Birinchidan, huquq ta’sirchan vosita tarzidagi qadr-qimmatga ega. U kishilarning xatti-harakatiga uyushqoqlik, tashkiliylik, barqarorlik, o`zaro munosiblik baxsh eta oladi. Ayni vaqtda, ular ustidan nazorat o`rnata oladi. Shu tariqa huquq ijtimoiy munosabatlar tizimiga batartiblik hamda barqarorlik kiritadi, ularning muayyan ma’rifiylik darajasida bo`lishini ta’minlaydi. Huquq, shuningdek, jamiyatda davlat boshqaruvini amalga oshirishning qudratli vositasi hamdir.
Ikkinchidan, huquqning qadri shundaki, u ijtimoiy munosabatlar ishtirokchilarining umumiy (muvofiqlashgan) irodasini ifodalab, individlar, butun jamiyat manfaatdor bo`lgan munosabatlarning rivojlanishiga ko`maklashadi.
Uchinchidan, huquq shaxsning jamiyatdagi erkinligini ifodalaydi, erkinlikning mezoni sifatida namoyon bo`ladi. Bunda huquqning ijobiy salohiyati va qimmati erkinlikni umuman e’tirof etishda emas, balki uning chegarasini, me’yorini qat’iy belgilab berishidadir. Kundalik hayotimizda huquq ijtimoiy erkinlikning, shaxs faolligining mujassam ifodasi, erkinlik va mas’uliyat o`zaro uyg`un ekanligi ramzi sifatida gavdalandi. Huquqning bunday vazifasi tufayli ijtimoiy munosabatlarning batartibligiga erishiladi, kishilar hayotidan noqulaylik, zo`ravonlik, o`zibilarmonlik, xo`jasizlik kabi illatlar istisno etiladi.
To`rtinchidan, huquqning qadr-qimmati uning adolat g`oyasini ifodalay olish imkoniyati bilan belgilanadi. Aslida “adolat” so`zi “haq”, “haqiqat”, “huquq” so`zlari bilan teran ma’nodosh hisoblanadi. Amaliyotda esa huquq adolatning me’yorlangan ifodasi, moddiy ne’matlarni adolatli taqsimlash mezoni bo`lib, barcha fuqarolarning – kelib chiqishi, mulkiy holati, ijtimoiy mavqeyidan qat’iy nazar – qonun oldida tengligini mustahkamlaydi. Shu bois qonuniy hal etilgan har bir ish kishilar ongi va tasavvurida adolatli hal qilindi, deb e’tirof etiladi.
Demak, huquqning yuksak qadri, nufuzu uning insonparvarlik ruhi bilan sug`orilganligida, inson manfaatlariga bo`ysundirilganligidadir. Jamiki dunyoviy ne’matlar ichida eng ulug`i inson, “… barcha narsalar me’yori Insondir” (Protagor) degan hikmatlar huquqni baholashda asosiy mezon vazifasini o`taydi.
Beshinchidan, huquqning qadri yana shunda ko`rinadiki, u taraqqiyotning qudratli omili, jamiyatni ijtimoiy rivojlanishining tarixiy maromiga mos ravishda yangilashning manbayi sifatiga maydonga chiqadi. Huquqning bunday roli mamlakatimizda kechayotgan islohotlar, siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy yangilanishlar pallasida alohida ko`zga tashlanmoqda. Yurtimizda mustaqillik yillarida qabul qilingan qonunlar yangi, bozor iqtisodiyoti munosabatlarini, shuningdek demokratik tamoyil va qadriyatlarni qaror toptirishda beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |