Ular quyidagilar:
universitet - kadrlar tayyorlash va bilimlarning keng sohalari bo`yicha oliy va oliy o`quv yurtidan keyingi ta’lim dasturini amalga oshirishga imkon beradi;
akademiya - kadrlar tayyorlash va bilimlarning aniq sohalari bo`yicha oliy va oliy o`quv yurtidan keyingi ta’lim dasturlarini amalga oshiradi;
institut - bilimlarning bitta sohasi doirasida aniq yo`nalishlar bo`yicha oliy va qoidaga ko`ra oliy o`quv yurtlaridan keyingi ta’lim dasturini amalga oshiradi.
Oliy ta’lim muassasalarida fakultetlar, bo`limlar, kafedralar va talabalarning akademik guruhlari shakllanadi.
Idoraviy bo`ysunish va mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha oliy ta’lim muassasalari hamda ularning professor-o`qituvchilar tarkibi respublika hukumati belgilagan tartibda attestatsiyadan o`tadilar.
Davlat tasarrufida bo`lmagan oliy ta’lim muassasalari ta’lim faoliyati huquqini faqatgina davlat akkreditatsiyasidan o`tgandan boshlab qo`lga kiritadilar. Shu bilan birga oliy ta’lim muassasalari attestatsiya natijalariga ko`ra davlat akkreditatsiyasidan mahrum etilishlari ham mumkin.
Islom Karimov O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining IX sessiyasida oliy ta’limni tashkil qilish to`g`risidagi quyidagi fikrni bildirgan edilar:
“Oliy oquv yurtini isloh qilayotganda, ularning boshqa davlatlardagi oliy o`quv yurtlari bilan aloqasini mustahkamlash zarur. O`z domlalarimiz bilan cheklanib qolmay, chetdan ham domlalar chaqirishni yo`lga qo`yishimiz kerak.
…Yetuk saviyali domlalarni tayyorlash bo`yicha maxsus bir fond tashkil etish kerak. Biz shu fond orqali domlalarni, O`zbekiston professorlarini chet mamlakatlarga yuborib, malakasini oshirib kelishiga imkoniyat yaratishimiz kerak.
Ular chet ellarda malakasini oshirsin, dong`i chiqqan universitetlarda o`zlari leksiyalar o`qisin, tajriba orttirsin, mana shundan keyin O`zbekistonning obro`yi – nomi olamga ovoza bo`ladi, insholloh!”
Qisqa muddatlarda mazkur yo`nalishda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga kirishildi. “Ustoz” jamg`armasining tashkil etilganligi, keyingi bir yil ichida yuzlab professor-o`qituvchilarning rivojlangan demokratik chet mamlakatlarning nufuzli universitetlariga yuborilishi buning yaqqol dalilidir.
Darvoqe, ustozlarning, mutaxassislarning rivojlangan xorijiy jdavlatlarda malakalarini oshirishlari ham bir paytlar O`zbekiston Prezidentining orzusi edi. Darhaqiqat, mustaqillik orzular ro`yobi, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” esa orzuga erishmoq yo`lidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |