Drama to‘garagi - o‘quvchilarning adabiyotga, ayniqsa, dramatik asarlarga bo‘lgan qiziqishlarini tarbiyalash vositasidir. Bu to‘garakka aktyorlikka qiziqqan bolalar a’zo bo‘ladilar. Dastlabki mashg‘ulotda tashkiliy ishlardan so‘ng a’zolarga dramatik tur, uning janrlari, o‘ziga xosligi, drama bilan bog‘liq atamalar tushuntiriladi va yozdirib qo‘yiladi. Ikkinchi mashg‘ulotdan boshlab dastavval kishi(obraz)larning qiyofasi, kayfiyati (xursandlik, xafalik, jiddiilik, kulish, yig‘lash), maxsus harakatlarini yaratish bo‘yicha mashq qilinadi. Har bir ko‘rinishni to‘garak a’zolari birin-ketin chiqib nomoyish etadi. Ulardagi yutuq va kamchiliklar muhokama qilinadi. Asta-sekin kichik qatralarni, qisqa ko‘rinishga material beradigan latifalarni sahnalashtirib boriladi. So‘ng intermediyalar, ibratomuz hikmatlarni aks ettiruvchi o‘ta qisqa hikoyatlarni sahnalashtirishga o‘tiladi. O‘qituvchi tanlangan bu repertuar ijro jihatdan talabga javob berishiga iqror bo‘lsa, maktab miqyosida to‘garak a’zolarining faoliyatini "Kulgu kechasi", "Hikmatlar xazinasi" kabi maxsus tadbirlarda nomoyish etishi mumkin. Keyinchalik bir-ikki ko‘rinishli sahna asarlarini qo‘yishga o‘tish maqsadga muvofiq. Oxiri borib maktab adabiyot dasturidagi biror asarni yoki dasturga kiritilmagan o‘quvchi (talabalar) yoshi, qiziqishiga muvofiq keladigan boshqa bir asarni qo‘yishga tutinish mumkin. To‘garakning eng muhim bosqichlaridan biri asarni sahnaga qo‘yishga tayyorgarlik davridir. Bu davrda o‘quvchilar asarning maqsadi, badiiy xususiyati va uni o‘qish texnikasi bilan tanishadi. Asar to‘garak a’zolari bilan birgalikda o‘qib chiqiladi va tahlil qilinadi. Tahlil davomida ularni asar ruhiga olib kirish, uning olami bilan yashashiga erishish lozim. Muhim ahamiyatga ega bo‘lgan narsa repertuardir. Har qanday sahna asarlarini emas, balki tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan, o‘quvchilarda mehr-shavqat, muhabbat, vatanparvarlik ruhini tarbiyalaydigan, ularning hayotlariga yaqin turgan asarlarni, o‘quvchilarga taiish bo‘lgan yozuvchilarning asarlarini (hikoya, roman, povest, h.z.) ishlab chiqilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Drama to‘garaklarda mashg‘ulotning yana bir turi adabiy montajlardir. Tanlangan mavzuni yoritish uchun turli asarlardan kerakli epizodlarni, she’riy parchalar, ashullalar kiritiladi va ular yagona syujet yoki ssenariy asosida birlashtiriladi.
O‘qituvchi to‘garak a’zolari bilan viloyatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan teartlarga tashrif buyurishi, sahnalashtirilgan asarlarni birgalikda ko‘rib, muhokama qilishlari katta samara beradi. Teart jamoasi ruxsati bilan biror asarning sahnalashtirish - repetitsiya jarayonini kuzatish ham foydalidir. Teatr bilan hamkorlik har ikki tomonga foydali bo‘ladi. Zarur bo‘lib qolsa, teatrdagi bola yoki o‘smir yoshidagi obrazlarga to‘garakning iqtidorli a’zolarini tavsiya etish mumkin, shuningdek, teatr jamoasidan yordam, maslahatlar olinadi.
To‘garakning eng katta yutug‘i, faoliyatining hisoboti - bu kattaroq bir jiddiy asarni to‘la sahnalashtirib, butun maktab jamoasiga namoyish qilishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |