiy faoliyatiga ham ta’sir qilmay qoldi. Ichki siyosatda yuqorida sanab o’tilgan ichki bosimlar qarshisida qolgan Obama Yaqin Sharq mintaqasidagi dinamik o’zgarishlarga ta’sir o’tkazishda turli qiyinchiliklarga uchradi. Etnik va oqimlarning o’zaro kurashi bilan qorishib ketgan murakkab geosiyosiy tuzilmaga ega Yaqin Sharqda doimo joriy qilingan mintaqaviy xavfsizlik mexanizmlari davomiy beqarorlik bilan yakun topgan. Biroq, paradoksal ravishda, avtoritar rejimlar boshqaruvi ostida mintaqada barqarorlik nisbiy darajada mavjud edi. Iroq Urushi Saddam Husayn rejimini ag’darib, bu mamlakatni parokanda holga tushirib qo’ygan bo’lsa, Arab Bahorida boshqa avtoritar rahbarlarning hokimiyatdan ketishi ortidan deyarli butun mintaqada barqarorlik tizimi izdan chiqdi.
“Inqiroz bir qancha frontlar bo’ylab davom etmoqda: sunniylar-shialar, arablar-forslar, sekularistlar-islomistlar, demokratlar-avtokratlar va h.k. Bu inqirozning siyosiy asoslari esa 1919 yildagi Parij Tinchlik Konferensiyasida qo’yilgan edi,” deb fikr bildirgan edi Stiven Volt o’z maqolalaridan birida. Yaqin Sharqdagi bunday murakkab vaziyatni uch asosiy sabab bilan izohlash mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |