11.3. Takroran jinoyat sodir qilish.
Takroran jinoyat sodir etish deb - shaxs qasddan sodir qilinadigan aynan bir-xil ko’rinishdagi jinoyatni ikki yoki undan ortiq marta sodir etishi va ushbu jinoyatlarning birortasi uchun ham sudlanmagan bo’lishiga takroran jinoyat sodir etish deb aytiladi.
Lekin jinoyat qonunchiligi, takroran jinoyat sodir etish deb topishning bir qancha belgilari mavjud bo’lishini talab qiladi. Ushbu belgilar quyidagilar:
- shaxs tomonidan ikki yoki undan ortiq jinoyatning sodir etilishi;
- sodir etilgan jinoyatlarning faqat qasddan sodir etilishi;
- jinoyatning turli vaqtlarda sodir etilishi;
- jinoyatlar JK Maxsus qismining aynan bitta moddadasida nazarda tutilgan bo’lishi va ushbu moddada bir-xil jinoyat tarkiblari uchun javobgarlik belgilangan bo’lishligi (masalan: JK 169-moddasi “O’g`rilik”, sababi moddaning barcha qismlarida o’zganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Shuning uchun aybdor turli vaqtlarda moddaning turli qismlarida nazarda tutilgan o’g`rilik jinoyatini bir necha marotaba sodir etgan hollarda ham uning harkatalari takroran o’g`rilik qilish deb baholanadi.);
- jinoyatlar JK Maxsus qismining aynan bitta moddasi bitta qismida nazarda tutilgan bo’lishligi va ushbu modda qismida turli jinoyat tarkiblari uchun ham javobgarlik belgilangan bo’lishligi (masalan: JK 228-moddasi “Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blanklar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish” birinchi qismi. Ya’ni aybdor turli vaqtlarda ushbu moddaning birinchisi qismida nazarda tutilgan turli harakatlarni bajarib, bir necha jinoyatlari sodir etsa, uning harkatlari takroran jinoyat sodir etish deb baholanadi.);
- qonunda nazarda tutilgan ayrim hollarda, jinoyatlar turli moddalarda nazarda tutilgan bo’lishligi;
- shaxsning sodir etgan jinoyatlaridan birortasi uchun ham sudlangan bo’lmasligi kabi belgilar mavjud bo’lishini talab etadi.
Agarda, shaxs ikki marotaba qasddan aynan bir-xil jinoyatlarni sodir qilib, qonunda belgilangan tartibda, ulardan birortasi uchun jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod etilgan bo’lsa, uning harakatlari takroran jinoyat sodir etish deb topilmaydi.
Agarda, shaxs sodir etgan jinoyatlardan biri tugallangan boshqasi tugallanmagan (jinoyatga tayyorgarlik ko’rish yoki suiqasd qilish) jinoyati bo’lsa ham, shaxsning harakatlari takroran jinoyat sodir etish deb topiladi.
Agarda shaxs sodir etgan jinoyatlaridan bittasini yoki hammasini ishtirokchilikda sodir etgan bo’lsa ham uning harakatlari takroran jinoyat sodir etish deb topiladi.
Takroran jinoyat sodir qilish javobgarlikni og`irlashtiruvchi holat sifatida baholanib, JK Maxsus qismi tegishli moddasining og`irlashtiruvchi qismi bilan kvalifikastiya qilinadi va ushbu moddaning o’sha qismida nazarda tutilgan jazo turlari va miqdorida jazo tayinlanadi.
Agarda, moddada jinoyatni takroran sodir qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan bo’lsa yoki moddaning o’zi bir qismdan iborat bo’lgan hollarda, sud jazo tayinlashda jazoni og`irlashtiruvchi holat sifatida e’tirof etib, jazo tayinlaydi. Lekin tayinlangan jazoning miqdori JK Maxsus qismida nazarda tutilgan modda sankstiyasining maksimal miqdoridan oshib ketmasligi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |