Таянч тушунчалар: Xattotlik maktablari. Hirot, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Farg’ona, Toshkent xattotlik maktablari. Mashhur xattotlar
O’quv mashg’ulotining maqsadi: Talabalarga o’zbek matnshunosligida xattotlik san’atining tutgan o’rni va tarixi haqida ma’lumot berish
O’quv faoliyatining natijasi: Talabalar Markaziy Osiyo xattotlik san’ati tarixining o’ziga xos jihatlari xususida tushunchaga ega bo’ladilar. Xattotlik maktablari tarixi haqida muayyan ilmiy tasavvur paydo bo’ladi.
Mashhur xattotlarning faoliyati orqali mumtoz adabiy manbalarga to’g’ri munosabat shakllantiriladi
MA’RUZA MATNI
Toshbosma nusxadagi kitoblar O’rta Osiyo xalqlari tarixini o’rganishda muhim manba bo’lishi bilan birga ba’zi bir yozma yodgorliklarning dastlab toshbosmada bosilishi kabi jihatlari matnshunoslik nuqtai nazaridan muhim hodisa hisoblanadi.
O’zbek matnshunosligi taraqqiyotida bu bosqich o’ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Xususan, toshbosma nusxa tayyorlash uchun aynan matnshunosning ishini bevosita o’z vazifasi bilan aloqador holda kotib, noshir, muharrir kabilar amalga oshirgani e’tiborlidir.
O’rta Osiyo xattotlik san’ati tarixini o’rgangan xattot A. Murodov ta’kidlaganidek, Sharqda kotiblik bilan nom chiqargan har bir shaxsni biz oddiy texnik vazifasini bajaruvchi kishi sifatida emas, balki o’z zamonasining madaniy hayotida favqulodda katta rol o’ynagan ilm-ma’rifat ahli va yirik madaniyat arbob sifatida taniymiz.69
Qadimdan kotiblar yuksak mas’uliyatli vazifani bajaruvchi kishilar hisoblangan. Hatto qadimgi manbalarda ham ular ulug’langan. “Uyg’ur yozuvli manbalarda kotiblar bitigçi, ïlïmγa (alïmγa), baxşï, ka:tib deb atalgan”70.
Kotiblar ko’chirgan asarlariga xolis baho bera olishgan. Hatto ular ijodkor asarlarini sevib, ixlos bilan tartib berganlari bois o’zlari ham ilhomlanib to’plamlar tartib qilishgan. Masalan, Navoiyning xos kotibi Abduljamilning “Tuhfat us-salotin” kitobi ana shunday hayrat natijasida tuzilgani, shubhasiz. “Tuhfat us-salotin”ning muqaddimasidan ma’lum bo’ladiki, kotib Navoiy nazmidan bahra olib, hayratli hayajon dengiziga g’arq bo’lgan va taassuroti nihoyat darajada jo’shqinligidan ushbu majmuani jam qilmoqqa jazm etgan. Kotib shoir baytlari xususida shunday yozadi: “Har tuhfasida chandin latoyif va g’aroyibi marg’ub maknun va mavjud va har lafzi bir qissaga shomil va har bayti bir oyatga mutazzamin va misrai bir hadisg’a muvofiqdurur”71. Abduljamil kotib buyuk mutaffakir ijodining o’z zamonidagi ilmiy tadqiqotchisi va o’tkir zehnli olim hisoblanadi.
Adabiyotshunos A. Hayitmetovning yozishicha, kotiblar ko’chirilayotgan asarning ishonchli, qadimiy nusxasini tanlashga, yoki manbaning asos-matnini yaratishga intilgan. Asarning dastlabki qo’lyozma nusxalari yo’qolib ketishidan xavfsirab, savodli kotiblar buyutmachilarning talabi bilan yig’ma-matnlarni tuzishga kirishgan.72
Toshbosma nusxa uchun asarni ko’chirayotgan xattot ham ishiga o’z davrining ma’rifatparvar kishisi sifatida yondashgan. Adabiyotshunos A. Erkinov ta’kilaganidek, toshbosma nashr uchun matn tayyorlashda xattot qo’lyozmalarni ma’lum darajada o’rganib, ularning ishonchlilari asosida toshbosma uchun matn tayyorlagan va muayyan matnshunoslik faoliyatini olib borgan.73
O’zbek matnshunosligi rivojlanishning ilk bosqichidagi muhim tomonlardan biri, toshbosma nusxa uchun asarni ko’chirayotgan kotiblarning ko’pchiligi filologik bilimga ega savodli, ilmli kishilar edi. A. Murodov mashhur Shohmurod kotib shogirdlaridan Husniddinxon haqida so’z yuritarkan, uni “Sharq adabiyoti tarixi va nazariyasi bo’yicha olim hamda arab, fors tillariga tarjimon edi”74, – deb yozadi. Filologik bilimga ega, savodli, ilmli kotiblargina asar matnining mukammal bo’lishiga harakat qilishgan.
Yana toshbosma nusxa kotiblarining ko’pchiligi shoir, tarjimon ham bo’lishgan. Masalan, Almaiy Qori Fazlulloh Mirjalol o’g’li XIX asrning ikkinchi yarmiga mansub bo’lgan mashhur shoir va xushnavislardan hisoblanadi. O’zbek tilidagi tarjimalar orasida eng mashhurlaridan biri “Kalila va Dimna”ning Almaiy tarjimasi bo’lib, toshbosmada bir necha bor nashr etilgan va xalqimiz orasida mashhur bo’lgan. “Kalila va Dimna”ning o’zbek tiliga qilingan keyingi tarjimasida qahramonlar hamda personajlar, mamlakat, shahar va qushlar nomi ham turli tarjimalarda turlicha bo’lganligidan ko’proq Almaiy tarjimasiga tayanilgan.75
Shu bilan birga, qo’lyozmalarning har xil saviyadagi kotiblar tomonidan ko’chirilishi, ayrim xattotlarning e’tiborsizligi, ba’zi kotiblarning baytlarni o’qiy olmasligi yoki ba’zi baytlarni ataylab tushirib yoki o’zgartirib yozilishi natijasida asar muallif tahriridan uzoqlasha borgan. Bu hol qo’lyozmalar qancha ko’chirilsa shuncha ortib borgan.
Toshbosma nusxalar tayyorlanishida kotibning matn mazmunini qay daraja tushunishi, muallif g’oyasini idrok etishi muhimdir. Jumladan, 1323G’1905 yili Toshkentda Portsev matbaasida tayyorlangan “Xamsa” asari toshbosma nashri matni Abdummanof Hoji tomonidan ko’chirilgan. A. Murodovning bergan ma’lumotlariga ko’ra bu kotibning asli to’la ismi Abdumannof Abdulvahhob o’g’li bo’lib, xalq o’rtasida Qori Abdumannof, Abdumannof Hoji nomlari bilan ham mashhur bo’lgan. Toshbosma uchun ko’chirib bergan qo’lyozmalariga ham Qori Abdumannof yoki Abdumannof Hoji deb imzo qo’ygan. Qori Abdulmannof Toshkentning Hofiz Ko’yki mahallasida yashagan. U Buxoroda ta’lim olgan. So’ngra Toshkentda mashhur xattot Abdulhaq Kotib Alim o’g’li(1808 –1886)ga shogird tushib xattotlik san’atini o’rgangan va tez yozuvchi xattotlardan bo’lib tanilgan. Qori Abdulmannof 1945 yili 65 yoshida poezd ostida qolib halok bo’lgan. Kotibning arab va fors tillarida ko’chirgan qo’lyozmalari saqlanib qolgan.76
Alisher Navoiy asarlarini kitobat qilgan kotiblar xususida adabiyotshunos Sh. Sirojiddinov quyidagi fikrlarni bildiradi: “Xattot va kotiblar Navoiy asarlarini ko’chirishda, bir tomondan, xattotlik mahoratini orttirsalar, ikkinchi tomondan, ko’chirish jarayonida Navoiy so’zi qudratining naqadar kuchli ekanligiga imon keltira boshlaganlar va maftunkor she’riyat sehri ularni batamom o’z og’ushiga olgan. Ko’pchilik xattotlar Navoiyning biror-bir asarini ko’chirib bo’lishgach, o’sha asar ruhi ta’siridan chiqolmay, o’z taassurotlarini kitob oxirida qayd etib ketishgan”77.
Do'stlaringiz bilan baham: |