FOJIALI TAQDIR TALQINI
Abdunabi TO„YCHIEV,
tayanch doktorant (GulDU)
Nurali Qobulning katta ijodida qissalari ham muhim o‗rin tutadi. Yozuvchi
ijodiy faoliyati davomida ―Oyqor‖ (1978), ―Salom, tog‗lar!‖ (1979), ―Tubsiz
osmon‖ (―Sening bolalik osmoning‖) (1976-1980), ―Sangzor‖ (1978-1981), ―Oq
qayin qo‗shig‗i yoxud biz o‗zligimizcha qolamiz‖ (1980-1983), ―Yashash uchun
kechikma‖ (1983), ―Men hammani sevaman‖ (―Rassom haqida qo‗shiq‖) qissa-
esse, ―Yangi qor yoqqan kun‖ (Johillik va qotillik‖), ―Tog‗begi‖ (―Bo‗ri ovi‖),
―Bug‗doy pishig‗iga etmaganlar‖, ―Tantanadan keyingi kun‖ (2016), ―Qulon
quduqqa qulasa‖ (2016) nomli o‗ndan oshiq qissalar yozdi.
Yosh yozuvchi ―Salom, tog‗lar!‖ [1, 40-139] qissasi bilan keng kitobxonlar
ommasiga tanildi, umidli qalamkash sifatida ijodiga qiziqish uyg‗otdi. U ―Salom,
tog‗lar!‖ni yozganda yigirma to‗qqiz yoshda edi. Munaqqid S.Mirvaliyev to‗g‗ri
ta`kidlaganidek, ―Nurali Qobul o‗zining ko‗p hikoyalari, xususan, ―Oyqor‖ qissasi
bilan adabiy jamoatchilik va keng kitobxonlar ommasining e`tiborini qozongan
edi. Bugun esa ―Salom, tog‗lar!‖ qissasi bilan o‗ziga bo‗lgan hurmat va e`tiborni
yana bir bor mustahkamladi‖ [2, 42].
―Salom, tog‗lar!‖ qissasida qahramonlarning ko‗proq fojeali kunlari
yoritilgan. Avvalo, tasvirga olingan sharoit, qolaversa, urushning boshlanishi bu
qora bo‗yoqlarni yanada quyuqlashtiradi. Asar voqealari G‗oyibnazar bilan
Qorako‗z taqdiri misolida tasvirlanadi. Mazkur maqolamizda Qorako‗z obrazi
bilan bog‗liq ayrim kuzatishlarimizga to‗xtalmoqchimiz.
Asar voqealari asosan muallif tilidan
–
bevosita yozuvchining o‗z tilidan
bayon qilinadi. Ba`zi joylarda voqea-hodisalar muallif tilidan emas, balki bosh
qahramon Qorako‗z tilidan olib borilgan. Qorako‗z tilidan hikoya qilinganda bola
ruhiyati, o‗spirinning yoshlik xususiyatlari, soddaligi, o‗yinqaroqligi, xullas uning
butun tabiati aks etadi.
Asar mutolaasi jarayonida adib Qorako‗z obrazini yaratishda ichki dialog,
ichki monologdan unumli foydalanganini bilishimiz mumkin. Ayniqsa,
Qorako‗zning xayolan otasi bilan so‗zlashuvi ichki kechinmalarini yorqinroq
498
ifodalash uchun, uning ruhiyatidagi qarama – qarshiliklar, iztiroblarni ifodalashda
ayniqsa yaxshi samara beradi. Ayrim hollarda o‗ziga o‗zi nimanidir aytadi,
murojaat qiladi, xayol suradi. Bu uning voqelikka yoki kishilarga nisbatan
munosabatining yashirin shaklidir. Ichki monolog yordamida yozuvchi
Qorako‗zning ma`naviy dunyosini, dunyoqarashini ifodalaydi.
Qorako‗z g‗aroyib taqdirga ega qahramon. G‗oyibnazar bilan Qorako‗z
hayotda bir-biriga taqdiri o‗xshash, umr yo‗li bir yo‗ldosh edilar. Qorako‗z o‗zi va
onasi uchun yagona mehribon oilaga qadam qo‗yadi. Ular uchun boshqa mehribon
oila, yaqin suyanadigan kishilari yo‗q edi. Hademay, hayotini alg‗ov-dolg‗ov
qilgan urush boshlanadi. U o‗n olti kunlik kelinligida erini frontga kuzatdi.
Qorako‗z xuddi taqdirini bilganday, uni kelajakda qayg‗uli kunlar kutib turganini
sezib ―Men nima qilaman? Menga ko‗z olaytirganlar bo‗ridek g‗ajib tashlashadi-
ku?‖ deydi.
Yozuvchi urush davrida front ortidagi hayotni tasvirlar ekan, Qorako‗zni
―betartib xotin-xalajlar to‗pida ishga borib, shu to‗pda qaytardi‖ deydi. Bu jumlada
―betartib‖ va ―to‗p‖ so‗zlari Qorako‗zga xos bo‗lmagan muhit tasviri uchun o‗rinli
ishlatilgan.
Asarda ―Erkaknamo, ko‗ylagini lippasiga qistirib olgan ayollar ular bilan
basma-bas aytishar, og‗zidan bodi kirib shodi chiqardi. Ularning bu xatti-
harakatidan qiz-juvonlar uyalib, boshqa tomonga ketib qolishardi‖ degan tasvirda
hech tarsadan tap tortmay aytishadigan katta yoshdagilarni ayollar, ularning
behayo gaplarini eshitib uyalgan yoshroqlarini – qiz-juvonlar deb toifaga ajratiladi.
Hech narsadan tap tortmaydigan toifadagi ayollar Qorako‗zni yoqtirmaydi.
Qorako‗z ularning maza-bemaza hazil-mutoyibalariga qo‗shilmas, biror fursat
bo‗sh vaqt topsa, yolg‗iz o‗zi xayol surib o‗tirardi. Ular Qorako‗zga achchiq-tizziq
gaplar aytishsa ham, kamsitishsa ham u indamay o‗tiraverardi. Qorako‗z bu
muhitga begona edi. Muhit uni sig‗dirmaydi. Qorako‗zning o‗z dunyosi bor edi.
Adib o‗z qahramonining xarakteri orqali voqealar rivojida o‗quvchisini
Qorako‗zning keyingi hayotida ro‗y beradigan, ehtimol uni kutib turgan noxush
voqealarga tayyorlab boradi.
Yozuvchi ―G‗oyibnazar nemislar tomonga o‗tib ketibdi‖ - degan sovuq
mish-mishdan keyin qahramoni holatini yoritar ekan, u butun alamini dam olmay
mehnatdan olishi, yoniga faqat Gulandomning qo‗rqa-pisa, Xo‗janing o‗ralashib
kelishi, ko‗ngliga qil sig‗masligi va xatto bu holat chaqalog‗i Otaqo‗ziga ham ta`sir
qilgani haqida yozar ekan, nazarida erta-indin bir emas, ikki xonadon ham
tuprog‗igacha yonib ketadiganday edi, deydi.
Uyda zerikarli, yurakni siqadigan hayot boshlangan edi. Kunlar og‗ir va
ayanchli o‗tardi. Qorako‗z o‗zini qiynayotgan azobdan qutulish vositasini mehnat
deb biladi. Barcha og‗ir ishni qildi. Chillasi chiqmasdan dalaga chiqdi. G‗alla
o‗rdi, moshoq terdi. Uning beg‗ubor qarashlari atrofidagilarga ma‘qul kelmadi va
o‗zlariga moslab u haqida gapirishdi. Asabini har xil gap so‗zlar kemirdi. Ayniqsa,
o‗g‗lining o‗limi katta zarba bo‗ldi.
Yozuvchi chaqalog‗idan ayrilgan oiladagi g‗am-alamni ―Soyning kunchiqish
tomonida omonatgina turgan ikki kulbani ham erta-indin soy yuvib ketadigandek
499
edi‖, deb obrazli tasvirlaydi. To‗g‗ri, balki soy toshmas, balki toshsa ham bu xarob
holatdagi ikki kulbani yuvib ketmas, lekin gap shundaki, shu kulbadagi g‗ariblar
o‗rtasidagi rishta uzilgan edi.
G‗oyibnazardan xat kelganini eshitganda ―U albatta qaytib kelishi kerak. Uni
hammamiz, Oyqor ham kutyapti. Agar hayot haqiqiy hayot bo‗lsa, u qaytishi
kerak. Bo‗lmasa, butun dunyo tugaydi. Oyqor ham, undagi asriy muzliklar ham,
hamma-hammasi yonib ketadi...‖ deb o‗ylaydi. Bu juda qat‘iy hukm, yashagan
muhitiga nisbatan bayonoti edi. Qorako‗zning to‗lib turgan hayotidan xabar edi.
Qorako‗zning fojiali taqdirini yoritishda Pokiza obrazi ham muhim o‗rin
tutadi. Qorako‗z to‗ydan keyingi kunlarda Pokizani tush ko‗radi. Tushida abadiy
muzliklar yonarmish-u erimasmish. Qora ot minib olgan Pokiza ham qop-qora
bo‗lib kolganmish. Qorako‗z issiqqa chiday olmay unga intilsa u tobora
uzoqlasharmish. Olisdan G‗oyibnazar, Nurmon bobo ham ko‗rinadi. Qorako‗z
qattiq cho‗chib uyg‗onadi. G‗oyibnazar unga ―Pokizani ko‗p eslamang. Xudo
biladi o‗zi bormi-yo‗qmi?‖ deydi. (Keyinchalik urushdagi G‗oyibnazardan xat
kelmay siqilgan kunlarida yana o‗sha dahshatli tushni ko‗radi).
G‗oyibnazar urushga ketishdan bir kun oldin Qorako‗zning gapiga ko‗ra
toqqa borishadi. Qorako‗zning yana Pokizani eslashi G‗oyibnazarga yoqmaydi.
―Shu buguncha eslamay turaylik‖ deydi. Urushga ketayotgan, hali qaytish-
qaytmasligi mavhum bo‗lgan, og‗ir o‗ylar iskanjasidagi G‗oyibnazar hayoti fojiali
kechgan Pokizani eslashni xohlamaydi. U tushkun kayfiyatdagi Qorako‗zning ham
uni eslashini xohlamaydi. Qorako‗z ―Pokizaga havasim kelyapti! ―Salom Pokiza!‖
deb oldiga boramizmi? Ruhi shod bo‗lardi. Aytdingiz-ku, u janozasiz ko‗milgan
deb, albatta eshitadi‖ deydi. G‗oyibnazar ―Qo‗ying, unday demang. Taqdiringiz
o‗xshamasin!‖ deydi.
Yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishtalar omin deyishadi, degan gap
bor. Kim biladi, balki Qorako‗zning ―Pokizaga havasim kelyapti! ―Salom Pokiza!‖
deb oldiga boramizmi?‖ deganida yuqoridagi holat bo‗lgandir, balki adib o‗z
o‗quvchilarini qahramonlarning bo‗lajak, ularni kutajak taqdiri bilan
tanishtirmoqchidir.
G‗oyibnazar dastlabki uchrashuvda ―Biz qarimaymiz, Qorako‗z! Negaligini
bilmayman-u, lekin qarimaymiz!‖ deydi. Asar yakunida ma`lum bo‗ladiki,
haqiqatdan ham voqealar shunday yakun topadi. Nazarimda, asar pafosi ham shu
bo‗lsa kerak. G‗oyibnazarning gapi asar g‗oyasini ochishda belgilovchi yo‗nalish
ekanligidan tashqari, asarning ishonarli, qiziqarli bo‗lishini ta‘minlashda ham katta
ahamiyat kasb etadi. G‗oyibnazar bilan Qorako‗zning qayg‗uli hayoti, ularning
mangu muhabbati va Qorako‗zning muhitga sig‗masligi asarning etakchi g‗oyasini
ifodalash vositasi hisoblanadi.
Bolasidan ayrilgan Qorako‗z telbanoma va parishonxotir bo‗lib qoladi.
Kechalari allamahalda o‗rnidan turib ketadi, betinim alahsirab chiqadi, hamma
narsaga befarq qaraydi. Asar oxirida aybsiz aybdor bo‗lib, ta‘na-dashnomlarga
qolganda, qayoqqa yurishini bilmay gangib qolganida, atrofdan najot ko‗zi bilan
xayrixoh izlaganida qahrli, tund qiyofalarni ko‗radi. Xatto bir umr o‗ziga umid va
ishonch baxsh etayotgan Oyqor ham, nazarida, uni bosib kelardi. U o‗z muhitiga
500
sig‗may, toqqa intiladi, tog‗dan panoh topadi. Tog‗da do‗lanaga dardini aytarkan,
―O‗zimni oqlashning faqat bitta yo‗li bor... Pokizaning oldiga ketdi, degin‖ deydi.
Qorako‗zning asarda Pokizani qayta-qayta esga olishi ham bejizmas.
Qissada Qorako‗zning nega aynan tog‗da fojiali o‗lim topishi, sodir bo‗lgan voqea-
hodisa tasodifiy bo‗lmay, balki sababi asoslangan.
Nurmon bobo va Pokiza haqida
yarim rivoyat, balki yarim haqiqat bo‗lgan hikoyaning kiritilishi ham asarning
ma`nosini anglatishga xizmat qiladi. Asarni badiiy to‗qimasiz, ijodiy fantaziyasiz
tasavvur qilib bo‗lmaydi. Qorako‗z Pokizaga havas qiladi, aniqrog‗i Pokiza adabiy
qo‗nim topgan muzliklarni xohlaydi. Oxir-oqibatda o‗zi ham muzliklar sari yo‗l
oladi.
U ―Oy yorug‗ida nim tovlanib turgan muzliklar sari poyintar-soyintar qadam
tashlab yurib-ketdi... ―Alvido, tog‗lar!‖ Er yuzida hamma – bir-birini sevadigan
bo‗lganda, odamlar orasidan nafrat va xusumat yo‗qolganda, bizni abadiy uyqudan
uyg‗oting! Biz shunda: ―Salom, tog‗lar!‖ – deya qayta tug‗ilamiz!‖ Oddiy tog‗
qizining notekis kechgan umri o‗quvchini befarq qoldirmaydi. Uning odamlarni
tashlab toqqa chiqib ketishi tomirida qoni oqib turgan kitobxonni o‗ylatadi.
Qorako‗zning ongida qayta tug‗ilish o‗yi bo‗ladi. Bu fikr asar davomida bot-
bot takrorlanadi. Qo‗shnisi Nozik momoning aytishicha, yo etti, yo o‗n to‗rt
pushtdan so‗ng inson yana qayta tug‗ilarmish. G‗oyibona suhbatlashgan otasi ham
bu gapda jon borligi, Nozik momoning enasi ham shunday deganini aytadi.
Keyinchalik G‗oyibnazar bilan uchrashuvga chiqqanda, G‗oyibnazar urushga
ketish arafasida tog‗da ham yana shu gapni eslaydi. Nima uchundir bu afsona
G‗oyibnazar ongiga ham yoshlikdan singib qolgan. Yoshlikda yurakka o‗rnashgan
e`tiqodni hech unutib bo‗lmas ekan. U borgan sari chuqurlashib, haqiqatga aylanib
boraverarkan...
Asarning ikkinchi bobida Qorako‗z otasi bilan g‗oyibona suhbatlashganda
Nozik momoning ―etti yoki o‗n to‗rt pushtdan so‗ng inson qayta tug‗ilarmish‖, -
degan gapini keyinchalik yana eslaydi. Garchi etti pushti o‗tmagan bo‗lsa ham
kitobxonga Pokiza yangi hayotda Qorako‗z bo‗lib yashagandek tuyuladi.
Kitobxon xayolida Qorako‗z Nozik momo aytganday, yo etti, yo o‗n to‗rt
pushtdan so‗ng ―er yuzida hamma bir-birini sevadigan bo‗lganda, odamlar
orasidan nafrat va xusumat yo‗qolganda abadiy muzliklardan ―Salom, tog‗lar!‖, -
deb qayta tug‗iladiganday taassurot qoldiradi. Negadir, bu gaplarga bizning ham
ishongimiz keladi.
Qorako‗zning umri fojiali kechadi. Uning hali hayotdan umidi ko‗p edi,
lekin uni sig‗dirishmadi. U hali yashashi mumkin edi, lekin yashashga
qo‗yishmadi. Agar Qorako‗z dastlabki qiyinchiliklarga uchraganda tushkunlikka
tushganida edi, unda voqealar rivojiga putur etgan bo‗lardi. Yozuvchi Qorako‗z
xarakterining rivojini haqqoniy ko‗rsatish uchun uni shunday holatlardan olib
o‗tadi. Adabiy asar syujeti konfliktsiz yashay olmaydi.
Qorako‗z bilan u
yashayotgan sharoit o‗rtasidagi kurash ijtimoiy konfliktga asos bo‗lgan.
Asar kulminatsiyasida aybsiz aybdor bo‗lib, ta‘na-dashnomlarga qolganda,
xatto bir umr o‗ziga umid va ishonch baxsh etayotgan Oyqor ham, nazarida, uni
bosib kelganday tuyuladi. U o‗z muhitiga sig‗may, toqqa intiladi, tog‗dan panoh
501
topadi. Tog‗da do‗lanaga dardini aytarkan, ―O‗zimni oqlashning faqat bitta yo‗li
bor... Pokizaning oldiga ketdi, degin‖ deydi. Oxir-oqibatda o‗zi ham muzliklar sari
yo‗l oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |