SAYYODIY G„AZALLARINING O„ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Muzaffar MAMATQULOV,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent (GulDU)
O‗zbek adabiyoti tarixini g‗azal janrisiz tasavvur qilish qiyin. Chunki bu janr
XX asrgacha bo‗lgan adabiyotimizda yetakchi mavqelardan birini egallab keldi.
Shu paytga qadar o‗zbek adabiyotshunosligida g‗azal janri alohida ijod turi sifatida
maxsus o‗rganildi, xolos. Bunda asosan shoirlarning devonlari obyekt bo‗lib
xizmat qildi. Biroq boshqa asarlar, xususan, dostonlar tarkibidagi qo‗llanilgan
g‗azallar e`tibordan chetda qolib keldi. Bunday asarlar qatoriga Sayyodiyning
―Tohir va Zuhro‖ dostonini ham kiritish mumkin.
Sayyodiyning ―Tohir va Zuhro‖ dostonida 60 dan ortiq g‗azallar
mavjud.Garchi ―Tohir va Zuhro‖ masnaviyda yozilgan bo‗lsa-da, shoir unda
g‗azallardan ham keng foydalanishni yo‗lga qo‗yadi. Chunki g‗azal dostonda
shoirning poetik maqsadini yuzaga chiqaruvchi asosiy vositalardan biri ekanligi
Sayyodiyning bu janr imkoniyatlarini yaxshi anglaganligidan darak beradi.
―Tohir va Zuhro‖ dostonida 4 baytdan 10 baytgacha bo‗lgan g‗azallar
uchraydi. 4 va 10 baytli g‗azallar bittadan, 7 va 8 baytli g‗azallar ikkitadan, 9 baytli
g‗azal uchta keltirilgan bo‗lsa, 5 va 6 baytli g‗azallar son jihatidan ko‗pchilikni
tashkil etadi.
Akademik B.Valixo‗jayev dostonlarga g‗azallarning kiritilishi haqida
atroflicha fikrlar bildirgan. U Yan Ripkaning mazkur masala to‗g‗risidagi
qarashlariga munosabat bildirar ekan, olimning bu an`ananing boshlanish davri
xususidagi fikrlariga ham e`tibor qaratadi. Yan Ripka kuzatishlarida asos sifatida
qabul qilgan ―Varqa va Gulshoh‖ asari yaratilgan davr hamda uning muallifi
yashagan zamonni XI asr, deb ko‗rsatadi. B.Valixo‗jayev esa bu haqda
quyidagicha mulohaza bildiradi: ―Ammo ko‗pgina adabiyotshunoslar Ayyuqiy XI
asrda emas, balki undan so‗ng yashab, o‗zining ―Varqa va Gulshoh‖ asarini
yozgani haqidagi mulohazani qo‗llab-quvvatlamoqdalar. Jumladan, Eron
adabiyotshunosi doktor Sodiq Kiyo, ozarbayjon olimi A.G.Safarov va
boshqalarning ilmiy ishlarida ana shunday holni uchratamiz. Shunga ko‗ra,
masnaviy-poemaga g‗azalning kiritilishi davri, garchi hozir aniq isbotlangan
bo‗lmasa-da, uzoq tarixga ega va ehtimol epik poeziyada lirizmning kuchaya
borishi, ikkinchi xil qilib aytganda, poemalarda insonning ichki dunyosi, his-
399
tuyg‗usi, psixologiyasini chuqurroq tasvirlashga o‗tish natijasida (XI-XII asrlar)
maydonga kelib, keyinchalik keng tarqalib ketgan bo‗lishi mumkin‖ [2, 26-27].
B.Valixo‗jaevning mazkur fikrlaridan katta asarlarda g‗azallarning
qo‗llanilishi sabablari ham ayonlashmoqda. Darhaqiqat, ruhiy holat, ichki
kechinmalar va his-tuyg‗ular tasviri bilan bog‗liq holatlarni chuqurroq ochishda
g‗azallarning o‗rni beqiyos. G‗azallardagi bu xususiyatlar ―Tohir va Zuhro‖
dostonida ham kuzatiladi. Dostondagi dastlabki g‗azal podshoh Boboxon nomidan
aytilgan. U farzandsizlik haqida. Keyingi g‗azal ham shu mavzuda yozilgan bo‗lib,
Boboxonning vaziri Bohirga tegishli. Aynan dostonning boshlanishidayoq bu
mavzudagi g‗azallarning keltirilishi asar syujeti bilan bog‗liq. Chunki doston
podshoh va vazirning befarzandligi haqidagi voqealar bilan boshlanadi. Sayyodiy
podshoh hamda vazirining farzand qayg‗usidagi iztirob va armonlarini berishda
shu mavzudagi g‗azallardan foydalanadi. Har ikkala g‗azalda ham farzand – ulug‗
bir ne‘mat, farzandsizlik esa ―bahri g‗am ichra‖ qolishdek azob sifatida
baholanadi:
Odamning mevasi farzand emish derlar bu dunyoda,
(Netay) yo‗q manda bir farzand, quruq tanmanki, jonim yo‗q [1, 22].
Dostonda voqealar rivojidan kelib chiqqan holda obrazlarning holatiga mos
g‗azallar beriladi. Bu esa asar qahramonlarining ruhiy kechinmalarini ochishda
muhim rol o‗ynaydi:
Ishqingda man, ey bexabar, yig‗lab, bo‗lub xuni jigar,
Hijron chekib shom-u sahar, yurmagay erdim koshki [1, 34].
―Tohir va Zuhro‖da keltirilgan g‗azallar mavzu jihatdan rang-barang. Ular
orasida eng ko‗p uchraydigani muhabbat mavzusida yozilgan g‗azallar hisoblanadi.
Ishqiy g‗azallarda oshiq ko‗ngilning dard-u iztiroblari tasviri yetakchilik qiladi.
Oshiqlikning o‗ziga xos bir sinov ekanligi, hijron azoblariga bardosh bera
olishning oson emasligi kabilar doimo diqqat markazida turadi:
Bir jilva aylab boshima soldi tuman savdosini,
Andog‗ baloni jonima solmog‗oy erdim koshki [1, 37].
Bayt Zuhro tomonidan aytilgan ilk g‗azaldan olingan. Unda endigina ishq
dardiga mubtalo bo‗lgan oshiq ko‗ngilning kechinmalari aks ettirilgan. Keyingi
keltirilayotgan g‗azallar orqali asarning bosh qahramonlarida ishqning kuchaya
borayotganligi seziladi. Zuhro Bog‗i Maydonda Tohir bilan so‗zlashgandan keyin
otasi va vazirining o‗rtasidagi sirdan voqif bo‗ladi. Tohirga bo‗lgan muhabbati
yanada ortadi. Tohirning esa dard-u azoblari g‗azallarga ko‗chadi:
Mani o‗rtaydi har dam nori ishqing,
Saning uchun, nigorim yonadurman [1, 41].
Ishqqa xos bo‗lgan bunday iztiroblar Zuhroda ham kuzatiladi. G‗azallar
bunday dard-u iztiroblar tasvirida muhim rol o‗ynaydi:
Muhabbat tuxmin ekting ko‗nglum ichra,
Oning chun kecha-kunduz zordurman [1, 43].
Qahramonlardagi ishq iztirobi yanada zo‗rayadi, chunki ular oldida yangi
muammolar ham paydo bo‗la boradi. Muammo va ziddiyatlar g‗azallarni ham
chuqurlashtiradi. Ayriliq ohanglari kirib keladi. Ishqdan mast oshiq va
400
ma‘shuqaning kechinmalari tasvirida visol, firoq, ayriliq, hijron kabilar asosiy
muammoga aylanadi. Tohir va Zuhroning o‗zaro munosabatidan bog‗bon xabardor
bo‗lgach, voqealar jadallashadi, ziddiyatlar kuchayib, muhit o‗zgaradi.
G‗azallardagi ruh ham o‗zgara boradi. Bog‗bonning aytgan g‗azali bunga misol
bo‗la oladi. G‗azal orqali Tohir va Zuhroning muhabbati hukmdorga ayon qilinadi:
Go‗zal sho‗rida bulbuldek fig‗on aylar o‗shal Tohir,
Ki ul jonin fido aylar ko‗rub ul Zuhro gulzori [1, 45].
Bu xabardan so‗ng podshoh Tohir bilan uchrashishga qaror qiladi, uni
huzuriga chorlaydi. Zuhro ham Tohirni otasi yoniga borishga ko‗ndiradi.
Ikkalasining muhabbatidan otasining ham xabardor bo‗lishini xohlaydi va go‗yoki
podshoh bu munosabatni eshitgach, vaziri Bohir bilan farzandlari haqidagi
shartlashgani yodiga tushsa, bizlarga ham mehr ko‗rsatsa, deb umid qiladi. So‗ng
Tohir aytgan g‗azal beriladi:
Bir bandai bechoraman, manzilgahim baytul hazan,
Siynam sori tiyri kamon kelsa nigorim soridin [1, 48].
Tohir o‗zini oldindan nima kutayotganligini sezgandek tuyuladi. Biroq
yaxshilik yo‗lida umid uzmaydi. Aynan ana shu ruh g‗azalda hukmronlik qiladi.
Shundan keyin Zuhroning holati tasvirlanadi. Zuhro uchun Tohirsiz yashash hayot
emas, tiriklik, ruhi ravon, xasta jonning rohati – Tohir:
Sansizin jahonni naylayin, ey olami sultonidin,
Bu yetti iqlim shahr aro sultoni jonim san eding [1, 49].
Tohirning podshoh bilan uchrashuvi, ular o‗rtasidagi suhbat, hukmdorning
Tohirga bergan savollari, Tohirning podshoh savollariga aytgan javoblari,
Tohirning podshohdan o‗ziga xos o‗tinch va umidlari voqealar rivojida o‗ziga xos
rol o‗ynaydi. Podshoh Tohirni bu yo‗ldan qaytarishga harakat qiladi. Ammo
Tohirning Zuhroga bo‗lgan muhabbatini so‗ndirish qiyin. Uning ishq yo‗lidan hech
qachon qaytmasligi ayon bo‗ladi:
Podshohim, yor ila ichtuk chamanda bodani,
Xoh o‗ltur, xoh kuydur, jon qurbondur, shahim [1, 53].
Shundan so‗ng Shohi Xubon bilan bog‗liq voqealar tasviriga o‗tiladi. Shohi
Xubon – Tohirning onasi, marhum vazir Bohirning xotini. U podshohga murojaat
qilib, oshiqlarga to‗g‗anoq bo‗lmaslikka chaqiradi, o‗tmishdagi vadasiga vafo
qilishga undaydi. Bu nasihatlar g‗azalda yanada ta`sirliroq aks etadi:
Podshohim, san eshit burnog‗i davronlar qani,
Bizing birla ahd qilg‗on ahd-u paymonlar qani?
Ushbu dunyo bevafo, sindurmagil paymonani,
Necha yig‗lab zori qilg‗on sharti yolg‗onlar qani? [1, 54]
Podshoh o‗z fikridan qaytmaydi. Tohir va Zuhro uchun hayotda yangi
to‗siqlar paydo bo‗ladi. Ikkalasi ayrilishga majbur bo‗lishadi. Chunki hukmdor
Tohirni sandiqqa solib, daryoga oqizishga buyuradi. Zuhro va Tohir o‗t orasida
qoladilar. Oshiqlar uchun bu yangi sinov edi. Ayniqsa, bu qaror Zuhroni yanada
iztirobga soladi. G‗azalda iztirob ruhi kuchayadi:
Ayo do‗stlar, bukun devona bo‗ldum,
Ki ishqing sham‘ig‗a parvona bo‗ldum [1, 57].
401
Ishqiy g‗azallar Tohir va Zuhrodan tashqari Mohimxonim obrazi orqali ham
beriladi. Bag‗dod hukmdorining qizi bo‗lgan Mohim tush ko‗radi. Tushiga Tohir
kiradi. Ko‗ngliga ishq o‗ti tushadi. Saylgohga kelgan Mohim daryodan oqib
kelayotgan sandiqni tuttirgach, uni ochib qarasa, tushiga kirgan yigitni ko‗radi.
Undagi ishq olovi yanada kuchayadi:
Tushti ishqing boshima, sabr-u qarorim qolmadi,
Tob-u toqat etkali bir oshiqi mardona yo‗q [1, 93].
―Tohir va Zuhro‖ dostonida pandnoma g‗azallar ham uchraydi. Iztirob va
nasihat ruhi Tohirning onasi Shohi Xubonga mansub g‗azallarda ham yetakchilik
qiladi. Ayniqsa, Zuhroning enagasi tomonidan aytilgan g‗azalda nasihat ruhi kuchli
bo‗lib, uni pandnoma g‗azalning go‗zal namunasi, deyish mumkin. Boboxon
Qorabotirni o‗ziga kuyov qilmoqchi bo‗lganidan so‗ng enagasi Zuhroga tasalli
beradi, uning ko‗nglini ko‗tarmoqchi bo‗ladi. Natijada axloqiy-ta`limiy
yo‗nalishdagi g‗azalga ehtiyoj paydo bo‗ladi. Sayyodiy enaga tilidan Zuhroga
nasihat qiladi:
Har shakarning talxi bordur, har tikonda gul bitar,
Har g‗aming bir shodi bor, behuda, ey jon, g‗am ema! [1, 107]
Dostonda munojot g‗azallar ham alohida o‗rin tutadi. Bunday g‗azallar
asosan Tohir obrazi bilan bog‗liq jarayonlar orqali beriladi. Tohir ko‗p
qiyinchiliklarni boshidan kechiradi. Uni daryoga tashlagandan so‗ng sandiq bir
girdobga oqib boradi. Girdobda katta baliq yashardi, u girdobga oqib kelgan
narsalarni yeb tirikchilik qilardi. Baliq sandiqqa ham chang soladi. Shunda Tohir
Yaratganga munojot qiladi, uning his-tuyg‗ulari g‗azalda aks etadi. Mazkur g‗azal
dostondagi eng mukammal g‗azallardan biri hisoblanadi. Bunday mavzudagi
g‗azallar Tohirni Yaratganga yanada yaqinlashtiradi, uning Xudodan boshqa
tayanchi va suyanchi yo‗q ekanligini ko‗rsatadi. Chunki Tohir eng og‗ir
vaziyatlardagina Yaratgandan yordam so‗raydi. Yana bir misol. Tohir Bag‗doddan
o‗z yurtiga qaytayotgan paytda tog‗lar orasida qolib, ketishga yo‗l topolmay
qoladi. Yana Xudoga munojot qiladi. So‗ng tog‗ ochilib,yo‗l paydo bo‗ladi.
Munojot g‗azal Tohirning kechinmalarini yuzaga chiqaradi:
Saning yoding bila har yerdaman, rahm ayla, ey Olloh,
Ki sandin o‗zga yo‗q hamdamki sansan hamdamim, Olloh [1, 145].
Dostonda falakdan shikoyat tarzidagi g‗azallar ham uchrab turadi. Qosid
Bag‗dodga Totor shahridan Zuhroning xabarini olib kelgandan so‗ng Tohir
Odilshohdan ruxsat olib, Mohimning yoniga keladi. Undan yurtiga qaytish uchun
ijozat so‗raydi. Bu gaplar Mohimning dardiga dard qo‗shadi, iztiroblari ortishiga
sabab bo‗ladi. Mohim yuz oh-u nolalar bilan Tohirga javob beradi:
Necha jabr etding manga faryod ilkingdin, falak,
Dodima hech yetmading faryod ilkingdin, falak [1, 130].
Bunday g‗azallar doston kompozitsiyasida o‗ziga xos o‗rin tutadi. Chunki
boshqa qahramonlar tasvirida ham bunday mazmundagi g‗azallarga ehtiyoj bor.
Xususan, Tohir o‗z yurtiga qaytib kelgandan so‗ng ancha vaqtgacha Zuhro uni
yashirib yuradi. Barcha sirlar oshkor bo‗lgach, Boboxon Tohirni bandi qilib, qo‗lga
oladi. Tohirni Zuhrodan ayiradilar. Iztirob, dard, alam ruhi yanada kuchayadi:
402
Falak, qilding base javr-u jafoni,
Ki sandin ko‗rmadim hargiz vafoni [1, 168].
Boboxon Tohirni daryoga oqizish uchun sandiq yasashga buyruq
bergandan so‗ng shahar ahli podshohni bu qaroridan qaytarishga harakat qilishadi.
Biroq odamlar o‗ylagan ish amalga oshmaydi. Sayyodiy shu voqealar tasviridan
keyin ―Beklar podshohning eshigida dod etganining bayoni‖ matni ostida bir
g‗azal beradi, unda voqeabandlik xususiyati kuzatiladi:
Shoh eshiginda turubon barchalari dod etdilar,
Oh-u vovaylo debon, chun Haqqa faryod etdilar [1, 65].
Birinchi misradagi mazmun beklarning shoh eshigiga kelib, undan insof
so‗ragani va adolat tilagani haqidagi xabardan iborat bo‗lsa, ikkinchi misrada
ularning alam va hasrat bilan Haqqa faryod qilgani aytilmoqda. G‗azalning
ikkinchi baytidan boshlab, g‗azalda voqeabandlik xususiyati kamayib, pand-
nasihat ruhi kuchayib boradi.
Sayyodiyning ayrim g‗azallarida tasavvuf ta`limotining ham kuchli ta`siri
seziladi. Ularda so‗fiyga xos xususiyatlar talqini va ilohiy ishq tasviri bilan bog‗liq
jarayonlar ham aks ettiriladiki, bular g‗azalga o‗zgacha joziba bag‗ishlaydi:
Gar nasib bo‗lsa bihisht borsam, visoling bo‗lmasa,
Naylayin, volloh kerakmas hur-u g‗ilmoni manga [1, 97].
Bihisht – jannat degani. Hur-u g‗ilmon, ya`ni jannatdagi xizmatkorlardan
voz kechish – faqat so‗fiygagina xos xususiyat sanaladi. Tasavvuf ta`limotiga
ko‗ra, Yaratganning oshig‗i bo‗lgan so‗fiy uchun jannatning ham, do‗zaxning ham
qizig‗i yo‗q. U faqat Alloh vasliga erishish bilangina o‗z maqsadiga yetishadi va
doimo shu istak yo‗lida harakat qiladi. Demak, so‗fiyga Yaratganning o‗zigina
kerak, xolos. Bunday so‗fiyona qarashlar boshqa g‗azallarda ham uchraydi:
Yorsiz jannatga kirsam, zulmati ma‘vo erur,
Nola-yu afg‗on etib, bir mohi tobon istaram [1, 112].
Ma‘vo – turar joy, boshpana ma`nosini anglatadi. Qahramonning yorsiz
jannatga kirishi go‗yoki uning uchun jannatning ham zulmatga aylanishidan bir
darakdir. Shu sababli oshiq nola-yu afg‗on etib, bir porloq oy istamoqda.
G‗azal adabiyotimiz tarixidagi eng mashhur va keng tarqalgan janrlardan
biri hisoblanadi. Ularda asosan oshiqning ichki kechinmalari tasviriga e`tibor
qaratiladi. Uning qahramoni oshiq va ma‘shuqa hisoblanadi. G‗azallarda ma‘shuqa
obraziga asosiy e`tibor qaratilib, unga xos bo‗lgan xususiyatlar bayoni oshiqning
o‗y-fikrlari, mushohadalari va dil izhorlari tarzida aks ettiriladi. Oshiq uchun
ma‘shuqa visoliga yetish – oson ish emas. Bu yo‗lda u qanchadan qancha sinov
jarayonidan o‗tishi kerak. Sinov davrida haqiqiy oshiq ruhan toblanib, ma`naviy
etuklasha boradi. Oshiqlik lirik qahramonni o‗ziga xos ruhiy iztiroblar girdobiga
tashlaydi va bu holat natijasida paydo bo‗lgan qiyinchiliklar azobida ma‘shuqa
unga faqat salbiy jihatlar bilangina namoyon bo‗ladi. Go‗yoki, oshiqning
tasavvuricha, ma‘shuqaning ishi faqat jabr ko‗rsatish va jafo qilishdan iborat. Bu
xususiyatlar ―Tohir va Zuhro‖ dostoni tarkibidagi g‗azallarda ham uchraydi. Biroq
dostonda voqealar rivojidan kelib chiqqan holda g‗azallardagi mavzu va tasvir ruhi
ham o‗zgara boradi. Har bir voqea obrazlarga qanday ta`sir ko‗rsatsa, g‗azallar
403
ham qahramonlarning ruhiga moslasha boradi. Shu sababli ham ularqa
qahramonlarning ichki dunyosi bilan bog‗liq jarayonlarni aks ettirishda yuzaga
keladi. Ruhiy holat tasvirini to‗laqonli ro‗yobga chiqarish g‗azallarning asosiy
vazifasi hisoblanadi.
Doston tarkibidagi g‗azal namunalarini o‗rganish, oshiqona g‗azallarning
yetakchiligini inkor etmagan holda, ular bilan bir qatorda boshqa mavzularda ham
g‗azallar keng qo‗llanganligidan dalolat beradi. Xususan, pand-nasihat, falakdan
nolish mavzularidagi g‗azallarning dostonda ham uchrashi fikrimizni tasdiqlaydi.
Shuningdek, dostonda ijtimoiy yo‗nalishdagi maxsus g‗azallar uchramasa-da, biroq
ijtimoiy mazmundagi misra yoki baytlarning an`anaviy g‗azallar tarkibiga
singdirib yuborilganligi kuzatiladi.
G‗azaliyotda dunyoviy yo‗nalishning yetakchiligi ko‗rinib tursa-da, ayrim
g‗azallarda tasavvuf ta`limotining ham kuchli ta`siri seziladi. Sayyodiyning ayrim
g‗azallarida majoziy va haqiqiy ishqning uyg‗unlashgan ko‗rinishdagi tasviri
tasavvufning bu davr adabiyotidagi o‗ziga xos mavqei va taraqqiyotini belgilaydi.
Sayyodiy g‗azallarining yaratilishi va rivojida xalq og‗zaki ijodi ham muhim
manba sifatida xizmat qildi. Shoir og‗zaki adabiyotning ilg‗or va boy tajribasidan
unumli foydalandi. Ayniqsa, til, sodda va ravon uslub, maqol va hikmatli so‗zlar,
og‗zaki ijodga xos syujet va obrazlarga murojaat qilishda bu xususiyat yaqqol
namoyon bo‗ladi.
Xullas, yozma adabiyotga mansub dostonlar tarkibida qo‗llanilgan g‗azallar
g‗azal janri taraqqiyotida alohida bir bosqich hisoblanadi. Ular obrazlar bilan
bog‗liq holda yuzaga keladi va qahramonlarning ruhiy dunyosini, ichki
kechinmalarini berishda muhim rol o‗ynaydi. Bu jihati bilan ular devonlar
tarkibidagi g‗azallardan farq qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Sayyodiy. Tohir va Zuhro (Nashrga tayyorlovchi – M.Mamatqulov).– T.:
Mumtoz so‗z, 2019.
2. Valixo‗jayev B. O‗zbek epik poeziyasi tarixidan. – T.: Fan, 1974.
Do'stlaringiz bilan baham: |