«Huquq rivojlanishining tarixiy tajribalarini o’zida mujassam qilgan yuridik til inkor etish mumkin bo’lmagan qadriyat, huquqiy madaniyatning ajralmas qismidir, - deydi prof. A.Saidov. - Yuridik til adabiy milliy tilning uzviy bir qismi bo’lib, leksik-grammatik, uslubiy xususiyatlari bilan boshqa nutq uslubidan farq qiladi. Milliy tillarda mavjud bo’lgan barcha tafovutlarga qaramasdan hamma mamlakatlarning yurisprudensiya tilida umumiylik bor. Bu hayotdagi umumiy qonunlar va tamoyillar bilan izohlanadi»1. «Yuridik til bir necha turlarga bo’linadi. Bular: qonun tili yoki davlat yuridik tili, ilmiy yuridik til, sud tili, huquqshunos-muallim tili, publisist-yurist tili, prokuror tili, advokat tili va boshqalardir»2.
Sanab o’tilgan bu ko’rinishlarning har biri tilshunoslar va huquqshunoslar hamkorligida o’rganilishi bundan keyin yaratiladigan huquqiy-me’yoriy hujjatlarning, ayniqsa qonunlarning mukammal bo’lishiga olib keladi. Sh.Ko’chimovning «Huquqiy normalarni o’zbek tilida ifodalashning ilmiy-nazariy muammolari» mavzusida filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun yozgan dissertasiyasi (2003) mana shu muammolarning ma’lum qismini hal etishga qaratilgan dastlabki yirik hajmdagi tadqiqotdir.
«Sir emaski, respublikamiz mustaqillikka erishgunga qadar o’zbek tili rasmiy ish yuritishda, turli davlat ishlarida to’la-to’kis qo’llanmadi, - deb ta’kidlaydi Sh.Ko’chimov. - Ayniqsa, bu davrda o’zbek huquqiy tili rivojlanmadi, qonunlarning o’zbekcha matni esa 5-10 ta tarjimonlarning ishiga aylandi, xolos. Tarjimonlar o’zlari bilganicha, qanday xohlashsa, shunday tarjima qildilar. Shu tariqa o’zbek qonunlarining tili g’alizlashib, uni tushunish qiyinlasha bordi. Natijada qonunning o’zbekcha matnini tushunish uchun uning ruscha matniga murojaat qilishga to’g’ri keladi. Shuningdek, ruscha huquqiy atamalarning o’zbekcha muqobillari turli qonunlarda (ba’zan bitta qonunda ham) turlicha ishlatilgan. Tarjima jarayonida moddalar mazmunan emas, so’zma-so’z tarjima qilingan.
O’zbek tilining o’ziga xos xususiyatlari, nozik qirralari hisobga olinmagan. Matn, o’zbekcha bo’lishidan qat’iy nazar, gaplar ruscha qoliplarga solingan, g’aliz va tushunarsiz so’z va so’z birikmalari tarkibi oshib ketgan»3.
Mustaqillik tufayli nafaqat yuridik hujjatlarni o’zbek tilida yaratish, balki matnni o’zbekcha fikrlash zaruriyati va, ayni paytda, imkoniyati vujudga keldi.
Xo’sh, huquq tilini qanday o’rganish va uni nimadan boshlash kerak? Bu savolga taniqli huquqshunos olimlar uni Konstitusiya tilini o’rganishdan boshlash lozim deb, javob berishadi. «Konstitusiya tili o’zining aniqligi, lo’ndaligi, ravonligi, bir ma’noliligi bilan farqlanib, yuridik til etaloni timsolidir. Konstitusiya ustuvorligi prinsipidan kelib chiqib, boshqa qonunlarda qo’llash uchun Konstitusiya matnida foydalangan atamalar tanlanishi kerak»4.
Ana shu fikrga amal qilinsa, yurisprudensiyada o’zbek tilidan foydalanishning yagona tizimi yaratiladi. Bu esa atamalarni qo’llashda, gap qurilishini shakllantirishda ma’lum darajada bir xillikka olib keladi.
Buning ustiga, yuridik tilga qo’yiladigan g’oyatda muhim bir talab mavjud. U hamma foydalana oladigan, tushunarli, ommaviy til bo’lishi lozim. Masalaning murakkabligi ham ana shunda. Huquqiy-me’yoriy hujjatlar matnidan bir vaqtning o’zida ham mukammallik, ham ommaviylikni da’vo qilishimiz uning yaratuvchilaridan qanchalik bilim va mahorat talab etishini ko’rsatadi.
Nutq madaniyati deyilganda faqat uning og’zaki shaklini tushunish kerak emas. Yozma nutq madaniyati bundan ham mas’uliyatlidir. Tilda barqarorlikni ta’min etadigan yozuvning huquqiy matnlar shakllanishi, an’anaviylik va turg’unlik mazmuni kasb etishida ahamiyati katta. Uning yordamida nafaqat matnlar keyingi davrga yetkaziladi, balki yozma ko’nikmalar ham shakllanadi. Umumxalq tili elementlaridan, yuridik terminologik tizimdan foydalanish yo’llari, fikrni qisqa jumlalarda ifodalash usullari aynan ana shu yozma matn tufayli takomillashib boradi. U ma’lum ma’noda keyingi yoziladigan matnlar uchun namuna vazifasini o’taydi. Shuning uchun ham yuridik yozma nutq madaniyatini takomillashtirish nutq madaniyati tizimida alohida mavqyega ega.
Og’zaki yuridik nutq ham umumiy og’zaki nutq madaniyati talablariga bo’ysunsa-da, mas’uliyatning jiddiyligi bilan, huquqshunoslar tomonidan ijro etiladigan nutq inson taqdiriga bevosita aloqador bo’lishi bilan ajralib turadi. Nutqning ushbu turi asosan sud jarayonida hamda huquqiy targ’ibot ishlarini olib borish davomida shakllanadi. Har ikkalasi ham mas’uliyat talab etadigan jarayon. Shu sababli huquqshunosning og’zaki nutqi oldiga ham qator talablar qo’yiladiki , ular haqida keyingi mavzularda alohida so’z yuritiladi.
Xullas, huquqshunoslik va o’zbek tilshunosligi taraqqiyotining mustaqillik davri bosqichida huquq va til muammolarini yaxlit holda olib qarab, ularning bir-biriga bog’liq tomonlarini o’rganish g’oyatda muhim vazifa sanaladi. Bu boradagi tadqiqotlar ikki fan o’rtasidagi yangi bir yo’nalishini vujudga keltirishi ham mumkin.
Endi bir necha og’iz gap yuristning muomala madaniyati xususida. O’zbek xalqi dunyoda o’z ma’naviyati va madaniyati mavjud bo’lgan turkiy xalqlarning biri sifatida tildan foydalanishda ham qadimiy an’analari, odat va ko’nikmalariga ega. Zero, ana shu ana’ana va odatlar har bir xalqning o’zligini ko’rsata oladigan belgilar sanaladi.
O’zining boy tarixi va o’tmishi, havas qilsa va namuna olsa arzigulik ma’naviy-madaniy merosiga ega bo’lgan o’zbek xalqining muloqot an’analari nafaqat mazmunan, balki shaklan ham rang-barangdir. Sharq ma’naviyatining tarkibiy qismi bo’lgan bu muloqot o’zbeklar bilan yonma-yon yashab kelayotgan boshqa xalqlar madaniyati bilan uyg’un, ayni paytda, o’ziga xosdir. Kishilarning yoshiga qarab hurmat bildirish va shunga yarasha muomalada bo’lish, suhbat jarayonidagi samimiyatga, suhbatdoshga yon berishga harakat qilish, yoshlarning qariyalarga, ayollarning erlariga yoki erlarning ayollariga, farzandlarning ota-onalariga, obro’li kishilarga, rahbarlarga bo’lgan izzat-hurmatning, mezbonning mehmonga bo’lgan ehtiromining avvalo muloqot jarayonida aks etishi ana shu o’ziga xosliklar sanaladi.
O’zbek xalqining vakili, shu bilan birga, uning faxri sanaladigan huquqshunos ham muloqot jarayonida bu umuminsoniy va umummilliy fazilatlar va qadriyatlardan yiroq bo’la olmaydi. Bu masalaning umumiy tomoni. Xususiy jihati shundan iboratki, huquqshunoslarning aksariyat qismi davlatning huquqiy organlarida, ta’lim-tarbiya jarayonida faol qatnashib kelayotgan kishilar hisoblanishadi. Binobarin, ular xalq bilan mustahkam aloqadorlikda bo’lgan insonlardir. Hukumat va huquqiy organlar vakili, ta’lim-tarbiya va targ’ibot ishlarining faol ishtirokchisi bo’lishning o’ziyoq ular mas’uliyatining qay darajada bo’lishi lozimligini aytib turibdi. Ana shu mas’uliyat o’z navbatida muomala mas’uliyatini ham keltirib chiqaradi. Huquqshunoslar - ichki ishlarda xizmat qiladigan nozirdan tortib prokurorgacha, huquqshunos-talabalardan tortib ularning murabbiylarigacha hamisha xalqning kuzatuvida bo’ladi, ko’pchilik ularga havas qilishadi va namuna olishadi. O’z navbatida ular ham ana shu hurmat-e’tiborga va ishonchga loyiq bo’lishlari lozim. Bu gaplar bevosita muomala madaniyatiga ham tegishlidir. Oddiy suhbat bo’ladimi, tergov va sud jarayoni bo’ladimi, tildan foydalanish hamisha odob doirasida bo’lmog’i zarur. Men davlat yoki huquqiy organ vakiliman, deb o’ziga ortiqcha baho berish va oddiy kishilarga qo’pol muomalada bo’lish huquqi hyech kimga berilmagan. To’g’ri, yuristlar uchun ham ba’zan nozik va qiyin vaziyatlar paydo bo’lib qoladi. Masalan, qotillik qilishdek yoki nomusga tajovuz qilishdek qabih jinoyatlarni sodir qilganlar bilan bo’ladigan tergov yoki sud jarayoni, savol-javoblar hamma vaqt ham oson kechmasligi mumkin. Ammo shunday paytlarda ham barcha muloqotlar insoniylik doirasida bo’lishi, hyech kimning shaxsiyatiga, nafsoniyatiga, sha’niga tegmaydigan darajada bo’lishi lozim. Muloqotning salomlashish, daromad, muddao, tinglash, munosabat bildirish va xotima singari bosqichlari umuminsoniy qadriyatlar doirasida bo’lsagina huquqshunos o’zi ko’zlagan maqsadga oson erishadi.
Shunday qilib, nutq madaniyatini puxta egallash, uni muomala jarayonida maqsadga muvofiq tarzda qo’llay olish nafaqat huquqshunosga katta mas’uliyat yuklaydi, ayni paytda, unga obro’ ham keltiradi. Bunga esa osonlik bilan erishib bo’lmaydi. Til ilmini yaxshi bilish va uni amaliyotda mahorat bilan qo’llay olishgina ana shu obro’ning zarur sharti bo’lib qoladi.
Amaliy mashg’ulotlar uchun vazifalar:
Quyidagi ikki matnni bir-biri bilan qiyoslang va tahlil qiling. Ulardagi ortiqcha yoki yetishmaydi deb hisoblagan o’rinlarga o’zgartirishlar kiriting va o’z variantingizni tavsiya eting:
1.O’zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo’lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqyeidan qat’iy nazar, qonun oldida tengdirlar (O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, 18-modda).
2. O’zbekiston Respublikasining fuqarolari kelib chiqishlaridan, ijtimoiy va mulkiy holatidan, irqi va millatidan, jinsi, ma’lumoti, tilidan, dinga munosabatidan, siyosiy va boshqa e’tiqodlaridan, mashg’ulotining turi va sajiyasi hamda boshqa holatlaridan qat’iy nazar, qonun oldida tengdirlar (O’zbekiston Respublikasi Fuqaroligi to’g’risidagi qonun).
Mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar:
1.Til va nutq deganda nimani tushunasiz?
2.Nutq madaniyati tushunchasini izohlab bering.
3.Nutq madaniyati tushunchasining huquqiy munosabatlar jarayoniga qanday aloqasi bor.
4.Yuridik til deganda nimani tushunasiz?
5.Yuridik nutq madaniyati nutqning boshqa ko’rinishlaridan nimasi bilan farqlanishi lozim?
A d a b i yo t l a r :
1. B ye g m a t o v E. Nutq madaniyati problemasining paydo bo’lishi va asoslanishi // «Nutq madaniyatiga oid masalalar» to’plami. – Toshkent: Fan,1973.
2. K o’ ch i m o v Sh. Til va qonunchilik texnikasi // Qonun va til. – Toshkent, 1997.
3. M u q i m o v Z. O’zbekiston davlati va huquqi tarixi. – Samarqand: Zarafshon, 1998.
4. N ye ‘ m a t o v H., R a s u l o v R. O’zbek tili sistem leksikologiyasi asoslari. – Toshkent: O’qituvchi, 1995.
5. S a i d o v A., S a r k i s ya n s G. Yuridik til va huquqshunos nutqi. - Toshkent: Adolat, 1994.
6. S o d i q o v A., A b d u a z i z o v A., I r i s q u l o v M. Tilshunoslikka kirish. – Toshkent: O’qituvchi, 1981.
7. X a y r u l l a ye v M., H a q b ye r d i ye v M. Mantiq. – Toshkent, 1993.
Do'stlaringiz bilan baham: |