ERKIN VOHIDOV USLUBINING O„ZIGA XOS JIHATLARI
Gavhar MAMATQULOVA,
12-maktab o„qituvchisi (Guliston)
Har bir shoir uslubining mukammal ko‗rinish kasb etishida, u yashab ijod
etgan davrning turli sohalardagi hayot tarzi, sharoiti hamda adabiy jarayoni muhim
ahamiyatga ega. Adabiyotshunos olim I.Haqqul bu borada shunday yozadi: ―Davr
ruhi, zamon nafasi, jamiyat dardi ham dastlab ijodkor shaxsiga ta`sirini o‗tkazib,
undan so‗ng asarlariga ko‗chadi‖ [2, 20].
Uslub san`atkor ijodiy qobiliyatining samarasi, shu bilan birga, ijodiy
qobiliyat yetukligi, originalligining o‗ziga xosligi ifodasi. Uslub orqali ijodkorning
shaxsiyati, ijodiy individuallik kamoloti, adabiy jarayondagi mustaqilligi, badiiy
tafakkur tipi, ijodiy mahorati anglashiladi. Uslub ijodkor badiiy olamidagi original
ifoda va yechimlarni jamlaydi, ko‗rsatadi. Shu ma`noda o‗zbek adabiyotining yirik
zabardast vakillaridan biri Erkin Vohidov ham o‗z uslubi va yo‗nalishiga ega
bo‗lgan ijodkor sanaladi.
Erkin Vohidov o‗z uslubini, badiiy mahoratini goh lirikada, goh mumtoz
poetikada, goh tarjimada, goh dramaturgiyada namoyon etib, bir qator ibratli
yutuqlarga erishgan. Ayniqsa, nemis klassik shoiri Gyotening ―Faust‖ asari shoir
tarjimasida mukammallikka erishgan. Bir so‗z bilan aytganda, shoir G‗arbda
jaranglagan sharqona ohangni yana Sharqqa qaytargan. ―Faust‖ ustidagi uzluksiz
ishlar tarjimon E.Vohidovninggina emas, balki shoir E.Vohidov fikrlarining ijodiy
teranlashuviga samarali ta`sir ko‗rsatdi. Uning poetik chizgilari shoir iqtidorining
yuksakligi, estetik ideallarining buyukligi, oddiy voqea yoki oddiy badiiy detaldan
favqulodda katta poetik umumlashmalar chiqara olish mahoratidan dalolat beradi.
Sheʼr – shoirning anglangan va anglanmagan tasavvurlaridan tarkib topgan
tuyg‗ulardan yaraladi. Unda ―borliq bilan yo‗qlik‖ chegarasi doim bir-biriga taʼsir
oʻtkazib, biri-ikkinchisini marom bilan harakatlanishiga ragʻbat bagʻishlab turadi.
Shu ikki sifat oʻrtasida muvozanat bilan fikr yuritayotgan ijodkor-shoir yirik va
oʻziga xos tuygʻular yigʻindisini muayyan tartibga, yaxlitlik, butunlikka jamlay
oladi. Sheʼr – mangu dard haqidagi soʻz. Shubhasiz, Erkin Vohidov ijodiyoti ana
shunday teran mushohadalar toʻplamidan iboratdir. Fikr va tuygʻu nisbati
109
ziddiyatda, harakatda, tadrijiyatda ekan, shoir poetik olami ham tobora tiniqlashib,
kengayib, oʻziga xos va mos yoʻl tanlab boradi.
Erkin Vohidovning serqirra va rang-barang ijodiy merosiga nazar tashlasak,
oʻtgan davrning mafkuraviy gʻoyalariga kuchli tanqidiy ruhda fikr yuritganini
ko‗ramiz. Buning yorqin namunasi sifatida ―Oʻzbegim‖ qasidasi misol boʻla oladi:
Ilmu sheʼrda gohu sulton
Lek taqdiriga qul,
Oʻz elida chekdi gʻurbat,
Zoru nolon oʻzbegim [1, 34].
Erkin Vohidov 1968-yil aruz vaznida yozgan ―O‗zbegim‖ qasidasida
yo‗qotilgan milliy g‗ururni qayta tiklash va uyg‗otish, milliy ruhni xalqimiz ongiga
singdirish, mustahkamlash va bardavom ettirish g‗oyasini ilgari surgan edi. Olim
Qozoqboy Yo‗ldoshev ta‘biri bilan aytganda: ―O‗zbegim‖ o‗z vaqtida maydonga
tashlangan mardona poetik chorlov bo‗lgandi [3, 267].
Maʼlumki, ijodkorning doimiy harakatdagi tafakkurida kurtak ochgan badiiy
fikrning o‗ziga xos halqasini tashkil qiluvchi muayyan obrazda estetik nigoh, lirik
harorat mujassam. Shu bois ham unga real hayot bilan aynanlik maqomini berish
mumkin emas. ―Illo badiiy haqiqat hayot haqiqati boʻlmay, ong va tuygʻu –
ruhoniy nazar ifodasining uygʻunligidan hosil boʻluvchi goʻzallik sifatida matnga
tayanib, ijodkor mikroolamiga kechinmadoshlik orqali poetik idrok etiladi‖, - deb
yozadi taniqli adabiyotshunos olim Islom Yoqubov [5, 365].
Darhaqiqat, ijod uslubining o‗ziga xosligi poetik idrok mohiyatidan
oziqlanadi. To‗g‗rirogʻi, ijtimoiy-ruhiy, milliy va umuminsoniy jihatlar qamrovi
sharoit taqozosi, ijodkorning ayni shu jihatlarga qay darajada yondashuvi bilan
ham belgilanadi. Binobarin, sheʼriy tabdilda shakl, mazmun va uslub uygʻunligini
taʼminlovchi asosiy omil dunyoqarashning nechogʻli yuksakligi va tafakkurning
miqyoslariga borib ulanadi. Ayni paytda, poetik tushuncha tadriji ham ichki, ham
tashqi mohiyatini butunlashtiradigan estetik mohiyatning oʻziga xos qirralari bilan
raqobatga kirishadi. Har bir sheʼr voqeligi ijodkor kechinmalaridan vujudga keladi.
Bu esa umummillat kayfiyatini ifoda qilayotgandek taassurot uygʻotadi:
U baxsh etgan otashda yondim,
Oʻzi boʻldi menga rahnamo,
Unga, faqat unga ishondim,
Yurak meni aldamas aslo!
[1, 67]
Aql va yurak amri ziddiyatini qarama-qarshi qoʻygan ushbu satrlarda shoir
real hayot manzaralariga nazar tashlaydi. Bunda shoir hodisotni poetik kashf etish
bilan cheklanib qolmaydi, balki ijodiy yondashuv hamda estetik baholash
mezonlarini birlashtiradi. Bu munosabat tuygʻu shiddati uygʻunligini taʼminlash
barobarida tasvir toʻlaqonliligini ham tasdiqlaydi.
Adabiyotshunos olim N.Rahimjonovning taʼkidlashicha: ―Erkin Vohidov
estetikasida insonning ma`naviy-intellektual kamolotiga alohida urg‗u beriladi.
Shoir nuqtai nazariga ko‗ra inson tirikligining ma`nosi, hayotining mazmuni
qanday sharoitda va muhitda bo‗lishidan qat‘iy nazar, o‗z shaxsida komillik xislat-
xususiyatlarini takomillashtirishga muttasil intilishdan iborat. Ma`naviyatni,
110
tiriklikni go‗zallashtirish barobarida hayotni va jamiyatni yanada go‗zallashtirish
bosh muddaodir‖ [4, 121].
Sheʼr – ijodkorning ichki kechinmalarini, olamni qabul qilish va uni
ifodalashdagi ayricha usulini belgilab beradi. Chunki ijodkor ana shu kichkina
qalbi orqali, katta umumlashmalar hosil qiladi. Xoh u Vatan haqida bitilgan
boʻlsin, xoh u muhabbat, qalb amrining buyurganini qalamga oladi. Erkin
Vohidovning samimiy, dilbar va jozibali satrlarida millatning pinhon iztiroblari,
uning maʼnaviy-ruhiy manzarasi yaqqol koʻzga tashlanib turadi. Chunki shoir
kitobxonning, nainki kitobxon, balki shu yurtda yashovchi oddiy insonlarning qalb
nidolarini sheʼrga aylantiradi. Bu oʻz navbatida millat qoʻshigʻiga, uning
madhiyasiga aylanib ketadi. ―Sen tomonga otilgan oʻq menga tegsin‖ [1, 83]
satrlarining oʻziyoq aytilgan fikrlarimizni dalillaydi.
Sheʼr – ogʻriqlardan dunyoga keladi. Toʻrt misra sheʼrga olam maʼno
singdira olgan ijodkor chinakam salohiyat egasidir. Uning uchun shoir chinakam
tuygʻularni, qalbning millat uchun eng zarur soʻzlarini sheʼrga aylantira olsa, o‗z
maqsadiga erisha oladi. Erkin Vohidov ―Toʻrt satr‖ sheʼrida ham shu kabi
mazmun-mohiyatni kitobxonga anglatadi. ―Kamtarlik haqida‖ deb nomlanuvchi
sheʼrda ham chiroyli tashbeh qoʻllay olgan. Unda choynakning piyolaga egilishi –
kamtarlik ramzidir.
Xulosa o‗rnida shuni aytish mumkinki, Erkin Vohidov lirikasida hissiy idrok
birlamchi omil vazifasini o‗taydi. Unda tuygʻular silsilasi sezimlar quvvat
manbaini kengaytiradi. Aslida ham haqiqiy sheʼr tuygʻular silsilasidan paydo
bo‗ladi. Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov lirikasi ham bunday xususiyatdan
mustasno emas.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Vohidov E. Tanlangan asarlar. – T.: Sharq, 1997. – B. 283.
2.
Haqqul I. Badiiy matn va tahlil muammolari. // O‗zbek tili va adabiyoti jurnali,
2012, 4-son.
3.
Qozoqboy Yo‗ldosh. So‗z yolqini. – T.: G‗afur G‗ulom nomidagi NMIU, 2018. –
B. 503.
4.
Rahimjonov N. Mustaqillik davri o‗zbek she`riyati. – T.: Fan, 2007. – B. 259.
5.
Yoqubov I. Badiiy-estetik so‗z sehri. – T.: TDPU, 2011. – B. 475.
Do'stlaringiz bilan baham: |