Ideal jami deganda esa - shaxsning bitta hatti-harakati natijasida JK Maxsus qism turli moddalarida yoki bir moddasining turli qismlarida nazarda tutilgan kamida ikkita jinoyat tarkibi belgilarini tashkil qiladigan va qilmish ushbu normalardan birortasi bilan ham to’liq qamrab olinmaydigan jinoyat turiga aytiladi. Masalan: shaxs pora predmeti sifatida giyohvandlik moddasini olishi, JK 210-moddasi va JK 271- modalari bilan jinoyatlari jami sifatida kvalifikastiya qilinadi.
Jinoyat qonunchiligi, jinoyatlar majmui deb topishning ham bir qancha belgilari mavjud bo’lishini talab qiladi. Ushbu belgilar quyidagilar:
- shaxs tomonidan ikki yoki undan ortiq jinoyatning sodir etilishi;
- sodir etilgan jinoyatlar qasddan yoki ehtiyotsizlikdan sodir etilishi;
- jinoyatning turli vaqtlarda yoki bir vaqtda sodir etilishi;
- jinoyatlar JK Maxsus qismining turli moddalarida nazarda tutilganligi;
- jinoyatlar JK aynan bir moddasi turli qismlarida, basharti turli-xil jinoyat tarkiblari uchun javobgarlik belgilangan qilmishni sodir etishligi;
- shaxs sodir etgan jinoiy qilmishlaridan birortasi uchun ham sudlangan bo’lmasligi kabi belgilar mavjud bo’lishi talab etiladi.
Agarda, shaxs ikki marotaba har-xil jinoyatlarni sodir qilib, qonunda belgilangan tartibda, ulardan birortasi uchun jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod etilgan bo’lsa, uning harakatlari jinoyatlar majmui deb topilmaydi.
JK 33-moddasiga ko’ra, jinoyatlar majmui mavjud bo’lganda aybdor shaxs o’zi sodir etgan har bir jinoyati uchun JK Maxsus qismi tegishli moddasi yoki modda qismi bo’yicha javobgar bo’ladi.
Agarda, jinoyatlar majmuini tashkil etuvchi barcha jinoyatlarning belgilari JK Maxsus qism bitta moddasining turli qismlarida nazarda tutilgan jinoyatning alomatlarini tashkil qilsa, sodir qilingan qilmish ushbu moddaning og`irroq qismi bo’yicha javobgarlikka tortiladi va jazo tayinlanadi. Masalan: shaxs JK 155- moddasidagi “Terrorizm” jinoyatini birinchi, ikkinchi va uchinchi qismida nazarda tutilgan holatlar bo’yicha turli vaqtlarda sodir qilsa, uning harakatlari sodir qilgan jinoyatlarining eng og`iri, ya’ni JK 155- moddasi 3-qismi tegishli bandi bilan javobgarlikka tortilib, jazo tayinlanadi va jazo tayinlashda JK 59-moddasi qoidalari qo’llanilmaydi.
Ammo JK Maxsus qismi bir moddasining turli qismlarida turli tarkibdagi jinoyatlar uchun javobgarlik nazarda tutilgan bo’lib, shaxs ularning har birini sodir etsa, qilmish jinoyatlar jami sifatida baholanadi hamda JK 59-moddasi qoidasiga asosan jazo tayinlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |