1.Korrupsiya tushunchasi va uning ijtimoiy ildizlari.
2.Korrupsiyaga qarshi kurashning huquqiy asoslari: milliy qonunchilik va xorijiy tajriba
3.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash haqida.
4.O‘zbekistonda korrupsiya va jinoyatchilikning shakllanishi hamda unga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar.
Tayanch iboralar: demokratiya, taraqqiyotning o‘ziga xos yo‘li, davlat boshqaruvi, tahdid, korrupsiya, jinoyatchilik,milliy qonunchilik, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari, huquqiy madaniyat.
XXI asr bo‘sag‘asida o‘zining davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston milliy xavfsizlikni mustahkamlash, demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish, ma’naviy, milliy qadriyatlarni tiklash va rivojlantirish,bozor iqtisodiyotini shakllantirish va rivojlantirish, odamlar uchun farovon turmush sharoitlarini yaratish sari o‘ziga xos yo‘l bilan ilgarilab bormoqda. Bu yo‘l o‘ta murakkab bo‘lib, bir qancha muammolar, qiyinchiliklar, sinovlarga duch kelmoqdamiz. Prezident I.A.Karimovning “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarning “Xavfsizlikka tahdid” deb nomlangan birinchi bobida XXI asr bo‘sag‘asida xalqaro vaziyat, kuchlar nisbatidagi tub o‘zgarishlar tahlil etiladi. Umumiy, mintaqaviy va milliy xavfsizlik masalalari, ularning o‘zaro bog‘liqligi ko‘ritilgan.Xavfsizlikka tahdid solayotgan ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar va muammolarni, ularning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy ildizlarini ilmiy, nazariy, amaliy jihatdan birinchi bor har tomonlama teran ochib bergan.
Xo‘sh tahdid o‘zi nima ? U qanday tarixiy ildizga ega?,-degan savollar tug‘iladi.
TAHDID – inson, jamiyat va davlat hayoti hamda faoliyatiga nisbatan muayyan davr mobaynida aniq maqsadga yo‘naltirilgan mahalliy, hududiy, mintaqaviy va umumsayyoraviy salbiy omillarning tajovuzi tufayli aniq makon va zamonda vujudga keladigan xavf-xatar shakli, muayyan beqaror siyosiy-ijtimoiy va tarixiy vaziyatni ifodalovchi tshuncha. Ushbu tushunchaning mazmun-mohiyati, namoyon bo‘lish shakllari va xususiyatlari Prezident Islom Karimovning “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarida ko‘rsatib berilgan. Tahdidlar turli-tuman: ichki, tashqi, makon n.nazaridan esa uzoq va yaqin bo‘lishi mumkin. So‘nggi yillardagi voqealar shundan guvohlik beradiki, ularni iqtisodiy, ijtimoiy , siyosiy, ekologik, demografik, ma’naviy, mafkuraviy, harbiy, tabiiy-iqlimiy tahdidlarga ajratib, tahlil etish mumkin. Yer yuzining turli mintaqalarida sodir bo‘layotgan, butun insoniyatga xavf solib turgan turli noxush hodisalarni tahlil qilgan sari, ularning barchasida inson omili bosh sababchi ekani oydinlashadi. XXI asr boshidagi tarixiy tajriba shundan dalolat beradiki, muayyan davlat va millat xavfsizligi, barqarorligi, taraqqiyoti hamda istiqboli ko‘p jihatdan mazkur millatga xavf solayotgan xavf-xatar va tahdidlarni anglab yetish salohiyati va qobiliyati darajasiga bog‘liqdir. Tahdidlarga nisbatan befarqlik, loqaydlik oqibatida tanazzulga uchragan davlatlar ham bo‘lgan. Aksincha, boqiylikka daxldor millatlar ham borki, ular muvaffaqiyatining asosiy omili bo‘lg‘usi tahdidlarni oldindan sezib, unga o‘z vaqtida javob qaytargani bilan belgilanadi.
Tahdidli ijtimoiy -siyosiy vaziyatni vujudga keltiradigan turli xavf-xatarlar hamda ularni bartaraf etish muammosi buyuk ajdodlarimizning siyosat ilmiga doir fikr va xulosalarida o‘z aksini topgan. Tahdidni yuzaga keltiradigan manbalarni ildiz otmasdan bartaraf qilish, unga nisbatan doimo ogoh, hushyor bo‘lish, g‘ofillikka yo‘l qo‘ymaslik haqidagi fikrlar alloma ajdodlarimizning siyosiy tafakkuridan keng o‘rin olgan muhim jihatlardir. Bu borada mutafakkir Abu Nasr Forobiyning "Davlatni aql-idrok bilan boshqarish — xalq boshiga tushgan xavf-xatarni kamaytirish va bartaraf etishdan iboratdir"1, degan hikmatli fikrlarini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Buyuk ajdodlarimiz nazdida, yurtga bo‘ladigan ichki va tashqi xavf-xatarlarga nisbatan ogoh bo‘lish muhim tamoyil darajasiga ko‘tarilgan hamda ularning oldini olishning asosiy shartlaridan biri bo‘lgan.
Jaloliddin Davoniy esa, yurt xavfsizligini asrashni davlat siyosatining bosh yo‘nalishiga aylantirish g‘oyasini ilgari suradi. Ulug‘ o‘tmishdoshlarimiz mamlakatlarga bo‘ladigan turli xavf-xatarlarning ijtimoiy hodisa ekanligidan kelib chiqib, saltanat boshliqlarini davlatning xavf-xatarga doimo javob berishga tayyorligini uni idora etishdagi mukammallik belgisi deb hisoblab, tahdidlarga nisbatan, davlat boshqaruvi tizimida yalpi boxabarlik holatini qaror toptirish masalasiga katta e’tibor bergan2 Jumladan, Amir Temur o‘z saltanatini idora etishda barcha voqea-hodisalar, ijtimoiy -siyosiy jarayonlardan yetarli darajada boxabar bo‘lib turish masalasiga alohida e’tibor qaratgan. Real xavf-xatarlarni oldindan ko‘ra bilish, uning xavflilik darajasini aniqlash maqsadida Sohibqiron muntazam, uzluksiz ishlaydigan, o‘z davri darajasidagi axborot tizimini shakllantirishni bosh vazifa qilib ko‘ygan. "Har bir diyor aholisining ahvolidan ogoh bo‘lib turdim. Har bir mamlakat ahvoli, sipohu raiyatning kayfiyatini, turish-turmushini, qilmish-qidirmishlarini, bular o‘rtalaridagi aloqalarini yozib menga bildirib turish uchun diyonatli, to‘g‘ri qadamli kishilardan voqeanavislar belgiladim"3, deyiladi "Temur tuzuklari"da . Amir Temur mamlakat ichkarisida ham, tashqarisida ham yuz berayotgan kattayu kichik voqea-hodisalar haqida xabar berishlarini talab qilgan va buni davlat xavfsizligini ta’minlashning muhim chorasi deb hisoblagan hamda saltanat barqarorligiga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rishda mablag‘ni ayamaslikka da’vat qilgan. Buyuk ajdodlarimiz jamiyatga nisbatan davr o‘rtaga qo‘ygan talablar mohiyatini anglab yetishga intilib kelgan. Bunda tahdidli vaziyatning kelib chiqishiga sabab bo‘ladigan ichki omillar tahlili, chiqarilgan xulosalar ularning faoliyatida alohida o‘rin egallaydi. Prezident I.A. Karimov “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” kitobida o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilashimiz, istiqlol bergan erk va ozodlikni bugungi murakkab va ba’zan shafqatsiz dunyoda bo‘layotgan turli xavf-xatarlardan saqlash har birimizga bevosita bog‘liq, degan teran ma’noli fikrni olg‘a suradi. Agar bu fikrni tahlil qiladigan bo‘lsak, birinchidan, biz yashab turgan dunyo mustaqilligimiz va taraqqiyotimiz uchun turli xil tahlikalarga to‘lib-toshganligini anglab yetish qiyin emas. Ikkinchidan, ko‘p jihatdan bizning xohish-irodamizga bo‘ysunmaydigan ijtimoiy, umumjahon rivojlanish jarayonlari mamlakatimiz fuqarolari oldiga g‘oyat mas’uliyatli talablar qo‘yayotgani bois, turli tahdidlarning oldini olish va barqarorlikka erishish yo‘lidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish har birimizning ma’naviy olamimizga bog‘liq ekani to‘g‘risida aniqroq tasavvurga ega bo‘lamiz. Mazkur tahdidlar olimlarning Xalqaro Federatsiyasi tomonidan XXI asrdagi insoniyatga nisbatan bo‘lgan eng yetakchi xavf-xatar omili deb e’tirof qilinishi ham bejiz emas.
Shunday tahdidlardan biri korrupsiya va jinoyatchilikdir.
“Korrupsiya” lotincha “corruptio” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “buzish, yemirilish, sotib olish” ma’nolarini anglatadi. Yuridik ensiklopediyada “korrupsiya — mansabdor shaxslar o‘zlariga berilgan huquqlar va hokimiyat vakolatlaridan shaxsiy boylik orttirish uchun foydalanishda ifodalanuvchi siyosat yoki davlat boshqaruvi sohasidagi jinoiy faoliyat” sifatida ifoda etilgan.
Mazkur illat mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishiga putur yetkazadi, demokratik institutlarni zaiflashtiradi, ijtimoiy tartibni buzadi. U bilan kurashish, korrupsiyaning oldini olishning asosiy yo‘llaridan biri, shubhasiz, aholining, davlat va jamoat tashkiloti vakillarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash hisoblanadi.
Korrupsiya va jinoyatchilik davlatning amaldagi qonunlariga xilof ravishda shaxsiy manfaatlarni qondirish yo‘lida mansabdor shaxslar, oddiy fuqarolar tomonidan qilinadigan xatti-harakatlar va faoliyatlarning natijasidir. Ammo, ular o‘zlarining ko‘lami jihatidan, sodir etilishida qatnashadigan shaxslar yoki guruhlar salmog‘i jihatidan bir-biridan farq qiladi. Xususan, korrupsiya davlat tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan mansabdor shaxslarning amaldagi qonunlarni nazar-pisand qilmasdan boylik orttirish uchun o‘z mansablaridan foydalanish yo‘lida qilinadigan jirkanch xatti-harakatlardir. Jinoyatchilik esa, jamiyatda qonunlarga itoat etmaydigan har qanday fuqaro tomonidan sodir etilishi mumkin.
Korrupsiya davlat tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan mansabdorlar tomonidan sodir etiladi va ko‘lami jihatidan nihoyatda xatarli hisoblanadi. Chunki, mansabdorlar davlat tizimida ishlayotgan turli sohadagi, hatto qonunni himoya qiluvchi kishilar bilan ham umumiy “til” topishish orqali mamlakatni halokatga olib keluvchi o‘ta xatarli, jirkanch jinoyatlarni amalga oshirishlari mumkin. Korrupsiyaning zaminida shaxsiy manfaatdorlik turishiga alohida e’tibor berib, mansabdor shaxslar davlat, millat manfaatlaridan o‘z manfaatlarini ustun quyishadi, bu yo‘lda eng xatarli jinoyatlarga qo‘l urishlarini jahonning demokratik tamoyillari qaror topgan mamlakatlarda sodir etilgan jinoyatlardan ham ko‘rsa bo‘ladi.
Korrupsiya vujudga kelib, u eng avvalo uyushgan jinoiy tuzilmalarga madadkor bo‘lish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam berish uchun davlat xizmatining imkoniyatlaridan foydalanadi. Bu esa jinoyatchilik va korrutsiya jamiyatga keltiradigan salbiy oqibatlar tufayli, jamiyat xavfsizligi va barqarorligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid ekanligini anglatadi.
"Korrupsiya - davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir. Lekin faqat davlat xizmatchilari korrupsiya faoliyatining sub’ektlari hisoblanadi, chunki korrupsiya munosabatlari yuzaga kelishiga sabab bo‘ladigan qarorlar qabul qilish yoki harakatlar sodir etish uchun hokimiyat vakolatiga faqat ular ega bo‘ladi".
Yuqoridagilar korrupsiyaga berilgan ta’riflardir. Hozir ham bu tushunchani yoritishda bir qancha ta’riflar mavjud. BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasida korrupsiyaga eng qisqa, lekin keng qamrovli ta’rif quyidagicha berilgan: "Korrupsiya - bu shaxsiy naf ko‘rish maqsadida davlat hokimiyatini suiiste’mol qilishdir".
Bugungi kunda kriminalist olimlar o‘rtasidagi bahslarda, jinoyat, fuqarolik, ma’muriy, mehnat, xo‘jalik huquqi sohasidagi mutaxassislarning ilmiy ishlarida, ommaviy axborot vositalarida "korrupsiya" iborasi turli ma’nolarda qo‘llanilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, korrupsiya ijtimoiy-huquqiy hodisa bo‘lib, jinoyatchilikning o‘ta salbiy ko‘rinishidir, deb xulosa qilish imkonini beradi.
Prezident I.A.Karimovning “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarda ko‘rsatilgandek, totalitarizmdan demokratiya va bozor munosabatlariga o‘tishdek murakkab davr mohiyati asosiy iqtisodiy va madaniy tizilmalarni sindirib tashlashni anglatadi, bu esa ahloq va odob me’yorlariga ta’sir etadi va jinoyatchilik va korrrupsiya muqarrar ravishda kuchayadi.1
Demokratiya va bozor munosabatlariga o‘tish davrida korrupsiya va jinoyatchilik ko‘payib boradi, uzoq davom etgan totalitar tuzumdan keyin shakllanadigan, har bir shaxsning o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqarishi mumkin bo‘lgan demokratiya sharoitida erkin harakat qilish huquqidan mansabdor shaxslar o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga qaratilganligi oqibatida yuzaga kelishi va rivojlanishini ta’kidlash joiz.
O‘z mamlakati va millati obro‘-e’tiborini qadrlaydigan har bir inson o‘zining halol mehnat qilishi, yashashi zarurligi, korrupsiya va jinoyatchilik faqat mamlakat taqdiriga tahdid soluvchi xavf bo‘ibgina qolmasdan har bir shaxsning hayoti va kelajagi uchun xatarli ekanligini anglamoq zarur. Xulosa shundan iboratki, xalqaro xavfsizlik ham, alohida olingan mamlakatlarning tinchligi ham tahdidlarga bardosh jamiyat yaratishga ko‘p jihatdan bog‘liq. Mustaqillikni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlikni asrashga alohida e’tibor berish har birimiz uchun dolzarb masala ekanini anglab olish lozim.
Mamlakatimizda mazkur muammoga qarshi kurash masalasiga mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq jiddiy e’tibor qaratib kelinmoqda. O‘tgan davr mobaynida korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda uning oldini olishga qaratilgan mustahkam huquqiy baza shakllantirildi. Respublikamizda BMT homiyligida qabul qilingan EKOSOS (BMTning iqtisodiy va ijtimoiy kengashi)ning Korrupsiyaga qarshi kurash rezolyusiyasi (1995 yil), Davlat mansabdor shaxslarining xalqaro axloq kodeksi (1996 yil), Xalqaro tijorat tashkilotlarida korrupsiya va poraxo‘rlikka qarshi kurash haqidagi deklaratsiya (1997 yil), Millatlararo uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash konvensiyasi (2000 yil) va boshqa xalqaro hujjatlarning qabul qilingani mazkur illatga qarshi kurashda muhim omil vazifasini o‘tamoqda.
Hozirgi kunda dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan eng birlamchi masalalardan biri korrupsiya muammosidir. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro miqyosga ko‘tarilib, jahon siyosatining muhim masalalaridan biriga aylandi. Binobarin, ushbu illat nafaqat islohotlar yo‘liga jiddiy to‘siq bo‘lishi, balki o‘tish davrida belgilangan maqsadlarga erishishga ham bevosita tahdid tug‘dirishi barchaga ma’lum.
Xalqaro hujjatlar ichida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi konvensiya (2003 yil 31 oktyabr) asosiy xalqaro-huquqiy hujjat bo‘lib, u ushbu jinoyatning mohiyatini to‘liq ochib, unga qarshi kurash choralarini belgilab beradi.
Konvensiya tomonidan ishtirokchi davlatlarning harakatlarini muvofiqlashtirish maqsadida doimiy maxsus Konferensiya ta’sis etilgan bo‘lib, BMTning narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi uning kotibiyati etib belgilangan.
Barcha mamlakatlar korrupsiya illatini tag-tomiri bilan qo‘porib tashlashda xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilayotgan bo‘lsa-da, unga qarshi kurash har bir davlatning o‘zida olib borilishi muhim ahamiyatga ega. Zero, yuqoridagi Konvensiya milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish yo‘nalishlarini belgilab beradi.
O‘zbekiston bu borada qat’iy qadam tashlab bormoqda. Xususan, 1997 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konsepsiyasida korrupsiya mamlakatning milliy xavfsizligiga tahdidlardan biri, deya e’tirof etildi. Shu maqsadda “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi” qabul qilinib, hayotga tatbiq etildi. Mamlakatimiz 2008 yil 7 iyulda BMTning yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan Konvensiyasiga qo‘shildi.
Davlatimiz 2010 yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashning Istanbul rejasiga (2003 yil 10 sentyabr) qo‘shilgan. Shuningdek, Oliy Majlis tomonidan Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi to‘g‘risidagi bitimi (Moskva, 2011 yil 16 iyun) 2011 yil 13 dekabrda ratifikatsiya qilingan.
Davlat organlarida ham tashkiliy jihatdan qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi maxsus tuzilmalar (boshqarma va bo‘limlar) tashkil etilib, qator vazirlik va idoralarda ichki xavfsizlik inspeksiyalari tuzilgan. Ularning faoliyatini yanada jonlantirish, huquqiy targ‘ibotini kuchaytirish, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jamoatchilik bilan aloqalarini mustahkamlash maqsadida internet va ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda.
Aytish joizki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qildi. Ushbu Qonun ijrosini ta’minlash yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan bir qator idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bunga lizing xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlarda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalari, rieltorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalari, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishga oid qonun hujjatlari talablarini buzganliklari uchun tijorat banklari, kredit uyushmalari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlarga nisbatan O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan qo‘llaniladigan choralar va sanksiyalar to‘g‘risida nizomni misol qilib keltirish mumkin.
Bundan tashqari, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan Konvensiya talablaridan kelib chiqqan holda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining aksilkorrupsiyaviy ekspertizasini o‘tkazish metodikasi ishlab chiqilgan va 2011 yil 20 oktyabrda tasdiqlangan. “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishni kuchaytirishni yanada takomillashtirish Milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, hozirda takomiliga yetkazilmoqda.
Shu narsani alohida ta’kidlash kerakki, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan institutsional mexanizmlarni isloh qilishda Yurtboshimiz tomonidan 2010 yil 12 noyabrda e’lon qilingan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Konsepsiya talablaridan kelib chiqib, rivojlangan demokratik davlatlar tajribasini inobatga olgan holda, davlat hokimiyati idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar, shu jumladan, prokuratura faoliyatida qonunchilik talablariga rioya qilish va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha adliya organlarining rolini kuchaytirish choralari ko‘rildi.
Xulosa qilib aytganda, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan dalillarning o‘zi bu sohada bugungi kunda yurtimizda qilingan ishlarning ko‘lami haqida tegishli tasavvur beradi. Korrupsiyaga qarshi qabul qilingan me’yoriy hujjatlarning amaliyotda qo‘llanishini har tomonlama o‘rganish, ularni yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish huquqshunoslar oldida turgan muhim vazifalardan biridir.
Zero, huquqiy-demokratik, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish jarayonida korrupsiya, jinoyatchilik, odam savdosi singari global illatlarga qarshi kurashish, ularning oldini olishda faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki davlat tashkilotlariga tayanib qolmasligimiz, balki ular bilan hamkorlikda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Bu illatga qarshi kurashni jahon talablari asosida shakllantirish maqsadida 2008 yil 7 iyulda mamlakatimiz BMTning "Korrupsiyaga qarshi" konvensiyasini ratifikatsiya qildi va shu yili "Birlashgan Millatlar Tashkilotining "Korrupsiyaga qarshi" konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilishi to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilindi. Ushbu konvensiya talablari korrupsiyaga oid milliy qonunchilikni yana bir bor tahlil etish, zaruriy huquqiy me’yorlarni qabul qilish va shu orqali korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini oshirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, ushbu qonunga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Adliya vazirligi korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda boshqa Ishtirokchi-davlatlarga yordam ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan organlar sifatida belgilandi.
Korrupsiyaga qarshi kurash siyosati davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida korrupsiyani oziqlantiradigan sabab va sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan har tomonlama va izchil chora-tadbirlarni qamrab oladi. Korrupsiya, agar unga qarshi doimiy kurash olib borilmasa, ko‘payish, kengayishga moyil bo‘lgan fenomendir.
Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy choralari bo‘lmish huquqiy ta’lim va huquqiy tarbiya tizimini takomillashtirishni, barcha davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan qonun va huquqqa bo‘lgan ijobiy munosabatga yetishish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, fuqarolarning ijtimoiy-huquqiy faolligini ta’minlashni o‘z ichiga oladi.
Korrupsiyaga qarshi kurash O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan ma’muriy-huquqiy islohotlarning muhim ahamiyatga ega yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Prezidentimizning ko‘pgina ma’ruza va asarlarida korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarida korrupsiyani islohotlar yo‘lidagi to‘siq va davlatimizning milliy xavfsizligiga jiddiy tahdid sifatida baholaydi.
Jumladan, Prezidentimiz mazkur asarida “Mamlakatimizning kelajagini va obro‘-e’tiborini qadrlaydigan har bir vijdonli fuqaro bu tahdidni esda tutmog‘i darkor. Halol mehnat qilish, o‘z bilimi, kuch-g‘ayrati va ijodiy qobiliyatini sarflash uchun barqaror shart-sharoit bo‘lishini istaydigan, farzandlari va yaqin kishilari kelajakda ham demokratik, fuqarolik jamiyatida sivilizatsiyalashgan bozor munosabatlarining samaralaridan to‘la-to‘kis foydalanishni orzu qiladigan har bir fuqaro, jinoyatchilik va korrupsiya yo‘liga o‘z vaqtida zarur to‘siq qo‘yilmasa, bu illatlar qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yaxshi anglab yetmog‘i lozim”1, deb ta’kidlaydi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish har bir davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda: "...korrupsiya degan balo, ya’ni poraxo‘rlik, tamagirlik, xizmat vazifasini suiiste’mol qilish kabi illatlar uchrab turayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Qonunga zid bo‘lgan bunday xunuk holatlar bilan murosa qilishga chek qo‘yishning vaqti keldi".
Mamlakatimiz "Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari" tamoyili negizida rivojlanib bormoqda. Amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar davlat boshqaruvi idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan. Shuning uchun ham amaldagi barcha jamoatchilik nazorati mexanizmlari takomillashtirilib borilmoqda. "Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi" jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga doir takliflarni o‘zida mujassam etgan bo‘lib, unda belgilangan vazifalar bu yo‘nalishda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan aniq chora-tadbirlarni belgilab berdi.
Korrupsiyaga qarshi kurash borasida xalqaro huquqiy asoslar va milliy qonunchilik tizimi takomillashmoqda.
Yigirma to‘rt yildirki, O‘zbekiston Respublikasi o‘zi tanlagan taraqqiyot yo‘lidan dadil odimlayapti. Xalqimiz va davlatning milliy manfaatlarini inobatga olgan holda olib borilayotgan izchil tashqi siyosat davlatimizning jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilishini, xalqaro maydonda obro‘-e’tiborining ortib borishini ta’minlayapti.
Muhtaram Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, «Hech shubhasiz, mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashning darajasi, uning amaliy samarasi ko‘p jihatdan huquq-tartibot, prokuratura va sud organlari tizimining o‘zida bu illatga qarshi qanday kurash olib borilayotgani bilan bog‘liqdir».
Shunday qilib, jinoyatchilik, korrupsiya kabi illatlar bizning o‘z xavfsizligimizga ham, xalqaro xavfsizlikka ham tahdid soluvchi real manbadir. Albatta ushbu tahdidlarga qarshi kurash masalalari birgina bizga taalluqli emas. Shuning uchun ham jinoyatchilik, korrupsiya kabi illatlar haqida butun jahon hamjamiyati qayg‘urmog‘i lozim.Shundagina har bir mamlakatning, har bir xalqning tinchligi, farovonligi, ravnaqi uchun mustahkam poydevor yaratiladi.
Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Natijada bugunga kelib yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishning mustahkam huquqiy bazasi va aniq tizimi shakllandi.
Ma’lumki, korrupsiya eng xavfli jinoyatlar sirasiga kiradi. U, Prezidentimiz o‘zining “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” nomli asarida ta’riflaganidek, eng avvalo, uyushgan jinoiy tuzilmalarga madadkor bo‘lish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam berish uchun davlat xizmatining imkoniyatlaridan foydalanish demakdir2. Natijada, har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini va qonun ustuvorligini zaiflashtiradi, pirovardida inson huquqlari va erkinliklari poymol bo‘lishiga olib keladi. Ana shu bois unga qarshi kurashishni jahon talablari asosida tashkil etish maqsadida 2008 yili mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2003 yil 13 oktyabrdagi Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini ratifikatsiya qildi. Shuningdek, “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilishi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. 2010 yil mart oyida davlatimiz Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashning Istanbul rejasi (2003 yil 10 sentyabr) ga qo‘shildi.
Shuningdek, davlatimiz 2010 yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi kurashning Istanbul rejasiga (2003 yil 10 sentyabr) qo‘shilgan. Oliy Majlis tomonidan esa Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi to‘g‘risidagi bitimi (Moskva, 2011 yil 16 iyun) 2011 yil 13 dekabrda ratifikatsiya qilindi.
Bu boradagi kurashning samarali natijalariga erishish maqsadida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgan bo‘lib, u tobora takomillashtirib borilmoqda.
Bundan tashqari, "korrupsiya" tushunchasini qonun yo‘li bilan mustahkamlash korrupsiyaga qarshi kurash olib boradigan turli sub’ektlarning vakolatlari doirasi va faoliyatining miqyosini aniqlash, ularning kuch-g‘ayratini to‘g‘ri muvofiqlashtirish va zarur o‘zanga solish imkonini beradi. Ko‘pincha korrupsiyaga qarshi kurash niqobi ostida hokimiyat bilan bog‘lanmagan oddiy jinoyatni aniqlash yashirinib yotadi. Holbuki, aynan hokimiyat bilan bog‘liqlik belgisi korrupsiya to‘g‘risida so‘z yuritish imkonini beradigan asosiy belgi hisoblanadi. Aniqlangan va barham berilgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar miqdori haqidagi statistik ma’lumotlardagi farqlar shu bilan belgilanadi.
Demak, korrupsiya jinoyatlarining oldini olish uchun quyidagilarga e’tibor qaratish lozim:
Do'stlaringiz bilan baham: |