GRAMMATIKA: NUTQ USLUBLARI. BADIIY USLUB VA UNING XUSUSIYATLARI.
Adabiy tilning ijtimoiy hayotning ma’lum sohasi
doirasida qo‘llaniladigan ko‘rinishlari nutq uslublari deyiladi. O‘zbek tilining ichki tuzilishinigina o‘rganish bizga bu til haqida to‘la axborotni bera olmaydi, chunki til birliklaridan qachon, qayerda, qanday vaziyatda foydalana bilish ham katta ahamiyatga ega.
Masalan: muhtaram, qimmatli, aziz singari so‘zlarni ma’lum shaxs bildiruvchi so‘zlarga faqat rasmiy, publitsistik uslublarda qo‘shib ishlatishingiz mumkin. Muhtaram Solijon Soqiyevich! Qimmatli aka, aziz opajon.
Stil, ya’ni uslub termini juda qadim zamonlardan buyon ishlatilib kelinayotgan bo‘lib, u turli davrlarda turli sohalarda turlicha tushunildi va izohlandi. Aslida stil grekcha stilos so‘zidan olingan bo‘lib, yozish uchun ishlatiladigan uchi o‘tkirlashtirilgan tayoqchani bildirgan. Qadimgi me’yorlash rimliklar, gretsiyaliklar uslubga kishilarni ishontirish san'ati sifatida qaraganlar. Hindlar uni nutqni bezash vositasi deb bilgan bo‘lsalar, arablar bu so‘z bilan o‘zlarining diniy e’tiqod va qoidalariga to‘g‘ri keladigan kiyimlarini ham atagan edilar. «Stil» so‘zining filologik termin sifatida ishlatilishi keyingi asrlardangina boshlandi.
Ko‘plab adabiyotshunos va tilshunos olimlar mazkur tushunchaga ta’rif berishga harakat qilganlar. Bu ta’riflarda bir - biriga qarama - qarshi fikrlar, masalaga turlicha yondoshishlar ham yo‘q emas.
Uslub tilning jamiyat ijtimoiy faoliyatining ma’lum tomoni bilan bog‘langan o‘ziga xos lug‘ati, frazeologik birikmalari, grammatik qurilmalari bilan nutqning xuddi shunday boshqa turlaridan o‘z ichki xususiyatlari bilan tafovut qilib turuvchi tizimdir.
Nutq uslublari deganda, til uslublarining aloqa jarayonida qo‘llanilishi tushuniladi. Boshqacha aytganda, nutq uslublari til uslublarining harakatdagi shaklidir.
Hozirgi vaqtda tilshunoslikda til uslublari tasnifida vazifaviy uslublar tan olinadi. Har biri alohida olingan uslub o‘zining uslubiy buyog‘i bilan boshqa uslublardan farq qiladi.
Nutq uslublari quyidagi turlarga ajratiladi:
So‘zlashuv uslubi .
Ilmiy uslub.
Rasmiy uslub.
Publitsistik uslub (ommabop uslub).
Badiiy uslub.
Badiiy uslub. Til materialini qamrab olish imkoniyatining kengligi, umumxalq tilida mavjud bo‘lgan barcha lug‘aviy birliklarning hamda boshqa vazifaviy uslub unsurlarining ishtirok etaverishi va ularning muhim bir vazifaga - estetik vazifani bajarishga xizmat qilishini badiiy nutq uslubining o‘ziga xos xususiyati deb qarash kerak bo‘ladi.
Badiiy nutq uslubining o‘ziga xos lug‘aviy va grammatik xususiyatlari mavjud.
Lug‘aviy birliklardan tashqari frazeologik birliklarning faol va keng ravishda ishlatilishi ham badiiy nutq uslubining asosiy belgilaridandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |