Mimas va Enselad nomini berdi.
Gershel Uranni kashf qilganidan keyin, astronomlar xuddi och bo‘rilar galasidek,
teleskoplarga tashlanib, osmonni kuzata boshlashdi. Ularning hammasi biror yangi sayyorani
kashf etib mashhur bo‘lib ketish va nomini tarixda qoldirish ilinjida edilar. Ularning qidiruv
maydoni ham ancha ulkan sarhadni – Mars va Yupiter sayyoralari oralig‘ini o‘z ichiga olgan
edi. Keyingi avlod astronomlari orasida birinchi bo‘lib, italyan astronomi Juzeppe Piatssining
omadi chopdi. U 1801-yilning 1-yanvar tunida Palermodagi rasadxonadan turib yangi osmon
jismni kashf etdi.
Garchi Piatssi o‘zi ruhoniy bo‘lgan bo‘lsa-da, biroq, osmon jismlariga mifologik
qahramonlar nomini berish an’anasini buzmadi va o‘zi kashf qilgan osmon jismiga Ceres deb
nom berdi. Biz Serera nomi bilan yaxshi taniydigan ushbu mitti sayyoraning nomi, Piatssining
vatani va hozirda Italiyaga qarashli Sitsiliya orolining homiysi sanalgan ma’budaning ismidir.
Afsonalarga ko‘ra, Serera Yupiterning singlisi bo‘lib, qadimgi Rim aholisi uni hosildorlik
ma’budasi sifatida ulug‘lagan. Shu tarzda, Quyosh tizimida nomi ayol ismi bilan bog‘liq
bo‘lgan ikkinchi sayyora paydo bo‘ldi (yodingizda bo‘lsa, birinchisi Venera edi). Serera juda
kichik sayyora bo‘lib chiqdi. Uning diametri taxminan 900 km ni tashkil qiladi xolos. Lekin
tez orada shu narsa ma’lum bo‘ldiki, Mars va Yupiter oralig‘ida bunday kichik sayyoralar juda-
35
juda ko‘p ekan. Keyingi yuz yillik davomida ushbu fazo sarhadlaridan yana shunday o‘nlab
mitti osmon jismlari kashf etildi va ularning hammasiga ayol qahramonlar ismlari berildi.
Xususan, Serera kashf qilingandan keyingi olti yil ichida yana uchta shunday mitti
osmon jismi kashf qilingan bo‘lib, ularning ikkitasiga Sereraning (demak Yupiterning ham)
singillarining nomlari, ya'ni, Yunona, Pallada va Vesta nomlari berilgan. Yunona shuningdek
Yupiterning xotini ham bo‘lgan. Uchinchi mitti sayyoraga esa Pallada nomi berilgan. Pallada
Zevsning qizi Afinaning yana bir ismi bo‘lib, ya'ni u Sereraning jiyani bo‘lgan. O‘sha o‘n yillik
ichida kashf etilgan ikkita kimyoviy elementlarga mazkur mitti sayyoralarning nomlaridan
kelib chiqib, mos ravishda seriy (Ce) va palladiy (Pa) nomlari berilgan.
1843-yilga kelib astronomlar Uran sayyorasining harakatidagi anomaliyalarni payqab
qolishdi va unga hozircha noma’lum bo‘lgan yana bir katta sayyoraning tortish kuchi ta’sir
qilayotganini fahmlashdi. Farang astronomi Urban Leverye va ingliz astronomi Jon Kuch
Adamslar o‘sha noma’lum sayyoraning orbitasini hisoblab chiqishdi va mazkur sayyorani
osmonning qaysi qismidan qidirish kerakligini ham aytib berishdi. Vanihoyat, 1846 yil 23-
sentyabr sanasida olmon astronomi Iogann Galle o‘zining Berlindagi rasadxonasidan turib,
qidirilayotgan yangi sayyorani Leverye taxmin qilgan joydan atiga 1° farq bilan aniq ko‘rindi.
Bu safar, Quyosh tizimidagi navbatdagi sayyora teleskop bilan emas, balki, matematik hisob-
kitoblar orqali, «qalam uchida» kashf etilgandi.
Endilikda, yangi kashf etilgan, tartib bo‘yicha 8-sayyoraga nom qo‘yish masalasi
o‘rtaga chiqdi. Biroq, Iogann Bode taklif qilgan konsepsiya, ya'ni, sayyoralarning «samoviy
oila» tashkil qilishi kerakligi haqidagi fikr bu o‘rinda ish bermasdi. Chunki, Yupiterning otasi
Saturn, Saturnning otasi esa Uran bo‘lgani bilan, afsonalarda Uranning otasi mavjud emasdi
va shu sababli, uning orbitasi tashqarisidagi sayyoraga bu mantiq asosida nom berishning iloji
yo‘q edi (yunon va Rim afsonalarida Uran o‘zi paydo bo‘lgan deb ishonishgan). Bu safar ham
yangi sayyorani uning kashfiyotchisi nomi bilan atash taklifi uzoqqa bormadi. Astronomlar
uzoq muhokamalardan so‘ng, mazkur sayyorani Neptun deb atashga qaror qilishdi.
Afsonalarga ko‘ra, Neptun – yunonlarning Poseydon ma’budining rimliklar talqinidagi
«hamkasbi», ya'ni, dengiz ma’budi sanaladi. Ushbu sayyorani Iogann Gallening o‘zi «Yanus»
deb atamoqchi bo‘lgan. Angliyada esa, dastlabki paytlarda u «Okean» deb ham nomlangan.
Lekin, vaqt o‘tishi bilan bu nomlar asta-sekin unutildi va Neptun nomi mustahkam o‘rnashib
qoldi. 1940 yilda kimyo fanida ham yangi bir element ochilgan edi. Kimyogarlar o‘zlari kashf
qilgan yangi elementni Neptun sayyorasi sharafiga neptuniy (Np) deb nomlashgan.
Shuni ham qayd etib o‘tish kerakki, 1877-yilda, o‘limi oldidan Urban Leverye o‘zining
yana bir sayyorani kashf etganiga ishonch bilan olamdan o‘tgan. Sababi u Uranning orbital
anomaliyalari asosida Neptunni kashf etganidan shu darajada ilhomlanib ketgan ediki, natijada
u Merkuriyning ham orbital anomaliyalariga yana bir noma’lum sayyora sabab bo‘lsa kerak
deb o‘ylagan. Uning taxminicha, Merkuriy va Quyosh orasida yana bir sayyora bo‘lib, u juda
kichik bo‘lgani uchun avval odamlarga ko‘rinmagan. Lekin uning tortish kuchi Merkuriyning
orbitasida og‘ishlarga sabab bo‘lmoqda edi. Leverye Merkuriy orbitasi anomaliyalari asosida
o‘sha, noma’lum sayyoraning orbitasini hisoblab chiqdi (unga ko‘ra, o‘sha sayyora Quyosh
atrofini 19 Yer sutkasida aylanib chiqadi) va unga avvaldan nom ham o‘ylab qo‘ydi. Olimning
fikricha, noma’lum sayyora kashf etilgach, qadimgi yunonlarning temirchilik ma’budi Vulqon
nomini olish kerak edi. Biroq, bu sayyorani hech kim topa olmadi. Chunki u aslida ham yo‘q.
Merkuriyning anomaliyalari esa, aslida nisbiylik nazariyasi orqali tushuntiriladigan, zamon va
36
makon egrilanishiga oid fizik hodisa bo‘lib, bu g‘alati og‘ishlar haqida 1916-yilda Albert
Eynshteyn to‘liq ilmiy tushuntirish bergan.
Neptun kashf etilgach, ingliz astronomi Uilyam Lassel mazkur sayyorani sinchiklab
kuzata boshladi. Tez orada Lassel Neptunning eng katta tabiiy yo‘ldoshini kashf qildi va unga
Do'stlaringiz bilan baham: |