40-§ Seysmik hodisa
Turli sabablarga ko’ra Yer po’stlog’ining silkinishi zilzila deb ataladi. Yer
yuzasida zilzila natijasida sodir bo’ladigan o’zgarishlar yig’indisi seysmik
hodisalar deb ataladi. Seysmik hodisalar ko’p bo’lib turadigan joylar seysmik
hududlar hisoblanadi. Har yili O’rta Osiyo mintaqalarida mingtagacha yer
qimirlashi ro’yxatga olinadi. Lekin ular orasida falokatli yer qimirlashlar juda kam
bo’ladi. Zilzilalarni hosil bo’lish sabablariga ko’ra 3 guruhga bo’ladilar.
Birinchi guruhga tog’ yonbag’irlaridagi katta qulashlardan, o’pirilishdan
yoki karst bo’shliqlarining ustki qismi qulab tushishidan hosil bo’ladigan yer
qobig’ining tebranishlari tushuniladi. Bunday zilzilalar o’pirilish zilzilalari deb
ataladi.
148-rasm. O’pirilish zilzilasi
Ikkinchi guruhga vulqon yer qimirlashlari kiradi.
350
149-rasm. Vulqon natijasida hosil bo’lgan zilzila
Uchinchi guruhga tog’ paydo bo’lish jarayonida vujudga keladigan tektonik
harakatlar natijasida sodir bo’ladigan yer qimirlashlari kiradi.
150-rasm. Tektonik zilzila
Birinchi guruhga kiradigan zilzilalar tog’ yonbag’irlarining surilishi, qulashi
va o’pirilishi hodisalari natijasida vujudga keladi. Bunday zilzilalarning tarqalish
doirasi juda oz bo’lib, lekin ba’zan juda ko’p narsani xarob qilishi mumkin.
Vulqon yer qimirlashlari vulqonlari bor hududlarda bo’ladi. Bu yer
qimirlashlari vulqon otilib chiqishidan oldin yoki vulqon otilishi bilan bir vaqtda
o’tadi. Ular Kamchatka yarimorolida, Gavay, Kuril orollarida, Italiya va Yaponiya,
Yangi Zelandiya mintaqalarida bo’lib o’tgan. Bunday yer qimirlash Yer qobig’idan
yuqoriga ko’tarilayotgan magma tog’ jinsi qatlamlarini siljitib yuborishidan hosil
bo’ladi.
Tektonik zilzilalar Yer sharida eng ko’p bo’ladigan (har yili yuz minglab) va
ko’pincha talofotli yer qimirlashlardir.
351
Tektonik zilzilalarning hosil bo’lish sabablari xilma xil bo’lib, olimlar ularni
hozirgacha turlicha talqin qiladilar. Bular Yer qobig’ida turli energiya ta’sirida
yig’ilgan kuchlanishlar natijasida qatlamlarning burmalanish, siqilish, egilishi,
uzilish jarayoni bilan bog’liq bo’lgan yer qimirlashlaridir. Tektonik zilzilalar
gohida juda kuchli bo’lib, oqibatda juda ko’p talofotlar yuz beradi.
151-rasm. Tektonik zilzilaning muhandislik inshootlariga ta’siri
Tektonik zilzilalar natijasida inshootlar, yo’llar, qishloq va shaharlar vayron
bo’lib, minglab odamlar halok bo’ladi, boshpanasiz qoladi. Bunday zilzilalarga
1923 yilda bo’lgan Yaponiyadagi zilzilani misol qilish mumkin. Uning natijasida
Tokio va Iokagamu shaharlari butunlay vayron bo’lgan. Shuningdek ,1943 yildagi
Ashxobod zilzilasi, 1966 yildagi Toshkent, 1976-1981 yillardagi Gazli, 1988 yilda
Armaniston, 1989 yildagi Xisorda bo’lgan zilzilalar shular jumlasiga kiradi.
Bunday kuchli zilzilalar oqibatida yer yuzida kengligi bir necha o’nlab metr,
uzunligi bir necha yuz kilometr bo’lgan darzliklar hosil bo’ladi.
Tektonik zilzilalar yosh tog’ tizmalari bo’lgan viloyatlarda ko’proq ro’y
beradi. Shuni aytib o’tish kerakki, kuchli zilzilalarning mintaqalari tektonik
yoriqlar chizig’i bilan mos keladi.
Zilzila paytida Yer po’stlog’ining ichkarisida (seysmik) tebranma to’lqinlar
hosil bo’ladi. To’lqinlarning tarqalish markazi zilzila o’chog’i yoki gipotsentr deb
ataladi. Gipotsentrning ustida joylashgan yer yuzasidagi joylar epitsentr deb
ataladi.
352
O’rta Osiyoning ko’pgina hududlarida o’tgazilgan seysmologik kuzatishlar
shuni ko’rsatdiki, bu joylarda ro’y bergan ko’p zilzilalarning gipotsentri 5-15 km
chuqurlikda, undan kamroqlari 20-30 km va oz miqdorlarigina 30-50
kmchuqurlikda joylashgan. Faqatgina ba’zi hollarda zilzila o’chog’i yer yuzasidan
50-70 km chuqurlikda kuzatilgan. Bu esa tektonik harakatlarning juda katta
chuqurlikda ham ro’y berishini tasdiqlaydi.
Tektonik harakatlar natijasida gipotsentrlarda kuchli silkinishlar bo’ladi,
bular Yer qobig’i bo’ylab tarqaladigan to’lqinsimon tebranma harakatlarni vujudga
keltiradi. Bu seysmik to’lqinlar seysmograf asbobi yordamida aniqlanadi.
Seysmik to’lqinlar 3 turga bo’linadi:
1.
Bo’ylama to’lqinlar – tebranish va siqilish natijasida paydo bo’lgan
tebranish;
2.
Ko’ndalang to’lqinlar – ko’ndalang tebranish va aylanma tebranishdan hosil
bo’ladi;
3.
Yuza to’lqinlar.
Bo’ylama tebranish natijasida hosil bo’lgan seymik to’lqinlar juda katta
tezlikka ega bo’ladi. Shu sababli ular seysmografga tezroq yetib keladi. Bo’ylama
to’lqinlar tog’ jinslarining qavatlari bo’ylab tarqalib, ularning siqilishiga va
chizilishiga sabab bo’ladi. Bu to’lqinlarning tezligi joyning geologik tuzilishiga,
tog’ jinslarining qatlam-qatlamligiga, zichligiga va yer osti suvlari bo’lgan
qavatlarning oz-ko’pligiga bog’liq. Masalan, granit kabi tog’ jinslarida bo’ylama
to’lqinlarning tezligi 5000-7000 m/sek, ohaktoshda 2000-5000 m/sek, gillda 1400-
2000 m/sek, qumda 500-1100 m/sek, suvda 1500 m/sek, havoda 330 m/sek.
Zichligi katta bo’lgan tog’ jinslarida seysmik to’lqinlar bir tekis tarqaladi va uzoq
masofalarga boradi. G’ovaklari katta bo’lgan gruntlar qatlamlarida esa to’lqinlar
sekin tarqaladi.
Ko’ndalang tebranishlar harakat tezligi bo’ylama to’lqinlarga nisbatan 1.7
marta kam bo’lgan ko’ndalang to’lqinlarning kelib chiqishiga sabab bo’ladi.
Ko’ndalang to’lqin ta’sirida tog’ jinsi qatlamlari to’xtovsiz siljiydi.
353
Zilzila epitsentrida gipotsentrdan kelayotgan silkinishlardan yuza to’lqinlar
paydo bo’ladi. Bu to’lqinlar epitsentrdan har tomonga gorizontal yo’nalishda
tarqaladi. Yuza to’lqinlarning tarqalish tezligi bo’ylama to’lqinlarga nisbatan
kichikdir, lekin bu to’lqinlar inshootlarni gorizontal holda tebratib, ularning
buzilishiga olib keladi. Yuza to’lqinlarning tarqalish tezligi yer yuzasining
tuzilishiga va tog’ jinslarining namligiga bog’liq.
Tektonik zilzilalar okean va dengiz tublarida ham sodir bo’ladi, ularni dengiz
yer qimirlashi deb ataladi. Dengiz yer qimirlashlari natijasida balandligi bir necha
o’n metr bo’lgan to’lqinlar hosil bo’ladi. Bu to’lqinlar hosil bo’lish markazidan
okean bo’ylab yuz va mingdan ko’p km/soat tezlikda tarqaladi. Bu hodisa
“sunami” deb ataladi. Shunday qilib, seysmik hodisalarning hosil bo’lish shakli
turlichadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |