O’zbekistonda dastgohli rangtasvir san’atining paydo bo’lishi va shakllanish bosqichlari.
O‘zbekiston hududida mahobatli rassomlik qadimdan ya’ni eramizdan avval paydo bo‘ldi va saroy, ibodatxona, va qasrlarni bezashda keng qo‘llanildi. Rasmlar mavzusi bevosita binolar funksiyasiga qarab belgilangan. Jumladan ibodatxona va monastirlar devoriy rasmlarida diniy mavzu etakchilik qilgani holda qasr va saroylar devorlarida dunyoviy voqealar tasviri ishlangan. Albatta bu rasmlar bizgacha faqat parcha, bo‘laklarda, shuningdek qadimgi mualliflarning yozma manbalarida saqlanib qolgan. Lekin shularning o‘zi shu davr mahobatli san’ati haqida fikr yuritishga asos beradi. Bu davrda boy zadogonlar va amaldorlar o‘z saroylari va uylarini hashamatli bo‘lishiga e’tibor berganlar. Ularning xonalari devoriy surat haykal, turli naqsh va rasmlar bilan bezak berilgan bo‘lgan. Bu tasvirlarda turli tragediyalardan olingan syujetlar, Xomer illiadasiga oid voqealarni ham uchratamiz. Jumladan, Ezop masaliga ishlangan rasm - oltin tuxum haqidagi devoriy rasm ham harakterli. Unda oltin tuxum berib turgan qushni ichini yorib birdaniga boyishni istagan odamning ochko‘zligi ko‘rsatiladi. Qachonlardir So‘g‘dning muhim manzillaridan bo‘lgan Ustrushona saroyi devoriga kadimgi Rim afsonasi bilan borliq tasvirning tushirilishi o‘zaro yaqin aloqalardan dalolat beradi.
Bu tasvirning muallifi haqida albatta ma’lumotlar bo‘lmasada, lekin shu tasvirning O‘rta Osiyoda paydo bo‘lishi shu yerda o‘z vatanini qumsagan yoki safarlarda bo‘lib taassurot bilan qaytgan mahalliy jangchi, rassom, savdogar bo‘lishi mumkin.
Xolchayon devoriy suratlardan ayrim tasodifiy bo‘lakchalar yomon xolda bizgacha etib kelgan. Bular ichida yigit boshi surati, uzum novdalari birmuncha bilinarli. Mavzusi hayot, tabiat manzaralari islimiyga yaqin naqsh kompozitsiyalari ishlangan.
Qora-tepada buddizm bilan bog‘liq me’morchilik kompleksida ochilgan g‘or, ibodatxonalarning bezatilishi, u yerda mavjud bo‘lgan devoriy suratlar diqqatga sazovordir. Noma’lum rassom tomonidan ishlangan devoriy suratlarda mavzusida Budda va uning yaqinlari bilan bog‘liq rasmlar ishlangan bo‘lib noma’lum rassom o‘z asarida fazoviy kenglikni ifodalashga, hajmni tasvirlashga intilgani seziladi.
Masalan Turk hoqonligi davrida Ibodatxona va monastirlar hamda boy va zodaganlarning saroy va qasrlari, hokimlarning qarorgohlari o‘zining boy bezagi va badiiy echimining o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Bizgacha vayronalarda tasodifan etib kelgan me’moriy bino qoldiq va parchalari shu davr me’morlik madaniyatining yuksak bo‘lganligi va eng muhimi shu davrda san’at sintezi a’lo darajada bo‘lganligidan dalolat beradi. Bu yodgorliklarning katta qismi devorlariga suratlar ishlanganligi, interer va ekstererlarida haykaltaroshlik asarlari qo‘yilganligidan dalolat beradi. Shu o‘rinda xitoylik tarixchining Samarqand va Buxoro o‘rtasida qurilgan hashamatli bino juda hayratlantirganligi, binoning shimoliy devorida bo‘yoqlar bilan Xitoy imperatorlarining tasviri, sharqiy devorda turk xonlari va Hindiston hukmdorlari, G‘arbiy devorda esa Eron va Rim podshohlari tasviri tushirilganligi haqida yozib qoldirgan. Eftalitlar va turk xoqonligi davridan bizgacha etib kelgan tasviriy san’at asarlarining parchalari shu davrda rassomlik ijtimoiy hayotning ajralmas qismi bo‘lganligini ko‘rsatadi. Bu davrda mahobatli rassomlik va haykaltaroshlik diniy va dunyoviy binolarning bezatilishida keng ishlatilgan. Shuni ta’kidlash kerakki, O‘rta Osiyoda quldorlik tizimidan feodalizmga o‘tish davri uning san’ati mazmuni va harakterida o‘z ifodasini topdi. Bu hol dastlab davr uchun harakterli katta oilalar yashaydigan qo‘rg‘on-qasrlar, ko‘shklar qurilishida seziladi. Bunday qo‘rg‘on-qasrlar O‘rta Osiyoning ko‘pgina yerlarida saqlanib qolgan.
O‘rta Osiyoda muhim madaniy markazi bo‘lgan O‘zbekiston hududida ilk feodalizm badiiy madaniyatining yutuqlari mahobatli rangtasvir san’atida o‘zini to‘liq namoyon qiladi, Afrosiyob (Samarqand), Varaxsha (Buxoro vil.), Bolaliktepa (Surxondaryo vil.) devoriy suratlar jahon mahobatli rangtasvir san’atining nodir durdonasi hisoblanadi. Bu suratlar o‘zining yuksak mahorat bilan ishlanganligi, real hayotni badiiy obrazlarda ifodali aks ettirishi bilan belgilanadi. Buxoro vohasidan topilgan Varaxsha hukmdori saroyi qoldiqlari va devoriy suratlari taxminan VII-VIII asrlarda ishlangan. Varaxsha devoriy suratlari ichida ov manzarasi yaxshi saqlangan. Bu suratda fil ustida ketayotgan odamlarga sherning hujumi tasvirlangan bo‘lib, bu kompozitsiya o‘zining dinamikasi va ajoyib rang gammasi bilan ijodkorning yuksak mahorat egasi ekanligini isbotlaydi. Rassom ishlagan har bir obrazning tugal shaklga ega bo‘lishiga, har bir detalni ham iloji boricha aniq va tugal darajada ko‘rsatishga intilgan.
1965 yili Samarqand yaqinidan afsonaviy Afrosiyob saroyi arxeologik topilmasi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Bu topilma yana bir bor O‘rta Osiyoda ilk feodalizm asridayoq yuksak madaniyat mavjud bo‘lganligini jahonga namoyish etdi. Bu saroy qoldiqlarining devorlariga ishlangan tematik surat va naqsh kompozitsiyalari yuksak mahorat bilan ishlanganligi bilan ajralib turadi. Afrosiyob devoriy surat kompozitsiya ishlanishi, detallarga e’tibor berilishi jihatidan, Varaxsha suratlariga yaqin bo‘lsa ham, lekin badiiylik va mahorat jihatidan ulardan ustundir. Afrosiyob devoriy suratlarining ahamiyati yana shundaki, suratlar bilan birga, So‘g‘d harflarida yozilgan bir qator so‘zlar ham uchraydi.
O‘rta Osiyoning ilk feodalizm asridagi monumental-dekorativ rangtasviri to‘g‘risida fikr yuritganda, Termiz yaqinidan topilgan «Yumaloq tepa», unga yaqin joylashgan «Bolalik tepa» devoriy suratlarini eslamay bo‘lmaydi.
Bolalik tepa devoriy rasmlari O‘zbekiston san’ati tarixida muhim o‘rinni egallab Sharq mahobatli rangtasvir san’atining yangi qirrasini namoyon etadi. Bu suratlar harakterining shakllanishida shu davr mahobatli rangtasviriga xos uslub mavjud bo‘lib, bular birlikda O‘rta Osiyo ilk feodalizm asrida bu san’atning yuksak bo‘lganligi, bu san’atda turli uslub va yo‘nalishlar mavjud bo‘lganligini yana bir bor namoyon qiladi.2
Rassomlar o‘z rivojida so‘ngi antik an’analarni yangi pog‘onaga ko‘tarildilar o‘z mazmuni, mohiyati, professional mahorat bilan ishlanish jihatidan jahon san’ati tarixida o‘z davrining tengi yo‘q nodir yodgorliklar yaratdilar. Shuni alohida qayd etish kerakki, eftalitlar va turk xoqonligi davri qator mahal lokal maktablarini shakllantirdi. Bu xususiyat mahobatli rangtasvir san’atida sezilarli bo‘lib, bu davrga oid yodgorliklarni keng o‘rganilganligi Bolalik tepa, Varaxsha, Panjikent, Afrosiyob va boshqa devoriy rasmlarning badiy echilishi bu madaniyatni nihoyatda yuqori darajada bo‘lganligi hamda ma’lum darajada atrof davlatlar san’atidan ta’sirlangani shu bilan boshqa davlatlarga ta’sir etganini ko‘rish mumkin. Bu devoriy rasmlar mavzusini ikkiga ajratish mumkin. Birinchi yo‘nalish diniy marosim buddizm bilan bog‘liq Ajina tepa, Quva, Oq Beshim va boshqa ibodatxona rasmlari, ikkinchi yo‘nalish dunyoviy mazmunda bo‘lib saroy, zodagonlarining uy va ko‘shklarida o‘z ifodasini topdi.
Varaxsha saroy xonalaridan birining devorlarida ov manzarasi aks ettirilgan bo‘lib har bir kompozitsiya markazida oq fil va unda o‘trigan jangchi ko‘rsatilgan. Bazida filning bosh tomonida filni boshqaruvchi (haydovchi) tasviri uchraydi. Odamlar filga ikki tomondan tashlanayotgan ikki yirtqich hayvon bilan olishmoqda. Bu hayvonlar goh, leopard, goh, sher goh esa afsonaviy maxluq tarzida uchraydi. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra bu tasvirlar turli rivoyat va afsonalar shuningdek zardushtiylik ta’limoti bilan bog‘liq fikrlar bayon etilgan jumladan Varaxsha devoriy rasmlarida aks ettirilgan fil ustidagi odamlarning turli vaxshiy hayvonlar bilan jangi Avestodagi yaxshilik va yomonlik kurashi g‘oyalarini ifodalaydi deb xisoblanadi. Devorga ishlangan bu surat kompozitsiyalar tepasida yana tasvirlar berilgan. Ularda o‘ngdan chap tomonga odimlab borayotgan hayvonlar tasviri ko‘rsatilgan. Bu tasvirlar birmuncha kichik. Afsuski bu rasmlar bizgacha etib kelmagan. Asosiy suratning past tomonida ham ensiz, xoshiya sifat naqsh kompozitsiyasi berilgan. Varaxsha devoriy rasmlari taxminan 7- 8 asrlarga to‘g‘ri keladi va o‘zining yorqin rangi bilan ajralib turadi. Hayvonlarning yorqin sarg‘isht oltin rangdan zarg‘aldoqqacha bo‘lgan tuslanishlari, pushti rang tuslanishida ishlangan odamlar hamda oq rangdagi fil tasviri ranglari asarning umumiy koloritini belilab uning ta’sirchanligini oshirishga xizmat qiladi. Rasmlarda hajm yo‘q yassi ishlangan. Rassom fazoviy kenglik, buyumlar, tasvirlanadigan qahramonlarning hajmli holda ko‘rsatishga intilmaydi. Tasvir foni zamini yaxlit dekorativ rangda, aniqrog‘i, issiq to‘q qizil rangda ishlangan, bu rang esa asosiy tasvirlangan obrazlarni hamda voqeani aniq ko‘rish imkonini beradi. Kompozitsiyada ishlatilgan chiziqlar, tasvirlanuvchi odamlar qomati tasviri nisbatlari bo‘layotgan voqeani jonli va shiddatli harakatda ekanligini his etishga ko‘maklashadi. Nozik chiziqlar ritmik, tasvirlangan odamlar gavdasi aniq va to‘g‘ri nisbatda olinishi rassomning yuksak mahoratidan dalolat beradi.
Turk hoqonligi davriga kelib Markaziy Osiyoning janubiy tomonlarida siyosiy, iqtisodiy va madaniy rivojda jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘la boshladi. Jumladan buddizm bilan bog‘liq karashlar asta sunaboshladi. Qo‘shon davri san’ati aanalari mavjud bo‘lsa ham, lekin buddizmni o‘z manbaidan uzoqlashishi va aloqalarning susayishi bu davrda yaratilgan asarlarda mahalliy xalq san’ati tasirini oshishiga olib keldi. Bu xususiyatlar Ajina tepa, Quva, Merv san’atida bilinadi. VI-VII asrlarda devoriy rassomlikda an’anaviy san’at budda monastirlarida o‘z mavqeini saqlab mahalliy va san’ati an’analarida mavjud bo‘ldi. Jumladan Ajina tepa monastiri devoriy rasmlari ayni ana shu hind va mahalliy san’at an’analari silsilasi hosilasi sifatida idrok etiladi. Bu monastirning xonalariga ishlangan rasmlar yuqori malakada bajarilgan bo‘lib Budda va u bilan bog‘liq voqealar tasvirlanadi. Kompozitsiyada sovg‘a-salom olib kelayotganlar tasviri birmuncha jonli bo‘lib an’anaviy kompozitsiyaga o‘ziga xoslik kiritadi. Keyinchalik eron va sosoniylar davriga kelib mahobatlai rasmlar o‘z o‘rnini naqqoshlik san’atiga bo‘shatib bera boshladi.
Temur davriga kelib mahobatli rangtasvir nihoyatda rivojlandi. Shu davrda qurilgan saroy, qasr, machit va maqbaralar, zodogonlarning xonadonlari turli mavzudagi rasmlar bilan bezatilganligi haqida tarixchilarning yozma bayonlari saqlanib qolgan. Afsuski, shu davrda qurilgan saroylar, jamoat binolari bizgacha etib kelmagan yoki ayrim parcha va ko‘chirmalarda saqlanib qolgan xalos. Shularning o‘zi ham davr san’ati to‘g‘risida tasavvur beradi.
Jumladan, Shirin Bika oqo, maqbarasi devorlarida tabiat ko‘rinishi tasvirlangan bo‘lib daraxtlarda qushlar aks ettirilgan bo‘lgan. Bibixonim machiti devorlariga naqshli bezaklar bilan birga tabiat manzaralarini aks ettiruvchi rasmlar ishlangan.
Bu davrda devoriy rassomlik saroy va qasrlarni bezatishda keng ishlatilgan. Saroy devorlari murakkab syujetli kompozitsiyalardan tashkil topgan. Ularda Temurning olib borgan janglari, o‘tkazgan bazmlari, o‘zi va yaqinlarining portretlari tasviri, ov manzaralari aks ettirilgan. Tarixchi ibn Arabshohning so‘zlariga qaraganda, Temurning fikriga ko‘ra, uning jasoratini ko‘rmaganlar rasmlar orqali bilib olishlari kerak bo‘lgan. Bog‘i Shamol saroyi devorlariga ham rassomlik asarlari bilan bezatilgan bo‘lgan. Dilkusho saroyi devoriy rasmlarida esa Temurning Hindistonga yurishi tasvirlangan. 1400 yili Xirotda qurilgan bino devorlari ham bezakka boy bo‘lib u yerda Temurning jangu jadallari aks ettirilgan.
Temur saroyida xizmat qilgan musavvirlardan biri Pir Ahmad Bog‘i Shamoliy bo‘lgan. U Abu al Xayya zamondoshi va shogirdlaridan bo‘lgan. Tarixchilar Pir Ahmad Bog‘i Shamoliyga yuqori baho berib davrning eng yuksak, tengi yo‘q musavviri deb ta’riflashadi. Bog‘i-Shamoliy rassomning taxallusi bo‘lib Bog‘i Shamol bog‘ining saroylari bosh bezakchisi bo‘lganligi va ishlagani uchun berilgan deb taxmin qilinadi.
XIX asr o‘rtalaridan butun sharq mamlakatlarida bo‘lgani singari O‘rta Osiyo yerlarida ham milliy uyg‘onish harakati boshlandi. Mahalliy ziyolilar safini ortishi badiiy va madaniy hayotni jonlanishida muhim o‘rinni egalladi. Istiqlol g‘oyasi ular faoliyatini jonlantiruvchi asosiy kuchga aylandi. Millatni uyg‘otish, uni yorug‘ kunlarga chiqishlari uchun da’vat etish ziyolilarning muhim va yetakchi intilishiga aylandi.
XIX asr o‘rtalariga kelib tasviriy san’atda yangi mavzu va texnologiyalar hayotga kirib kela boshladi, dastgoh san’aning dastlabki namunalari yaratildi. Bu san’atning mualliflari chetdan kelgan rassom va haykaltaroshlar edi. Bular ichida rus rassom lari V.V.Vereshchagin, yozuvchi va rassom N.N.Karazin, olim va rassomlar Dmitiriy Kavkazskiy, O.Fedchenko, ukrainalik rassom rassom S.Svetoslavskiy, gruziyalik rassom G.Gabashvili, haykaltarosh Mikeshin va boshqalar bor. Ular qalamda, tushda, akvarel va guashda, moybo‘yoq va temperada mavzuli suratlar, manzara, portretlar yaratdilar. Ayniqsa Markaziy Osiyoning Samarqand, Buxoro, Xo‘jand, Toshkent kabi qadimiy shaharlarga, ularning obidalariga atab ko‘plab asarlar ishladilar. Biroq mahobatli rangtasvir hamon oqsamoqda edi.
Bu yillarda rangtasvirda nafaqat plastik masalalar, balki g‘oyaviy uslubiy masalalar ham munozarada bo‘ldilar. Voqelikni o‘ziga o‘xshatish, klassik shakllardan tortib yangi davr mazmuni uchun mutloq yangi shakl va vositalar topish masalalari muhim masalalardan biriga aylandi. Bu yillarda jahon xalqlari san’ati g‘oyaviy-plastik san’ati rivoji, XIX asr so‘nggi XX asr boshlarida rus san’atidagi g‘oyaviy-plastik masalalar borasida izlanishlar ham ko‘pgina san’atkorlarining qiziqishiga sabab bo‘lgan.
20-30 yillar o‘zbek milliy tasviriy san’at shakllanish yillari bo‘ldi. Milliy uslub rivojlanib bordi. O‘zbek zamonaviy san’ati o‘zining bir tomonida O‘rta Osiyo milliy san’atiga xos uslub ham, Evropa realistik san’ati uslubi, yangi shakllanib kelayotgan avangard ko‘rinishlariga tayangan holda shakllandi. U yoki bu uslubni aynan qaytarib yoki tahlil qilib emas, balki davr talabi, g‘oyaviy yo‘nalishi va ijodkorning shaxsiy qarashi va professional mahorati asosida ishlanib o‘ziga xos qaytarilmas joziba kasb eta bordi. 20-30-yillar o‘zbek mahobatli rangtasvir, kino-teatr dekoratsiyasi paydo bo‘la boshladi.Urushdan keyingi yillar asar yaratish tamoyillari urush yillari hikoyanavislik uslubini davomida o‘z aksini topdi. san’atning g‘oyaviy tomoni sotsialistik realizm asosini tashkil etdi va hikoyanavis, birodarlik an’analari ruhida ishlangan asarlar etakchi o‘rinni egalladi.
Urushdan keyingi yillarda mahobatli rangtasvir san’ati o‘zining rivojini topdi. Milliy o‘ziga xos mahobatli san’at tarkib topdi. Bu xususiyat Chingiz Axmarov ijodida namoyon bo‘ldi. Uning Alisher Navoiy nomidagi katta teatr devoriy rasmlarida shu izlanishlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Axmarov Chingiz Gabduraxmanovich (1912.18.08. Chelyabinsk. (Rossiya) -1995.13.05. (Toshkent) mahobatli rangtasvir ustasi, san’atshunoslik nomzodi, o‘zbek milliy musavvirlik maktabining asoschilaridan biri, O‘zbekiston xalq rassomi (1964). 1930 yili Permdagi (Rossiya) badiiy bilim yurtini tugatgach Qarshi shahriga ota onasi oldiga qaytib kelgan. Shu yili Axmarovlar oilasi Samarqandga ko‘chib o‘tgan. 1935-42 yillari Moskva badiiy institutini tugatdi. 2-jahon urushi yillarida ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanib vatanparvarlik ruhida ishlangan rangtasvir asarlarini namoyish etdi. «O‘zbekiston qilichi» triptixi (1942) shunday asarlardan. Urush yillari bulardan tashqari A.Navoiy opera va balet teatr foyesi uchun devoriy rasm eskizlarini yaratdi (1944-1947). 1947 yili Moskva badiiy institutining aspiranturasini san’atshunoslik nomzodi yo‘nalishida tugatdi. Ch.Axmarov ijodi davomida sharq san’ati, ayniqsa miniatyura va devoriy rasm an’analarini chuqur o‘rganib milliy san’at yaratishga intildi. Ularning nafisligi, musiqaviyligi va mayin chiziqlar o‘yini, yassi dekorativ rang tizimi rassomga ilhom baxsh etdi. Bu izlanishlar teatr uchun Navoiyning «Hamsa» asari asosida devoriy rasm eskizlarini(1944-1947) ishlash paytida meyoriga yetib bordi. Shu fazilat keyingi ijodiy izlanishlarining asosini tashkil etdi. Rassomning urushdan keyingi yillar san’ati keng qirrali. Yuqorida ko‘rib o‘tgan mahobatli rangtasvir bilan birga bu yillarda portretlar ishladi. 1959 yili Samarqanddagi Ulug‘bek me’morial muzeyi, «Yulduz» restorani uchun devoriy rasmlar ishladi Toshkent metropoliteni Navoiy bekati pannolari eskizlarini yaratdi, Chinni ishlash korxonasi laganlari va vazalari uchun eskizlar chizdi. Ch.Axmarov O‘zbekistondan tashqari Moskva metro bekati, Sochidagi «O‘zbekiston» restorani uchun eskizlar yaratgan. 80-90 yillarda rassom maishiy, batal, tarixiy janrlarda ham qator asarlar yaratdi. 50-60 yillarga kelib mahobatli rangtasvirning vitraj, mozayka, grafit turlari hayotga kirib keldi. 60-80- yillar monumental rangtasvir uchun ham samarali bo‘ldi. Uning tur va janrlari kengaydi, ijodkorlar safi kengaydi. Devoriy rassomlik alfresko, vitraj, mazaika san’atida asarlar yaratildi.
1960-1980 yillardagi san’atning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri an’anaviy tasviriy san’at prinsiplarini yangilashga urinish, ifodalashning yanada yangi shakllarini izlash, ekspressiv timsoliy uslublardan foydalanishga intilish bo‘ldi. Rassomlar sotsrealizmning o‘zlarini siqib qo‘ygan qonun –qoidalaridan asta sekin qutula boshladilar. Ko‘proq hayotni falsafiy mushohada qilishga o‘tildi. Ushbu jarayonning boshlanishi 60-yillarning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keldi, bu paytda rassomlarning yangi avlodi san’atga faol kirib kelayotgan bir palla edi. Mazkur vaqtning alohida xususiyati O‘rta Osiyo xalqlarining tasviriy san’atiga doir merosiga murojaat qilinishi bo‘ldi. Kushonning antik san’ati, Varaxsha, Afrosiyob naqshlari, O‘rta asrlar miniatyurasi rassomlar oldida mavzularni tanlash va ularni obrazli talqin qilishda yangi imkoniyatlarni ochib berdi.3
Do'stlaringiz bilan baham: |