ERKIN VOHIDOV SHE`RIYATIDA O„XSHATISHLARNING
LINGVOPOETIK XUSUSIYATLARI
Boburmirzo Xabibullo IMINJANOV,
talaba (ADU)
Ma`lumki, she`riy nutqni lingvopoetik vositalarsiz tasavvur etish
qiyin.Poetik matnlar tilning emotsional-ekspressivligini ta‘minlovchi, obrazlilik
hosil qiluvchi lingvopoetik vositalardan biri o‗xshatishdir. Ular vositasida muallif
fikrlari obrazli tarzda o‗quvchiga yetkaziladi, kitobxonga badiiy-estetik ta`sir etish
amalga oshiriladi, asar tilining emotsional-ekspressivligi ta‘minlanadi, muallif
individual uslubi o‗z poetik tasviriga ega bo‗ladi. O‗xshatish deganda ―ikki narsa
yoki voqea-hodisa o‗rtasidagi o‗xshashlikka asoslanib, ularning biri orqali
ikkinchisining belgisini, mohiyatini to‗laroq, konkretroq, bo‗rttiribroq ifodalash‖
tushuniladi [1,239].
190
Tilimizda ―O‗xshatishlarning ikki turi, ya`ni: 1. individual – muallif
o‗xshatishlari yoki erkin o‗xshatishlar va 2. umumxalq yoki turg‗un (doimiy)
o‗xshatishlar farqlanadi. Badiiy-estetik qimmat, lingvopoetik salmoq nuqtayi
nazaridan erkin o‗xshatishlar yozuvchining mahoratini namoyon etuvchi
vositalardan biri sifatida badiiy nutqda alohida o‗rin tutadi.Yozuvchi o‗zining
badiiy tasvir maqsadiga muvofiq ravishda xilma-xil original o‗xshatishlar yaratadi.
Bu o‗xshatishlar kutilmaganligi, ohorliligi bilan o‗quvchini rom etadi, muayyan
ruhiy yoki jismoniy holat-xususiyat-predmetlarni o‗quvchi ko‗z o‗ngida yaqqol
gavdalantiradi‖ [2, 3]. Erkin Vohidov she`riyatida qo‗llanilgan o‗xshatishlar
betakrorligi, jozibadorligi bilan kitobxonni o‗ziga jalb etadi, unga zavq
bag‗ishlaydi.
Sir emaski, tilimizda o‗xshatish hosil qiluvchi leksik va grammatik vositalar
bor. Leksik vositalarga kabi, singari, qadar, yanglig‗, bamisoli, bamisli, misoli,
misli, monand, xuddi, naq, go‗yo, teng, o‗xshatmoq, eslatmoq, demoq, bo‗lmoq,
bir, aynan, o‗zi, tus, ibrat, holatda, chu, andoqki va boshqalar kirsa, grammatik
vositalarga -day, -dek, -dayin, -dir, -namo, -simon, -omuz, -li, -ona, -larcha, -saro
kabilar kiradi. O‗xshatish hosil qiluvchi -day vositasi ishtirokidagi poetik
tasvirning yuksak namunasini shoirning ―Tabrik‖ she`rida ko‗rishimiz mumkin:
Tog‗day yelkasidan teng yarim jahon,
Uning paxtasiga tikmish ko‗zini…
She`rning asl mavzusi paxtakorlar haqida. Uni o‗qir ekanmiz ko‗z oldimizda
bu dala maydonlarida javlon urayotgan paxtakorlar gavdalanadi. Erkin Vohidov
ushbu she`rda sobiq sho‗rolar davridagi paxtaga hamda paxtakorlarga bo‗lgan
munosabat haqida hikoya qiladi. Bu misrada o‗xshatish vositasi -day qo‗shimchasi
hisoblanadi. Ushbu she`rning so‗nggi misrasida -day vositasidan unumli
foydalanilgan:
Xirmoning qaddingday bo‗lsinu baland,
Baxtingday hamisha kulsin quyoshing.
She`rning oxiri paxtakorlarga tilaklar bilan tugallangan. Tilak o‗xshatishlar
vositasida berilganligi uchun yana ham ta`sirli chiqqan. Paxtakorlarga xirmonlari
baland bo‗lishini tilamoqda, xuddi o‗zlarining qaddilari kabi. Ikkinchi qatorda
paxtakorlarning baxtli ekanligini ta`kidlagan holda, quyoshlari ham baxtlaridek
kulib turishlarini istamoqda.
O‗xshatishlarni yuzaga chiqaruvchi vositalardan yana biri ―kabi‖
hisoblanadi. Erkin Vohidov biroz hazil tariqasida yozilgan ―Qorxat‖ she`rida
ushbu vositadan foydalangan holda o‗quvchiga estetik kayfiyat ulashadi.
O‗xshatish hosil qiluvchi ―kabi‖ leksemasi vositasida kutilmagan obrazlilikni
yuzaga keltiradiki, kitobxon beixtiyor tasvirlangan obyekt haqida o‗ylay boshlaydi,
uning shakl-shamoyili va mazmun-mohiyatiga lirik qahramon ko‗zi bilan nazar
tashlaydi:
Bo‗lsa bodomlar qabog‗ingiz kabi,
Ham murabbolar dudog‗ingiz kabi.
Bu she`r aslida shoira qizlarga atab yozilgan. Qorxat o‗yinining sharti
bo‗yicha mag‗lubga ma`lum bir vazifa yuklanadi. Shoir qizlarga qorxat yo‗llar
191
ekan, mag‗lubga jazo sifatida ziyofat uyushtirish shartini qo‗yadi. Hamda ziyofat
dasturxonida hattoki bodomlar va murabbolar bo‗lishi kerakligini ta`kidlaydi.
Mana shu pallada o‗xshatish san`atidan shunday foydalaniladiki, o‗quvchining
yuzida beixtiyor nim tabassum yuzaga keladi. Ya`ni bodomlar qizlarning qabog‗i
kabi, murabbolar esa ularning dudog‗i kabi bo‗lishi darkor.
O‗xshatishni yuzaga keltiruvchi vositalarning o‗rinli qo‗llanishi bilan badiiy
tasvirning estetik ta`sirchanligi orta boradi. ―Ruhlar isyoni‖ dostonidan olingan
quyidagi misrada esa tabiatni jamiyatga mutanosib holda qiyoslaydi:
Yurtim, bitmas matonating,
Sen – mujassam bardoshsan.
Fil singari zo‗r qudrating,
Fil singari yuvoshsan.
Yuqoridagi misrada o‗xshatilgan obyekt yurt, o‗xshatiladigan predmet fil,
o‗xshatish vositasi esa ―singari‖ leksemasidir.
Erkin Vohidov o‗xshatish vositalaridan unumli foydalanish bilan birga,
to‗g‗ridan-to‗g‗ri o‗xshaydi, xuddiki, qiyos leksemalaridan ham foydalandi.
Xususan, bu holatni uning tarjimalarida, jumladan, ―Faust‖ asarida ko‗rishimiz
mumkin:
Xuddi chigirtkadek xas-cho‗plar aro,
Goh uchar, goh sakrar, goh tuzar navo.
Mefistofelning tilidan aytilgan misralarda so‗z aslida inson haqida
ketmoqda.Inson chigirtkaga o‗xshatilgan. E`tibor bergan bo‗lsangiz, o‗xshatilish
ham qo‗shimcha orqali, ham leksema orqali amalga oshirilmoqda. Avvalo ―xuddi‖
leksemasi orqali o‗xshatishni yuzaga keltirgan shoir o‗xshatiladigan predmetga –
dek qo‗shimchasini qo‗shish orqali o‗xshatilishni yanada mustahkamlamoqda.
Beixtiyor shoirning tarjima sohasidagi badiiy topqirligiga tasannolar aytging
keladi. Misradagi ―xuddi‖ leksemasi to‗g‗ridan-to‗g‗ri o‗xshatish vositasi
vazifasini bajarmoqda, o‗xshatilgan predmet insonlar, o‗xshatiladigan predmet esa
chigirtka. Shoirning o‗xshatish borasidagi kashfiyotlari xilma-xil va serjilodir. Bu
orqali kitobxon estetik zavqning oliy namunasidan bahramand bo‗ladi.
Yana bir bor ―Faust‖ ga murojaat qilsak. Quyidagi Faustning tilidan aytilgan
satrlarga e`tibor bering:
Borliq ko‗z oldimda misoli suvrat,
Go‗yo mening o‗zim xoliqi qudrat.
Go‗yo ilkimdadir jahoniy mir‘ot,
Go‗yo kaftimdadir butun koinot.
Ushbu she`riy qatorlarning har birida o‗xshatish vositasi qo‗llanilgan.
―Misoli‖ va ―go‗yo‖ leksemalari orqali o‗xshatishning betakror namunalarini tilga
olgan. Ushbu leksemalar vositasida borliq suvratga, Faustning o‗zi xoliqi qudratga
o‗xshatilmoqda. Erkin Vohidovning ijodiy merosi juda katta hajmni tashkil qiladi.
Shuning uchun shoir o‗xshatish vositalarining deyarli har biridan foydalanganligi
shubhasiz. ―Viruslar‖ she`rida -simon vositasidan foydalanilgan bo‗lsa:
Sharsimon virusni mumkin o‗ldirish,
Chora yo‗q yumaloq xudparastlikka.
192
―Qorxat‖ she`rida
-dayin
qo‗shimchasidan, yanglig‗ leksemasidan
foydalanadi:
Sochdagi bargakdayin ko‗k bodiring,
Hamxino yanglig‗ patinjon oldiring.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, mazkur shoir she`riyatidagi
o‗xshatishlar shu bilan nihoyasiga yetmaydi albatta.Bular ummondan bir tomchi,
xolos.Erkin Vohidov ijod olamida o‗z so‗zini ayta olgan ustoz ijodkorlardan biri
sanaladi. U Vatan haqida yozadimi, haqiqat haqida yozadimi, sevgi haqida
yozadimi – bu mavzularning avval hech kim aytmagan jihatlarini topib, mantiqiy
kashfiyotlar qilgan. Uning qalbi Mashrabday o‗tli, Yeseninday samimiy va
jozibador.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Shomaqsudov A., Rasulov I., Qo‗ng‗urov R., Rustamov H. O‗zbek tili stilistikasi.
Fan, 1983.
2. Mahmudov N. O‗xshatishlar – obrazli tafakkur mahsuli. //O‗zbek tili va adabiyoti,
2011, 3-son.
Do'stlaringiz bilan baham: |