IZDOSHLIK JASORATI
Bahodir RAHMONOV,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent (ADU)
Haqiqiy ijodkor, avvalo, qalb buyurganini yozadi. Ko‗ngil esa ummon
misolidir. U goh yoqimli va mayin mavjlansa, goh to‗lqinlanadi. Ba‘zan uzoq va
davomli bo‗ronlar iskanjasida qoladi. Ijod mahsulining kichik yo yirik janridagi
asarlar qalb kechinmalarining mana shunday holati ehtiyojidan tug‗iladi. Holat esa
voqelik ta`sirining natijasidir. Demakki, holat janr poydevori. Shu poydevor
asosida qay darajadagi asar bunyod etish esa bu ijodkor mahorati bilan bog‗liq.
Mahoratning birinchi galdagi belgisi qalb holatining boricha ochib bera oladigan
shakl tanlay bilishdadir. Axir yurak dardiga mos shakl bo‗lmasa shoir bo‗ronlar
iskanjasida qolgan iztirobli qalbini tag-tugigacha bo‗shata olarmidi. O‗z-o‗zidan
dard shoir yuragidan shakl bo‗lib to‗kila boshlaydi. Talantli ijodkorlarda shakl
tanlanishi ham ilhom mahsuli. Dard, ilhom, shakl – bu uchlik har bir janrdagi
asarlarning yaralishi uchun ijodiy jarayon, ayniqsa, epik asarlar uchun juda
muhimdir. Ya`ni, dostonning yaralishi shunday kechgandagina bu janrning etuk
namunalari nafaqat shoir ijodidan, balki milliy adabiyot xazinasidan mustahkam
o‗rin oladi.
O‗zbekiston xalq shoiri, ko‗p qirrali ijodkor Erkin Vohidovning bu janrdagi
ayrim asarlari ham qalbning iztirobli holatlaridan tug‗ilgan yuksak badiiy ijod
namunasi sifatida baholanishga haqlidir. Ayrimlari deb bekorga ajratganimiz yo‗q.
Chunki adolat yuzasidan shuni ham qayd etib o‗tish kerakki, bu janrda yozgan
asarlarning ba`zilari mustabid tuzum siyosatining ta`sirida yaratilgan. ―Buyuk
hayot tongi‖, ―Charog‗bon‖, ―Baxmal‖ kabi asarlari shular jumlasidandir.
Umuman, shoir ijodiy merosida 10 ga yaqin doston mavjud: ―Toshkent sadosi‖,
―Quyosh maskani‖, ―Orzu chashmasi‖, ―Palatkada yozilgan doston‖, ―Nido‖,
―Ruhlar isyoni‖. Ular har xil mavzu va har xil shakllarda yozilgan. Shoirning
―Istanbul fojiasi‖ she`riy dramasi ham ayrim manbalarda dramatik doston sifatida
tahlil qilingan [5, 314].
Bular orasida ―Nido‖ va ―Ruhlar isyoni‖ dostonlari shoirga beqiyos shuhrat
keltirdi. 1964 yilda yozilgan ―Nido‖ dostoni urushga qarshi o‗tli nafrat va
tinchlikka mas`ullik ruhidagi bir chorlov nido bo‗lib yangragan edi.
Asrdosh birodar, qo‗lni ber,
Kel, Erga qilaylik qasamyod:
Bo‗lurmiz gal kelsa har birimizga
30
Tinchlik jangohining fidosi.
Bu senga, bu menga, bu bizga
Yigirmanchi asr nidosi [2, 315]
XX asr ortda qoldi. Lekin urush va tinchlik muammosi hali xanuz davom
etib kelayapti. Aynan shu jihatdan qaraganda yuqoridagi satrlar XXI asrning ham
nidosi bo‗lib qolmoqda. Badiiy asar umuminsoniylik va umrboqiylik xususiyatini
o‗zida namoyon eta olsagina uning qimmati va ahamiyati hech qachon
pasaymaydi. Insoniyatga xizmat qilaveradi. Shoirning ―Ruhlar isyoni‖ dostoni
mana shunday asarlar qatoridan mustahkam o‗rin olgan yuksak badiiyat
namunasidir. Doston 1979 yilda yozib tugatilgan. Taniqli adabiyotshunos olim
Umarali Normatov o‗zining ―Ruhlar isyoni‖ning nurli tolei‖ nomli maqolasida
yozadi: ―Erkin Vohidov do‗stlar iltimosiga ko‗ra kuni kecha yozib tugatgan yangi
dostoni – ―Ruhlar isyoni‖ni o‗qib berdi. Bir soatdan ortiqroq davom etgan o‗qish
nihoyasiga etdi. Davradagilarning barchasi chuqur sukutda, o‗y-mushohadalar
og‗ushida. Doston va uning muallifi sha‘niga hech qanaqa hamdu-sanolar
aytilmadi. Bunga hojat yo‗q edi. Milliy dostonchiligimizda jiddiy hodisa paydo
bo‗lganiga tinglovchilarning ishonchi komil edi. Jahon adabiyoti bilimdoni Tal‘at
Solihovning birgina ―Bugungi jahon adabiy-badiiy tafakkuri darajasidagi asar
bo‗libdi‖ degan e`tirofiga so‗z qo‗shishga o‗rin qolmadi‖ [7, 353] Haqiqatan ham
―Ruhlar isyoni‖ dostonchiligimizdagi jiddiy hodisa, chet el adabiyotining etuk
bilimdoni xulosa qilganidek jahon dostonchiligi darajasidagi asardir. Bu baho hech
qanday e‘tirozsiz, hech qanday mubolag‗asiz aynan haqiqat yanglig‗ e`tirof edi.
Dostonning yozilish tarixi haqida olimlarimiz batafsil ma`lumot berganlar.
Ba`zi o‗rinlarda muallifning o‗z tilidan, ba`zi o‗rinlarda esa o‗zlashtirgan holda.
Biz quyida aynan muallifning o‗zi bu haqda yozganlarini batafsil keltiramiz:
―Otashin bengal shoiri Nazrul Islomning qahramonona va fojiali taqdiri qo‗pdan
meni hayajonga solib kelar, u haqda biron narsa yozish xayolida yurar edim. Shu
maqsadda shoir hayoti va ijodini qo‗limdan kelgancha o‗rgandim, shoir hayotida
oid faktlar bilan yaqindan tanishish niyatida Hindistonga bordim, shoir yashagan
joylarda bo‗ldim, shoirni yaqindan bilgan kishilar bilan suhbat qurdim. Shu
materiallar, taassurotlar asosida dastlab bir she`riy qissa yozildi, unda Nazrul
Islomning hayot yo‗li, kurashi, fojiali taqdiri ancha batafsil hikoya qilingan edi...
Lekin bu asardan, negadir, ko‗nglim to‗lmadi. O‗ylab qarasam, unda men Nazrul
Islom hayotiga oid ko‗pchilikka tanish faktlarni shunchaki belletristik yo‗lda
sharhlash, hikoya qilib berish bilan cheklanib qolgan ekanman. Yozuvchi -
shoirning vazifasi biror shaxs hayoti, sarguzashtini shunchaki hikoya qilib
berishdan iborat bo‗lsa, dunyoda yozuvchilikdan oson hunar bo‗lmasdi. Ijodkor o‗z
qahramoni hayoti, taqdirini badiiy tahlil etishi, shu bahonada o‗zining hayot
haqidagi kuzatishlari, o‗y-mushohadalarini o‗rtaga tashlash kerak-ku axir! Mening
qahramonim – Nazrul Islom taqdiri bu jihatdan g‗oyat boy material berardi.
Mushkul ijodiy izlanishlar pallasi boshlandi, dostonning tayyor ilk variantidan voz
kechishga to‗g‗ri keldi, ko‗p urinishlardan keyin dostonning o‗quvchilarga taqdim
etilgan hozirgi varianti paydo bo‗ldi.
31
Bilasiz, ―Ruhlar isyoni‖ garchi Nazrul Islomga bag‗ishlangan bo‗lsa-da, asar
faqat otashin shoir hayoti ifodasidan iborat emas. Unda men shoir hayoti
bahonasida o‗zimning umuman shoirlik, insonlik, fidoiylik, erk tashnaligi
haqidagi, erkka tashna ijod ahlining zamonasi, xalqi bilan murakkab munosabati
haqidagi, qolaversa, inson hayotining ma`nosi, hayotning ham shafqatsiz, ham
adolatli haqiqati haqidagi o‗y-mulohazalarimni kitobxon bilan baham ko‗rishga
intildim‖ [3, 200-201]
Dostonning yaratilish tarixi haqida bunday batafsilroq ma`lumot berishdan
maqsad nima edi. Birinchidan, bu muallifning o‗z asari haqidagi haqqoniy
ma`lumotlari bo‗lsa, ikkinchidan asar bahona shoirning aytmoqchi bo‗lgan
fikrlarining mundarijasi bayon qilingan. Hatto muallif davom etib dostonning
shakli haqida ham ma`lumot beradi: ―...unda real hayot kartinalari bilan yondosh
holda berilgan afsona, rivoyatlar ham bevosita qahramon hayoti haqida o‗ylash
jarayonida tug‗ildi. Ehtimol, boshqa bir ijodkor Nazrul Islom haqida boshqacha
planda yozishi mumkindir, lekin mening asarim beixtiyor xuddi shu shaklda
tug‗ildi, o‗sha damlarda men o‗zgacha yo‗lni – dilimdagilarni ifoda etadigan
boshqacha shaklni tasavvur etolmasdim‖ [3, 201]
Aziz kitobxon, shu erda maqola maqsadiga ko‗ra bir oz ortga qaytamiz.
Ya`ni, o‗tgan asrning 20-yillariga. Aynan shu yili ―Chin sevish‖ nomi bilan o‗zbek
adabiyotida tarixiy drama yaratildi va sahna yuzini ko‗radi, jamoatchilik e`tiborini
tortadi. Asar voqealari Hindistonning Dehli shahrida bo‗lib o‗tadi. Drama hind
xalqining
mustamlakachilik
zulmiga
qarshi
kurashiga
bag‗ishlangan.
Bosqinchilarning ayyorona siyosatini fosh etishga qaratilgan. Mana, asar
qahramoni tilidan aytilgan birgina fikr: ―Ovrupoda bilim bor, lekin insof yo‗q.
Ovruponing bilimi – qoplonning tishi, tirnog‗i kabi bir narsadir. Kuchsizlarni yirtib
emak to‗g‗risida ko‗p ish ko‗rmishdir‖. Bu qisqagina parchada dramaning butun
g‗oyaviy mazmuni ifoda etilgan. Umuman olganda, inglizlarning Hindistonda
o‗tkazayotgan mustamlakachilik siyosati va buni amalga oshiruvchi kirdikorlari
ayovsiz badiiy tadqiq etilgan. ―Yaqinda o‗zbek sahnasi ulug‗ va ulug‗ligi qadar
yuksak va go‗zal tamosha ko‗rdi‖, - deb yozgan edi Cho‗lpon o‗z taqrizida. Lekin
taqrizning bir joyiga alohida e`tibor qaratishga to‗g‗ri keladi: ―Asar to‗g‗risida fikr
yurituvdan qochmoqqa va o‗zimni tortishga majburman‖. Ayonki, Cho‗lpon
muallifning asar orqali aytmoqchi bo‗lgan maqsadini anglagan va ayagan.
Nimadan?! O‗sha davr siyosatidan. Chunki Hindiston boshiga tushgan
mustamlakachilikning aynan ko‗rinishi Turkistonda endigina boshlanayotgan,
Turkiston muxtoriyatining vahshiylarcha ag‗darilishi esa Sho‗ro tuzumi
siyosatining fojiali oqibatlaridan darak berib bo‗lgan edi. Sahnaga olib chiqilgan
voqealar mustamlakachilikdan ogohlantirish va unga qarshi qo‗zg‗olish bo‗lib
faqat boshqa joyda kechayotganligi bilangina farq qilardi xolos. Shuning uchun
ham drama muallifni ajdaho og‗ziga olib borish uchun tap-tayyor em bo‗lishi ayon
bir haqiqat bo‗lib, bu jasoratli shaxs buyuk jadid Abdurauf Fitrat edi.
Fitrat ―Chin sevish‖da boshlagan ijodiy ishini ―Hind ixtilolchilari‖da davom
ettiradi, yanada mukammallashtiradi, rivojlantiradi. Bu davrda Fitrat ijodiy
faoliyati yanada kamolga etgan edi.
32
―Hind ixtilolchilari‖ asarida Fitrat yana o‗sha ilgari tilga olgan –
imperialistik davlatlarning bosqinchilik siyosatini fosh etish masalasini mavzu
qilib oladi. Endi bu masalani yanadi keng ko‗lamda ifodalaydi. Etakchi g‗oya bu
asarda bosqinchilik tarixan halokatga mahkum, mazkur siyosat har qancha qudratli
bo‗lmasin, xalqlarning milliy ozodlik harakatlari oldida ojizdir: agar xalqlar
uyushqoqlik bilan birlashib harakat qilsalar uning oldini oladigan kuch dunyoda
yo‗qdir, degan falsafani tashkil qiladi‖ [1, 35-36].
Taniqli adabiyotshunos Sultonmurod Olim o‗zining ―Fitrat kim edi?‖ nomli
turkum maqolasida bu buyuk shaxsning fojiali qismati va uning o‗zak sabablari
haqida quyidagi xulosani qayd etadi: ―G‗addor jamiyatga, totalitar, avtoritar
tuzumga aqlli, yorqin, o‗tkir, mustaqil shaxslar kerak emas edi. Hech kim fikrlashi,
tashabbus ko‗rsatishi, o‗zini namoyon etishi shart emas edi. Proletariat dohiysi bor,
etadi. Faqat ugina yangi gap aytishi, mafkura bilan shug‗ullanishi, xalqni o‗z
ortidan etaklashi mumkin, xolos. Boshqalar jimgina ergashsin, vassalom. Hamisha
uninggina og‗ziga qarasin. Ko‗pning orasida faqat uninggina ovozi jaranglasin.
Fitrat Lenin hokimiyati davridayoq yurtdan quvg‗in qilindi. Stalin zamonida
qamoqqa tashlanib, otib o‗ldirildi. Fitratni bu proletariat dohiylari shaxsan tanishi
shart emas edi. Ular shunday puxta-pishiq qatag‗on mexanizmini joriy etgan ediki,
Fitratdek yorqin vatanparvarlarni har qanday yo‗l bilan izlab topar, jilovini tortar,
jazosini berar edi‖ [6, 8-10].
Aynan shu erda Erkin Vohidov ijodiga qaytish o‗rni keldi. Axir ―Ruhlar
isyoni‖ ham Sho‗ro tuzumi davrida yaratildi-ku. Shuning uchun ham biz Fitrat
ijodiga to‗xtaldik. Toki kitobxon yurakdan his qilsin: Erkin Vohidov bu dostonini
jallod kundasi hali mustamlakachilarning jazo maydonidan olinmagan bir paytda
yaratdi. Hali millatimiz fidoiylarini ―xalq dushmani‖ sifatida sotganlarning va
shunga o‗xshash kimsalarning tili aylanib turgan bir davrda jur`at etdi. Hali ―Erk‖,
―Isyon‖ degan so‗zlar Sho‗ro siyosati joniga nayzadek botishi mumkin bo‗lgan
zamonda chaqmoqday paydo bo‗ldi. Qolaversa, aynan Fitratning fojiali qismatini
bilgan holda, aynan ―Chin sevish‖ va ―Hind ixtilolchilari‖ davr siyosatiga zid
asarlar ro‗yxatida turgan bir paytda ularga o‗xshash bir asar yozdi.
Erkin Vohidov dostoni Fitratning yuqorida biz tilga olgan va bir oz
tanishtirgan dramalarida qo‗llangan usul, qolaversa, g‗oya va mavzu jihatidan ham
juda yaqindir. Adabiyotshunoslar bu faktni doimo qayd etib kelishgan. Biz faqat
bir jihatga e`tibor qaratmoqchimiz. Axir Fitrat ana shunday g‗oyalari uchun ham
qatag‗on qilindi. Qolaversa, 50-yillarda ham bir qator ijodkorlar Sho‗ro tuzumi
siyosatining og‗ir zarbasiga duchor bo‗ldilar-ku. Doston yozilgan 70-yillarda ham
erk va ozodlik haqida yozish millatchi sifatida xalqlar do‗stligiga rahna solishdek,
yot bir g‗oyani ilgari surishdek gap edi. Bir jumla bilan aytganda, siyosatga
butunlay zid edi-ku.
Demak, ―Ruhlar isyoni‖ Erkin Vohidovning jasorati namunasi sifatida
maydonga keldi. Chinakam xalqparvar, vatanparvar, erkka tashna ijodkor bunga
ma`naviy kuch topa oldi. Bunda Fitrat uslubi qo‗l keldi. Shu jihatdan olganda
Erkin Vohidov qatag‗on qilingan erk kuychilari Cho‗lpon va Fitratlarga nisbatan
33
adabiyot maydonida ma`lum bir muddat uzilib qolgan izdoshlik rishtalarini
bog‗lashdek muqaddas burchni jasorat bilan ado eta oldi.
Adabiyotshunoslar ham Sho‗ro davrida xuddi Cho‗lpon kabi ―Asar
to‗g‗risida fikr yurituvdan qochmoqqa va o‗zimni tortishga majburman‖ deganday
dostonning asl g‗oyaviy maqsadidan og‗iz ochmay muallifni asradilar. ―Shaxsan
men ham shunday qilganman, - deb yozadi munaqqid Umarali Normatov. – Doston
muallifi Erkin Vohidov televidenieda ―Ruhlar isyoni‖ga bag‗ishlangan
ko‗rsatuvdagi chiqishida (2006 yil, may) munaqqidlar Sho‗ro hokimiyati yillarida
shunday yo‗l tutganlari, shu tariqa dostonni balo-qazolardan asrab qolishga hissa
qo‗shganlari uchun ularga chin dildan minnatdorchilik bildirdi‖ [7, 356].
Bugungi mustaqil va ozod Vatanda adabiyotga ixlosmandlar, xususan, Erkin
Vohidov ijodining muxlislari, albatta, ―Ruhlar isyoni‖ dostoni bilan tanish. Uni
qayta-qayta o‗qiganlar ham sanoqsiz. Erk va ozodlikning millat uchun, umuman,
inson uchun naqadar ahamiyatli ekanligini shu doston voqealari bilan yurakka jo
qilganlar qanchadan-qancha. Buning uchun, avvalo, erksizlik qurboni, fidoiy shoir
Nazrul Islom ruhi shod bo‗lsin. Dunyodagi barcha erksizlarni uning isyonkor ruhi
qo‗llasin, deymiz. Bizning o‗zbek adabiyotimizga shunday obrazni olib kirgan
erkka tashna qalb sohibi, Vatan mustaqilligini, millat ozodligini yurak-yurakdan
istagan ijodkor, O‗zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning ―Ruhlar
isyoni‖ dostoni uchun ham bugungi erkin avlod shukronalar qilsa arziydi.
Cho‗lpon, Fitrat, Nazrul Islomlar fojiasi – o‗xshash qismatdir. Erk istaganlar
qismatidir. Ular erk uchun tutqunlik azobini ham tortdilar. ―Ruhlar isyoni‖da
qahramonning o‗xshab tutqunlikdagi ruhiy holati onasi oldidagi farzandlik uzri
orqali ochib berilganki, unda Vatan va millat erkiga bo‗lgan e`tiqodning naqadar
mustahkam ekanligi, qolaversa, yurtning fidoiy farzandi bilan uni bu yorug‗
dunyoga keltirgan bir onaizorning dilbandi o‗rtasidagi ruhiy ziddiyatli holat
yuraklarga o‗zgacha ta`sir qiladi: ―Kechir, onam! Ko‗zingda g‗am, Azob bo‗ldim
joningda, - deydi tutqun Nazrul Islom. Uning dardli uzrini zindonning metin
devorlari eshitadi xolos. – Bukun bayram, Men bukun ham Bo‗lolmadim
yoningda. Odamlardek Beozor, tek Yashab yursam netardi. Menga tole, senga
tinchlik Balki nasib etardi. Bulbullarga, gullarga mast Yozsam faqat g‗azallar,
Balki meni mirshablarmas, Izlardi yosh go‗zallar. Menga ham yor sokinligu
Sening ham yo‗q bu darding; Men – uylik, Sen – kelinligu Nabiralik bo‗larding.
Oh, u yo‗l berk Menda yo‗q erk, Tirik umrim – aftoda. Ne qilayki, Odamlardek
Yasholmadim dunyoda. Lek ko‗nglimda nolish emas, Allanechuk dilshodlik.
Garchi jismim bandi qafas, Ruhimda bor ozodlik. Tug‗ilishdan qul emasman,
Qullik yot bu jonimga. Erk istagi Suting bilan Kirmish mening qonimga. Meni
otash, girdoblarga Otgan o‗shal istagim. Onajonim, Azoblarga Qo‗ydi seni
yuragim. Meni kechir, Faqat sendan bukun uzr so‗rayman. Uzr so‗rab, umid bilan
Xayolimni o‗rayman. Rozi bo‗lgin, Gar o‗g‗loning Yurak qo‗rin asrolsa. Bir kun
ona Hindistonning Xizmatiga yarolsa‖ [4, 278-279]
.
Nazrul Islom ko‗z oldidan shoirlarning qismati ham bir-bir o‗ta boshlaydi.
Ular o‗z qismatini o‗z tillari bilan aytadi. Rudakiy der: ―...Adolat deb bitdimu
she`r, Mil tortdilar Ko‗zimga‖. Navoiy der: ―Zulmat aro Ko‗p izladim yo‗limni.
34
Men o‗zimni qildim ado, Engolmadim zulmni‖. Bobur deydi: ―Tingla ogoh bo‗lib,
Gar sen bo‗lsang tutqunda, Men bir yurtga podshoh bo‗lib, Umrim o‗tdi quvg‗inda.
O‗n ikkimda taxtga mindim, Yosh ochildi ko‗zlarim. Qondoshlarga yov ko‗rindim,
Meni sotdi do‗stlarim. Najot istab Men har nafas Quyun kabi elganman. Yurtingga
men Shoh bo‗libmas, Panoh izlab kelganman‖.
Pushkin she`ri
Qildi faryod,
O‗qqa tutdi o‗t qalbni
Lermontovni otgan jallod
Dorga osdi
Mashrabni.
Shoirlarning –
Erkdir dini,
Erkka sajda qildilar.
Erk kuychisi
Nasimiyni
Tovonidan shildilar.
Dostonda shoirlar qismatini berilishidan xulosa shuki, butun dunyoda va har
bir davrda adolatsizlik va zulm mavjud bo‗lib kelgan. Shuning uchun ham xalq
dardini o‗z qismatiga aylantirgan shoirlar borki, doimo ularning hayoti fojiali
kechgan. Chunki zulm va zo‗ravonlik, hukmronlik hech qachon haqiqat va adolatni
tan olmaydi. Uni himoya qilganlarni kuch bilan, fitna bilan jisman yo‗q qiladilar.
Ularning kuch-qudrati shunda. Eslasangiz Fitratning ―Abulfayzxon‖ dramasida
Ulfat tilidan: ―Hoqonimizga ma`lumki, podshohlik qon bilan sug‗orilgan bir
yog‗ochdir. Qon oqib turmagan erda bu yog‗ochning qurib qolishi aniqdir‖,
deyiladi.
Nazrul Islom 75 yil umr ko‗rdi. Lekin shu umrining 40 yili tutqunlikda o‗tdi.
U orzu qilganidek Hindiston ozod bo‗ldi. Biroq u buni his qilolmadi. Bosqinchilar
qiynog‗i, zindon azobi uni jisman va ruhan ojiz, behush qilib qo‗ygandi. Hindiston
fidoiy shoiridan ayrildi. ―Shoir umri Qoldi she`rda, Qoldi Yoniq dostonda.
Bitganlari uning – erda, Ruhi esa – osmonda.‖
Doston ―Nihoya‖si ostiga ―Dehli. 20 mart, 1979 yil‖ deb yozilgan. Bunda
muallifning o‗z ko‗zi bilan ko‗rgan voqealari tasvirlanadi. O‗zlarining qashshoq va
nochor turmushlaridan sabr kosasi to‗lgan oddiy xaloyiq zulm va tengsizlikka
qarshi bosh ko‗tarib chiqishgan. Shoir yozadi: ―Bir mehmonman. Hayrat ko‗zin
Mash‘al qilib boqaman. Xayolan shul mavjli to‗lqin Quchog‗ida oqaman. Jisman
chetda, Ammo ruhan G‗alayonda men ham bor. Nazrul Islom ruhi bilan
bormoqdaman bir qator. Men ham alvon Tug‗ ko‗tardim. Shu el dog‗i dog‗imdir.
Dardi uning – Mening dardim, Ohi – mening ohimdir‖. Aynan shu erda
muallifning o‗z yurtiga ishorasi bir qadar aniqlashgan. Shuning uchun ham doston
so‗ngida Nazrul Islom ruhi tilga kiradi:
Shoir bo‗lib
Elga bukun
Darkormisan, der menga.
35
Fidolikka xalqing uchun
Tayyormisan, der menga.
Der: ―Shoirlik – yurakda qon –
Silqib turgan jarohat.
Tilamasman senga, o‗g‗lon,
Osuda baxt,
Farog‗at.
Tilamasman bir zum orom,
To tiriksak,
Bedor bo‗l.
Azob bersin senga ilhom,
She`r dardida bemor bo‗l.
Ha, Erkin Vohidov isyonkor ruhlar, ya`ni Cho‗lon, Fitrat, Nazrul Islomlar
ruhi talab qilganday bir umr el dardida bedor bo‗lib, ilhomlardan azoblanib, she`r
dardida bemor bo‗lib o‗tdi. Bunga uning ―Ruhlar isyoni‖ dostonining o‗ziyoq
guvohlik beradi.
Adabiyotlar:
1.
Ahmad Aliev. Istiqlol va adabiy meros. – Toshkent: O‗zbekiston, 1997 yil,
35-36-betlar.
2.
Erkin Vohidov. Iztirob. – Toshkent: O‗zbekiston. 1992, 200-201 b.
3.
Erkin Vohidov. Kuy avjida uzilmasin tor. – Toshkent: G‗afur Qulom
nomidagi nashriyot-matbaa birlashmasi, 1991. 278-279-betlar. (Dostondan
kelitiriladigan keyingi parchalar ham shu kitobdan olindi. 247-309-betlar)
4.
Erkin Vohidov. To‗la asarlar to‗plami. 1-jild. Bahor tarovati. – Toshkent:
Sharq, 2015. 315-bet.
5.
Karimov N.va boshqalar. XX asr o‗zbek adabiyoti tarixi. – T.: O‗qituvchi,
1999.
6.
Sultonmurod Olim. ―Fitrat kim edi?‖. //Sharq ziyosi gazetasi, 26-son, 2016
yil 30 iyun.
7.
To quyosh sochgayki nur. – Toshkent: O‗zbekiston, 2016. 353-bet.
Do'stlaringiz bilan baham: |