Adabiyot har bir xalqning o’tmishi, buguni va kelajagini bog’lovchi ta’sir kuchiga ega muhim vositadir. Unda har bitta millatning madaniyati, urf-odati, dunyoqarashi, ma’naviyati aks etadi. Demak, adabiyot yashasa millat yashaydi, uning sha’ni ulug’lanadi, qadriyatlari qadr topadi.
Shu bois mamlakatimizda adabiyot va san’atga alohida hurmat bilan yondashiladi. Uni rivojlantirish yo’lida islohotlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Bundan 3 yil oldin ana shunday maqsadlarga xizmat qiluvchi yana bir yirik loyihaga qo’l urilgan edi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 18-aprelda Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy bog’ida Adiblar xiyoboni tashkil etish bo’yicha qarori qabul qilindi. Qarorga ko’ra xiyobonning me’moriy-g’oyaviy loyihasi ishlab chiqildi. Majmuaviy tarzda olib borilgan bunyodkorlik ishlari natijasida poytaxtimiz markazidagi Adiblar xiyobonining yaxlit me’moriy ansambli yaratildi. Bu tarixiy voqelik adabiyotimizni yana bir pog’ona yuksakka koʻtarishi bilan ahamiyatlidir.
Prezident mazkur maskanning ochilish marosimida Adiblar xiyobonini adabiyot, ma’rifat va madaniyat maskaniga aylantirish zarur ekanini ta’kidladi. Har bir adib haykalini muayyan oliy o’quv yurtiga biriktirib, bu yerda ochiq darslar, ma’rifiy tadbirlar o’tkazish bo’yicha tavsiyalar berildi.
Aytish mumkinki, xiyobon ma’naviy jihatdan keng qamrovli bo’lib, u katta maqsadlar yo’lida xizmat qiladi.
Sir emaski, bugun biz murakkab, turli tahlikalar boy bo’lgan bir zamonda yashamoqdamiz. Bunday davrda inson qalbiga yo’l topish mushkuldir. Odamlarning dunyoqarashini boyitish, ezgu maqsad-g’oyalarga ilhomlantirish uchun adabiyotdan keng foydalanish lozim. Uning ta’siri natijasida, ayniqsa, farzandlarimiz ongini turli tahdidlar yot g’oyalardan saqlashga erishamiz. Demak, maktablarda mahorat darslari, tanlovlar, noan’anaviy o’qitish uslublaridan samarali foydalanish, ta’lim-tarbiya jarayonida bolaga nafaqat bilim, balki estetik zavq bag’ishlab, darsga, fanga bo’lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiluvchi yangiliklar joriy etish kerak.
Ayni paytda biz butun insoniyat boshiga tushgan pandemiyaga qarshi kurashish, iqtisodiy qiyinchiliklarni yengishimiz talab etiladi. Biroq bu mamlakatimizda boshqa sohalar nazardan chetda qoladi, degani emas. Ayniqsa, ta’lim-tarbiya sohasida yana-da katta mas’uliyatli vazifalar mavjud. Zotan, ilm bu ma’rifat, ma’naviyat, bu insonning hayot-mamoti bilan bog’liq bo’lgan jarayondir. Hozirgi murakkab vaziyatda Adiblar xiyobonining ochilishi hamda u yerda yaratilgan yuksak ma’naviy meros obyektlari xalqimizning ruhiyatini ko’tarishga, yoshlarning kelajakka bo’lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishiga shubha yo’q.
Shu o’rinda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarini rivojlantirish agentligi tizimidagi ta’lim dargohlarida yurtimizdagi malakali kadrlar hamda xorijlik mutaxassislar bolalarga interaktiv tarzda chuqurlashtirilgan bilim berishmoqda. Yangi barpo etilgan xiyobon esa iste’dodli, ijodkor o’quvchilarimiz uchun ham katta sovg’a bo’ldi.
Hazrat Navoiy bobomizning muhtasham haykali atrofida 20 dan ziyod atoqli shoir va adiblarning haykallari yaxlit me’moriy va badiiy kompozitsiyada, mantiqiy yechim asosida joylashtirildi. Shu yerda Yozuvchilar uyushmasi uchun bino barpo etilgani ham hamohanglik kasb etdi.
Bugungi yoshlar internetdan, elektron adabiyotlardan ko’proq foydalanishi inobatga olsak, milliy adabiyotimiz xazinasini internetda targ’ib etish eng samarali usul hisoblanadi. Zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda adabiy portallar yaratish ham muhim vazifalardan sanaladi. Unda mumtoz va zamonaviy asarlarning elektron nusxalari, yozuvchi va adabiyotshunoslarning mahorat saboqlari jamlanadi. Portal o’zbek, ingliz va rus tillarida faoliyat ko’rsatsa, undan xorijlik muxlis va mutaxassislar ham foydalanishi imkoniyati yaratiladi.
Hozir vaziyat qanday bo’lishidan qat’iy nazar, ertaga albatta u o’z yechimini topadi. Shunday ekan biz avvalgidan ham katta kuch va g’ayrat bilan izlanishda davom etamiz. Yuksaklikka erishish uchun tinimsiz o’qish, o’qitish, katta mehnat va albatta sabr talab etiladi. Zero, bugun biz farzandlarimizga to’g’ri va munosib ta’lim-tarbiya berish orqali o’zimizning kelajagimizga investitsiya hozirlaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |