Elin etti, tuzdi, boyudi budun,
Bo’ri qo’y bila suvladi ul o’dun.
(Elida tartib o’rnatdi, uni tuzdi, xalq boyidi, u davrda bo’ri qo’y bilan birga suv ichdi).
O’gdulmish va O’zgurmishlar ham xuddi shunday kishilardir. O’gdulmish otasi Oyto’ldining ishi va faoliyatini davom ettiradi. O’zg’urmish, garchi saroyning biror rasmiy lavozimini qabul qilmasa ham, o’giti va maslahatlari bilan davlat ishlariga yordam beradi. Shoir o’z fikr-mulohazalarini ko’proq O’zg’urmish tili bilan ifodalaydi. O’zg’urmish bek va uning amaldorlarini yaxshilikka yo’llaydi, ularni kibr-havoga, mag’rurlikka berilmaslikka undaydi, beva-bechoraparvar bo’lishga chaqiradi.
Ijtimoiy tabaqalar haqida
«Qutadg’u bilig» XI asrdagi qoraxoniylar davrining ijtimoiy hayoti haqida keng ma’lumot beruvchi asardir. Unda Yusuf Xos Hojib shahar va qishloq xalqini, o’troq va ko’chmanchi aholini ijtimoiy tabaqalarga ajratadi, dehqonlar, hunarmandlar, chorvadorlar, savdogarlar, olimlar, elchilar, qo’shin boshliqlari, munajjimlar, tush ta’bir qiluvchilar, tabiblar va boshqalar haqida so’zlab, ularning jamiyat hayotidagi o’rni va roli hamda o’zaro aloqalarini bayon etadi, burch va vazifasi, yurish-turishi va xulq-atvori haqida o’git berdi, turli kasb-korlarga, xususan, dehqonchilik, hunarmandchilik va chorvachilikka doir juda boy so’z va terminlarni ishlatadi.
Yusuf Xos Hojib hunarmandlar haqida so’zlar ekan, ular «Juda zarur kishilardir... temirchi, tikuvchi, etikchi, suvchi, egarchi, toshchi, o’qchi, kamonchilarning foydasi katta. Ularni sanay berib so’zim uzayib ketdi... Bu dunyoga ular yaxshilik keltiradilar. Ular juda ko’p ajoyib narsalarni ishlaydilar»,-deydi. Chorvadorlarni esa shoir qimiz, sut, jun, suzma, pishloq kabi mahsulotlarni etishtirib beruvchi kishilar sifatida taqdirlaydi.
Modomiki, dehqonlar, hunarmandlar va chorvadorlar jamiyatning moddiy boyliklarini ishlab chiqarar ekanlar, albatta, hukmron doiralar ular bilan yaqinda aloqada bo’lishi, ularning mehnat faoliyatini qo’llab-quvvatlashi lozim. Hokim sinfning hayotiy manfaatlari ham shuni talab qiladi.
Yusuf Xos Hojibning hukmron tabaqalar oldiga qo’ygan qator talablari (o’qimishli bo’lish, ilm-fan ahllariga homiylik qilish, davlatning qonun-qoidalariga to’la amal qilish, halollik va boshqalar) hamda o’gitlari davlatni mustahkamlash, boshboshdoqlikka xotima berish, o’zaro feodal urushlarning oldini olish, xo’jalikni va madaniyatni rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega edi. Masalan, Yusuf Xos Hojib, garchi savdogarlarni ko’klarga ko’tarib maqtasa va ularni xudo tomonidan «tijoratga yaratilgan» kishilar deb ideallashtirsa ham, savdogarlar haqidagi mulohazalari iqtisodiy va madaniy aloqalarni rivojlantirishda, shubhasiz ijobiy ahamiyatga ega edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |