Salomlashuv. Dunyodagi barcha madaniy xalqlar o‘zaro insoniy munosabat, muomala va muloqotni salomdan boshlashadi. Har bir xalqning salomlashish bilan bog‘liq o‘z urf-odatlari bor. Masalan, Indoneziyaning Bali orolida ikki sevishgan bir-birini pishillab salomlashi mumkin. Birma, Mo‘g‘iliston va Laplandiyaliklar salomlashish tariqasida bir-birinini hidlashi, eskimoslar notanish kishining boshiga va yelkasiga mushtlashi mumkin. Amazonka xalqi o‘zaro yelkaga qoqish orqali, Polineziya xalqi esa suhbatdoshini quchoqlab, yelkasini silash orqali o‘zining salomini ifodalaydi51.
O‘zbek, yapon va koreys xalqlarining salomlashish odati yoshga, sharoitga, mavqega, jinsga va marosimlarga ko‘ra turli shakllarda ijro etiladi. Jumladan, o‘zbeklar “assalomu alaykum” (arabcha “sizga tinchlik tilayman”), “vaalaykum assalom” (“sizga ham tinchlik tilayman”) deya 52 ikki qo‘llab, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, quchoqlashib, kiftlarini, yelkalarini silab-siypab, peshona o‘pib, uzoq vaqt ko‘rishmaganda bir-birini ko‘tarishib, ayollar yelka qoqishib, o‘pishib so‘rashishadi.
O‘zbek madaniyatida qo‘l qovushtirib salomlashish (ikki qo‘lni kindik ustiga qovushtirib, bosh sal oldinga egilgan holat) odati erkaklarga xos bo‘lib, quyidagi vaziyatlarda amalga oshiriladi:
1) g‘oyat hurmatli keksani uchratganda;
2) to‘yxona darvozasi yonida turganda (mehmonlarni kutib yoki kuzatayotganda);
3) ta’ziyaga borganda; to‘y, bayram, boshqa yig‘in dasturxonlariga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida yosh yigitlar shunday holatda turadi (“xizmatingizga tayyorman”)53.
Odatda, yaponlar salomlashganda “Ohayou” (“Xayrli tong”), “Konnichiwa” (“Assalomu alaykum”, “Salom”) deb egilib, ya’ni ta’zim qilib (“ojigi”) ko‘rishishadi.
Yapon madaniyatida salomlashish iyerarxik munosabatlarni qamragan 15, 30, 45, 90 darajali ta’zim qilish vositasida ifodalanadi. Ta’zimning darajasi qarshidagi kishining yoshiga, jinsiga, mansabiga, mavqeyiga, shuningdek, salomlashish joyiga qarab farqlanadi.
Tik oyoqda, turgan holatda ijro etiladigan ta’zim:
a) 15° – yengil ta’zim, faqat yo‘lda uchragan tanishlarga mo‘ljallangan.
b) 45° – o‘rtacha ta’zim, mavqeyi va mansabi yuqori bo‘lgan shaxslar, o‘qituvchilar va boshqa rasmiy shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.
c) 90° – yuksak ehtiromli ta’zim, turli marosimlar chog‘ida yuksak martabali mehmonlarga, shuningdek, jiddiy iltimos bilan murojaat qilinganda ijro etiladi.
O‘tirgan holatda ijro etiladigan ta’zim:
a) 15°– yengil ta’zim, qo‘l ostidagilar va tanishlar uchun qo‘llaniladi;
b) 30° – o‘rtacha ta’zim, ehtirom darajasi biroz yuqori bo‘lib, tashkilotlarga kelgan mehmonlar uchun ijro etiladi;
c) agar ta’zim xizmat doirasida mansabi yuqori bo‘lganlarga qaratilgan bo‘lsa, u holda o‘rindan turish lozim bo‘ladi54.
Shunga o‘xshash holatni koreys madaniyatida ham kuzatish mumkin. Koreyslar salomlashishganda bosh hamda gavdaning butun yuqori qismini egib, belni bukib ta’zim qilishadi. Ta’zim qilish chog‘ida nazokat va ehtiromning darajasi, qarshidagi kishining yoshiga, jinsiga, mansabiga, mavqeyiga qarab ortib boradi. Erkaklar qo‘llari yonda, erkin holda, ayollar bo‘lsa, erkaklarga nisbatan ko‘proq egilgan holda, qo‘llarini tizzalarining ustiga qo‘yib “annyonghaseyo”, “annyonghashibnikka” (“eson-omonmisiz?”) deb so‘rashishadi.
Koreys an’analari va marosimlarida ham ta’zim qilish odati juda keng tarqalgan. Jumladan, nikoh to‘yida kelin ikki marta, kuyov bir marta bir-birlariga, so‘ngra kelinning ota-onasiga, kuyovning ota-onasiga va mehmonlarga ta’zim qilishadi.
Bundan tashqari, ta’zim qilish harakati koreys kundalik-muomalasida “tabriklash”, “iltimos qilish”, “kechirim so‘rash” va “minnatdorchilik izhor qilish” kabi qator ma’nolarni ham kasb etgan. Ayni ma’nolar yapon madaniyati uchun ham xosdir. O‘zbeklar bu ma’nolarni biroz egilib, qo‘lni ko‘ksiga qo‘yish bilan ifodalashadi.
Qator madaniyatlarda qo‘l olishib so‘rashish, “tinchlik, omonlik tilash” ma’nosini ifodalaydi. Qadimda odamlar qabila-qabila bo‘lib yashashgan, aksariyat hollarda bir-birlariga raqobatda bo‘lgan guruhlarning vakillari, “mana, qo‘limda qurolim (bolta, pichoq, tosh) yo‘q, qo‘lim ochiq” mazmunida qo‘l olishib ko‘rishishgan. Shu bilan bir-birlariga tinchlik, omonlik tilashgan55.
O‘zbek madaniyatida qo‘l berib salomlashish me’yoriy hol sanaladi. Biroq qo‘l berib so‘rashish odati yapon va koreys madaniyatiga xos emas. Shunga qaramay, bu odat Koreyada 1945-yildan keyin amerikaliklarning ta’sirida tarqala boshladi56. Keyingi yillarda yaponlar orasida ham qo‘l siqishib so‘rashish tarqalib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |