Yuristning nutq madaniyaTI



Download 0,55 Mb.
bet6/10
Sana12.01.2020
Hajmi0,55 Mb.
#33484
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi A


Yozma yuridik nutq
R ye j a:

1. Yuridik matnlarning umumiy tavsifi.

2. Yuridik matnlarning janr xususiyatlari.

3. Yuridik matnlarning til xususiyatlari.

4. Huquqiy atamalar va ularning o’ziga xos tomonlari.

5. Huquqiy hujjatlarning til va uslubiy jihatlari.


Tayanch so’z va iboralar: yozma shakl, qonuniy asoslanganlik, imperativlik, aniqlik, shaxssizlik, noshaxsiy yo’nalish, standartlashtirish, qonunchilik, ilmiy huquqiy, o’quv, ommabop, amaliy, publisistik, qat’iy til, leksik tarkib, atamalar, huquqiy atamalar, qoliplar, umumiste’moldagi so’zlar, maxsus so’zlar, semantik bog’lanishlar, imperativlik, deklarativlik, me’yoriylik, mantiqiy asos, so’z yasalish imkoniyatlari, qaror, bayonnoma va uning turlari, ayblov xulosasi, sud qarori, universallashtirish, hujjatlar tuzilishi.
Yuqorida o’rganilgan mavzulardan shu narsa ma’lum bo’ldiki, o’zbek tilining rasmiy uslubi doirasida qaraladigan alohida huquqiy soha tili – yuridik til mavjud bo’lib, u o’zining barcha lingvistik alomatlariga ega. Bu esa, birinchi navbatda, yozma nutqda o’z ifodasini topadi.

Ijtimoiy hayotning boshqa biron sohasida tilning mavqyeini zarracha kamsitmagan holda, huquqiy sohada uning ahamiyati nihoyatda muhim ekanligini alohida ta’kidlash to’g’ri bo’ladi. Chunki O’zbekistonda demokratik tamoyillarga asoslanib qurilayotgan yangi jamiyatning rivoji qonun ustuvorligi bilan belgilanadi. Masala ana shu tarzda qo’yilganda yuridik tilni mukammal bilish faqatgina huquqshunoslarning vazifasi bo’lib qolmaydi, balki jamiyatning barcha a’zolari undan durustgina xabardor bo’lish hayot talabiga aylanadi. Nima uchun shunday? Chunki huquqiy hujjatlar mazmunidan xabardor bo’lgan fuqaro o’z haq-huquqini taniydi, faoliyatining qaysi qismi jamiyat va xalq manfaatlariga, amaldagi qonun va qoidalarga mos kelish-kelmasligini yaxshi anglab yetadi. Binobarin, o’z hayotini ana shu asosga quradi. Buning uchun esa huquqiy hujjatlar rasmiylashtirilgan tilni yaxshi bilishi lozimligini anglab yetadi.

Xo’sh, yozma yuridik tilning mukammalligiga erishish uchun qanday vazifalarni amalga oshirishimiz lozim? Biz bu savolga javobni taniqli o’zbek huquqshunoslari qarashlaridan topamiz. Avvalambor, o’zbek huquqiy atamalarining yagona tizimini yaratish, barcha yo’nalishlarda bu atamalarning qo’llanishi va tushunilishida bir xillikka erishish zarur. Buning uchun esa yuristlar va tilshunoslar hamkorlikda ish olib borishlari, huquqiy atamalarning mustaqillikdan keyingi davrdagi shakllanishini ilmiy tahlil etib, mukammal lug’atlar yaratishlari lozim. Ana shundagina rus tilidagi pokazaniye tushunchasini ifoda etish uchun ko’rsatuv, ko’rsatma, ko’rgazuv, ko’rgazma, guvohlik, so’roq berish singari so’zlardan har kim o’z bilganicha foydalanib, har xillikka, anglashilmovchilikka yo’l qo’yilmaydi. Bu kabi har xilliklar huquqiy me’yorlarni turlicha sharhlashlarga, binobarin, inson taqdirini noqonuniy hal qilish kabi oqibatlarga olib kelishi mumkin. Yoki rus tilidagi ugolovnыy kodeks birikmasidan so’zma-so’z tarjima qilib olingan jinoyat kodeksi birikmasini olaylik. U qanday ma’noni beradi? Jinoyat qilish, jinoyatni amalga oshirish to’g’risidagi qonunlar majmuimi yoki jinoyatga belgilangan jazo qonunlari yig’indisimi? Harqalay, ikkinchisi haqiqatga yaqin bo’lsa kerak.

Prof. A.Saidov amaldagi yuridik tilda zakonadatelstvo, pokazaniye svidetelya, pokazaniye obvinyayemogo ili podozrevayemogo, rasporyaditelnoye zasedaniye, sudebnaya kollegiya, ugolovnoye delo singari ma’nolarini ifoda etadigan so’z va birikmalarning noto’g’ri ishlatilib kelinayotganligidan afsuslanib gapiradi va ta’kidlaydiki, zakonodatelstvo so’zini qonunchilik deb tushunish kerak emas, chunki u rus tilidagi zakonnost so’zining ma’nosiga teng keladi. Aslida u qonunlar yoki qonun chiqarish faoliyati deyilishi kerak. Ugolovnoye delo ham jinoiy ishlar emas, balki jinoyat ishlari ma’nosiga to’g’ri keladi. «Ba’zi hollarda yuridik atamalar shunchalik maxsuslashgan bo’ladiki, - deb yozadi A.Saidov, - ular huquq ilmidan xabardor bo’lmagan kishilar uchun tushunarsiz bo’ladi yoki noto’g’ri tushuniladi. Masalan, «rastorjeniye braka» - «nikohni bekor qilish (buzish)» atamasi mutaxassis bo’lmagan kishilar tomonidan ko’pincha noto’g’ri qo’llaniladi. Yoki «svoboda sovesti» «vijdon erkinligi» tarzida umuman noto’g’ri tushuniladi. Ma’lumki, bu tushunchaning asosiy ma’nosi, unda arxaizm usullari mavjud bo’lib, tarixan shakllangan, ilohiy ibtidoning bor-yo’qligiga ishonish yoki ishonmaslik ekanligini ifodalaydi. Lekin mutaxassis bo’lmagan kishilar «vijdon erkinligi» birikmasidagi «vijdon» so’zini odatdagi ma’noda tushunib, ko’pincha chalkashliklarga sabab bo’lishadi» .36

Olim bu chalkashliklarning, turli xilliklarning vujudga kelish sabablarini ham ko’rsatib beradi va ta’kidlaydiki, «…qonunlar chiqarish, huquqiy tizimimizni yaratishda asosan rus tilidan foydalanish kechagi kunning qusuri sifatida hali ham saqlanib kelmoqda».37

Mana shunday kamchiliklar mavjudligi va bu kamchiliklar huquqiy savodxonligimizga jiddiy ta’sir ko’rsatayotganligi uchun ham, yuqorida ta’kidlanganidek, huquqiy atamashunoslik va lug’atshunoslik borasida jiddiy amaliy vazifalarni amalga oshirishlari lozim. Shu mazmundagi masalalar A.Saidov, L.Saidova, Sh.Ko’chimov, M.Qosimovalarning «Qonun va til» (Toshkent, 1997) kitobida, A.Saidov, M.Qosimova, L.Karimovlarning «O’zbek huquqiy atamalari muammolari» (O’zbek tili va adabiyot 1992, 2-son), Ђ.Ahmedov va A.Saidovlarning «Terminologiya – eto vajno» (Narodnoye slovo, 16 avgusta 1991 goda) maqolalarida ham ko’tarilgan.

Bu vazifalarni, nazarimizda, qat’iy tartib-qoidalarga bo’ysunib amalga oshirishga esa barcha shart-sharoitlar mavjud. Mana shu o’rinda akad. Sh.O’razayevning qonunlar tili haqida mulohaza yuritib aytgan quyidagi fikrlarini eslatib o’tishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz: qonunlar 1) Konstitusiyaning ruhi va tiliga mos kelishi; 2) ular prinsipial yangi qoidalar (talablar)ni mujassamlantirishi; 3) huquqiy tizimga uning ajralmas bo’lagi sifatida uyg’unlashuvi; 4) mumkin qadar qisqa bo’lishi; 5) aholi biror bir qismining huquqlarini cheklamasligi; 6) qonunchilikda takrorlashlar va qarama-qarshiliklarning bo’lmasligi; 7) ijtimoiy munosabatlarni nozik va aniq tartibga solishga harakat qilishi; 8) qonun talablarini bajarmaslik oqibatida kelib chiqadigan aniq javobgarlik (sanksiya)ni ko’rsatishi lozim.38 .

Demak, huquqiy hujjatlar, ayniqsa qonunlarni yuzaga keltirishda «O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi» matniga, undan keyin esa bir to’xtamga kelingan so’z va iboralardan foydalanishga e’tibor qilish maqsadga muvofiq bo’ladi. Yagona yuridik atamalar tizimi mana shu tarzda shakllanadi.

Xalqimizda «Qonun barcha uchun baravar», degan aqida mavjud. Agar shu aqidadan kelib chiqiladigan bo’lsa, nafaqat qonun, balki barcha yurisprudensiyaga tegishli bo’lgan hujjatlar hammaga tushunarli bo’lishi, sodda va ommabop tilda yozilishi lozim. Mana shu talabning o’ziyoq yuridik hujjatlar matnini alohida bir uslubda shakllantirishni taqozo qiladi. Bu uslub yuridik hujjatlar shakllanishida til birliklarini tanlashning alohida bir tizimini keltirib chiqaradi.

Bu aytilganlarni o’zbek yuridik tilini shakllantirishdagi umumiy tomonlari sifatida qaraydigan bo’lsak, uning bevosita lingvistik jihatlari ham mavjudki, bo’lajak huquqshunoslar bu masalalardan ham xabardor bo’lishlari lozim.

Bu lingvistik jihatlar qaysilar? Dastlab yodda tutishimiz lozim bo’lgan narsa yuridik tilning o’zbek tili rasmiy uslubi doirasida qaralishi lozimligidir. Demak, bu nutq rasmiy tilning barcha talablariga javob berishi lozim. Jumladan, yozma nutq ham.

Yuridik yozma nutqning bosh talabi matnni o’zbek tilida savodli, grammatik qonun-qoidalarga muvofiq tarzda shakllantirish bo’lib hisoblanadi. Bunda gapda oddiy tartib amal qiladi. Mas.: O’tkazilgan hujjatli taftishda Mirzayorov Sanaqul tomonidan javobgarligidagi qazilma boyliklardan jami 414000 so’mlik talon-tarojlikka yo’l qo’yilganligi aniqlangan kabi. Yoki Sudda Bo’riboyevning ishi ko’rib chiqildi deyish mumkin bo’lgani holda Ishi ko’rib chiqildi sudda Bo’riboyevning deb bo’lmaydi. Chunki bu o’rinda ehtirosga berilib matnni shakllantirishga hyech qanday zarurat yo’q.

Yuridik matnlarda har bir so’zning, qo’shimcha va tinish belgisining o’z o’rni bor. Ularni yaxshi bilgan yurist mana bu tarzda «Ayblov xulosasi» yozmaydi: Shunday qilib Mirzayorov Sanaqul o’zining yuqoridagi o’z vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo’lishi oqibatida ularni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi davlat manfaatlariga ko’p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo’lgan mansabga sovuqqonlik bilan qarashda ifodalangan jinoiy harakatlari bilan O’zbekiston Respublikasi JKning 207 moddasini 1-qismida ko’rsatilgan jinoyatni sodir etgan.

Ushbu jinoyat ishi tuman sudi sudloviga tegishli bo’lib jinoyat ishi bo’yicha tuzilgan ayblov xulosasini tasdiqlash va sudga yuborish masalasini hal qilish uchun jinoyat ishi O’zbekiston Respublikasi JPKning 381 moddasi tartibida tuman prokuroriga taqdim etiladi.

Tuman prokurorining ayblov xulosasidagi ushbu matn quyidagicha yozilsa, maqsadga muvofiq bo’lar edi: Shunday qilib, Mirzayorov Sanaqul loqaydlik oqibatida o’z vazifasini lozim darajada bajarmagan, davlat manfaatlariga katta miqdorda zarar yetishiga sabab bo’lgan va mansabga sovuqqonlik bilan qarashda ifodalanadigan O’zbekiston Respublikasi JKning 207 moddasining 1- qismida ko’rsatilgan jinoyatni sodir etgan.



Ushbu jinoyat ishi tuman sudi sudloviga tegishli bo’lib, mazkur ish bo’yicha tuzilgan ayblov xulosasi tasdiqlash va sudga yuborish masalasini hal qilish uchun O’zbekiston Respublikasi JPKning 381-moddasi tartibida tuman prokuroriga taqdim etiladi.

Matndagi grammatik jihatdan tahrirtalab bo’lgan holatlarga aniqliklar kiritish, uni birmuncha sodda va aniq hujjatga aylantirish mumkin. Ammo noo’rin qo’llangan so’z bilan murosa qilib bo’lmaydi. Nazarimizda, prokuror yordamchisi vijdonsizlarcha so’zini noo’rin qo’llagan. Ayblanuvchini sodir etgan jinoyati uchun qonun yo’li bilan jazolash lozim, lekin uni haqorat qilish va shaxsiga tegishga hyech kimga huquq berilmagan. Odam vijdonsiz bo’lishi, ayni paytda, loqayd va sovuqqon bo’lmasligi mumkin. Loqayd va sovuqqon bo’lishi, lekin vijdonli inson bo’lishi mumkin. Buning ustiga, ayblov xulosasi e’lon qilinayotgan fuqaro haqiqatdan ham vijdonsiz bo’lsa, jinoyatga ongli ravishda qo’l urgan bo’ladi va bunday jinoyat boshqacha tarzda baholanish hamda jazo belgilanishni taqozo qiladi. Vaholanki, ayblov xulosasida ishda jinoyatni og’irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligi ham ta’kidlangan.

Ko’rinadiki, huquqiy matnda har bir til birligi alohida mavqyega ega. Ularga nihoyatda mas’uliyat bilan yondoshish yuristning obro’siga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Yana bir misol. Prokurorning «Kassasiya protesti»da quyidagi gaplar yozilgan: Sud muhokamasida, sudlar jabrlanuvchilarni ko’rgazmalarini o’zgartirganliklariga tanqidiy baho bermasdan va M.Ahmedov og’ir jinoyatlar turkumiga kiradigan harakatlarni sodir etganiga huquqiy baho bermasdan, unga bir qadar yengil jazo tayinlagan ko’rinadi. Matndagi imloviy va uslubiy xatoliklarni bir chetga qo’yayligu, undagi yengil jazo tayinlagan ko’rinadi jumlasiga e’tiborimizni qarataylik. Ko’rinadi so’zi prokuror xulosasini shubha ostiga qo’ymayaptimi? Agar u shubhalanayotgan bo’lsa, nega protest yozadi? Harqalay, bunday holatlarda ikkining biri tanlanishi lozim.

Yuridik matnlarni shakllantirishda yana bir holat bilan murosa qilib bo’lmaydi. Bu rus tili qoliplari asosida fikrlash va uni o’zbek tili materiali bilan ifodalashga bog’liq holatlardir. Mas.: Yuqoridagilarga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi JPKning 498-500-moddalariga qo’llanib, (?) SO’RAYMAN: 1. Bog’ishamol tuman sudining 27.12.2000 yilgi Ahmedov Madrahim Matlabovichga nisbatan bo’lgan hukmini (?) tayinlangan jazoni (?) yengilligi sababli bekor qilib, jinoyat ishini qayta ko’rishlik uchun boshqa sud hay’atiga yuborishlikni. Bog’ishamol tuman prokurori, adliya katta maslahatchisi. Familiya.

Bizningcha, bu matn quyidagicha yozilishi lozim: Yuqorida aytilganlarga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi JPKning 498-500-moddalariga asoslanib:

- Bog’ishamol tuman sudining 27.12.2000 yilgi Ahmedov Madrahim Matlabovichga nisbatan tayinlangan jazoning yengilligi sababli hukmni bekor qilib, jinoyat ishini qayta ko’rib chiqish uchun boshqa sud hay’atiga yuborishingizni so’rayman. Bog’ishamol tuman prokurori, adliya katta maslahatchisi. Familiya. Matndagi asoslanib so’zidan keyingi ikki nuqta va chiziqcha o’rniga vergul qo’yib, matnning davomini yozaverish ham mumkin. Birinchi holatda prokurorning yana boshqa talabi borligi ham nazarda tutilgan. Ikkinchi holatdan esa talab faqat bitta talab bo’lganda foydalaniladi.

Ko’rinadiki, fikr qancha ixcham va qisqa bayon qilinsa, uni tushunish va ijro etish shunchalik oson va real bo’ladi. Yengil jazo tayinlagan ko’rinadi tarzidagi jumlalar esa hukm chiqaruvchining ikkilanishiga sabab bo’lishi tabiiy.

Yuridik tilning o’ziga xos xususiyatlaridan yana biri shundaki, u adabiy tilda shakllanishi lozim. Bunga, ayniqsa, yozma nutqda ehtiyoj seziladi. Bu matnda shevachilik ta’sirida bo’lish, adabiy tilga xos bo’lmagan so’z va iboralarni qo’llash ijobiy hodisa sanalmaydi. Masalan, prokuror o’rnida so’zlashuv uslubida qo’llaniladigan qoralovchi, advokat o’rnida oqlovchi tarzida yozish, yuqorida tahlil etilgan vijdonsiz singari so’zlardan foydalanish to’g’ri emas.

Xullas, yuridik matnlar tilida har bir gap to’g’ri tuzilgan bo’lishi, undagi har bir so’z va ibora o’z o’rnida va aniq, ma’lum bir maqsadni ko’zlab ishlatilishi, jumlalar qisqa va mantiqiy bo’lishi, obrazli ifodalar qo’llanilmasligi, ifodada e’tirozlarni, bayonni, hatto bir so’z yoki atamani ikki xil tushunishga yo’l qo’yilmasligi lozim.

Buning ustiga, yuridik til obrazli-estetik vositalardan yoki kundalik muomalada faol ishlatiladigan sheva arxaizm, istorizm, neologizm kabi elementlardan, frazeologizmlardan keng foydalanmasligi bilan farqlanib turadi. Ortiqcha takrorlarga yo’l qo’yilmaydi, jumlalarning mumkin qadar sodda tuzilishi talab qilinadi, yuridik matnning epitetlarga toqati yo’q. Hatto sinonimlardan keng foydalanish yo’l qo’yib bo’lmaydigan hodisa hisoblanadi.

Yana bir narsani eslash to’g’ri bo’ladiki, yuridik tilning ichida ham alohida yo’nalishlar mavjud. Masalan, prokuratura, advokatura yoki sud sohasida, garchi ular umumiy bir yuridik til atrofida birlashsa-da, faol qo’llaniladigan alohida atamalar, so’z va iboralar bo’ladi. Ayni paytda ular uchun umumiy til birliklari birgina fe’l turkumi doirasida quyidagilar ekanligini ta’kidlaymiz: joriy qilinsin, tamomlansin, yuklatilsin, kengaytirilsin, tashkil qilinsin, topshirilsin, jalb etilsin, belgilansin, yo’l qo’yilmasin, kuchaytirilsin, ishlab chiqsinlar, ishlab chiqilsin, ishlab chiqish topshirilsin, ko’zda tutilsin, ta’minlasinlar, ajratib berilsin, tasdiqlansin, choralar ko’rilsin, choralari ko’rilsin, choralari ishlab chiqilsin, choralari belgilansin, tavsiya etilsin, saqlab qolinsin, tadbiri ko’rilsin, zarur deb topilsin, amalga oshirilsin, imkoniyat tug’dirsin, sharoit yaratsin, uyushtirilsin va hokazo.

Bu atamalar ko’lamini jazo, jinoyat, zaruriy mudofaa, oxirgi zarurat, mansabdor shaxs, hokimiyat organi, og’ir jinoyat kabi boshqa so’z turkumiga oid so’zlar hisobiga davom ettirish mumkin.

«Yuridik til, - deb ta’kidlashadi A.Saidov va G.Sarkisyanslar, - bir qancha kenja sistemaga ega: qonun tili yoki davlat yuridik tili, ilmiy yuridik til, sud tili, huquqshunos-muallim tili, publisist-yurist tili, prokuror tili, advokat tili va boshqalar».39 Ular ma’lum tildan foydalanishda umumiy asosga ega bo’lsa ham, mazmunan farqlanadi. Aslida esa til jihatdan ham farqlanadi va bu holat, birinchi navbatda, yozma nutqda o’z ifodasini topadi. Buni huquqqa oid ayrim hujjatlarning rasmiylashtirilishida yaqqol kuzatishimiz mumkin.

Tergov va sud jarayoni bilan bog’liq bo’lgan ayblash fikri, ayb e’lon qilish haqidagi qaror, jinoiy ishni qo’zg’atish haqidagi qaror, guvohlarni so’roq qilish, yuzlashtirish, tintuv o’tkazish, mol-mulkni musodara qilish bayonnomalari, ayblov xulosasi, sud qarori, sud hukmi, prokuror noroziligi (protesti), turli mazmundagi tushuntirish xatlari, ehtiyot chorasini ko’rish, tavsifnoma kabi bir qator yuridik matnlar mavjud bo’lib, ularning har birining rasmiylashtirilishida o’ziga xos qoliplar va qo’llaniladigan alohida so’z va iboralar mavjud.

Boshqacha aytganda, yuridik hujjatlar ma’lum qoliplar va shablonlar asosida shakllantiriladi. Bunda qisqalik, fikrlarni mantiqiy izchillik va o’zaro bog’liqlikda, ketma-ketlikda bayon etish, rasmiylik singari jihatlarga alohida e’tibor qaratish muhimdir. Talabalar bu hujjatlar tili va uslubining umumiy tomonlarini, ayni paytda, ularning bir-biridan farqini anglashlari va bu hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini puxta o’zlashtirishlari lozim. Huquqshunoslikka oid boshqa fanlarni o’zlashtirishda, amaliyot darslarida ham ular bu hujjatlar mazmunini o’rganadilar. Ammo mazkur mavzuni o’zlashtirishda esa talabalar diqqati masalaning til va uslub jihatlariga qaratiladiki, buning yuridik hujjatlarni yuritishda, boshqacha aytganda, masalaning prosessual jihatlarini o’zlashtirishda ahamiyati g’oyatda muhimdir. Shuning uchun bu hujjatlardan ayrim namunalarni keltirish maqsadga muvofiq bo’ladi.




Q A R O R

2003 yil 16 mart kuni Bog’ishamol tumani Jinoyat ishlari bo’yicha sudida

sudya (familiya) raisligida,

xalq maslahatchilari (familiyalar) ishtirokida,

(familiya) kotibligida ochiq sud majlisi bo’lib o’tdi.

Sud 1983 yilda tug’ilgan, millati o’zbek, O’zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti o’rta, muqaddam sudlanmagan, bo’ydoq, yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shug’ullunuvchi, Samarqand shahri Do’stlik ko’chasidagi 32-uyda yashovchi Uzoqov Dilshodga nisbatan Davlat soliq inspeksiyasi (bundan keyin DSI) tomonidan O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksi (bundan keyin MJTK) 186-moddasining 1-qismiga asosan qo’zg’atilgan ma’muriy ishni ko’rib chiqib, quyidagilarni


a n i q l a d i :

1. 2003 yilning 20 fevral kuni Bog’ishamol tumani DSI xodimlari Samarqand shahri Navoiy shoh ko’chasida joylashgan savdo do’konida nazorat tartibida tekshiruv o’tkazilganda qoidabuzar Uzoqov Dilshod aksiz markasi bo’lmagan 23000 so’mlik 110 quti tamaki mahsulotlarini savdoga qo’yganligi aniqlandi va bu haqda belgilangan tartibda dalolatnoma tuzilib, ko’rsatilgan miqdordagi mahsulot daliliy ashyo sifatida olib qo’yildi.

Sud tuzilgan dalolatnoma, bayonnoma, tushuntirish xatlari va ishga oid to’plangan boshqa materiallar bilan tanishib chiqib, Uzoqov Dilshodning ushbu xatti-harakatlari o’z tasdig’ini topgan deb hisoblaydi.

Sud Uzoqov Dilshodning xatti-harakatlari etil spirtli, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini noqonuniy ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritishni ifoda etadigan O’z.R MJTK 186- moddasining 1-qismi bilan to’g’ri belgilangan deb hisoblaydi.

Sud yuqoridagilarni inobatga olib va O’z.R MJTK 309-311-moddalarini qo’llab.
q a r o r q i l a d i:

1. Qoidabuzar Uzoqov Dilshod O’z.R MJTK 186- moddasining 1-qismi bilan aybdor deb topilsin va unga shu moddaga asosan eng kam ish haqining besh baravari miqdorida, ya’ni 12250 (o’n ikki ming ikki yuz ellik) so’m jarima solinsin.

2. Daliliy ashyo sifatida olingan 23000 so’mlik tamaki mahsulotlari davlat foydasiga musodara qilinsin.

Qarordan norozi tomondan 10 kun muddat ichida shu sud orqali Samarqand viloyat sudiga shikoyat qilishga haqli.


S u d r a i s i (familiya)




A J R I M
2003 yil 16 mart kuni Bog’ishamol tumani Jinoyat ishlari bo’yicha sudida

sudya (familiya) raisligida,

xalq maslahatchilari (familiyalar) ishtirokida,

(familiya) kotibligida

tomonlar – Bog’ishamol tuman prokurori katta yordamchisi (familiya), advokat (familiya) ishtirokida ochiq sud majlisi bo’lib o’tdi.

Sud O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi (bundan keyin O’zR JK) 169-moddasining 2-qismi «V» bandi bilan ayblanayotgan Rahmonov Jo’rabek Rustamovichning 528-sonli (prokuraturada 1501-sonli) jinoyat ishini ko’rib chiqib, quyidagilarni


a n i q l a d i:
Dastlabki tergovda J.Rahmonov 2002 yilning 18 oktyabr kuni soat taxminan 11:30 larda birovlarning mol-mulkini yashirincha talon-taroj qilish maqsadida voyaga yetmagan I.Boymurodov, O.Murodov, J.Xaitovlar bilan o’zaro jinoiy til biriktirishib, Samarqand shahri Sartepa maskanidagi 34-uy oldida joylashgan «Tabriz» xususiy do’koni sotuvchisi G.Rasulovani chalg’itishib, uning pullari saqlanadigan qutichadan 1850 so’m pulni o’g’irlashlikda ayblangan.

Ammo dastlabki tergov jarayonida J.Rahmonovdan ehtiyot chorasi sifatida munosib xulq-atvorda bo’lishlik haqida tilxat olinmagan.

Mazkur jinoiy ishni sudda ko’rib chiqish 2002 yilning 19 dekabr kuni soat 10:00 ga tayinlandi. Lekin tegishli tartibda xabardor qilingan J.Rahmonov sud majlisiga kelmadi.

Sud kotibining ma’lum qilishicha, J.Rahmonov ayblov xulosasida ko’rsatilgan manzilda – Pastdarg’om tumani Charxin qo’rg’oni Nayman qishlog’ida yashamaydi va noma’lum joyga ketib qolgan.

Shunga ko’ra sud J.Rahmonovga nisbatan O’zR JPKning 399, 400, 420, 422-moddalarini qo’llab, jinoyat ishi yuritishni to’xtatishni, unga nisbatan qidiruv e’lon qilishni, ehtiyot chorasini o’zgartirib, qamoqqa olishni, qidiruv choralarini ko’rish uchun ayblov xulosasini tasdiqlagan prokurorga yuborishni lozim topadi.

Aytilganlarga asoslanib va O’zR JPK ning 423-moddasini qo’llab, sud quyidagicha


a j r i m q i l a d i:

1. 1985 yil 17 iyulda Samarqand viloyatida tug’ilgan, millati o’zbek, O’zbekiston Respublikasi fuqarosi, muqaddam sudlanmagan, Samarqand viloyati Pastdarg’om tumani Charxin qo’rg’oni Nayman qishlog’ida yashovchi Rahmonov Jo’rabek Rustamovichga nisbatan qidiruv e’lon qilinsin.

2. Ehtiyot chorasi o’zgartirilib, J.Rahmonov qamoqqa olinsin va bu haqda Samarqand shahar Bog’ishamol sudiga xabar berilsin.

3. J.Rahmonovga nisbatan qo’zg’atilgan jinoyat ishi O’zR JK 169-moddasining 2-qismiga «V» bandiga asosan to’xtatilsin.

4. Jinoyat ishi nazorat qilish uchun ajrim bilan birgalikda ayblov xulosasini tasdiqlagan prokurorga yuborilsin.

5. Ajrimni ijro etish Samarqand shahar IIB JQB boshlig’i zimmasiga yuklatilsin.

Sud raisi (familiya)





Samarqand viloyat sudining jinoiy

ishlar bo’yicha sudlov hay’atiga
Bog’ishamol tuman sudining 2000 yil

27 dekabrda M.M.Ahmedovga nisbatan

qo’zg’atilgan jinoyat ishi yuzasidan

chiqargan hukmini bekor qilish haqida
QAT’IY NOROZILIK

Bog’ishamol tuman sudining 2000 yil 27 dekabrdagi hukmiga asosan sudlanuvchi Ahmedov Madrahim Matlabovich O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi (bundan keyin O’zR JK) 169-moddasining 3-qismi «b» bandi bilan aybli deb topilib, shu moddaga muvofiq unga tegishli bo’lgan mol-mulk davlat foydasiga musodara qilinib, 5 (besh) yil muddatga jazo tayinlangan hamda bu jazo O’z.R Prezidentining 2000 yil 28 avgustda chiqarilgan «Amnistiya to’g’risida»gi Farmonining 9-moddasi «a» bandiga binoan 1/3 (uchdan bir) qismiga qisqartirilgan va O’zR JKning 96-moddasiga asosan tibbiy yo’sindagi alkogolizmdan majburiy davolash choralari qo’llangan.

Quyidagilarga ko’ra mazkur hukmning noqonuniy ekanligini ta’kidlayman va uni bekor qilib, qayta ko’rishga yuborish lozim deb hisoblayman:

Dastlabki tergov hujjatlarida M.Ahmedov 2000 yil 19 avgust kuni taxminan soat 23 larda o’zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-taroj qilish maqsadida o’z boshqaruvidagi VAZ-2111 rusumli davlat belgisi 14 D 12-85 bo’lgan mashinasida Samarqand shahar Mirzo Ulug’bek ko’chasidagi 72-A binoda joylashgan, fuqaro Sherbekova Gulnoza Choriyevnaga tegishli bo’lgan «Ulug’bek-Sh» xususiy dorixona oldiga kelib, hyech kimning yo’qligidan foydalanib, dorixonaning kirish eshigidagi osma qulfni buzib ochib, ichkariga g’ayriqonuniy ravishda kirib, peshtaxtalardagi umumiy narxi 910093 so’mlik dori-darmonlar va 350000 so’mlik «Samsung» rusumli kassa apparatini xo’jalik sumkasiga joylab, o’zi bilan birga olib chiqib ketganligi va mashinasida voqyea joyidan g’oyib bo’lganligi qayd etilgan.

Sud jarayonida jabrlanuvchilar dastlabki tergovda bergan ko’rgazmalarini o’zgartirib, M.Ahmedov olib ketgan dorilarning bir qismini topganliklarini bayon qilishgan. Shunga muvofiq sud M.Ahmedovning harakatlarini O’zR JK 169-moddasining 4-qismi «a» bandidan shu moddaning 3-qismi «b» bandiga qayta malakalab, sudlanuvchiga nisbatan 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini belgilagan.

Sud muhokamasida hay’at a’zolari jabrlanuvchilarning ko’rgazmalarini o’zgartirganliklariga tanqidiy munosabatda bo’lmasdan va M.Ahmedov og’ir jinoyatlar turkumiga kiradigan harakatlarni sodir etganiga huquqiy baho bermasdan, unga bir qadar yengil jazo tayinlagan.

Yuqorida aytilganlarga muvofiq, O’z.R JPKning 498-500-moddalariga asoslanib:

Bog’ishamol tuman sudining 27.12.2000 yilgi Ahmedov Madrahim Matlabovichga nisbatan tayinlangan jazoning yengilligi sababli hukmni bekor qilib, jinoyat ishini qayta ko’rib chiqish uchun boshqa sud hay’atiga yuborishingizni so’rayman.


Bog’ishamol tuman prokurori,

adliya katta maslahatchisi (familiya)






H U K M

O’zbekiston Respublikasi nomidan


2001 yil 8 fevral kuni Nurobod tuman sudi o’z binosida

raislik qiluvchi sudya – (familiya),

xalq maslahatchilari - (familiyalar) dan iborat hay’atda,

(familiya) ning kotibligida,

tomonlardan – prokuror yordamchisi (familiya) va advokat (familiya) ishtirokida bo’lgan ochiq sud majlisida O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi (bundan keyin O’zR JK) 109-moddasining 2-qismi bilan sudlanuvchi Ђaniyev Bahrom Abdivaitovichning 1-25-raqamli jinoyat ishini ko’rib chiqdi.

Sudlanuvchi Ђaniyev Bahrom Abdivaitovich 1980 yilda O’zR Samarqand viloyati Sovetobod tumanida tug’ilgan, millati o’zbek, O’z.R fuqarosi, partiyasiz, ma’lumoti to’liqsiz o’rta, oilalik, deputat emas, muqaddam sudlanmagan, Nurobod shahridagi xususiy novvoyxonada novvoy bo’lib ishlaydi. Nurobod tumani Ulus shirkat xo’jaligining O’rtabo’z qishlog’ida yashaydi, ayblash fikri nusxasini olgan, ehtiyot chorasi tilxat orqali ochiqda belgilangan.

Sud ushbu jinoyat ishi materiallarini tahlil qilib, ochiq sud majlisida sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko’rsatmalarini tinglab quyidagilarni aniqladi:

Sudlanuvchi B.Ђaniyev 2000 yilning 7 noyabr kuni taxminan soat 14:00 larda o’zi ishlaydigan novvoyxonada non yopayotgan vaqtida shu novvoyxonaga non olish uchun kelgan Nurobod tumani Kattaqo’rg’on shirkat xo’jaligi Nurdum qishlog’ida yashovchi, turmush o’rtog’i Mavlonova Mahbubaning sobiq eri Xolmurodov Oybekka «sen nima uchun kelding», deb uning yoqasidan ushlab tortganidan so’ng ular o’zaro janjallashib qoladilar. Novvoyxonadan chiqqanlaridan keyin u Oybekning boshi va yuziga qo’li bilan qasddan bir necha marta uradi va natijada Xolmurodov Oybek tan jarohati olib Nurobod tuman markaziy shifoxonasiga tushib, 2000 yilning 7 noyabridan 15 noyabrgacha davolanib chiqadi. Nurobod tumani sud tibbiyot ekspertizasining 2000 yil 20 noyabrda bergan 236-sonli xulosasida jabrlanuvchi Xolmurodov Oybekka sog’ligining buzilishiga sabab bo’lgan yengil tan jarohati yetkazilganligi ko’rsatilgan.

Ochiq sud majlisida sudlanuvchi B.Ђaniyev qilgan jinoyatiga iqror bo’lib quyidagicha ko’rsatma berdi: - Men 2000 yil 7 noyabr kuni taxminan soat 14:00 larda turmush o’rtog’im M.Mavlonovani tuz olib kelish uchun do’konga yuborib, o’zim non yopish bilan shug’ullandim. Shu vaqtda xotinim yig’lab kelib qoldi. Undan nima bo’lganligini so’raganimda indamadi. Shundan keyin novvoyxonaga turmush o’rtog’imning sobiq eri Xolmurodov Oybek kirib keldi va menga «Bahrom senmisan», deb janjallashib ketdi. Ikkalamiz sudrashib tashqariga chiqdik. Oybekka «yoqamni qo’yib yubor», deb siltagan edim, qo’lim uning yuziga tegib ketdi. Bizlarni novvoyxona egasi Muhiddin aka kelib ajratdi. Oybek ketdi. Oradan biroz vaqt o’tgandan keyin uning otasi Xolmurodov Ochil kelib, «nima uchun o’g’limni urding», deb menga dag’dag’a qildi. Yana Muhiddin aka kelib u kishini chiqarib yubordi. O’sha paytda qo’limda pichoq emas, xamir kesadigan kurakcha bor edi. Lekin u bilan ham Oybekka hamla qilgan emasman. Bu yerda Hasan va Bobosher ismli kishilar yo’q edi. Janjalga Bobosher aralashgan emas. Janjal novvoyxonada bo’lgan, avtobus bekatida emas.

Sudda B.Ђaniyev bergan ko’rsatmadan tashqari uning sodir etgan jinoyati so’roq qilingan jabrlanuvchi va guvohlarning quyidagi ko’rsatmalari bilan to’liq tasdiqlandi:

Jabrlanuvchi Xolmurodov Oybek: - 2000 yil 7 noyabr kuni otam bitta qo’y so’yib Nurobod shahriga keldi. Men shu qo’yning terisini olib otamning oldiga keldim. Otam menga non olib kelishimni buyurdi. Novvoyxonaga bordim. Novvoyxonada B.Ђaniyev «Sen Oybekmisan, bu yerga kir», dedi. Novvoyxonaga kirdim. B.Ђaniyev «Nega bu yerga kelding», deb yoqamdan ushlab, yuzimga va boshimga urdi. Burnim qonab qoldi. Kelib otamga voqyeani aytganimdan so’ng otam ikkalamiz uning oldiga bordik. Bahrom otamga ham baqirdi. Men ilgari B.Ђaniyevni tanimaganman. Uning xotini mening sobiq turmush o’rtog’im bo’lganligi rost. M.Mavlonovaning qo’lidan ushlab tortgan emasman. Janjaldan keyin sog’ligim yomonlashganligi sababli, kasalxonada 9 kun yotib, davolanib chiqdim. Sudlanuvchiga qonunga muvofiq jazo berishlaringizni so’rayman.

Guvoh Mavlonova Mahbuba: - Jabrlanuvchi O. Xolmurodov mening sobiq turmush o’rtog’im bo’ladi. Sudlanuvchi B.Ђaniyevga keyin turmushga chiqqanman. 2000 yilning 7 noyabr kuni erim B.Ђaniyev meni tuz olib kelish uchun do’konga jo’natdi. Tuz olib qaytayotganimda sobiq turmush o’rtog’im «Gap bor», deb qo’limdan ushlamoqchi bo’lganida novvoyxonaga qochib keldim. O.Xolmurodov ham orqamdan keldi. Keyin «Sen Bahrommisan», deb erimning yoqasidan ushladi. Ikkalasi tortishib qolishdi. Bahrom Oybekka qo’yib yuborishni aytib, qo’lini siltaganida, qo’li Oybekning yuziga tegib ketdi. Keyin Oybek borib otasini aytib keldi. Ular erim bilan janjallashmoqchi edilar Muhiddin aka yo’l qo’ymadi, ularni ajratdi. Shundan so’ng ular ketishdi. Bahrom ularning orqasidan avtobus bekatiga quvib borgan emas.

Guvoh Mavlonov Bobosher: - B.Ђaniyev kuyovim bo’ladi. 2000 yil 7 noyabr kuni singlim Mahbubani tuz olib kelishga yuborgan edik. U bir vaqt yig’lab kelib qoldi. Keyin uning izidan sobiq turmush o’rtog’i O.Xolmurodov ham keldi. Oybek va Bahrom janjallashib qolishdi. Bir-birlarining yoqalaridan ushlashib, tortishib ketishdi. Bahrom qo’lini siltaganda Oybekning yuzi va boshiga tegib ketdi. Novvoyxonaning egasi Muhiddin aka ularni ajratib qo’ydi. Oybek ketib, 10-15 minutlardan keyin otasi O.Xolmurodovni ergashtirib keldi. Ochil aka Bahromga «O’g’limni nimaga urding», deb baqirdi va u bilan urishmoqchi bo’ldi. Muhiddin aka kelib ularni chiqarib yubordi. Men janjalga umuman qo’shilgan emasman. Bahromning qo’lida pichoq yo’q edi. Oybekning orqasidan hyech kim quvgan emas.

Guvoh Xolmurodov Ochil: Jabrlanuvchi O.Xolmurodov o’g’lim bo’ladi. 2000 yil 7 noyabr kuni bitta qo’y so’yib, Nurobod shahriga go’shtini olib keldim. Terisini o’g’lim Oybek olib kelib sotib, mening oldimga borganida uni 2 ta non olib kelishga yubordim. Bir ozdan so’ng u yig’lab, yuzlari qon bo’lib keldi. B.Ђaniyev urganligini aytdi. Men o’g’lim bilan novvoyxonaga borib, B.Ђaniyevdan o’g’limni nima uchun urganligini so’raganimda u menga baqirib tashladi. Novvoyxonaning egasi Muhiddin aka kelib bizlarni ajratib qo’ydi. Bizlar ketdik. O’g’limning sog’ligi yomonlashganligi sababli uni kasalxonaga olib bordik va 9 kun davolanib chiqdi. Haqiqatdan ham o’g’lim Oybekning sog’ligi ilgaridan yaxshi emas. Uning jahli juda tez. B.Ђaniyevning xotini mening sobiq kelinim bo’ladi.

Bundan tashqari sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasi hamda ishda mavjud bo’lgan bayonnoma, ariza va tushuntirish xatlari ham bo’lib o’tgan voqyeani oydinlashtirishga ko’maklashadi.

Sud yuqoridagi tafsilotlardan kelib chiqib B.Ђaniyevning aybi tergov organi tomonidan O’zR JK 109-moddasining 2-qismi bilan to’g’ri malakalangan deb topadi.

Sud O’zR JPKning 465-468-moddalarini qo’llab hukm qiladi.

H u k m

Sudlanuvchi Ђaniyev Bahrom Abdivaitovichni O’zR JK 109-moddasining 2-qismi bilan aybdor deb topilsin. U O’zR JK 109-moddasi 2-qismi bilan 2 (ikki) yil axloq tuzatish ishiga jalb qilinsin. Jazo umumiy asosda o’talsin va har oylik ish haqidan davlat foydasiga 20 foizdan o’ndirilsin. Hukmni ijro qilish Nurobod tuman IIBning axloq tuzatish inspeksiyasiga yuklatilsin. Jazo muddati ish haqi undirilgan kundan boshlab hisoblansin.

Sudlanuvchi Ђaniyev Bahrom Abdivaitovichdan davlat foydasiga 5200 so’m undirilsin.

Hukmdan norozi tomonlar shu sud orqali Samarqand viloyat sudiga 10 kun ichida shikoyat qilishga va e’tiroz bildirishga haqli.


Sud raisi (familiya)




Jinoyat ishida ayblanuvchi deb topish haqida


Q A R O R
2001 yil 27 mart Nurobod shahri
Men – Nurobod tumani IIB TB tergovchisi, milisiya kapitani (familiya) Jo’rayev Ixtiyor Baxtiyorovichga nisbatan qo’zg’atilgan va 191-raqam bilan qayd etilgan jinoyat ishi bo’yicha to’plangan materiallar bilan tanishib chiqib quyidagilarni

ANIQLADIM:

Dastlabki tergov materiallariga ko’ra ma’lum bo’ldiki, Nurobod tumani Kattaqo’rg’on shirkat xo’jaligi hududidagi Ko’ktosh qishlog’ida yashaydigan fuqaro I. Jo’rayev foydali mehnat bilan shug’ullanmasdan, qasddan o’zganing mol-mulkini yashirin ravishda talash maqsadida bir guruh shaxslar bilan til biriktirib, qasddan o’g’rilik jinoyatini sodir etgan.

I.Jo’rayev o’zining hamqishloqlari Hakimov Nizomiddin va Meliqulov Aktamlar bilan yashirin ravishda jinoiy til biriktirib, 2001 yil 6 mart kuni taxminan soat 22:00 larda Nurobod tumani elektr tarmoqlariga qarashli Nurbuloq yordamchi stansiyasidan 1989 yilda qurib ishga tushirilgan 1,6 km. uzunlikdagi narxi 240000 so’m bo’lgan A-70 markali elektr toki o’tkazuvchi alyuminiy simlarini kesib olib o’g’irlagan va N.Hakimovga tegishli bo’lgan suvi yo’q quduqqa yashirgan. 2001 yilning 8 mart kuni esa bu simni o’g’irlaganlarini aytmasdan Kattaqo’rg’on shirkat xo’jaligi Nurbuloq qo’rg’onida yashovchi Sunnatov Anvarga 20000 so’mga sotib yuborishgan. Va bu pulni o’zlarining ehtiyojlariga sarvlashgan.

Shunday qilib, yuqorida nomlari tilga olingan shaxslar O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining (bundan keyin O’zR JK) 169-moddasi 2-qismi «b» va «v» bandlarida qayd etilgan jinoyatlarni sodir etishgan.

Qayd etilganlardan kelib chiqib va O’zR JPK ning 45, 361, 362-moddalariga asoslanib
QAROR QILDIM:

Fuqaro Jo’rayev Ixtiyor Baxtiyorovich mazkur jinoyat ishini sodir etgan deb hisoblansin va unga nisbatan O’zR JK 169-moddasining 2-qismi «b» va «v» bandlari bilan ayblov e’lon qilinsin.

Nurobod tumani IIB TB tergovchisi,

milisiya kapitani (familiya)


Ushbu qaror va O’zR JPKning 46-moddasida

ko’zda tutilgan huquq va majburiyatlarim

menga tushuntirildi, deb I. Jo’rayev

Shunday qilib, ta’kidlash o’rinli bo’ladiki, O’zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonunining qabul qilinishi, o’zbek tilining rasmiy til sifatida e’tirof etilishi, mamlakatimizning o’z mustaqilligini qo’lga kiritishi va shu munosabat bilan o’zbek davlatchiligi va qonunchiligida yangi bir davrning boshlanganligi yuridik yozma nutq madaniyatini yanada takomillashtirish, savodxonlikni oshirish masalalarini kun tartibiga qo’ydiki, unga ayniqsa bo’lajak huquqshunos talabalarga ta’lim berish jarayonida alohida e’tiborni qaratish lozim bo’ladi. Chunki til va mantiq ilmini puxta o’zlashtirmasdan turib mamlakatmizda jadallik bilan amalga oshirilayotgan huquqiy-demokratik islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanish mumkin emasligini hayotning o’zi tasdiqlab turibdi.


Amaliy mashg’ulotlar uchun vazifalar:

1. Quyidagi tavsifnoma matnini tahlil qiling, imloviy va uslubiy kamchiliklarini ko’rsating va o’z variantingizni qaytadan yozing:

1982-yilda Xalqobod tumani Olg’a shirkat xo’jaligi Xazarmali qishlog’ida tug’ilgan, millati o’zbek, ma’lumoti to’liqsiz Oliy, Samarqand Davlat Universiteti 2-kurs huquqshunoslik fakultetining 03-guruh talabasi, Roziqov Husniddin Boymirzayevichga

TAVSIFNOMA.

Roziqov Husniddin Boymirzayevich Samarqand Davlat universitetining huquqshunoslik fakultetining 2-kurs talabasi 2001 yil 09.07.2001 yildan 15.07.01 yil muddat ichida Xalqobod tuman prokuraturasida o’z amaliyotini o’tadi. U o’z amaliyoti jarayonida o’zini bilimdon, tashabuskor sifatida namoyon etdi.

O’ziga ajratilgan har qanday vazifani chuqur mas’uliyat va chin vijdonan bajarib tuman prokuraturasida o’zini ijobiy tamonidan ko’rsatdi.

U o’z tajribasini oshirish maqsadida tuman prokuraturasida umumiy nazorat, jinoyat ishlari tergovida faol ishtirok etib, nazariy bilimlarini amaliy jihatdan mustahkamladi.

Roziqov Husniddin Boymirzayevich huquqiy bilimini va g’oyaviy-siyosiy darajasini oshirishlik uchun doimo o’z ustida ishlaydi.

U tuman prokuraturasidagi o’ziga berkitilgan ha qanday topshiriqlarni sifatli qilib bajarishni o’zining birinchi darajali vazifasi deb biladi. U o’z jamoasi o’rtasida, kamtarligi, ishga qobiliyatligi, tirishqoqligi, izlanuvchi va bilimdonligi bilan yaxshi obro’ e’tibor qozondi.

Biz Xalqobod tuman prokuraturasi xodimlari Roziqov Husniddin Boymirzayevichning kelajakda ajoyib yurist bo’lib chiqishiga ishonchimiz komil.

Ushbu tavsifnoma tegishli joyga taqdim qilishlik uchun berildi.


Download 0,55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish