KITOB – FARZAND TARBIYASIDAGI ENG MUHIM OMIL
Maqsuda Boltayeva
Toshkent shahar Uchtepa tumani 283-maktab boshlang’ich sinf o’qituvchisi
Kitob inson ma’naviyati va dunyoqarashini yuksaltiruvchi muhim manba bo’lib xizmat qiladi.Kitob o’qigan inson mulohazali,bilimli bo’lib,yuksak ma’naviy dunyosi bilan boshqalardan ajralib turadi.Kitob shunday katta kuchg-qudratga egaki,u insonni va hatto uning taqdirini ham o’zgartirib yubora oladi.
Aksincha,bu xazinadan bahra olmagan inson johillikka yuz tutadi.U har qanday tubanlikka qo’l urishi, insoniylikni,vijdonini arzimagan narsaga sotib yuborishi mumkin.Qaysi jamiyatda kitobxonlik keng ommalashgan bo’lsa,o’qimishli insonlar shunchalik ko’p bo’lib,umuminsoniy qadriyatlar barqaror turmush tarziga aylanib qoladi.
Shunday ekan, jamiyatimizda kitobxonlikni oshirish borasida juda ko’p ishlar amalga oshirilmoqda.Yurtimizda yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.Chunki millatimiz sha’nini, milliy g’ururimizni yuksaltiruvchi kuch bu - yoshlar.
Shuning uchun kitobxonlik madaniyatini aynan o’quvchilarda boshlang’ich sinfdanoq shakllantirishning ahamiyati juda katta.Bu borada quyidagi tavsiyalarni belgilab o’tamiz:
---Ma’lumki, boshlang’ich sinflar o’qish predmetida sinfdan tashqari o’qish darslariga juda ko’p soatlar ajratilgan.Aynan mana shu soatlarni unumli tashkil etish maqsadida o’quvchi yoshiga mos kitoblarni tanlab olish talab etiladi. Tanlangan kichik hajmli asar bola dunyoqarashini boyitishga turtki bo’lishi bilan birgalikda, qiziqarli va tushunarli bo’lishi ham lozim.Bunda voqealar rivoji eng qiziqarli nuqtaga yetganda asar yechimini uyda o’qib kelish o’quvchilarga topshiriq qilib beriladi.Darsda qiziq hikoyani tinglagan bola voqea nima bilan yakun topishiga albatta qiziqadi .Izlanadi,matnni topib o’qishga harakat qiladi.Asta – sekinlik bilan bolada mustaqil o’qishga qiziqish va intilish paydo bo’lib boradi.
---Sinf o’quvchilari orasida tez-tez kitobxonlik bellashuvlari uyushtirib turish ham kitobxonlik madaniyatini oshirishda yaxshi samara beradi.Bunda o’qituvchi ikki-uch oy oldin sinf o’quvchilariga o’qilishi lozim bo’lgan adabiyotlar ro’yxati va bellashuv shartlarini e’lon qiladi..O’quvchilar belgilangan vaqt oralig’ida ota-onasi bilan birgalikda tavsiya etilgan kitoblarni xarid qiladi yoki maktab kutubxonasidan oladi.Bellashuv shartlari asosida tayyorlanadi.Masalan:asar muallifi haqida ma’lumotga ega bo’ladi,kitobni qiziqish bilan o’qiydi. Asar mazmuniga mos rasmlar chizadi. Voqealar rivojini ma’lum vaqt orasida so’zlab, xulosa chiqarishga harakat qiladi.Chiqarilgan xulosani bugungi kun bilan bog’laydi,o’z maqsadi va pozitsiyasini belgilaydi.Xuddi shu yozuvchining yana boshqa asarlarini o’qishdek ulkan ishtiyoqni tuyadi.
45
Bellashuv so’ngida o’qituvchi o’quvchilarni taqdirlaydi.Yaxshi natijaga erishganlarni e’tirof etadi.O’z navbatida keyingi bellashuv sanasini va o’qilishi lozim bo’lgan yangi adabiyotlar ro’yxatini e’lon qiladi.Ro’yxatdagi asarlar qaysi tur va janrga mansubligidan qat’iy nazar uning mohiyati inson shaxsining kamol toptirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini o’stirish,odamiylik sifatlarini tarbiyalashga yo’naltirilgan bir qator didaktik talablarga javob berishi talab etiladi.
Xulosa shuki, maqsad bolalarning kitobni ommaviy ravishda sevib o’qilishiga erishish ekan,o’qituvchi bu yo’lda bor imkoniyatlarini va mahoratini ishga solishi talab etiladi.Zero,kitob insonning eng yaqin do’sti va maslahatchisi,ruhimiz ozuqasi,u bilan do’stlashish nafaqat o’quvchilarimizni yuksaltiradi, balki ularga jahonni tanitadi, ezgulikka yetaklaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |