Ona diyorimiz O'zbekiston mustaqil respublika deb e'lon qilingandan keyin bir necha oy o'tar o'tmas 1991 - yil 18- noyabrda parlament "O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i to'g'risi" da O'zbekiston Respublikasining Qonuniga binoan davlatimizning milliy bayrog'ini qabul qildi. Bu bejiz emas, albatta. Har qanday mustaqil davlat o'z bayrog'iga ega bo'lishi kerak. Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Yer yuzida 200 dan ortiq davlat bor va albatta, har bir davlatning o'z ramzlari, bayrog'i bor. Har bir bayroq ayricha rang va turli xil timsollarga ega. Ular bilan yonma - yon hilpirab turgan respublikamiz bayrog'i ham bizning hech kimdan kam emasligimiz va bo'lmasligimizni ko'rsatib turmoqda.Vatanimiz bayrog'i bizning faxrimiz va g'ururimiz timsolidir.Shuni aytishimiz lozimki, bayroq qadim - qadimdan har bir xalq uchun mustaqillik, hurlik, tinchlik, va barqarorlik timsoli bo'lib kelgan. Ajdodlarimiz ham yurt bayrog'ini muqaddas bilib, ko'z qorachig'idek asraganlar.
Vatanimiz bayrog'i. U tarixning vatanimiz boshiga musibat tushgan davrlari - o'tgan asr boshlarini yodimizga soladi. O'sha kunlar xalqimiz qalbida ketmas dog' bo'lib qoldi. Vatan bayrog'ini tutgan qo'llar qayrildi, ozodlikni kuylagan ovozlar bo'g'ildi... Millat fidoyilari "xalq dushmani", " sotqin" degan qora nom oldilar. Xalqimizga aytilgan bunday haqoratlar vatandoshlarimiz qalbida ma'rifat olovini yoqdi. Ular belini mahkam bog'lab millatni erk va ozodlik bayrog'i ostiga birlashishga chaqirdi. Unda ajdodlar orzu -armoni aks etadi. Unda xalqimizning buguni, o'lmas xotirasi, iymon- e'tiqodi, kelajakka bo'lgan komil ishonchi namoyon bo'ladi. Bayrog'imiz 1992 yil 2 martidan O'zbekiston to'laqonlik suveren respublika deb tan olingani ramzi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohi oldida ham hilpiray boshladi. Mana, qariyb 26 yildirki, u xalqaro maydonda mamlakatimizning kuch - qudrati, mustaqilligimizning ifodasi bo'lib xizmat qilmoqda. Bayrog'imiz davlat idora va tashkilotlari, ta'lim muassasalari, xarbiy qismlar, qo'yingki, barcha sarhadlarda hilpirab turibdi. Ayniqsa, nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yurtimiz bayrog'ini baland ko'tarayotgan sportchilarimizning yutuqlari qalbimizni vatanparvarlik tuyg'usiga to'ldiradi. Yurtimiz bayrog'ini eng oliy darajaga ko'tarishlari qalbimizni g'urur va iftixorga to'ldiradi. Bu faxrlanish aslida yurtga bo'lgan cheksiz mehr va sadoqatning ko'rinishidir. Har bir inson ongu shuuriga Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg'ularini singdirish, umummilliy va ehtirom timsollari bo'lgan bayroq, gerb va madhiyamizni ulug'lash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir. Toki, bayroq bir ekan, millat bor, davlat bor. O'zbekiston farzandlari qayerda bo'lmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrog'ini ardoqlaydi. Chunki bayroq - hurlik timsoli, ezgulik, tinchlik ramzidir!
Dilorom To'xtayeva Pedagogika fakulteti
BTSTI ta'lim yo'nalishi 2- kurs 203- guruh talabasi.
Tel : +998 99- 900 65 15
Do'stlaringiz bilan baham: |