ZAMONAVIY SHAROITDA MAHALLIY BUDJETLARNING RIVOJLANISH STRATEGIYASI VA BUDJET SIYOSATI
Byudjet siyosati mamlakat taraqqiyoti, aholi turmush darajasini oshirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun uni rejalashtirishda hech qaysi sohani nazardan chetda qoldirib bo‘lmaydi.
Joriy yilga mo‘ljallangan davlat byudjeti siyosatining asosiy yo‘nalishlari nimalardan iborat? Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Farhod Umarov shu va boshqa savollarimizga javob berdi.
— Avvalo, davlat byudjeti nima, degan savolga javob berishimiz kerak, deb o‘ylayman. Byudjet davlat oldidagi vazifalarni moliyaviy ta’minlash maqsadida pul mablag‘larining jamg‘arilishi va sarf qilinishidir. Byudjet siyosati esa mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlik, byudjet tizimidagi muvozanatni saqlagan holda, davlat tasarrufidagi mablag‘larni kelgusida uning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish maqsadida o‘ta samaradorlik bilan ishlatish, demakdir.
2017 yilgi soliq va byudjet siyosati aholining turmush farovonligini oshirishga yo‘naltirilgan. Bunday yondashuv mamlakatimizda amalga oshirib kelinayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatga har tomonlama muvofiqdir.
Bu yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari makroiqtisodiy muvozanatni va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Xususan, yalpi ichki mahsulotning 7,8 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 6,9 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 6,2 foizga, kapital qo‘yilmalar hajmi esa 9,6 foizga o‘sishi taxmin qilinmoqda.
Iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan xarajatlar yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,2 foiz miqdorida bo‘lishi kutilmoqda. Shu tariqa bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga nisbatan 19,5 foizga oshadi.
Davlat byudjetida asosiy e’tibor ijtimoiy sohani rivojlantirishga, ya’ni ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholini maqsadli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ish xaqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar hamda boshqa birinchi darajali to‘lovlarni o‘z vaqtida moliyalashtirishga yo‘naltirilgan. Bu, o‘z navbatida, aholi real daromadlarining o‘sishi, turmush darajasi va xarid qobiliyatining yanada oshishiga xizmat qiladi.
— Bugun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida davlat byudjetini rejalashtirishda soliq siyosatiga alohida e’tibor qaratiladi. Iqtisodiyot barqarorligi va raqobatbardoshligini oshirishda bu masala muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda joriy yilda soliq siyosatida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
— Mamlakatimizning asosiy moliyaviy hujjatida chuqur tarkibiy islohotlarga, muhandislik, yo‘l-transport hamda ijtimoiy infrastrukturani rivojlantirishga, shuningdek, mintaqalarning daromad bazasini oshirish orqali byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa hududlarda infratuzilma yanada taraqqiy etishini, yo‘llarning yaxshilanishi hamda tuman va shaharlarning iqtisodiy salohiyati yuksalishini ko‘rsatib turibdi.
Soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari iqtisodiyotga tushadigan soliq yukini yalpi ichki mahsulotga nisbatan joriy yildagi 20,2 foizdan 18,9 foizga kamaytirishni, soliq ma’murchiligining shaffofligini ta’minlash orqali uni yaxshilashni, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Soliq tizimining barqarorligini ta’minlash maqsadida asosiy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning (foyda solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, yagona soliq to‘lovi, qo‘shimcha qiymat solig‘i va jismoniy shaxslarning daromad solig‘i, yagona ijtimoiy to‘lov) stavkalarini saqlab qolish belgilangan.
— Ma’lumki, har yili mamlakatimizda Davlat byudjeti xarajatlarining katta qismi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilyapti. Bu yil ushbu masalaga qanday yondashish ko‘zda tutilmoqda?
— Ushbu masalani fraksiyamiz yig‘ilishida ham atroflicha muhokama qildik. Chunki bu partiyamiz dasturiy maqsadlari bilan bog‘liq prinsipial masaladir.
Aytish kerakki, Davlat byudjetida yildan-yilga ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablag‘larning ulushi oshirib borilmoqda. 2016 yilda bunday mablag‘lar byudjet xarajatlarining 59,2 foizini tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilda 59,7 foizgacha ko‘paytirilishi belgilangan.
Ta’lim muassasalarini joriy saqlash xarajatlari byudjetdan tashqari Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasi hamda Oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasi xarajatlarini hisobga olmaganda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 6,8 foizni tashkil etadi. Demak, mazkur sohaga ajratilayotgan salmoqli mablag‘lar ta’lim-tarbiya maskanlarida bilim olish sharoiti va imkoniyatlarini yaxshilash uchun keng yo‘l ochadi.
Davlat maqsadli jamg‘armalari, jumladan byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, Respublika yo‘l jamg‘armasi, Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi, Davlat mulkini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar jamg‘armasi hamda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armalarining daromadlari aniq hisob-kitoblarga asosan yetarli manba bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, Davlat byudjetida belgilangan asosiy ko‘rsatkichlar mamlakatimizda inson omili va aholini ijtimoiy himoyalash masalalariga e’tibor yil sayin ortayotganidan dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |