Kompozitsiya usuli. Kompozitsiya usuli bilan qo‘shma va juft sifat hosil bo‘ladi.
Qo‘shma sifat. Qo‘shma sifat quyidagi qolip asosida hosil bo‘ladi:
1. [Ot+ot]: [devsifat], [devqomat], [dilorom], [dilozor], [kafangado], [otashnafas], [sohibjamol].
2. [Sifat+ot]: [xomkalla], [sho‘rpeshona], [kaltafahm], [shirinsuxan], [sho‘rtumshuq], [balandparvoz].
3. [Ot+sifat]: [yoqavayron], [jig‘ibiyron], [tepakal], [xonavayron], [xudobezor], [otabezori].
4. [Ravish+ot]:[hozirjavob], [kamgap], [kamsuxan], [kamsuqum], [kamqon], [kamxarj].
5. [Ravish+fe’l]: [tezpishar], [ertapishar], [cho‘rtkesar].
6. [Fe’l+ fe’l]:[yebto‘ymas].
7. [Olmosh+ot]: [o‘zboshimcha.
8. [Ot+fe’l]: [tilyog‘lama], [gadoytopmas], [tinchliksevar].
9. [Olmosh+sifat]: [o‘zbilarmon].
10. [Son+ot]: [ikkiyuzlamachi], [qirqyamoq].
Juft sifat. Juft sifat tarkibidagi so‘zning xususiyatiga ko‘ra quyidagi turga bo‘linadi:
I. Har ikki qismi mustaqil holda ishlatiladigan juft sifat:
1. Qismlari sinonim: [aql-hushli], [pishiq-puxta], [telba-teskari], [sog‘-salomat], [yakka-yolg‘iz].
2. Qismlari antonim: [achchiq-chuchuk], [baland-past], [vayron-obod], [issiq-sovuq].
3. Qismlari ma’noviy yaqin: [mo‘min-qobil], [och-yalang‘och], [soya-salqin], [xor-zor], [ezma-churuk].
II. Bir qismi mustaqil holda ishlatiladigan juft sifat: [aralash-quralash], [mast-alast], [ilma-teshik], [tuppa-tuzuk], [xom-xatala], [entak-tentak], [qari-quri], [qora-qura], [yamoq-yasqoq], [harom-harish].
III. Har ikkala qismi mustaqil holda ishlatilmaydigan sifat: [aji-buji], [aloq-chaloq], [poyintar-soyintar], [uvali-juvali], [o‘poq-so‘poq], [ilang-bilang].
Boshqa turkumga xos so‘z konversiya yo‘li bilan sifatga o‘tishi mumkin. Bu sifatlashuv deyiladi. Sifatlashuv tarixiy jarayon bo‘lib, boshqa so‘z turkumi davr o‘tishi bilan sifatga aylanib boradi. Sifatlashuv hodisasi lisoniy tabiatga ega:
Juft va takroriy otning sifatlashuvi: [mosh-guruch], [yo‘l-yo‘l], [rang-barang], [xilma-xil].
O‘zak holidagi fe’lning sifatlashuvi: [daydi], [qari], [chalkash], [yanglish], [tutash], [aralash].
Harakat nomi shaklidagi juft fe’l: [olmoq-solmoq].
Kesimlik shaklidagi fe’l: [oldi-qochdi], [kuydi-pishdi], [tug‘di-bitdi], [ilikuzildi], [ichakuzdi], [supraqoqdi]
Sifatning tuzilishiga ko‘ra turlari. Sifat tuzilishiga ko‘ra sodda va murakkab bo‘ladi. Sodda sifatlar bir o‘zakli bo‘ladi: oq, yozgi, aqlli, beg‘ubor, tor. Murakkab sifat o‘z o‘rnida uchga bo‘linadi: a) juft sifat; b) takroriy sifat; v) qo‘shma sifat.
Juft sifat ikki sifatning juftlashishidan tashkil topadi: [oq-qora], [yaxshi-yomon], [katta-kichik].
Takroriy sifatda bir o‘zak takrorlanadi: [katta-katta], [baland-baland], [og‘ir-og‘ir].
Qo‘shma sifat birdan ortiq mustaqil so‘zning qo‘shilishidan hosil bo‘ladi: [havorang], [ishyoqmas], [ertapishar], [yoqavayron], [o‘zbilarmon].
Eslatma. Juft va qo‘shma sifat yasama. Takroriy sifatda shakl yasalishi, qisman leksemalashuv mavjud. U taraqqiyot natijasida yangi ma’no kasb etishi ham mumkin: [yo‘l-yo‘l]. Bunda yangi so‘z yasalishi emas, balki so‘zshaklning leksemalashuvi kuzatiladi.
Son va uning UGMsi. «Predmetlarning sanog‘i va asosan aniq miqdori uchun ishlatiladigan so‘z» - sonning so‘z turkumi sifatidagi UGMsi. Sanaladigan predmet uchun ishlatilganda ularning sanoq va miqdorini anglatadi. Son so‘z turkumi sifatida predmet ifodalovchisi bilan munosabatga kirishib, shu jihati bilan sifat va ravish turkumiga yaqin turadi. Biroq aniq miqdor bildiruvchi bu so‘zlar predmetning noaniq miqdorini bildiruvchi [oz], [ko‘p], [mo‘l] kabi sifatdan ajralib turadi. Sifat raqam bilan ifodalanmaydi. Son esa noaniq miqdorni bildirganda ham raqam bilan beriladi: uch-to‘rt kun (3-4 kun). Bu esa ular anglatgan miqdor noaniqligi ham nisbiy ekanligidan dalolat beradi.
Songa oid so‘z matematik son ma’nosida esa faqat sonning nomini
bildiradi. Demak, predmet nomini anglatuvchi so‘z bilan munosabatda namoyon bo‘ladigan ma’nosi bilan son so‘z turkumini tashkil etadi.
Sonning grammatik xususiyati. Son morfologik va sintaktik xususiyatining o‘ziga xosligi bilan boshqa turkumlardan ajralib turadi.
Sonda o‘ziga xos morfologik ifodasiga ega bo‘lgan quyidagi grammatik xususiyat mavjud:
- sanoq songa [-(i)nchi] affiksining qo‘shilishidan predmetning tartibiga ko‘ra munosabatini ifodalovchi grammatik ma’no hosil bo‘ladi: birinchi, o‘ninchi.
- sanoq songa [-ov], [-ala] affiksining qo‘shilishidan predmetning guruhini, to‘dasini ifodalovchi grammatik ma’no hosil bo‘ladi:(ikkovi), (uchalasi).
- sanoq songa [-ta+cha], [-lab] affiksining qo‘shilishidan predmetning taxminiy hisobini ifodalovchi grammatik ma’no hosil bo‘ladi:(o‘ntacha), (yuzlab).
- sanoq songa [-ta+dan] affiksining qo‘shilishidan predmetning taqsimini ifodalovchi grammatik ma’no hosil bo‘ladi:(ikkitadan), (o‘ntadan).
2. Hisob so‘zi ([juft], [gramm], [dona],[metr]) bilan qo‘llanilishi uning o‘ziga xosligini belgilovchi muhim belgidan biri.
3. Sintaktik kategoriya cheklangan voqelanishga ega.
4. Sonlar yasalish xususiyatiga ega emas. Biroq sondan boshqa so‘z turkumi yasaladi: [birlashmoq], [ikkilanmoq] (fe’l), [beshlik](ot) kabi.
Son quyidagi sintaktik xususiyatga ega.
Son otdan oldin kelib, asosan, aniqlovchi vazifasini bajaradi.
Sonlar cheklangan darajada bo‘lsa-da, gapning barcha bo‘lagi vazifasida kela oladi.
Son ot oldida aniqlovchi vazifasida kelganda, u bilan birga ajralmas birikmani vujudga keltiradi: ikki talaba kelmadi birikuvida ikki talaba ajralmas birikma bo‘lib, bitta bo‘lak, ikki so‘zi esa bo‘lakning bo‘lagi vazifasida kelgan.
Son va sifatni aniqlovchi sifatida qo‘llashga to‘g‘ri kelganda avval son, keyin sifat joylashadi: uchta a’lochi talaba, beshta ilg‘or terimchi.
Do'stlaringiz bilan baham: |