Xo’sh, prokuror nutqining o’ziga xos xususiyatlari nimadan iborat? Bu nutqda tilning imkoniyatlari sudlanuvchining haqiqatdan ham aybdor ekanligini asoslashga qaratilgan bo’ladi. Ya’ni mavjud ashyoviy dalillar bilan bab-baravar davlat ayblovchisining mantiqiy dalillari ham ishtirok etadi. Mantiqiy dalillar esa, shubhasiz, til vositasida shakllanadi. Demak, qonunbuzarlikka oid mavjud faktlar yoramida mantiqiy dalillarni shakllantirish o’z navbatida prokuror uchun notiqlik san’atini egallash zaruratini keltirib chiqaradi. Qonun va davlat himoyachisi bo’lgan prokuror nutqi o’ta rasmiy va jiddiyligi, ehtiroslardan holi ekanligi, sudlanuvchini ayblayotganda faqat faktlar va amaldagi qonunlar moddalariga tayanib shakllantirilganligi bilan sud jarayonidagi boshqa nutqlardan keskin farqlanadi.
Jamoatchi-qoralovchi nutqi. Sud jarayonida jamoatchi-qoralovchi ham ishtirok etishi mumkin. Uning nutqi ayblanuvchi yoki sudlanuvchi manfaatiga zid fikrlar bayon qilinishi bilan prokuror nutqiga o’xshab ketadi. Ammo ko’p jihatlari bilan ular bir-biridan farq ham qiladi.
Birinchidan, jamoatchi-qoralovchi hamma sud majlislarida ham ishtirok etavermaydi. Biron bir tashkilot yoki muassasa manfaatini himoya qilish zarur bo’lgandagina uning ishtirok etishiga ehtiyoj bo’lishi mumkin. Ikkinchidan, bu nutqlar bayon usuliga ko’ra farqlanadi. Prokuror nutqida ayblanuvchi sodir etgan huquqbuzarlik yoki jinoyatning har bir holati va keltirilgan dalillarga qonun nuqtai nazaridan, hatto bu qonunlarning tegishli moddalari ko’rsatilib munosabat bildiriladi va baho beriladi. Prokuror ayblanuvchi yoki sudlanuvchini avvaldan bilmasligi mumkin va bilishi ham shart emas. Mana shu jihatlar jamoatchi-qoralovchi nutqida boshqacharoq tarzda kechadi. U qonunni prokurorchalik bilmasligi mumkin va shuning uchun uning nutqida qonun moddalariga asoslanib xulosa chiqarishlar ko’zga tashlanmaydi. Buning ustiga u ayblanuvchi bilan bir jamoada ishlaydi va uning insoniy jihatlari bilan tanish bo’ladi. Ular bundan keyin ham birga ishlashni davom ettirishlari mumkin. Jamoatchi-qoralovchi masalaning ana shu jihatlarini hisobga olishga majbur bo’ladi.
Harqalay sudning adolatni hukm chiqarishi nuqtai nazaridan bu kabi nutq ham muhim. Ammo uning ma’lum tartib-qoidalarini ishlab chiqish va tavsiyalar berish amaliyot nuqtai nazaridan maqsadga muvofiq ko’rinmaydi. Chunki bu kabi nutqlarga, yuqorida ta’kidlanganidek, faqat ayrim holatlardagina ehtiyoj sezilishi mumkin. Umumiy madaniyat, savodxonlik nuqtai nazaridan esa bu nutq ham boshqa har qanday nutq oldiga qo’yiladigan talablarga javob berishi kerak. Bu ko’pincha jamoatchi-qoralovchining tilni bilishi, unga bo’lgan munosabati va savodxonlik darajasi bilan bog’liq bo’ladi.
Himoya nutqi. Sud jarayonida shakllanadigan eng muhim nutqlardan biri advokatning himoya nutqi hisoblanadi. Chunki bu nutq sud jarayonida taqdiri sud hukmiga bog’liq bo’lib turgan, qanday jinoyatni sodir etganligi yoki qonunni buzganligidan qat’iy nazar, sudlanayotgan kishini insonparvarlik tamoyillariga ko’ra himoya qiladi. Sudlanuvchi o’z qilmishiga yarasha qanday jazo olishiga qaramasdan, himoya nutqi uning hayotida katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’lishi mumkin. Bunday nutqning nafaqat sud jarayonida, balki ijtimoiy hayotda ham kishilarga ta’siri bo’lganligini ta’kidlash joiz. Shuning uchun ham bu nutqning axloqiy va ruhiy jihatlariga e’tiborsizlik bilan qarab bo’lmaydi.
Himoyachi uchun vaziyatning murakkabligi va noqulayligi shundaki, u sud jarayonida biron bir jinoyatni sodir etgan yoki aybdor deb topilgan kishining manfaatini himoya qiladi. Mutlaqo gunohsiz odamni himoya qilish holatlari sud tajribasida kam-kam uchrashi mumkin bo’lgan hodisadir. Shuning uchun ham uning nutq ohangida talabdan ko’ra iltimos ohangi ustun bo’ladi. Aybdor deb topilgan kishining ayblari qanchalik kam va tergov jarayonida prosessual qonunlar qanchalik ko’p buzilgan bo’lsa, iltimos ohangi talab ohangiga qarab o’sib boraveradi. Binobarin, bu holat advokat nutqining shakllanishiga, ayni paytda masalaning sudlanuvchi va advokat foydasiga hal bo’lishiga ijobiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Masalaning yana murakkabligi shundaki, advokatning sud jarayonida prokuror bilan – davlat va qonun nomidan ish ko’rayotgan mansabdor shaxs bilan bahslashishiga to’g’ri keladi. Prokurorning har bir daliliga qarshi qo’yiladigan asosli dalillarni keltirish advokat uchun oson emas, albatta. Ammo u ish manfaati nuqtai nazaridan shunday qilishga majbur. Bu esa oqlovchidan tinimsiz izlanish, chuqur bilim va jarayon davomidagi katta notiqlik mahoratini talab qiladi.
Lekin advokat nutqining afzallik tomoni shundaki, u nutq jarayonida tilning tasviriy imkoniyatlaridan unumli foydalanish, sud jarayoni ishtirokchilarining hissiyotiga ta’sir qilish imkoniyatiga ega. Ya’ni u sodir etilgan jinoyatga beriladigan jazo va uning oqibatlari qanday ma’naviy-ruhiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkinligiga e’tiborni qaratadi. Masalan qadimgi Rimning buyuk notig’i Siseron aybdorni himoya qilib ijro etgan bir nutqining oxirida so’zini bexosdan to’xtatib, xuddi artist kabi rolga kirib, gunohkorning bolasini baland ko’targan holda yig’lamsirab, xo’rsinib-xo’rsinib, sud hay’atidan bolaga va uning otasiga rahmi kelishlarini yalinib so’raganligi tarixdan ma’lum1. Unga qarama-qarshi bo’lgan prokuror nutqi esa, yuqorida ta’kidlaganimizdek, odatda har qanday ehtiroslardan holi bo’ladi va unda fikr-mulohazalar faqat davlat va qonun manfaatini himoya qiluvchi vosita bo’lib hisoblanadi.
Sud jarayonida bo’ladigan munozaralar muhim bir narsaga – adolatni qaror toptirishga qaratilgan bo’ladi. Advokat ham ana shu jarayonning faol ishtirokchisi hisoblanadi. Sud jarayonida oddiy insonlar tilida qoralovchi va oqlovchi deb nomlanadigan tomonlar o’rtasida, garchi har ikkala tomon ham qonunga binoan ish ko’rsalar-da, davlat va sudlanuvchi o’rtasida manfaat nuqtai nazaridan ma’lum ziddiyatlar mavjud bo’ladi. Shunday bo’lishiga qaramasdan, bu munozaralar va tortishuvlar halol bo’lishi, qonun ustuvorligi ta’minlanishi lozim. Bu bahsda yengib chiqish advokatdan ozmuncha mehnat talab qilmaydi. Birgina qonunni yaxshi bilishning o’zi yetarli bo’lib qolmaydi. Ana shu qonunlar, o’z bilimi va tajribasiga tayangan holda sud jamoasiga ta’sir o’tkaza bilishi, ularda ayblovga nisbatan shubha uyg’ota olishi lozim. Bu esa advokatdan notiqlik mahoratini puxta egallash zaruriyatini o’z-o’zidan keltirib chiqaradi.
Sud jarayonidagi ayblanuvchining tomonida turib ijro etiladigan nutq himoya nutqi, advokat nutqi, hatto so’zlashuv uslubida himoyachi nutqi, oqlovchi nutqi deb yuritiladi. Qanday nomlanishidan qat’iy nazar, ular bir xil mazmunga ega va ular ayblanuvchining manfaatini aks ettiradi va advokat – himoyachining sud jarayonidagi o’rnini belgilaydi.
Bir narsani ta’kidlash adolatdan bo’lar ediki, shu paytga qadar sud jarayonida advokatlarning mavqyei sezilarli darajada bo’lganligi kam kuzatilgan. Shundan kelib chiqib, ularning nutqiga ham e’tibor kam bo’lgan. Ammo mustaqillikdan keyingi davlatchiligimizda qonun ustuvorligi ta’minlangandan so’ng sud sohasida islohotlar boshlab yuborildi. O’zbekiston Respublikasining «Advokatura va advokatlik faoliyati to’g’risida»gi Qonunning qabul qilinishi, 1999 yildan «Advokat» jurnalining nashr etila boshlaganligining o’ziyoq huquqiy faoliyatning bu sohasiga e’tiborning jiddiy bo’lganligidan dalolatdir. Qonunga binoan davlat himoyasida bo’lgan advokatning burchi va mas’uliyati shu qadar yuksakki, uni faqat huquqshunoslik iqtidoriga va keng qamrovli bilimga ega bo’lgan kishigina uddalashi mumkin. Binobarin, til bilimi va madaniyati ham ana shu burch va mas’uliyat doirasida qaraladi.
Qonunning 6-moddasiga muvofiq advokat «fuqarolik ishlari hamda ma’muriy-huquqbuzarlik to’g’risidagi ishlar bo’yicha sudda, boshqa davlat organlarida, jismoniy va yuridik shaxslar oldida vakillikni amalga oshiradi; jinoiy ishlar bo’yicha dastlabki tergovda va sudda himoyachi, jabrlanuvchining vakili, fuqaroviy da’vogarning hamda fuqaroviy javobgarning vakili sifatida ishtirok etadi». Advokat fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish va aholi orasida yuridik bilimlarni targ’ibot qilish ishida qatnashishi lozimligi ham Qonunda ko’zda tutilgan.
«Advokat» jurnali tahririyatiga Qashqadaryo viloyati Muborak tumani huquqiy maslahatxonasi mudirasi N.Ro’ziyeva quyidagi mazmunda xat yo’llagan: «Advokatning himoya nutqlari sudda asosiy o’rin tutadi. Lekin advokatlarning notiqlik san’ati to’g’risida biron jurnal yoki gazetada maqola uchratmaganman. Yoki advokatlar qanday himoya nutqi so’zlashi kerak, nimalarga e’tibor berishi kerakligi to’g’risida biron adabiyotga ko’zim tushmagan. Faqatgina rus advokatlarining bir-ikkita himoya nutqlari to’plamini o’qiganman. «Advokat» jurnali respublika advokatlariga yordam sifatida mamlakatimizdagi taniqli advokatlarning himoya nutqlarini e’lon qilib borsa, chunki ko’pchilikdan ko’p narsani o’rganish mumkin»2.
Ana shu taklifga hamohang tarzda jurnal tahririyati tomonidan eng yaxshi himoya nutqi tanlovini e’lon qilib, ularning namunalari berib borilmoqda. Jumladan, 2002 yilning 2, 3, 4-sonlarida advokatlar B.Salomovning 2001 yilning 29 yanvarida Qashqadaryo viloyat sudida, Sh.Egamning fuqaro I.Inomova, A.J.Polvonovning A.K.Sapayev ishlari yuzasidan so’zlagan himoya nutqlari keltirilgan. Jurnal tahririyati-ning bu harakatini sud sohasidagi islohotlarning amaldagi ko’rinishi sifatida baholanishi lozim va bu materiallardan huquqshunos-talabalar uchun dars jarayonida foydalanish maqsadga muvofiq bo’ladi.
Yuqorida tilga olingan himoya nutqlari matni birmuncha keng bo’lganligi tufayli ularni bu o’rinda to’lig’icha keltirishning imkoni yo’q. Ammo himoya nutqiga til va uslub nuqtai nazardan qo’yiladigan talablarni sharhlashda ulardan bemalol foydalanish mumkin.
Himoya nutqi ham boshqa omma oldida amalga oshiriladigan oshkora nutqlar qatori o’z qurilishiga ega. Jumladan, nutq sud hay’atiga rasman murojaat qilish bilan boshlanadi. Nutqning maqsadi e’lon qilinadi. Aybning mazmuni, garchi sud jarayonida avval aytilgan bo’lsa ham, barcha tafsilotlari bayon qilinadi. O’zi himoya qilayotgan fuqaro sodir etgan huquqbuzarlik yoki jinoyat qonunning qaysi moddasiga nisbatan tasnif qilinayotganligi yana bir bor ta’kidlanadi.
Shundan so’ng qo’yilayotgan ayb o’z tasdig’ini topgan-topmaganligi haqida o’z nuqtai nazarini ma’lum qiladi va ularni amaldagi qonunlarning tegishli moddalari bilan asoslashga harakat qiladi. Sudlanuvchining qonuniy huquqlari tergov va sudda buzilgan-buzilmaganligiga munosabat bildiriladi. Xulosada O’zbekiston Respublikasi JPKning 53-moddasiga asosan sud oldiga o’z talablarini qo’yadi. Jumladan, yuqorida tilga olingan A.J.Polvonovning 3 yashar J.Shukrullayevni traktorning orqa g’ildiragi bilan urib yuborib, yo’l-transport hodisasi sodir qilgan A.Sapayevni himoya qilish jarayonida so’zlagan nutqi oxirida sud hay’atidan quyidagilarni so’ragan:
1. A.Sapayevga nisbatan jazo tayinlashda O’zR JKning 55-moddasida nazarda tutilgan jazoni yengillashtiruvchi holatlarni, aybini bo’yniga olib chin ko’ngildan pushaymonligini, jabrlanuvchi vakilidan kechirim so’raganini, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug’ullanib kelib, ish va yashash joylaridan ijobiy tavsiflanganini, qaramog’ida voyaga yetmagan 3 nafar farzandlari bo’lib, oilada yolg’iz boquvchi ekanligini, sudlanuvchining asosiy kasbi haydovchilik bo’lib, boshqa mutaxassislikka ega emasligini e’tiborga olib, O’zR JKning 57-moddasini tatbiq qilib, transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilmaslikni, yo’l-transport hodisasining kelib chiqish sabablari va oqibatlari o’rtasidagi sababiy bog’lanish, ya’ni yosh bolaning ko’chada yolg’iz, qarovsiz qoldirilganligini, sudlanuvchining shaxsini, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini e’tiborga olib, unga nisbatan O’zR JKning 266-moddasi 2-qismi bilan yengil jazo tayinlab, tayinlangan jazoni o’tamasdan turib ham uning xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin degan xulosaga kelib, JKning 72-moddasini qo’llab shartli hukm qilishni, qamoqda saqlash ehtiyot chorasini bekor qilib, sud zalidan qamoqdan ozod qilishni.
2. Dastlabki tergov davrida O’zR JPK normalari qo’pol ravishda buzilganligi, qonun normalari to’g’ri talqin qilinmaganligi, prosessual harakatlar qalbakilashtirilganligi uchun tergovchi Z.Nuriyevning dastlabki tergovda yo’l qo’ygan kamchiliklari ustidan JPKning 423, 476-moddalari tartibida xususiy ajrim chiqarishni.
3. Dastlabki tergovda O’zR JPK normalari qo’pol ravishda buzilib, sudlanuvchi A.Sapayev 2002 yilning 16 avgustidan 21 avgustiga qadar qonunga xilof ravishda ushlab turilganlik holati bo’yicha hozirda mening qo’limda tergovchilarning harakatlari ustidan keltirilgan shikoyat bo’yicha biron bir ma’lumot bo’lmasa-da, maslahat uyiga kirgan vaqtda ushbu holatni ham o’rganib chiqib tergovchi Z.Nuriyev mansab vakolati doirasidan chetga chiqqanligi, tergov bo’limi boshlig’i R.Jumaniyazov esa qonun buzilishini bila turib harakatsizlik qilganligi uchun ulargi nisbatan jinoyat ishi qo’zg’atish haqida ajrim chiqarishni. (Jurnal tahririyatining ma’lumot berishicha, masala xuddi advokat qo’yilgan talablar asosida hal etilgan. Xorazm viloyat sudi ishni appelyasion tartibda ko’rib chiqib, A.Sapayevga nisbatan O’zR Jkning 72-moddasini qo’llab hukm chiqargan va ehtiyot chorasi bekor qilinib, u qamoqdan ozod qilingan).
Sudlanuvchini himoya qilish jarayonida mana shu tarzda nutqning mazmunini bayon etiladi. Huquqbuzarlik yoki jinoyatni yuzaga keltirgan holatlarning mohiyatini ochib berishga harakat qilinadi, sudda keltirilayotgan har bir ayblov va dalilga munosabat bildiriladi.
Bu o’rinda masalaning murakkabligi shundaki, hamma advokatlar ham haligacha sobiq tizim davridagi tazyiq ruhiyatidan tamomila ozod bo’lgan emaslar. Ularning boshqa bir qismida esa malakaviy mahorat yetishmaydi. Manfaatlar to’qnashuvi jarayoni esa himoya san’atini mukammal egallashni taqozo qiladi. Yana shunday holatlar ham bo’lib qoladiki, himoyachi qonunni yaxshi biladigan kishi sifatida sudlanuvchining aybini tan oladi. Shunday paytda ham insonparvarlik nuqtai nazaridan advokat o’z nutqini ayblanuvchi yoki sudlanuvchining javobgarligini yengillashtiruvchi holatlarga qaratishi lozim bo’ladi.
Shayxontohur tumani huquq maslahatxonasi advokati Ђ.Namozov «Sudyalar himoyaga muhtoj» maqolasida juda ma’qul gaplarni yozgan: «Himoyamdagi Ђ.Xoldorov ayblanayotgani bois, qonun menga uning aybsizligini isbotlash vazifasini yuklamaydi. Men himoyachi sifatida aybnomada, hukmda tasvirlangan voqyeani tiklashga asos qilib olingan dalillarning qanchalik darajada qonuniyligini asoslasam, bas. Demoqchimanki, agar jinoyat hodisasi deb tasvirlanayotgan hodisani tiklashga xizmat qilayotgan dalillar qonunga mos ravishda yig’ilgan bo’lsa, tasvirlanayotgan hodisa – haqiqat, aksincha, dalillar qonuniy bo’lmasa, tasvirlangan hodisa – bo’hton, uchinchi yo’l yo’q, ya’ni dalillar noqonuniy bo’lsa ham voqyea to’g’ri deb baholanmaydi»3.
Mabodo jinoyat bir guruh kimsalar tomonidan amalga oshirilgan bo’lsa, himoya jarayoni yana ham og’ir kechadi. Sudda alternativ nutqlar ijro etiladi. Ularni hamma vaqt ham muvofiqlashtirib bo’lmaydi va bu hol himoya kuchini zaiflashtiradi. Lekin bunday holatlarda ham barcha holatlar bo’lgani singari nutq mantiqi va etikasiga alohida e’tibor berilishi zarur bo’ladi.
Sud jarayonida jamoatchi-qoralovchilar qatnashgani sangari jamoatchi-oqlovchilar ham ishtirok etishlari mumkin. Ular odatda sudlanuvchi ishlayotgan korxona jamoasining vakillari bo’lib, qonun-buzarlik tasodifan yoki bilmasdan sodir etilganda, gunohkor hisoblangan kishi aslida jamoa o’rtasida izzat-hurmatga sazovor odam sifatida e’tirof etilganda qatnashishadi. Bunday nutq mazmunan ayblanuvchining ijobiy hislatlarini, jamoa o’rtasidagi obro’sini, ishga bo’lgan munosabati va intizomini bayon ettiradi. Yozma va og’zaki shaklda ifoda etiladigan bu nutq ma’lum ma’noda kafolat vazifasini o’taydi. Unda ayblanuvchining kelajakda o’z xatolarini tuzatishi mumkinligi va jamiyatga, oilasiga foydasi tegishi mumkinligiga ishonch bildiriladi. Bunday nutqlarning ijro etilishi asosan fuqarolik ishlarini ko’rib chiqish bilan bog’liq bo’lgan sud jarayonlariga xos sanalib, uning sudyaning ma’lum xulosaga kelishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Chunki mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish jarayoni aynan shunday munosabatlarni taqozo qiladi.
O’z-o’zini himoya qilish nutqi. Ba’zan shunday holatlar ham bo’ladiki, aybdor tergov jarayonida tazyiqqa duch keladi va yolg’on ko’rsatmalar berishga majbur bo’ladi. Bunday paytda uning birdan bir xaloskori sud bo’lishi mumkinligi tushungan sudlanuvchi faqat sud jarayonidagina bo’lgan voqyeani ochiq-oydin aytib o’zini-o’zi himoya qiladi.
Sud notiqligi tarixida A.F.Koni, N.F.Plevako, P.S.Proxov-shikov (Sergeich) larning alohida o’rni bor. Shuning uchun ularning ilmiy va amaliy merosini o’rganish bugungi huquqiy foaliyat uchun ham xizmat qiladi. «Sud notiqligi va siyosiy notiqlik», «Lektorlarga maslahatlar» asarlarining muallifi A.F.Koni bu sohaga oid nazariy qarashlari va amaliy faoliyati bilan rus ritorikasi taraqqiyotiga juda katta hissa qo’shdi. Nutqda fikriy teranlik, donishmand kishilarning fikrlariga murojjat qilish, kutilmagan naqllarni keltirish bilan tinglovchining diqqatini tortish va ularning yordamida asosiy fikrni yetkazishga oid qarashlar A.F.Koni faoliyatida muhim o’rin tutadi.
A.F.Plevako himoya nutqining mohir ustasi bo’lgan. S.Inom-xo’jayev: «A.F.Konining gapiga ko’ra, Plevakoning notiqligi ilhom darajasidagi yuksaklikda bo’lgan. U o’zi himoya qilgan kishilarning butun ichki olamini o’zlashtirib olgan. Plevako o’z nutqlarida obrazli iboralardan keng foydalanadi. Jumladan, u dehqonlar isyoni ko’rilgan ishda himoyachi sifatida chiqadi. Prokuror bu isyonni kim birinchi bo’lib boshladi, deb so’raganida u: Siz buni bila olmaysiz, chunki bug’doyzor ustida shamol tursa hamma boshoq bir xil baravariga silkinadi, qay biri birinchi bo’lib silkinganini qayerdan bila olasiz?- deydi» 4.
Sergeich taxallusi bilan mashhur bo’lgan P.S.Proxovshikov ham notiqlik san’atining nazariyotchilaridan sanaladi. Uning «Sud himoyachisi», «Sud jarayonida nutq san’ati» asarlarida bu sohaga oid g’oyat qimmatli fikrlar bayon etilgan. Sergeich nutq namunasini mukammal badiiy asar darajasida qaraydi va uning shu darajaga yetishi uchun quyidagilarga e’tibor berilishi lozimligini uqtiradi: tinglovchilar bilan to’g’ridan-to’g’ri aloqa o’rnatish, samimiy munosabatda bo’lish; nutq jarayonida vaqti-vaqti bilan ohangni o’zgartirib turish; nutq orasida hazil-mutoibaga o’rin berish; kutilmaganda tinglovchilarga murojaat qilish, savollar berish; asosiy narsani yashirib, tinglovchilarni qiziqtirish; fikrni birdan uzib qo’yib boshqa mavzuga o’tish va yana avvalgi holatga ustalik bilan qaytish; keyin aytiladigan fikrlarga oldindan shama qilib qo’yish va hokazo5.
Yuqorida sud jarayonida amalga oshiriladigan nutqlar, ularning o’zaro farqli va umumiy jihatlari xususida qisqacha ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, notiqlik san’ati oldiga qo’yiladigan umumiy talablar ham mavjud bo’lib, talabalar ulardan ham xabardor bo’lishlari kerak. Bu borada turli tillarda, jumladan o’zbek tilida ham, adabiyotlar mavjud bo’lsa-da, asosan A.Saidov va G.Sarkisyanslarning «Yuridik til va huquqshunos nutqi» (Toshkent: Adolat, 1994, 32-b.) risolasidan foydalanishni tavsiya etamiz. Chunki bu kitobchada mualliflar huquqshunosning ma’ruzasi, ya’ni shakllantiradigan nutqi qanday bo’lishi lozim va bu ma’ruzalarning boshqa ma’ruzalardan farq qiladigan hamda o’ziga xos jihatlari nimalardan iborat, degan savollarga ham, qisman bo’lsa-da javob berishgan.
Xo’sh, bu talablar nimalardan iborat? Ta’kidlaganimizdek, yurist nutqni ham notiqlik san’atining umumiy talablariga bo’ysunadi. Ya’ni, yurist-notiq, eng avvalo, ma’ruzaning maqsad va vazifasini aniq tasavvur qila olishi, mavzu atrofida ma’lumotlar to’plashi, tegishli adabiyotlar ustida ishlashi, keltirmoqchi bo’lgan faktlar oldindan tekshirilib ko’rilishi, boshqacha aytganda, u haqda yetarli bilimga ega bo’lishlari lozim. Shundan so’ng ma’ruza rejasi tuziladi va bunda albatta tinglovchilarning – auditoriyaning salohiyati inobatga olinadi.
Tinglovchilar bilan o’rnatilgan samimiy aloqa mavzuning ularga tez va oson yetib borishini ta’minlaydi. Ma’ruzani o’qib berishdan saqlanish o’z bilimini amaliyotga qo’llay bilish, davlatimiz olib borayotgan siyosatga, ijtimoiy hayotdagi dolzarb muammolarga bog’lay olish mahorati ma’ruzachiga nisbatan hurmat orttiradi.
Notiq hamisha mantiqiy izchillik va fikrlar uyg’unligini yoddan chiqarmasligi, bayondagi birinchi va ikkinchi darajali masalalarni farqlay olishi, xulosalarning asosli bo’lishiga harakat qilishi lozim. Ortiqcha tafsilotlarga, keraksiz dalillarga, yuzakilik, soxtalik, bachkanalik, balandparvozlikka yo’l qo’yib bo’lmaydi. Qanchalik tabiiylikka erishilsa, bahsli, munozarali masalalar o’rtaga tashlansa, u shunchalik nutqiy mahorat belgisi sanaladi.
Nutqning tozaligiga e’tibor berish, unda chet so’zlarni o’rinsiz ishlatishga yo’l qo’ymaslik, ortiqcha – parazit so’zlarni, shtamplarni ishlatmaslik hamda nutqni shirinso’zlik bilan, yoqimli ohangda, ravon talaffuz etishga harakat qilish, mujmallikdan qochish ham fazilat sanaladi. «Asosiy fikrni ovozni past-baland qilish, ohangni o’zgar-tirish, imo-ishora, qaytarish bilan mohirona uqdirish zarur. – deb ta’kidlashadi risola mualliflari. - Notiqning fikri ham, imo-ishorasi ham, nutqi ham bir qolipda bo’lmasligi lozim. Ma’ruzaning jonlanishiga, tinglovchilarning diqqatini tortishga ko’maklashadigan ta’riflar, taqqoslashlar, maqol va matallar, qochiriq so’zlar, ba’zi hollarda hazil-mutoiba gaplarni qo’shishdan qo’rqmaslik kerak. Lekin ularni suiiste’mol qilish bilan ma’ruza materialiga putur yetkazish yaramaydi»6.
Nutq so’zlanayotgan paytda notiqning o’zini to’g’ri tuta bilishi, oddiylik va tabiiylikka harakat qilishi, doimo o’zini kuzatib borishi, ortiqcha harakatlarga yo’l qo’ymasligi, hatto kiyinishda ham kamtarlik ustuvor bo’lishi kabi jihatlar ham muhimdir. Tinglovchilardan tushgan savollarga ham mumkin qadar qisqa va aniq javob berishga harakat qilish lozim.
Yana shu narsani ham ta’kidlash joizki, har bir nutq alohida shaxs bilimi va dunyoqarashining, tildan xabardorligi va mahoratining mahsuli sanaladi. Shuning uchun ham notiqlik – individuallik, o’ziga xoslik sifatida baholanib, hamma uchun yagona andozalarni belgilab qo’yish mumkin emas. Ammo yuqoridagi kabi, umumiy ma’nodagi, yo’nalish xarakteridagi tavsiyalar ham zarar qilmaydi.
G.Sarkisyans notiqlikning boshqa kasbdagi kishilar uchun zarurligini inkor etmagan holda yurist uchun nihoyatda zarur ekanligini ta’kidlaydi. «Hozir mustaqil O’zbekistonda huquqiy davlat qurishga qat’iy yo’l tutilgan, jamiyatimiz hayotning barcha sohalarida, shu jumladan adliya va odil sudlov sohasida ham, umumjahon demokratiyasi tiklanayotgan sharoitda respublikamiz huquqshunoslari bo’lmish olimlar oldida ham, amaliyotchilar oldida ham o’ta mas’uliyatli va murakkab vazifalar turibdi»7.
Til har qanday jamiyatning aloqa vositasi sanalar ekan, u yurist faoliyatida ham nihoyatda kuchli quroldir. Ammo muhim noyob boylikning ahamiyatini hyech kimga chaqiriqlar, shiorlar, da’vatlar bilan uqtirib bo’lmaydi. Faqatgina o’z Vatanini, millatini, ona tilisini, shu bilan birga, o’z kasbini sevgan kishigina buni boshqalardan ko’ra avvalroq anglay olishi va undan unumli foydalana olishi mumkin.
Amaliy mashg’ulotlar uchun vazifalar:
1. Biron-bir sud jarayonidagi prokuror nutqini tayyorlang va uni og’zaki gapirib bering.
2. Biron-bir sud jarayonidagi advokat nutqini tayyorlang va uni og’zaki gapirib bering.
Mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar:
1.Notiqlikning qanday turlarini bilasiz?
2. Sud jarayonidagi nutqlar bir-birlaridan farqlanadimi? Farq-lansa, ularni izohlab bering.
3. Notiqlik san’atidan namunalar keltira olasizmi?
4. Nutqni mantiqiy dalillash deganda nimani tushunasiz?
5. Dalillashning taqiqlangan usullarini bilasizmi?
6. Sud jarayonida til me’yorlariga va muomala madaniyatiga amal qilgan holda so’zlash nima uchun kerak?
A d a b i yo t l a r
1. «Advokat», 2002, 2,3,4-sonlar.
2. Alimuhamedov A. Antik adabiyot tarixi. – Toshkent, 1969.
3. A p r ye s ya n G.Z. Oratorskoye iskusstvo. – M., 1978. – 280 s.
4. Inomxo’jayev S. Notiqlik san’ati asoslari. – Toshkent: O’qituvchi, 1982.
5. Oratorskoye iskusstvo. Sostavitel S.I.Berezin. – L.,1970.
6. Saidov A. Sarkisyans G. Yuridik til va huquqshunos nutqi.- Toshkent: Adolat, 1994.
7. O’SE, 3-tom. – Toshkent, 1972.
8. O’zbek Milliy ensiklopediyasi, II tom. – Toshkent: Davlat ilmiy nashriyoti,2001.
Umumiy adabiyotlar
A d a m o v Ye.A. O kulture rechi yurista / Sovetskaya yustisiya. – M., 1966, № 1, s.14.
A l ye k s ye ye v N.S., M a k a r o v a Z.V. Oratorskoye iskusstvo v sude. – L., 1985.
A p r ye s ya n G.X. Oratorskoye iskusstvo. – M., 1978
B r a t a n o v s k i y S.N., G o l o v ch ye n k o L.M. Kultura sudebnoy rechi. – M.: Sentrosoyuz Rossii, 1997. –400 s.
V a t m a n D.P. Advokatskaya etika. – M.: Yuridicheskaya literatura, 1983. –78 s.
G o l d i n ye r V.D. Zaщititelnaya rech. – M.: Delo, 1970. –135 s.
G r a u d i n L.K., Sh i r ya ye v Ye.N. Kultura russkoy rechi. – M.: Yuridicheskaya literatura, 1998. –520 s.
Z a g o r s k i y G.M. Sudebnaya rech. – M., 1981.
I v a k i n a N.N. Kultura sudebnoy rechi. – M.: Yuridicheskaya literatura, 1995. –320 s.
I v a k i n a N.N. Professonalnaya rech yurista. – M.: Yuridicheskaya literatura, 1997. –327 s.
I s k a n d a r o v a Sh. O’zbek nutqi odatining muloqot shakllari: Filol.fan.nomz. …dis.avtoref. – Samarqand, 1993.
K o n i A.F. Izbrannыye proizvedeniya. – M.: Yuridicheskaya literatura, 1980.
K o r n i l o v a Ye.N. Ritorika – isskustvo ubejdat. – M.:URAO, 1998. –205 s.
K u p i n a N.A. Kultura rechi yurista. Uchebnoye posobiye. – M.: Flinta, Nauka, 1 polugodiye 2002. – 15 p.l.
M u r a t o v A.A. Ritorika. – M.: Ros.ped.agentstvo, 1998. –317 s.
M u h a m m a d i ye v N.E. Ichki ishlar idoralari xodimlarining kasb etikasi va estetik madaniyati. Dasrlik.- Toshkent: O’zR IIV Akademiyasi, 1998. –287 b.
M o’ m i n S. So’zlashish sa’nati. – Farg’ona, 1997.
M o’ m i n o v S.M. O’zbek muloqot xulqining ijtimoiy-lisoniy xususiyatlari: Filol.fan.d-ri… dis.avtoref. – Toshkent, 2000.
Russkaya ritorika. Xrestomatiya / Avt.sost. Graudina L.K. – M.: Prosveщyeniye, 1996. –558 s.
R u s t a m o v A. So’z xususida so’z. – Toshkent, 1987;
S a v i s k i y V.M. Gosudarstvennыy obvinitel v sude. – M., 1971.
S a i d o v A., S a r k i s ya n s G. Yuridik til va huquqshunos nutqi. – Toshkent: Adolat, 1994. –32 b.
S o d i q o v a M., J o’ r a ye v a J. So’zdan so’zning farqi bor. – Toshkent, 1966.
Sudebnыye rechi znamenitыx russkix advokatov. – M.: Prospekt, 19891. –391 s.
T i m o f ye ye v A.G. Rechi storon v ugolovnom prosesse. – M.: Yuridicheskaya literatura, 1992. –133 s.
Sh o d m o n o v E. Muomala munosabatlarida qo’llanadigan so’zlarga doir // «Tilshunoslik masalalari» to’plami. – Toshkent, 1970;
O’ r i n b o ye v B., O’ r i n b o ye v a D. Hozirgi o’zbek tilining so’zlashuv uslubi. – Toshkent, 1991;
Qonun va til. – Toshkent: «Iqtisodiyot va huquq dunyosi» nashriyot uyi, 1997. –224 b.
Q o’ n g’ u r o v R. Subyektiv baho formalarining semantik va stilistik xususiyatlari. – Toshkent, 1980.
M u n d a r i j a
So’z boshi………………………………………………………………3
Do'stlaringiz bilan baham: |