«Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida» gi Qonunda vakillik organlariga 21 yoshga to‘lgan fuqarolar saylanadi. Saylovlar ko‘ppartiyaviylik, muqobillik asosida o‘tadi. Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga 60 tadan ko‘p bo‘lmagan, tuman va shahar Kengashlariga esa 30 tadan ko‘p bo‘lmagan deputatlar 5 yil muddatga saylanadi.
Ijroiya hokimiyatiga – hokim va uning ijroiya apparati qiradi. Hokim tegishli hududda oliy mansabdor shaxs hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 101 – moddasiga ko‘ra hokimlarning vakolat muddati – besh yil. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 102 – moddasiga ko‘ra,«Vakillik va ijroiya hokimiyatini tegishliligiga qarab viloyat, tuman va shahar hokimlari boshqaradi.
Viloyat va Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonunga muvofiq tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi.
Tuman va shaharlarning hokimlari tegishli viloyat hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
SHaharlardagi tumanlarning hokimlari tegishli shahar hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda xalq deputatlari shahar Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Tumanlarga bo‘ysunadigan shaharlarning hokimlari tuman hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tasdiqlanadi».
Vakillik organlari tuzilmaydigan shahar tarkibidagi tumanlarda va tumanga bo‘ysunuvchi shaharlarda ham hokimiyatlar ta’sis etildi, ularning apparati — hokimiyat tashkil etildi. Viloyat hokimlari va Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Prezidentining shu joylardagi vakili hisoblanadi. Toshkent shahar tumanlari hokimlari esa Toshkent shahar hokimining vakillari hisoblanadi.
Mahalliy davlat hokimiyat organlarining faoliyati murakkab tuzilishga ega bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonun va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Bu organlar sud hokimiyati organlari, prokuratura, nazorati inspeksiyasi, ichki ishlar organlari, adliya singari huquqni muhofaza qilish organlari bilan o‘zaro hamkorlikda ish olib boradi.
Mazkur davlat organlarini ikki toifaga bo‘lish mumkin:
1) mahalliy davlat hokimiyati organlariga bo‘ysunuvchi organlar: ichki ishlar, nazorat inspeksiyasi va adliya organlari.
2) mahalliy davlat hokimiyati organlariga bo‘ysunmaydigan sud, prokuratura organlari.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari bu sohada o‘z vakolatlarini amalga oshirish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan bir xil munosabatda faoliyat ko‘rsatishi bilan birga ularning ishlarini muvofiklashtirib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |