IJODKORNING QAT`IY POZITSIYАSI
Umurzoq O„LJABOYEV,
O„zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti (GulDU)
Atoqli adibimiz O‗tkir Hoshimovning barcha asarlariga xos yetakchi
xususiyat, bu – tasvirda lirizm ekanligi, qahramonlaridagi hissiy holatlarni juda
katta mahorat bilan ochib, ko‗rsatib berishga qodir yozuvchilardan biri bo‗lganligi
adabiyotshunoslar tomonidan e`tirof etilgan. Uning asarlaridagi ifodalar o‗zining
g‗oyat jozibadorligi, tilining shiraliligi, peyzaj va portretlar yaratishda elementlar
381
o‗zining aniqligi, hayotiyligi bilan ajralib turadi. O‗.Hoshimov har bir asarida
dastlabki jumlalardanoq o‗quvchi diqqatini o‗ziga rom eta oladigan iste`dod sohibi
edi. Qarangki, uning ijodi mutaxassislar tomonidan yetarli darajada o‗rganilgan
bo‗lishiga qaramay, faqat bitta jihatiga – tasvirda ana shu lirizm bilan bog‗liq
bo‗lgan tomonlariga ko‗proq e`tibor qaratilgandek taassurot qoladi. Aslida esa
haqiqiy manzara, e`tibor berilsa, boshqacharoq, biz aytib kelayotgan gaplarga
nisbatan boyroq ekanligini payqash unchalik qiyin emas. Aniqrog‗i, men
ta`kidlamoqchi bo‗layotgan jihat, bu – lirik ifoda tarzi yozuvchi ijodida qanchalik
salmoqqa ega bo‗lib kelayotgan bo‗lsa, dramatik, hatto tragik holatlar tasviri ham
undan kam ahamiyatga ega emasligidir. Bunga amin bo‗lish uchun yozuvchi
qalamiga mansub asarlarni birin-ketin ko‗z oldimizga keltirishga harakat qilib
ko‗raylik. Mana, o‗sha bir vaqtlar A.Qahhorning e`tiboriga sazovor bo‗lgan,
yozuvchining katta adabiyot maydoniga kirib kelishida ―ko‗prik‖ vazifasini
o‗tagan mo‗‘jazgina ―Cho‗l havosi‖ qissasini olaylik. Asar bor-yo‗g‗i uchta
maktubdan tashkil topgan, xolos. Uning syujeti asosida bosh qahramonning sevgisi
bilan bog‗liq his-tuyg‗ular tasviri turadi. Botirga o‗zi yaxshi ko‗rgan qizining
e`tiborini qozonish, o‗zligini topish uchun talay hayot sinovlardan o‗tishga to‗g‗ri
keladi. Har holda asar so‗ngida qahramon bu dunyoda yashash inson uchun
unchalik ham oson ishlardan emasligini, buning uchun kuchli iroda, sabr-bardosh
kerak bo‗lishini anglab yetadi. O‗.Hoshimovning shundan keyingi yaratilgan
asarlarida bu jihat, bunday tasvir tobora murakkablashib, yanada yuqori pardalarga
ko‗tarilib boraveradi. ―Cho‗l havosi‖da bu jihat, ya`ni hayotning kuchli sinovlari
borligi haqidagi gaplar dastlabki kurtak shaklida namoyon bo‗lgan bo‗lsa,
yozuvchi kamolot pillapoyalaridan ko‗tarilgan sari tasvirdagi dramatik yo‗nalish
tobora chuqurlashib, mukammallik kasb etib bordi. Loaqal shu o‗rinda
yozuvchining ―Dehqonning bir kuni‖, ―Dehqonning bir tuni‖, ―Nega? Nega-a-a?‖,
―Urushning so‗nggi qurboni‖ kabi hikoyalarini eslasak, ularda berilgan hayot
muammolarining ne chog‗li og‗ir va shafqatsiz ekanligining, yozuvchi holat va
vaziyatlar qatlamlarining ichiga qanchalik chuqur kirib borganining guvohi
bo‗lamiz. Bular yozuvchining o‗ylab chiqargan voqealari emas. Ular hayotda
aslida bor, lekin biz ko‗raverib, ko‗nikib qolgan narsalar edi. Adibning ―Bahor
qaytmaydi‖, ―Dunyoning ishlari‖ kabi qissalarini, ―Ikki eshik orasi‖ romanini ham
mana shu nuqtai nazardan xayoldan o‗tkazadigan bo‗lsak, O‗.Hoshimov ijodida
dramatik va hatto, tragik ohanglar asardan asarga o‗tgan sari kuchayib,
chuqurlashib borganligini ko‗rish mumkin. Bir jihatni ta`kidlash kerak bo‗ladi.
Yozuvchi kitobxonlar oldidagi mas`uliyatini hech qachon unutmaslikka harakat
qilgan. Shuning uchun ularni yengil-yelpi voqealar, hayot haqidagi yolg‗on
illyuziyalar bilan aldashni istamaydi. Turmushning odamlar xohish-irodasiga
hamma vaqt ham to‗g‗ri kelavermaydigan shafqatsiz tomonlari bor ekanligini
anglashga, hisobga olishga da‘vat etadi. Shu boisdan ham u o‗z qahramonlariga
nisbatan juda qatttiqqo‗llik bilan munosabatda bo‗ladi, kimki hayotda nima ish
qilgan bo‗lsa, shunga loyiq bahosini olishi lozim,shuning uchun o‗ylab ish qilish
kerak, degan nuqtai nazar bilan ish ko‗radi. Masalan, ―Bahor qaytmaydi‖dagi
qahramon Alimardon To‗raevni tirik qoldirishi, unga rahm-shafqat qilishi mumkin
382
edi yozuvchi. Lekin unda bu asar hozirgi ta`sir kuchining, menimcha, yarmini
yo‗qotgan bo‗lardi. Yozuvchi bu qahramonni shunchalik darajadagi bir hissiy-
ruhiy jihatdan yuqori nuqtaga ko‗targanki, bunday natijani kitobxon tabiiy,
mantiqiy holat sifatida qabul qiladi. Shunday bo‗lishi kerak edi, degan xulosaga
keladi. Yoki ―Ikki eshik orasi‖ romanidagi Ra‘no obrazini olaylik. Bu ayol urush
yillarida umr yo‗ldoshiga, oilasiga, farzandi Muzaffarga xiyonat qiladi. Ana shu
axloqsizligi, qilmishi uchun taqdirdan o‗z jazosini oladi – umrining so‗nggi
kunlarida o‗g‗li Muzaffarning yo‗liga, bir og‗iz so‗ziga intizor bo‗lib hayotdan
ko‗z yumadi. Xalqimizda ―Nimani eksang, shuni o‗rasan‖ degan maqol bor. Mana
shu maqol, nazarimcha, O‗.Hoshimovning ijodiy prinsipi darajasiga ko‗tarilgandek
taassurot qoladi.
Ehtimol, shuning uchundir, u qahramonlarini juda jiddiy sinovlarga ro‗para
qiladi. Bunday holat va vaziyatlarda ular o‗zidagi bor insoniy sifatlarni
ko‗rsatishga ―majbur‖ bo‗lishadi. Yozuvchi bunday holatda ularga chekinishga
yoki boshqa yengilroq yo‗l axtarishga imkoniyat qoldirmaydi. O‗.Hoshimovning
―O‗zbek ishi‖ deb nomlangan hikoyasi ham o‗zining keskin ruhi, ichki shiddati
bilan shu yo‗nalishdagi boshqa asarlariga o‗xshab ketadi. Hatto ulardan ancha-
muncha farq qiladigan jihatlari ham yo‗q emas. Asar nomidan ham ko‗rinib
turganidek, sobiq sho‗rolar davri siyosatining 80-yillarda – o‗z hukmronligining
so‗nggi bosqichida xalqimizga qarshi uyushtirgan navbatdagi qatag‗oni bilan
bog‗liq voqealarga bag‗ishlangan. Umuman, O‗.Hoshimov ijodida mana shu
yillarda o‗zbek xalqiga nisbatan bo‗lgan bunday adolatsizlikni ko‗rsatuvchi
tasvirlar ancha salmoqli o‗rinni egallaydi, desak xato bo‗lmaydi. Bu o‗rinda biz
yozuvchining qator publitsistik asarlarini, katta minbarlardan turib so‗zlangan
nutqlarini va nihoyat, ―Tushda kechgan umrlar‖ kabi romanini nazarda tutyapmiz.
Albatta, adibning bunday fidoyi, jasorat deb atalishga loyiq harakatlari bejiz emas
edi. Chunki O‗.Hoshimov bu yillarga kelib nafaqat shaxs va ijodkor, balki siyosat
va jamoat arbobi sifatida ham etilgan, to‗lib-toshgan, jo‗shqin bir kayfiyatda
faoliyat ko‗rsatayotgan edi. Agar oldingi qatag‗onlar ―umumittifoq‖ miqyosida
amalga oshirilgan bo‗lsa, bunisi endi aynan aniq bir xalqqa qarshi yo‗naltirilgan,
bir necha o‗n yilliklar davomida etishgan kadrlarni qirishga qaratilgan siyosat edi.
Xalqini, kindik qoni tomgan yurtini jonidan ortiq sevgan, uni e‘zozlashni hamisha
o‗zining farzandlik burchi deb bilgan O‗.Hoshimovdek yozuvchi bunday holatga
befarq qarab turishi mumkin emasdi, albatta. Shunday bo‗ldi ham. Yuqorida
aytilganidek, u bu mavzuda ketma-ket o‗tkir publitsistik maqolalar yozdi. Dadillik
bilan ko‗nglidan o‗tayotgan gaplarni badiiy so‗zlar vositasida jamoatchilikka, keng
xalq ommasiga yetkazishga intildi. Jamoat arbobi sifatida o‗sha davrning katta
minbarlaridan turib o‗z xalqining sha‘niga qarata aytilayotgan tuhmat gaplarni,
chidash mumkin bo‗lmagan adolatsizliklarni jasorat bilan fosh etdi.
1990 yil bo‗lib o‗tgan O‗zbekiston kompartiyasining XXII s‘ezdi
minbaridan turib shular haqida gapirdi. KPSS XXVIII s‘ezdi minbarida turib,
anjuman qatnashchilariga, ―O‗zbek ishi‖ degan haqoratli gap Markaziy matbuot
sahifalaridan tushmay qoldi. Men yozuvchi sifatida, jurnalning bosh muharriri
sifatida o‗sha hamkasb qalamkashlardan so‗ragim keladi: ―Nima uchun sizlar
383
O‗zbekistonni ―Ikkinchi Afg‗oniston‖ deb yozishdan uyalmaysizlar. O‗zbekiston
nima yomonlik qildi sizlarga? O‗zbekiston dushmanmi? Bunday gaplar
O‗zbekiston nomini qora qilib qo‗ydi. Qardosh xalqlar orasida o‗zbeklar haqida
yomon taassurot uyg‗otdi. Aytinglar, nega aynan ―o‗zbek ishi‖. Nega, deylik,
―arman ishi‖ emas, ―moldavan ishi‖ emas-da, nega ―o‗zbek ishi‖, deya hayot-
mamot darajasidagi savollarni qo‗ydi. Ehtimol, hozirgi yoshlar bir xalqni bemalol
badnom qilishi mumkin bo‗lgan bunday siyosiy o‗yinlarga tushunishi qiyindir.
Lekin o‗sha davrda ozmi-ko‗pmi ongli hayotini o‗tkazgan, salgina baland-pastni
farqiga yetadigan odam bunday gaplarni o‗shanday joyda aytish uchun hazilakam
jasorat talab etilmasligini anglab yetishi unchalik ham qiyin emas.
Yozuvchining ―O‗zbek ishi‖ hikoyasi ana shunday ruhiy holat va ijodiy
kayfiyatning natijasi sifatida yuzaga kelgan asardir. Bu hikoya yozuvchining shu
janrda yozilgan boshqa asarlaridan uslub jihatidan ham ma`lum darajada farq
qiladi. Unda sahnaviylik, ko‗rsatish xususiyati yaqqol sezilib turadi. Muallif
nutqiga juda kam o‗rin beriladi. Voqealar ifodasining boshlanishidan tortib,
rivojiy-u yakuniga qadar – hamma-hammasi qahramonlarning ichki va tashqi
nutqlariga, holat va harakatlar ifodasiga singdirib yuboriladi. Asarni o‗qiyotganda
o‗quvchida shunday taassurot qoladiki, go‗yo u bir tomosha zalida o‗tiribdi-yu,
voqealar birin-ketin uning ko‗z oldida sodir bo‗layapti. Yana bir jihat. Muallif
tasvir jarayonida o‗zini g‗oyat xolis tutishga harakat qiladi, ko‗nglini alg‗ov-
dalg‗ov qilib turgan hislarni jilovlaydi, qahramonlardagi asl holatni qanday bo‗lsa,
shundayligicha o‗quvchi tasavvurida hosil etilgan ―xayoliy sahna‖ orqali taqdim
etadi. Hatto hikoyadagi voqealar talqinida muallifning bu qadar sovuqqonligi,
xolisligi va osoyishtaligi o‗quvchining bir oz ―g‗ashini‖ keltirgandek ham bo‗ladi...
Yozuvchi mazkur asari uchun, aytilganidek, o‗ziga xos uslubiy yo‗nalish
tanlagani yaqqol sezilib turadi. U voqealar ifodasini ko‗p o‗rinlarda o‗zbek
xalqining boshiga navbatdagi qirg‗inni solish uchun yuborilgan ―alohida muhim
ishlar bo‗yicha tergovchi ‖ Koryagin nigohi, nuqtai nazari orqali berishga intilgan.
Albatta, bu juda qaltis va o‗ta nozik usul ekanligi ma`lum. Axir, butunisicha salbiy
sifatlar egasi bo‗lgan bir shaxs qanday qilib xalqimiz hayoti haqida jo‗yali, to‗g‗ri
tasavvur bera oladi, degan andishali fikr beixtiyor xayolga keladi. Lekin bari bir
yozuvchi dadillik bilan shu yo‗ldan borishga, shunday usulni qo‗llashga jazm
qilgan. Binobarin, hikoya syujetining barcha bosqichlarida yuz beradigan harakat
va holatlar, aytiladigan gap-so‗zlar ana shu qahramonning shaxsiy qarashlari,
munosabatlari tarzida, inkor orqali tasdiqlashga o‗xshash bir shaklda o‗quvchiga
taqdim etiladi. Yana bir gap. Yozuvchi o‗zbek xalqining yashash tarzi, urf-odatlari
va yana boshqa ko‗p jihatlarini Koryaginning nigohlari orqali tasvirlar ekan,
parallel ravishda uning hayotiga to‗g‗ridan-to‗g‗ri o‗zining vositachiligida nazar
tashlash uchun o‗quvchiga imkon beradi. Ochiqroq aytadigan bo‗lsak, yozuvchi
shunday bir usul qo‗llaydiki, bu qahramon o‗zining ham, oilasi va xotiniga daxldor
sirlarni ham xotirlash-kechinmalar tarzida qanday oshkor qilayotganini ―sezmay‖
qoladi. Bu ishni amalga oshirishda yozuvchi har xil qo‗shimcha vositalar izlab
o‗tirmaydi, balki bularning hammasini ushbu qahramonning o‗zining zimmasiga
yuklab qo‗ya qoladi. Bu shunchalik tabiiy ravishda bajariladiki, natijada asarning
384
boshidan oxiriga qadar tasvirda muhim bir ichki ohang saqlanadi, undagi yaxlitlik,
badiiy izchillik esa bir maromda davom etadi.
Yozuvchining ―Tushda kechgan umrlar‖ romani ham ana shunday
jasoratning, hozirjavoblikning mahsuli hisoblanadi. Asarni o‗qiy boshlashingiz
bilanoq bir badiiy xususiyat alohida sezilib turadi: yozuvchi u yoki bu qahramonni
voqealar oqimiga olib kirar ekan, birinchi navbatda ularning ichki mohiyatiga
o‗quvchi diqqatini qaratishga harakat qiladi. Har bir katta-kichik hodisani
qahramonlardagi ichki kechinmalar jarayonidan olib
o‗tadi. Umuman,
O‗.Hoshimov qahramon kechinmalarini, undan kelib chiqadigan mohiyatni
ko‗rsatishda ichki monologlardan va diaolog shaklidagi tasvirlardan mahorat bilan
foydalanadi.
Romandagi dastlabki tasvirlardanoq uning tragik mohiyatga ega ekanligi
sezilib turadi. Masalan, asar ―Kuz o‗lim to‗shagida yotgan bemorga o‗xshaydi.
Oyoq ostida kasalmand hazonlar ingraydi‖, degan so‗zlar bilan boshlanadi. Bu
erdagi ―o‗lim‖, ―bemor‖, ―kasalmand‖ kabi so‗zlar voqealar rivojida ko‗p noxush
holatlar bo‗lishini anglatib turadi. Bundan tashqari ―kafan‖ degan so‗z ham ketma-
ket ikki marta tilga olinadi. Birinchi o‗rinda o‗xshatish shaklida ―Yeru ko‗kni
kafandek oppoq tuman chulg‗adi‖ deyilsa, ikkinchi o‗rinda, qor yer-u ko‗kni
kafanga o‗rab tashlashga qasd qilgandek, degan so‗zlar ishlatiladi. Bu erda ham
―kafan‖ so‗zi o‗quvchi hissiyotiga kuchli ta`sir etishi, noxush bir kayfiyat
uyg‗otishi, tabiiy.
Shu o‗rinda yozuvchining so‗nggi yillarda asardan-asarga o‗tib, shakllanib
kelgan bir ijodiy tajribasi haqida ham gapirishga to‗g‗ri keladi. Bu – bir voqeani
turli tomonlardan ko‗rsatish, unga nisbatan turlicha insoniy munosabatlarni berish,
shu orqali o‗zi aytmoqchi bo‗layotgan fikr mohiyatiga o‗quvchining yanada
chuqurroq kirib borishi uchun imkoniyat yaratish bilan bog‗liq masaladir. Shunday
tasvirlarga biz ―Dunyoning ishlari‖, ―Ikki eshik orasi‖ kabi yozuvchining mashhur
asarlarida duch kelgan edik. Shu tajriba ―Tushda kechgan umrlar‖ romanida ham
davom ettirilganini ko‗ramiz.
―Tushda kechgan umrlar‖ romani dramatik, aniqrog‗i, tragik sahnalarga boy
asardir. Tragizm asarning barcha asosiy qahramonlari talqinida yaqqol sezilib
turadi. To‗g‗ri, asardagi fojiaviylik har bir obraz ifodasida o‗ziga xos ko‗rinishga,
ma`no-mazmunga ega. Ularni aslo bir-biriga tenglashtirib bo‗lmaydi. Masalan,
ayrim qahramonlar talqinidagi tragizmga sharoit, vaziyat, yanada aniqroq,
umumlashtirib aytadigan bo‗lsak, zamon, siyosat, va tuzum sababchi deyish
mumkin. Rustamjon, Qurbonoy obrazlari xususida shunday fikr bildirsak, ehtimol,
xato bo‗lmas. Lekin, masalan, Komissar obrazi haqida bu gapni aytib bo‗lmaydi. U
tabiatan, asl kelib chiqishi, nasl-nasabi bilan shunday fojeali, jirkanch hayotga
mahkum bo‗lgan odamlar sirasiga kiradi. Uning yana bir fojeasi shundaki, o‗zining
qanday tuban qismat egasi ekanligini o‗zi bilmaydi, bilishni istamaydi ham.
Yozuvchi ko‗plab kishilarning boshiga qora kunlarni solgan bunday shaxs fojeasini
ana shunday tarzda ochib beradi.
Umumun, dramatik talqin tragizm bilan tutashib ketadigan bunday yo‗nalish
zamonamizning yetuk adiblaridan biri bo‗lgan O‗tkir Hoshimov ijodida yetakchi
385
o‗rinlardan birini egallaydi, degan gapni bemalol aytishimiz mumkin. Biz bu
o‗rinda uning ba`zi qirralarigagina e`tiborni tortishga harakat qildik, xolos. Uni
atroflicha tahlil etish, yozuvchining bu boradagi mahoratiga baho berish esa adabiy
tanqidchiligimizning kelajakda qilinishi lozim bo‗lgan ishlaridan biri hisoblanadi.
Adabiyotlar:
1.Sharafiddinov O. Ijodni anglash baxti. – T.: Sharq, 2004.
2. N.Karimov va boshqalar. XX asr o‗zbek adabiyoti tarixi. – T.: O‗qituvchi,
1999.
3. Karimov H. Istiqlol davri adabiyoti. – T.: Fan, 2010.
4. O‗.Hoshimov. Tanlangan asarlar. – T., Sharq, 2011.
Do'stlaringiz bilan baham: |