Joytun madaniyati. Janubiy Turkmaniston hududidagi mil. avv. XI-V ming yilliklarga oid madaniyat. Bu yerdan O‘rta Osiyodagi birinchi paxsa uylar qoldiqlari, sopol idishlar namunalari aniqlangan. Aholisi asosan chorvachilik, dehqonchilik va qisman ovchilik bilan shug‘ullangan.
Kaltaminor madaniyati. Qadimgi Xorazm hududidan topilgan bo‘lib, mil. avv. V-IV ming yilliklarga oiddir. Topilmalar Kaltaminor qabilalarining baliqchilik, ovchilik va qisman hunarmandchilik bilan shug‘ullanganligidan dalolat beradi.
Hisor madaniyati. Asosan, Hisor - Pomir tog‘laridan topilgan. Mil. avv. V-IV ming yilliklarga oid. Hisorliklar sopol idishlar yasab, asosan chorvachilik, ovchilik, qisman termachilik bilan shug‘ullanganlar.
Dunyo tarixida ibtidoiy tasviriy san’at, xususan g‘orlarning devorlariga turli tasvirlar chizish so‘ngi paleolit davriga oiddir.
O‘rta Osiyodagi g‘orlar, ungurlar va qoyatoshlarga ishlangan rasmlar mezolit davrida paydo bo‘ladi. Neolit davriga kelib esa rivojlangan bosqichga ko‘tariladi. Kaltimanor, Hisor, ayniqsa Joytun madaniyatiga mansub yodgorliklardan ibtidoiy san’atning namunalari topilgan. O‘rta Osiyoning tog‘lik hududlarida keng tarqalgan qoyatosh rasmlari ishlanish usuliga ko‘ra ikki xil bo‘lgan. Bir xili bo‘yoq (oxra) bilan, ikkinchi xili esa urib-o‘yib ishqalash, chizish usuli bilan ishlangan (petrogliflar) rasmlardir.
O‘zbekistondagi qoyatosh rasmlarning eng nodir namunalari Zarautsoy, Sarmishsoy, Bironsoy, Ko‘ksaroy, Takasoy, Teraklisoy kabilar bo‘lib, ular yuzdan ziyoddir. Bu yerdagi qoyatoshlarda O‘zbekistonning qadimgi va xozirgi xayvonot olami vakillarining rasmlarini kuzatish mumkin. Ular ibtidoiy buqalar, sherlar va yo‘lbarslar, qoplon, tulki va bo‘rilar, bug‘u va jayron kabilardir. Rasmlar orasida o‘q-yoy, uzun qilich, xanjar, dubulg‘a, qopqon kabi narsalar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.
Eng qadimgi rasmlar Zarautsoy (Surxondaryo) bo‘lib, bu rasmlar mezolit-neolit, ya’ni, mil. avv VIII-IV ming yilliklarga oiddir. Qoyatosh rasmlari orqali o‘sha davr odamlarining ov, mehnat va jangovor qurollarini bilib olishimiz mumkin. Shuningdek, qoyatosh rasmlar qadimgi avlodlarimizning g‘oyaviy qarashlari va diniy e’tiqodlarini o‘rganishda muhim ahamiyatgi ega.
Eneolit - mis-tosh davrida odamlar dastlabki metal bilan tanishdilar. Bu davrga kelib mis qurollar ancha takomillashgan bo‘lsada, undan og‘ir mehnat qurollari yasashning imkoni yo‘q edi. Misdan asosan uyro‘zg‘or buyumlari, taqinchoqlar va xarbiy qurollar yasalgan. Eneolit davri yodgorliklari Buxoro viloyatining Lavlakon, Beshbuloq, Uchtut (mis koni) mavzelarida, Samarqand atroflarida (Sarazm madaniyati) topib tekshirilgan. Bu davrga kelib dehqonchilik O‘rta Osiyoning shimoliy-sharqiy hududlariga ham yoyildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |