Ichki qurilmalar uchun ajratkichlar
Ichki qurilmalar uchun bir qutbli (РВО) yoki uchqutbli (РВ, РВК, РВРЗ va shu kabi) ajratkichlar qoʻllaniladi. Uch qutbli ajratkichlar umumiy ramada yoki har bir qutb uchun alohida ramada tayyorlanishi mumkin. Har bir qutb ajratkichning yuritmasi bilan ulangan umumiy val orqali birlashtiriladi. 1000 A gacha boʻlgan toklarga ajratkichning pichog’i ikkita mis polosadan, katta toklar uchun pichoq uch-toʻrt polosadan tayyorlanadi. Shina konstruksiyalaridagi kabi, katta toklarda materialdan yaxshi foydalanish uchun, qoʻzg’almas kontaktlar qutisimon kesimda, ajratkich pichog’i, esa tog’ora shaklda tayyorlanishi kerak.
Kesuvchi tipdagi ajratkichlarda pichoq qoʻzg’almas kontaktlardan birining atrofida aylanadi, pichoqqa harakat chinni tortqi orqali valdan uzatiladi.
Kontaktlardagi kerakli bosim prujinalar orqali hosil qilinadi. Kesuvchi tipdagi ajratkichlarning kontakt tizimining tuzilishini koʻrib chiqamiz (4.9-rasm). Izolyator 1 da toʻg’ri burchak ostida bukilgan mis shina mahkamlangan boʻlib, u qoʻzg’almas kontakt 2 hisoblanadi. Kontakt 2 ning yon tomonlari silindrik sirt koʻrinishida ishlangan, shuning uchun pichoq 6 plastinalari bilan chiziqli kontakt hosil qiladi. Sterjen 5 ga oʻrnatilgan prujinalar 4 poʻlat plastinalar Z ni bosadi, plastinalar chiqqan joylari bilan pichoqlarni qoʻzg’almas kontaktga siqadi. Kontaktda bosim qancha katta boʻlsa, oʻtish qarshiligi shunga kichik boʻladi, lekin uzishlar va ulashlardagi ishqalanish hisobiga kontaktlar yeyilishi katta va ajratkichni operatsiyalardagi harakatlantirish uchun qoʻyiladigan kuch shuncha katta boʻladi.
Q.t. toklarining oʻtishi paytida tokning pichoq plastinalaridan kontaktlarga oʻtish joylarida elektrodinamik kuchlar hosil boʻladi, ular kontaktdan pichoqlarni itarishga harakat qiladi. Boshqa tomondan, pichoq plastinalari bir tomonga yoʻnalgan toklarning oʻzaro ta’siri sababli bir-biriga tortiladi. Q.t. toklari katta boʻlganda itarish kuchlari plastinalar pichoqlarining tortish kuchidan katta boʻlishi mumkin, bu plastinalar pichoqlarini kontaktdan otilib chiqishiga, yoyning paydo boʻlishiga, ya’ni avariyaga olib keladi. Buning oldini olish uchun ajratkichlarda magnit qulf qurilmasi koʻzda tutiladi. U pichoq tashqarisiga joylashgan ikkita poʻlat plastinalar 3 dan iborat boʻlib, birinchidan, prujinalar bosimini uzatish uchun xizmat qilsa, ikkinchidan, q.t. toklaridan magnitlanib bir-biriga tortiladi va kontaktda qoʻshimcha bosim hosil qiladi. Ikkinchi izolyatordagi ajratkichning kontakt tizimi ham shunday konstruksiyaga ega, faqat kontaktlar sirpanuvchi, sharnirli, lekin ajralmaydigan boʻladi, chunki pichoq oʻq 7 atrofida aylanadi.
Yerga tutashtiruvchi pichoqlar boʻlsa, ular sharnirli yoki ajraluvchi kontaktlar tomonida yoki ikkala tomonda joylashishi mumkin. Uch qutbli qurilmalarda, ular umumiy mis shinalar bilan qisqa tutashtiriladi.
Yerga tutashtiruvchi pichoqlar bosh pichoqlar ulangan holatda, ularning
ulanishiga yoʻl quymaydigan mexanik blokirovkaga ega. Yerga tutashtiruvchi pichoqlarni boshqarish uchun dastadan valga harakat beruvchi richaglar (ПР) tizimidan yoki chervyakli yuritmadan (ПЧ) tashkil topgan oddiy qoʻl yuritmasidan foydalaniladi. Bosh pichoqlarni ulash yoki uzish bu operatsiyalarni masofadan amalga oshirish imkonini beradigan elektr dvigatel yuritmasi (ПДВ) tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻz-oʻzidan uzilishi yoki ulanishni yoʻqotish uchun yuritmaning richaglar tizimi yordamida ajratkich ulangan yoki uzilgan holatda ishonchli tutib turiladi.
Komplekt ekranlangan tok oʻtkazuvchi qurilmalar uchun pichog’i ilgarilama harakat qiladigan aylanuvchi tipidagi ajratkichlar; chervyakli yuritma bilan boshqariladigan qirquvchi tipidagi; ZR tipidagi yerga tutashtiruvchi ajratkichlar qoʻllaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |