“Zukko kitobxon” intellektual o‘yini
NIZOMI
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlar o‘rtasida “Zukko kitobxon” intellektual o‘yinini (bundan keyingi o‘rinlarda intellektual o‘yin deb yuritiladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
2. Intellektual o‘yinda Respublikadagi barcha mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlardan iborat jamoalar ishtirok etishlari mumkin.
3. Intellektual o‘yinda ishtirok etuvchi jamoalar @beshtashabbusbot orqali shakllantiriladi (jamoa a’zolari tegishli mahallada doimiy ro‘yxatda turadigan yoshlar bo‘lishi talab etiladi).
II. O‘yinning maqsad va vazifalari
4. Intellektual o‘yin mamlakatimizda yoshlarni Vatanimiz, xalqimiz, milliy qadriyatlarimiz, tarixiy-ma’naviy merosimizga hurmat va sadoqatli qilib tarbiyalash, dunyoqarashi va fikrlash doirasini kengaytirish, ijodiy salohiyatini oshirish, ma’naviy barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishlarida ko‘maklashish, iqtidorli, ijodkor yoshlarni rag‘batlantirish, ularning o‘z aql-zakovatini namoyon etishiga ko‘maklashish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish hamda o‘zbek va jahon adabiyotining sara asarlariga mehr uyg‘otishdan iborat.
III. O‘yin shartlari va baholash mezonlari
5. Jamoa tarkibi 6 (olti) nafardan iborat bo‘lishi belgilanadi.
6. Har bir o‘yin uchun 8 tagacha kitoblar tanlab olinadi va jamoalarga o‘yinlardan 1 oy oldin e’lon qilinadi.
Intellektual o‘yinda jamoalarga e’lon qilingan kitoblardan dastlab 4 tasi o‘yinga qo‘yiladi. Intellektual o‘yinga qo‘yilgan har bir kitobdan 6 ta savol o‘ynaladi va 6 ta savol o‘ynalib bo‘lingan kitoblar zaxiradagi kitoblarga almashtiriladi.
7. Kitoblar ko‘rsatkichli baraban atrofiga qo‘yiladi. Baraban aylantirilib, baraban ko‘rsatkichi to‘xtagan kitobdan savol beriladi.
8. Jamoalarga o‘ylash uchun 30 soniya vaqt ajratiladi va berilgan savolga javobni boshlovchiga yozma ravishda taqdim etish uchun 10 soniya vaqt beriladi (ajratilgan vaqtdan so‘ng taqdim etilgan javoblar qabul qilinmaydi).
9. Jamoalarning javoblari qabul qilingandan so‘ng boshlovchi tomonidan to‘g‘ri javob o‘qib eshittiriladi.
10. Har bir to‘g‘ri javob uchun 1 ball, noto‘g‘ri javob uchun 1 jarima ball, taqdim etilmagan javob uchun 0,5 jarima ball beriladi.
11. Birinchi bo‘lib o‘ylash uchun ajratilgan vaqtdan avval (10 soniya ichida) boshlovchiga to‘g‘ri javobni taqdim etgan jamoa 1,5 ballni qo‘lga kiritadi. Vaqtdan avval taqdim etilgan javob noto‘g‘ri bo‘lsa jamoaga 1,5 jarima balli beriladi.
12. Har bir jarima balli uchun jamoadagi bir nafar ishtirokchi o‘yin stolini tark etadi.
13. Jamoa sardorlariga o‘yin davomida jamlangan har 2 ball evaziga o‘yinni tark etgan bir nafar ishtirokchisini o‘yinga qaytarishi hamda 3 ball evaziga, raqib jamoaning bir nafar ishtirokchisini o‘yindan chetlatish uchun ishchi guruhga murojaat qilish huquqi beriladi (so‘nggi 3 ta savol davomida mazkur huquq o‘z kuchini yo‘qotadi).
14. Intellektual o‘yin ikki bo‘limdan iborat bo‘lib, har bir bo‘limda 15 tagacha, jami 30 ta savol o‘ynalishi mumkin. Bo‘limlar oralig‘ida jamoalarga dam olishlari uchun 5 daqiqa vaqt beriladi.
15. Intellektual o‘yin yakunida agar ikki yoki undan ko‘p jamoalar bir xil ballga ega bo‘lsa, g‘olib jamoa aniqlanguniga qadar qo‘shimcha savollar o‘ynaladi.
Intellektual o‘yin natijalariga ko‘ra, eng yuqori ballga ega bo‘lgan jamoa o‘yin g‘olibi deb e’lon qilinadi (jamoaning yakuniy ballarini hisoblash davrida intellektual o‘yinda qolgan jamoaning har bir ishtirokchisiga yakuniy ballga qo‘shimcha sifatida 1 ball qo‘shib beriladi, bo‘limlar tugashidan avval jarima ballar hisobiga jamoalar o‘yinni tark etsa oxirgi qolgan jamoa o‘yin g‘olibi deb e’lon qilinadi).
Do'stlaringiz bilan baham: |