Davlat organlari kompetensiyalarining kengligiga qarab,
- umumiy kompetensiyali davlat organlari,
- maxsus kompetensiyali davlat organlariga bo‘linadi. Umumiy kompetensiyaga ega bo‘lgan davlat organlari keng masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi, masalan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi davlat va jamiyat hayotining barcha muhim masalalari bo‘yicha qonunlar qabul qilish vakolatiga ega bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi – Hukumat esa qonunlar, Prezident Farmonlari va qarorlarining bajarilishini ta'minlash maqsadida barcha sohalarga oid normativ-huquqiy tusdagi qarorlar qabul qiladi.
Davlat organlarinng maxsus kompetensiyaga ega bo‘lgan qismi esa muayyan bir tarmoq, yoki muayyan bir masala yuzasidan, aniqrog‘i davlatning ma'lum bir funksiyasini amalga oshirishga ixtisoslashadi: masalan, ta'lim, madaniyat, mehnat va ijtimoiy ta'minot, mudofaa vazirliklari davlatning tegishlicha, ma'rifiy, madaniy, ijtimoiy himoya, mudofaa funksiyalarini amalga oshirishga o‘z faoliyatini qaratgan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, viloyat tuman moliya boshqarmasi va shu kabilar.
Bundan tashqari davlat organlarini yana saylab qo‘yiladigan va tayinlanadigan davlat organlariga ajratsa bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasining saylab qo‘yiladigan davlat organlari jumlasiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi – Parlamenti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlarini kiritish mumkin.
Davlat organlarini hokimiyatlar bo‘linishi prinsipiga muvofiq, qonun chiqaruvchi davlat organlari, ijro etuvchi davlat organlari, sud hokimiyati organlariga ham ajratiladi.
Davlat organlarini harakati davomiyligiga qarab, doimiy va muvaqqat organlarga bo‘lish mumkin. Davlatning asosiy organlari doimiy asosda amal qiladi, biroq ma'lum bir favqulodda holatlar ta'siri ostida (masalan, tabiiy ofatlar) muayyan muvaqqat organlar ham tashkil etilishi mumkin. Bundan tashqari, davlat organlarini o‘z oldida turgan masalalarni hal etish va rahbarning mas'uliyatligiga ko‘ra, yakkaboshchilik va hay'at tartibidagilarga ajratiladi. Masalan, vazirliklar masalalarni yakkabosh tarzda, Davlat qo‘mitalari esa kollegial, ya'ni hay'at tarzida hal etadigan organlarga misol bo‘ladi. Ayni paytda, davlat organlarini tarkibiga ko‘ra ham jamoaviy va yakkaboshchilik asosida boshqariladigan davlat organlariga ham ajratish mumkin. Ko‘pincha, davlat organlari jamoaviy tarkibda bo‘lishadi, masalan Oliy Majlis (deputatalar va senatorlar), Vazirlar Mahkamasi (hukumat a'zolari), Oliy Sud (sud kollegiyalari) va boshqalar. Shu bilan birga, faqat bir shaxs orqaligina ifodalangan davlat organlari ham mavjud, masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokurori va boshqalar.
Shunday qilib, davlat organi bu davlat mexanizmining tarkibiy bir mustaqil bo‘g‘ini bo‘lib, uning faoliyati orqali davlatning ma'lum bir funksiyasi amalga oshiriladi.
Har bir davlat organi qonunda belgilangan tartib va asoslarda, tegishli vakolatlar majmuasiga, ya'ni kompetensiyasiga ega, va shu kompetensiya doirasida u faoliyat olib boradi va davlat nomidan ish yurgizadi, o‘ziga yuklatilgan funksiyalarni ado etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |