Hozirgi sudlov jarayoni, sudyalarning ish faoliyati qadimda O’rta Osiyo davlatlarida olib borilgan qozilik vakolati doirasida hukm chiqarish jarayonidan tubdan farqlanadi va u dunyo sudlov andozalari asosida takomillashgan. Shu bilan birga, bu jarayon mustaqil O’zbekiston sharoitida xalq va davlat manfaatlarini himoya qiluvchi yangi qonunlar asosida olib boriladi. Sudlov jarayonida amaldagi qonunlar buzilgan deb hisoblangan holatlar yoki inson taqdiri, davlat yoxud biron bir tashkilot hayotiga aloqador bo’lgan masalalar muhokama qilinadi va «hukm», «ajrim» tushunchalari ostida tegishli qarorlar qabul qilinadi.
Jarayonda ijro etiladigan sud nutqi avvalgi mavzularda ko’rib o’tilgan ijtimoiy-siyosiy, akademik, maishiy, diniy kabi ommaviy nutq ko’rinishlari orasida o’zining alohida xususiyatlari bilan ajralib turadi. Bu xususiyatlar sud jarayoni bilan bog’liq ravishda namoyon bo’ladi. Chunki sud jarayonida masalani hal etishga aloqador bo’lgan tomonlar, ularning mas’ul kishilari – sudya, xalq maslahatchilari, prokuratura va ichki ishlar xodimlari, advokatlar, jamoatchi qoralovchi va himoyachilar, guvohlar hamda sudlanuvchi ishtirok etishadi. Ularning har biri sud jarayonida qonun va sudlanuvchining manfaatlarini ko’zlab nutq so’zlashlari mumkin. Ana shu manfaatlar, maqsad va vazifalar nuqtai nazaridan bu nutqlarning mazmuni va shakli turlicha bo’lib, ularning barchasi sud nutqi degan umumiy tushuncha ostida birlashadi hamda prosessual vazifani bajarishda baravar ishtirok etadi. Ularning har birining ahamiyati, ta’sir va ishontirish kuchi bilan boshqa nutq uslublaridan farqlanadi.
Sudlov amaldagi qonunlar doirasida olib borilsa-da, sodir etilgan jinoyat yoki qonunbuzarlikka munosabat bildirishda ishtirok etayotganlarning manfaatlari bir-biriga zid keladi va ular qoralovchi-oqlovchi mazmunida ikki qutbga ajraladilar. Oraliq pozisiyada – qonun va adolat pozisiyasida turgan sudya esa sodir etilgan voqyea-hodisa yuzasidan barcha dalillar va da’volarni tahlil qiladi va tegishli hukm chiqaradi. Mana shu jarayonda xizmat vazifasi va manfaatidan kelib chiqib, ularning har birining o’z nutqi shakllanadi. Bu nutqlar quyidagicha nomlanadi: prokuror nutqi, jamoatchi-qoralovchi nutqi, advokat nutqi, sudlanuvchining o’z-o’zini himoya qilish nutqi va hukm shaklidagi sudya nutqi kabilar.
Odil sudlovni amalga oshirishda sudya bilan bir qatorda prokuratura va advokatura organlari zimmasiga ham katta vazifalar yuklatiladi. Chunki bu organlarning vakillari sudlov jarayonida ko’plab jinoiy va fuqarolik ishlarini ko’rib chiqishda bevosita ishtirok etishib, tomonlar manfaatini himoya qilishadi.
Prokurorning vazifasi ishni ko’rib chiqish jarayonida sudlanuvchining aybini isbotlashdan iborat bo’lsa, advokat jinoiy javobgarlikka tortilayotgan kishiga huquqiy yordam ko’rsatishni o’zining asosiy ishi deb biladi. Ularning ikkalasi ham sud muhokamasida muhim ahamiyatga ega bo’lgan ma’lum jinoyat va qonunbuzarlikka oid o’z munosabatlarini og’zaki nutqi orqali bayon qilishadi hamda shu yo’l bilan ma’lum faktlarga oid masalalarning oydinlashishiga, binobarin, sudning to’g’ri va obyektiv xulosaga kelishiga, qonuniy va asosli hukm chiqarishiga ko’maklashadi.
Ayblovchi ham, himoyachi ham jinoyat tarkibini qarab chiqar ekan, uning davlat manfaati uchun va ijtimoiy xavflilik darajasini, qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini chuqur tahlil qiladi. Bularning barchasi katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’lib, sudlanuvchi uchun ham, sud auditoriyasi uchun ham ta’sir qiladi. Ana shuning uchun ham sud jarayonida ijro etiladigan nutqlarga faqat ishni ko’rib chiqish jarayonidagi xizmati nuqtai nazaridan emas, balki tarbiyaviy ahamiyati nuqtai nazaridan ham baho berilishi lozim bo’ladi. Har ikkala tomonning nutqlari qanchalik batafsil va yorqin bo’lsa, sudda ishtirok etuvchilar ongida chiqarilgan hukm haqida, sudning odilligi haqida tasavvur ham shunchalik oydin bo’ladi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, Vatanimizga mustaqillik bergan buyuk ne’matlardan biri demokratik tamoyillarga asoslangan jamiyat qurish va bunda sud faoliyatini mustaqil qilish, uni har qanday tazyiqlardan xalos etish bo’lgan ekan, odil sudlov jarayonida sodir etilgan jinoyatning mohiyatini ochish yo’lidagi bahslar ana shu demokratiyaning bir ko’rinishi sifatida baholanadi. Shunday ekan sud jarayonidagi nutqlarning g’oyatda mazmunli va savodli, aniq va ishonarli bo’lishi odil sudlovning mezoni sifatida qaralishi lozim.
Ayni paytda, suddagi ba’zi nutqlar yuqoridagi talablarga javob berish bilan birga uzundan uzoq da’vatlardan iborat bo’lib, jinoyatning haqiqiy mohiyatini ochishga yordam berishdan ko’ra, ko’proq kishilarning vaqtini olishi mumkin. Bu esa sud nutqi oldidagi mas’uliyatning naqadar katta ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Sud jarayonida ishtirok etishi lozim bo’lgan tomonlar tabiiyki, unga tayyorgarlik ko’rishadi. Nutqiy tayyorgarlik ham shular jumlasiga kiradi. Masalan, sudya ham, prokuror va advokat ham dastlab ko’rib chiqiladigan materialini sinchiklab o’rganib chiqishadi. Guvohlar ko’rsatmalarini tahlil qilishadi va qonun hamda prosessual talablar asosida o’z pozisiyalarini aniqlab olishadi, sodir etilgan voqyea yoki jinoyatga baho berishib, uning yuridik va axloqiy jihatlarini hisobga olgan holda munosabat bildirishga tayyorgarlik ko’rishadi. Har bir fikr qonuniy aktlar bilan taqqoslanadi, asoslanadi va ular ketma-ket tarzda joylashtiriladi. Shu tarzda nutq rejasi va sxemasi tuziladi va bunda nutq xulosasiga alohida ahamiyat beriladi.
Suddagi nutqni ijro etish jarayoni esa g’oyatda mas’uliyatli bo’lib, nutqlar bu jarayonning sudlanuvchi taqdirini hal qiladigan, kulminasion nuqtasi hisoblanadi. Tinglovchilar diqqatni tortish, aqli va hissiyotiga ta’sir qilish oson ish emas, albatta. Munozara, bahs, masala talashish (polemika), isbotlash, rad etish juda katta mahorat, bilim va mehnatni talab etadi.
Sud notiqligi notiqlik san’atining eng qadimgi ko’rinishlari dan bo’lib, bahs va munozaralar asosiga qurilganligi bilan ajralib turadi. Garchi har ikkilalari ham sudda javobgarlikka tortilayotgan kishini yoki guruhni obyekt qilib olgan bo’lsalar-da, ta’kidlaganimizdek, undagi prokuror va advokat nutqlari, jamoatchi-qoralovchi va jamoatchi-oqlovchi nutqlari mazmun-mohiyati va axloqiy-huquqiy yo’nalishi bilan bir-biridan farq qiladi va bu narsa bahs-munozaraga sabab bo’ladi. Bu bahs-munozaralar haqiqatning ro’yobga chiqishiga, sud hay’atining adolatli hukm chiqarishiga ko’maklashadi. Ђoyatda xolisonalik, obyektivlik, ayblanuvchi yo’l qo’ygan har bir holatni mayda-chuydasigacha tahlil qilish va dalillash, asoslash va huquqiy baho berish bu nutqlarga muvaffaqiyat keltiruvchi jihatlardir. Sodir etilgan jinoyatga va uni sodir etgan ayblanuvchiga aniq va to’g’ri tavsif berish va bunda ruhiy holatlarni hisobga olish ana shu xolisonalikning garovi bo’lib xizmat qiladi.
Sud jarayonida prokuror va advokatning umumiy manfaati adolatning ro’yobga chiqishi mazmunida bir-birilariga mos kelsa-da, xususiy holatlarda ularning nutqi bir-biriga qarama-qarshi turadi va ma’lum ma’noda ular sud jarayonida musobaqalashayotgandek tuyuladi.
Harqalay, sudda gapirish prokurorga yengilroq kechadi. Chunki u davlat nomidan gapiradi va bunda amaldagi qonunlarga tayanib ish ko’radi. Prokuror nutqining tuzilishi quyidagicha: sudlanuvchining sodir etgan jinoyatiga oid aniqlangan faktlar, tahlillarga asoslanib, uning barcha xatti-harakatlariga, agar mavjud bo’lsa, jamiyat oldidagi xizmatlariga, xullas axloqiy qiyofasiga tayanilib, ko’rib chiqilayotgan ishga tavsif beriladi va bu nutq jazo chorasi yoki jazodan ozod etish haqidagi tavsiya bilan tugallanadi. Mustaqil o’zbek davlati qonunchiligining oliy namunasi bo’lganligi uchun ham prokuror nutqida sudlanuvchining sha’niga tegishi mumkin bo’lgan gaplarning qo’llanishi munosib emas. O’zRning «Prokuratura to’g’risida»gi Qonuniga muvofiq juda katta huquq va imtiyozlar berilgan prokurorga, ayni paytda, katta huquqiy mas’uliyat ham yuklangan. Ana shuning uchun ham u o’z huquqini suiiste’mol qilishi, sudda ayblanuvchini mensimagan holda nutq so’zlashi uning obro’siga jiddiy putur yetkazadi.
Prokurordan farqli o’laroq sud jarayonida nutq so’zlash va sudlanuvchini himoya qilish, garchi u ham qonun himoyasida bo’lsa-da, advokatga qiyin kechadi. Advokat bor kuchi va imkoniyatini jazoni yengillatishga qaratadi. Shu yo’lda u diqqatni sudlanuvchining avval qilgan xizmatlariga, jamiyatda va oilasida tutgan mavqyei va obro’siga qaratadi, uni aybdor deb topishning prosessual jihatlarining to’g’ri yoki noto’g’ri amalga oshirilganiga e’tibor beradi. Uning nutqi insonparvarlik tuyg’usi bilan sug’orilgan bo’ladi.
Jinoyat tarkibiga, sudlanuvchiga bo’lgan munosabat nutqning ruhini belgilaydi. Qoralovchi yoki oqlovchida sodir etilgan faktning to’g’riligi yoki noto’g’riligi haqida ishonch bo’lishi kerak. Butun bir ma’ruzaning mohiyatini va ruhini ana shu ishonch va qat’iyat belgilaydi.
Sud munozarasida ishtirok etadigan jamoatchi-qoralovchi va jamoatchi-himoyachi nutqi sud jarayonidagi ikkinchi darajali nutq hisoblanadi hamda kamdan-kam holatlarda – jinoyatdan jiddiy moddiy zarar ko’rgan tashkilot manfaatini yoki bo’lmasin, bilmasdan jinoyat sodir etib qo’ygan, ammo jamoa o’rtasida obro’ga ega bo’lgan kishini himoya qilish zarurati paydo bo’lgan paytlarda so’zlanadi. Ular o’z mohiyatlariga ko’ra prokuror va advokat nutqidan jiddiy farq qilmaydi. Shu bilan birga, ularning nutqlari jamiyatning axloqiy ma’yorlari bilan ko’proq sug’orilgan bo’ladi.
O’z-o’zini himoya qilish nutqi sud jarayonidagi nutq ko’rinishlaridan biri bo’lib hisoblanadi. Advokat nutqiga mazmunan yaqin turadigan bu nutqning ham sudlanuvchining suddagi mavqyei va ahvolidan kelib chiqib, og’ir kechishi tabiiy. Chunki sudlanuvchining jinoyati isbotlanib turgan bo’lsa, uning suddan shafqat so’rashdan boshqa imkoni bo’lmasligi mumkin.
Ular nutqining qaysi biri hayot va qonun mantiqiga to’g’ri keladi, qaysi birining so’zi jozibali va sud hukmiga kuchliroq ta’sir qiladi, kabi savollar sud jarayonida mavjud bo’lib turadi. Lekin bugungi kunda bu nutqlar oldiga qo’yiladigan talablar mohiyati ham o’zgardi. Sud hukmiga ta’sir ko’rsatish masalaning bir tomoni bo’lsa, ikkinchi tomondan, ular jamoatchilik ongiga va dunyoqarashiga ham ta’sir o’tkazish vazifasini ado etadilar. Mana shu ma’noda O’zbekiston Respublikasining mustaqillik davri sud jarayoni xalq manfaatini himoya qilishga qaratilganligi bilan boshqa davrlardagidan prinsipial farq qiladi. Uchinchi hokimiyat sifatida e’tirof etilayotgan sud hokimiyati adolat va haqiqatni bosh vazifasi deb qarash bilan birga o’z faoliyatlarini tarbiya va ibrat maktabiga aylantiradilar.
Ko’rinadiki, sudlovning insonlar taqdiri bilan bog’liq g’oyatda murakkab jarayon ekanligi bu nutqlarni shakllantirishning notiqlik deb ataladigan o’ziga xos yo’lini belgilab beradi. Bu notiqlikning har biri o’z tili va uslubiga ega bo’lgan notiqlikning alohida ko’rinishlari bo’lib, yuqorida ta’kidlaganimizdek, sud notiqligi tushunchasi ularni umumiy nom ostida shunchaki birlashtiradi, xolos. Shuning uchun ham ularning har birini alohida-alohida o’rganish maqsadga muvofiq bo’ladi.
Bu nutqlarning o’ziga xos jihatlari to’g’risida keyingi mavzuda batafsil to’xtalamiz. Ushbu mavzuda diqqat qaratilishi lozim bo’lgan masala esa sud jarayonidagi ularning umuminsoniy, umummilliy ma’naviyat va etikaga to’g’ri keladigan tomonlari - munozara madaniyati xususidadir.
Notiq etikasi uning axloqiy me’yorlari, xulqi, o’z vazifasiga va tinglovchilarning munosabatiga bog’liq bo’ladi va notiqning shaxsini va jamiyat, xalq, qonun va himoya qilayotgan kishisi oldidagi burchini belgilaydi. Shuning uchun ham etika nutqqa tayyorgarlikdan tortib, uni ijro etishdan oldiga qo’ygan maqsadiga erishgunga qadar bo’lgan faoliyatini qamrab oladi. Bu faoliyatda notiqning nazariy tayyorgarligi, ma’naviy dunyoqarashi, salohiyati, prinsipialligi, axloqiy qiyofasi, Prezident va davlat olib borayotgan siyosatdan xabardorligi, hatto o’z fikrini bayon qilishdagi metodik ko’nikmasi namoyon bo’ladi. Ana shu fazilatlarga ega bo’lgan notiqqina kishilarda qonun ustuvorligiga, adolatga bo’lgan ishonchni mustahkamlay oladi va, aksincha, bulardan xabardor bo’lmagan notiqning o’z tinglovchisi aqli va yuragiga ta’sir etishi gumon.
Sud munozarasi jarayonida odoblilik va fikrni ifoda etishda, so’z va iboralarni tanlashda namoyon bo’ladigan xushmuomalalik asosiy o’ringa chiqadi. Bosiqlik, mulohazalarini hayajonlanmasdan, ehtiroslarga berilmasdan bayon etish notiqqa muvaffaqiyat keltiradi. Gapirish yozilgan nutqni o’qib berishga qaraganda birmuncha qiyin jarayon bo’lgani uchun og’zaki nutqqa hamisha ruhiy tayyor turish kerak bo’ladi. Chunki hamma vaqt ham yozilgan narsalarni o’qib berib, bahsga kirishib bo’lmaydi.
Nutqiy etiket – murojaat notiqning sud jarayonidagi faoliyatida muhim o’rin tutadi. Sud hay’atiga va, umuman, nutq qaratilgan shaxsga nisbatan muhtaram, hurmatli, e’tiboringiz uchun rahmat yoki tashakkur kabi so’z va iboralarni ishlatish munozara iqlimini mo’tadillashtiradi, jarayon ishtirokchilari ortiqcha asabiylashishdan saqlanadi. Bu jarayon faqat yuridik til va yurisprudensiyaga oid terminlar bilan so’zlashni taqozo qiladi. Unda prokurorni qoralovchi, advokatni oqlovchi, sudyani qozi, ozodlikdan mahrum etishni kesish, afv etishni oqlash, nomusga tegishni zo’rlash, suiqasd qilishni o’ldirish deb bo’lmaydi.
Hatto notiq bu sud jarayonida harakat akti bo’lgan jestga - tana, yuz va qo’l harakatiga ham befarq bo’lmasligi kerak. Chunki jest kommunikativ jarayonning tarkibiy qismi sanaladi va ular maqsadli nutq so’zlanayotganda, ta’sir o’tkazish asosiy muddao bo’lib turganda nutqni kuchaytiruvchi, ishontirish kuchini oshiruvchi vositaga aylanadi. Aslida milliy va individual xarakterga ega bo’lgan jest so’zga va fikr ifodasiga aniqlik kiritadi. Masalan, nutq jarayonida birgina sharqona harakat – notiqning qo’lini ko’ksiga qo’yishi vaziyatga qanchalik ijobiy ta’sir ko’rsatishi mumkinligini ko’z oldimizga keltiraylik. Ammo tinglovchilarda teskari reaksiya beradigan, notiq haqida noto’g’ri fikr uyg’otadigan harakatlardan qochish kerak. Odatda ba’zi notiqlar o’z harakatlarini nazorat qilishni unutishadi. Buyuk Siseron ta’kidlagan ediki, nutq ijrosi yuz ifodasi, tana va qo’l harakatlarini ham, tovush va ovoz ottenkalarini ham taqozo qiladi.
Demak, suddagi nutqning monologik va dialogik xarakteri ohang, ovoz, diksiya, tembr, tepm, mantiqiy urg’u, pauza, talaffuz, urg’u, kutilmaganlik (spontannost) hamda so’zlashuv uslubiga xos jihatlarni keltirib chiqaradiki, ularga e’tibor berish notiq uchun zaruratga aylanadi.
Sanab o’tilganlarning barchasi sud jarayonidagi bahs va tortishuvlarda muhim omillardan hisoblanadi.
Jinoyatning sodir bo’lish jarayonida huquqiy organlar vakili bo’lgan tergovchi va prokuror ham, sudya va advokat ham ishtirok etmagan bo’ladi. Ular faqat voqyeaga aloqador bo’lgan dalillarni taqqoslash natijasida, agar guvohlar bo’lsa, ularning ko’rsatmalariga tayanib haqiqiy jarayonni baholaydilar va amaldagi qonunlar doirasida tegishli xulosaga keladilar. Shunday bo’lgandan keyin sud jarayonida ishtirok etayotgan mas’ul kishilarning mantiqiy tafakkuri va uni tilda ifodalash mahoratining ahamiyati naqadar katta ekanligini payqash qiyin bo’lmaydi.
Shu o’rinda atoqli rus yuristi, taniqli sud arbobi va notig’i akad. A.F.Konining (1844-1927) quyidagi so’zlarini keltirish maqsadga muvofiq: 70-yillar oxiridagi huquqshunoslik bilim yurti bitiruvchi sinf tarbiyalanuvchilari bilan jinoiy prosess bo’yicha o’qigan ma’ruzamdan keyin bo’lib o’tgan suhbatni eslamasdan o’tolmayman. Ular sud faoliyatiga tayyorgarlik ko’rishda notiq bo’lish uchun nima qilish kerak, deb so’radilar.
Notiqlik uquviga bir qancha talablarni bajargandan keyin erishiladi. Bu talablar va shartlar mening kuzatishlarim va shaxsiy tajribam bo’yicha uchta: gapirilayotgan predmetni aniq va mukammal bilishing hamda uning ijobiy va salbiy xususiyatlarini o’zing uchun aniqlab olishing; o’z ona tilingni bilishing va uning nozikligi, boyligi hamda o’ziga xos gap qurilishidan adabiyot durdonalari bilan tanish bo’lgan holda foydalana olishing; nihoyat, aldamasliging kerak, dedim.
Og’zaki so’z hamisha yozmaga qaraganda samaralidir: u tinglovchi va so’zlovchini tetik qiladi. Lekin notiq gapirayotganlariga o’zi ishonmasa va sog’lom fikr o’rniga ichki mazmundan mahrum bo’lgan jarangdor so’zlarga murojjat qilib, buni sezdirib qo’ysa, so’z hayotbaxsh kuchdan bebahra bo’ladi. … hyech narsani ayta olmagandan ko’ra hyech narsani aytmagan ma’qul. …balandparvoz so’zlar ketidan quvish kerak emas. Ammo yaxshi gapirishga intiling, xalqingizning buyuk boyligi bo’lgan tilini seving va o’rganing1.
Taniqli huquqshunoslar A.Saidov va G.Sarkisyanslar ham ta’kidlaydilarki, har bir yurist, eng avvalo, o’z nutqida ko’rib chiqilayotgan muammolar, ishni mufassal bilishi (lozim bo’ladi), barcha aniq materiallar, barcha dalillarning chuqur tahlili, dalil-isbotlarga boyligi, xarakteristikalarning aniqligi, ijodiy fikrlarning to’liqligi, haqiqatning dalil izlash bilan farqlanishi, yana, albatta, talqin etilayotgan masala qanchalik murakkab, ko’rib chiqilayotgan ishning mag’zi qanchalik og’irroq bo’lsa, ular yuristdan shunchalik ko’p aqliy harakat qilishni talab etadi, nutq mazmuni ustida ham, uning shakllari ustida ham ko’proq berilib ishlashini, o’zining har bir fikri, har bir dalil-isbot, har bir tezisning aniq, tushunarli bo’lishi, og’zaki va yozma shaklini g’oyat darajada aniq gavdalantirilgan holda puxta tanlash va qayta ishlashni talab etadi. Bunday nutq tinglovchilar diqqatini o’ziga jalb qiladi, shuningdek, amaliy samaraga – muhokama etilayotgan masalaning, ko’rib chiqilayotgan ishning qonun normalari va ijtimoiy adolat prinsiplariga qat’iy rioya qilingan holda to’g’ri hal qilishga erishishga qodir bo’ladi2.
Shuning uchun odil sudlov mutasaddilari va uning taqdirini hal qiluvchilarning o’zlari til jihatdan savodli bo’lishlari, tilga mas’uliyat bilan munosabat bildirishlari va zarur nutqiy madaniyatni egallagan bo’lishlari lozim. Filologiya fanlari doktori Z.Tarlanov internetga berilgan «Nutq madaniyati va odil sudlov» maqolasida M.V.Lomonosovning «yurisprudensiya grammatikasiz shubhalidir», degan fikrini keltirib, bu yerda nafaqat grammatikaning o’zini, balki nutqiy madaniyatni nazarda tutganligini eslatib o’tadi. Ushbu maqolada keltirilishicha, XIX-XX asrning taniqli rus advokati P.Sergeich (P.S.Poroxovщikov) shunday degan ekan: «Faqatgina tushunadigan qilib gapirmang, shunday gapiringki, sizni sudyaning tushunmasligi mumkin bo’lmasin. Bunday mukammallikka erishishning ikki tashqi: uslubning tozaligi va aniqligi hamda ikki ichki: predmet va tilni bilish sharti bor». Ko’rinayaptiki, ularning uchtasi tilni bilishga aloqador.
Z.Tarlanovning yana ma’lumot berishicha, Angliyada «Sud lingvistikasi» nomi bilan maxsus xalqaro jurnal nashr etilib kelinmoqda. Bunday nashrlarning bizda - O’zbekistonda ham bo’lishi huquqiy savodxonligimiz-ning mukammalligiga, yuridik til va nutq madaniyatiga oid juda ko’plab munozarali, bahstalab masalalarning omma aralashuvi va ko’magida hal bo’lishiga ko’maklashar, ayni paytda, xalqimizning huquqiy bilimlari doirasining kengayishiga yordam berar edi.
Notiqlik mahorati to’g’risidagi nazariy qarashlarni talabalar ongiga singdirib borish bilan bir qatorda, ular taniqli o’zbek sudyalari, prokurorlari va advokatlarining nashr etilgan namunaviy nutqlari bilan ta’minlash maqsadga muvofiq. Chunki o’n marta eshitgandan bir marta ko’rganning ta’siri va foydasi ko’proq bo’lishi hammaga ma’lum. Mana shu ma’noda «Advokat» jurnali tahririyatining ish tajribasi tahsinga loyiq.
Xullas, notiqlik axloqi va madaniyati sud jarayonida alohida mazmun kasb etadi. Chunki bu jarayondagi munozara va tortishuvlar, rad etish va qo’llab quvvatlashlar, isbotlash va asoslashlar faqatgina til vositalari yordamida reallashadi. Uning ko’magi bilan tafakkur mantiqi shu darajada aniq bo’ladiki, sud xulosasida ikkidan biri tanlanadi, uchinchisiga hojat qolmaydi.
Amaliy mashg’ulotlar uchun vazifalar:
1. Nutqiy madaniyat talablaridan kelib chiqib, guvohni so’roq qilish jarayonida unga beriladigan yo’naltiruvchi savollar majmuini tuzing.
2.Talabalar olib boradigan amaliyot ishlari materiallari orasidan prokuror ayblov fikrini oling va u bilan tanishib chiqib, ayblash darajasining qonuniyligi va til jihatdan shakllanish madaniyatini tekshiring.
Mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar:
1. Munozara jarayonida muomala madaniyati qanday bo’lishi lozim?
2. Munozarada tildagi qanday vositalardan foydalanish to’g’ri bo’ladi?
3. Sud munozarasining o’ziga xos xususiyatlari nimalardan iborat?
4. Sudya, ayblovchi, himoyachi va sudlanuvchining nutqi qaysi jihatlari bilan bir-birlaridan farq qiladi.
5. O’zingiz tanigan va kuchli notiq deb hisoblaydigan yuristlarning ish tajribasi va nutqidan namunalar keltiring.
A d a b i yo t l a r
1. A p r ye s ya n G.Z. Oratorskoye iskusstvo. – M., 1978. – 280 s.
2. Oratorskoye iskusstvo. Sostavitel S.I.Berezin. – L.,1970.
3. Saidov A. Sarkisyans G. Yuridik til va huquqshunos nutqi.- Toshkent: Adolat, 1994.
4. Tarlanov Z. Nutq madaniyati va odil sudlov. Internetga berilgan maqola.
Sud notiqligi san’ati
R ye j a:
1. Ritorika. Notiqlikning san’at ekanligi.
2. Notiqlikning turlari.
3. Sud notiqligi va uning mantiqiy asoslari.
4. Nutqiy jarayonda til vositalarini tanlash mahorati.
5. Sud jarayonida notiqlarning nutqiy strategiyasi.
6. Sud jarayonidagi har qanday nutqning odillik va qonun asosiga qo’yilishi.
7. Ayblov va himoya nutqining xususiyatlari.
Tayanch so’z va iboralar:ritorika, notiqlik, akademik, ijtimoiy, sud, harbiy, siyosiy, maishiy, oshkora nutq xususiyatlari, yunon va rim notiqligi, ritorika nazariyasi, mantiqiy asos, ishontirish, dalillash, ayniyat, ziddiyat, uchinchisi mustasno, yetarli asos, nutqni to’g’ri tuzish, til vositalaridan to’g’ri foydalanish, tanlash, hissiy-ruhiy aspekt, hissiyotni boshqarish, ma’naviy erkinlik, huquqiy madaniyat, nutqiy mahorat, nutqiy strategiya, nutq tuzilish, munozaraga ongli va hissiy yondashuv, dalillashning taqiqlangan usullari, ifoda tasvir vositalari, ayblov va himoya nutqining farqlari.
Ritorika grekcha so’z bo’lib notiqlik san’ati mazmunini beradi. Notiqlik nazariyasi, notiqlik san’ati haqidagi fan, notiqlik san’ati haqidagi ta’limot ma’nolarini esa notiqlik san’atining keng rivoj topib, nutq madaniyatining alohida sohasi sifatida shakllangandan keyin olgan. U filologiyaning stilistika – uslubshunoslik yo’nalishida o’rganiladi.
Uning nazariy asoslari Aristotelning «Ritorika» asarida bayon qilingan. Siseron, Dimosfen, Kvintilian kabilar bu san’atning yirik vakillari sanaladi.
Notiqlik san’ati, ya’ni ritorika eramizdan avvalgi III-II asrlarda Yunonistonda shakllangan bo’lib, keyinchalik Rimda tarqalgan. Bu davrlarda Yunonistonda demokratik jarayonlar barq urib rivojlangan bir paytda davlat arboblarining obro’-e’tibori va yuqori mansablarga ko’tarilishi ularning notiqlik mahoratiga ham bog’liq bo’lib qoldi. Notiqlik san’ati sarkardalik san’ati bilan bar-baravar ulug’landi. Ana shu ikki san’atni mukammal egallagan arboblargina yuqori lavozimlarga saylanadigan bo’ldi. Masalan, mamlakat hayotiga oid muhim masalalar demokratik yo’l bilan hal qilinadigan xalq majlislari va besh yuzlar Kengashida so’zini o’tkaza olgan kishigina xalqni boshqarishga loyiq deb topilgan. Aynan ana shu Kengash dunyoda notiqlik san’atining rivojlanishiga zamin yaratdi. U demokratik jarayonlarda insonning faol ishtirok etish ehtiyojiga aylandi. Masala shu mazmunda talqin etilsa, mustaqil O’zbekistonda demokratik islohotlar yanada jadallashib borayotgan bir sharoitda bu nodir san’atning ahamiyati naqadar muhim ekanligini anglash qiyin emas.
Shu o’rinda mashhur notiqlar tarixidan ayrim namunalar keltirish joiz. G.Z.Apresyanning «Notiqlik san’ati» asarida keltirilishicha3, taniqli davlat arbobi va notiq Demosfen (meloddan avvalgi 384-322-yillar) falsafani Platondan, notiqlik asoslarini Isokratdan o’rgangan. Ustozi Isey o’z notiqlik maktabini to’rt yil davomida boshqalar uchun yopib qo’yib, faqat u bilan shug’ullangan. Besh yuzlar Kengashi va xalq majlislarida nutq so’zlashni ahd qilgan Demosfenni dastlab so’zga chiqqanda unga hyech kim quloq solmagan, xalq to’polon qilib minbardan tushirib yuborgan. O’z xatolarini tushungan Demosfen esa bu san’at bilan jiddiy shug’ullanishga kirishgan. Mashq qilish uchun maxsus yertula qazigan. 2-3 oylab yertuladan chiqmasdan shug’ullangan. Uning boshini mag’rur tuta olmaslik, yelkasini hadeb yuqoriga ko’taraverish, ayrim tovushlarni talaffuz qila olmaslik, mimikadan foydalana olmaslik kabi kamchiliklarini ana shu tinimsiz mashqlar tufayli bartaraf etgan.
Kunlardan bir kuni jabrlangan bir kishi Demosfenga kelib, o’zini urgan kishini sudga berganligini aytgan va undan himoya qilishni iltimos qilgan. Demosfen esa, gaping yolg’on, seni hyech kim urgan emas, tuhmat qilayapsan, degan. Shunda haligi odam jon-jahdi bilan baqirgan: - Hoy, Demosfen! U qanday qilib meni urmagan bo’lsin?! – Ana endi men jabrlangan kishining ovozini eshitayapman, -debdi Demosfen.
S.Inomxo’jayev «Notiqlik san’ati asoslari» kitobida bu faktlarga asoslanib, quyidagi xulosani bayon qiladi: «1. Demosfen professional notiq – san’atkor sifatida nutq imkoniyatlari, xususan, ovozning ifodaviy koloritlarini shu qadar mukammal o’rganganki, u kishi qalbini, psixologiyasini, ichki hissiyotini ovozi orqali ham aniqlab bera olgan. 2.Yurist va grajdanin sifatida u birovning ustidan tuhmat qiluvchilar ishini zimmasiga olmagan. O’z mijozining chindan ham jabrlanganini bilib olgandan keyingina o’sha ishga advokat(…)lik qilgan»
Notiqlikda o’ziga xos uslub egasi bo’lgan Demosfen eskirgan so’zlardan qochgan, latif va jozibali so’zlarni qo’llamagan, gohi-gohida xalq hikmatlaridan foydalangan, xolos. Sinonimlarni, talaffuzda uzun va cho’ziq bo’g’inlarni qo’llashni ma’qul ko’rgan. Gapning oxiriga muhim ma’no anglatadigan so’zni qo’ygan va unga urg’u bergan. Nutqi tuzilishi jihatdan mukammal bo’lgan. Ifodada qaytariqlarni, qarama-qarshilikni yoqtirgan, ritorik so’roqni ko’p ishlatgan. Jest va mimikalardan, kishining diqqatini tortadigan, hayajonlantiradigan usullardan unumli foydalangan4. Oqibatda bularning hammasi Demosfenni buyuk yunon siyosiy notig’i darajasiga olib kelgan.
Ritorika tarixida qadimgi Gresiyadan keyingi o’rinni Rim egallagan bo’lib, notiqlik san’atida o’zining alohida o’rni va mavqyeiga ega bo’lgan Mark Tulliy Siseron (106-43) nomi bilan bog’liq5. Zamonasining zabardast notig’i Lusiy Lisiniy Krassdan ta’lim olgan va asosan sud notiqligi bilan shuhrat qozongan. U notiqlik san’atiga oid «Brut (rim notiqligi tarixi haqida)», «Mashhur notiqlar haqida», «Notiqlarning eng yaxshi avlodi haqida», «Notiq», «Notiq haqida» nomli asarlar yozgan va bu san’atning buyuk nazariyotchisiga aylangan.
Siseron notiqlikda tinglovchida zavq uyg’otish va uni o’ziga rom etishni asosiy fazilat deb hisoblagan. U Demosfendan farqli o’laroq balandparvoz so’z va iboralarni ishlatishni yoqtirgan, yuqori uslubga moyil bo’lgan, mubolag’adan keng foydalangan, artistizm imkoniyatlaridan keng foydlangan. Siseron kishi shoir bo’lib tug’iladi, ammo notiq bo’lib yetishadi, degan hikmatni olg’a surgan. S.Inomxo’jayev: «Siseron nutq tekstining ravonligi, go’zalligi, ifodaliligi va musiqiyligiga alohida ahamiyat bergan. U lotin prozasida birinchi marta vazn sistemasini qo’llab, bu sohada katta yutuqlarni qo’lga kiritgan»6.
Sharq ma’naviyatida notiqlik san’ati voizlik san’ati deb nomlangan. Manbalarda qayd etilishicha, qadimda podshohlar turli bayram va marosimlarda mamlakat va xalq hayotiga oid mavzularda va’z aytganlar. Keyinchalik esa bu vazifani hukmdorlar nomidan maxsus tayyorgarlik ko’rgan so’z ustalari amalga oshirishgan. Shu tarzda Sharqda ham notiqlik – voizlik san’atining o’ziga xos maktabi vujudga kelgan.
O’rta Osiy madaniyati tarixida Bahovuddin Valad (XII), Jalodiddin Rumiy (XIII), Husayn Voiz Koshifiy (XV), Muni Voiz Haraviy (XV) singari o’nlab so’z ustalarining nomlari ma’lum. Bu sohaning nazariy va metodik asoslarini tahlil qilishga bag’ishlangan Muhammad Rofi Voizning «Avbob ul-jinon», Voiz Qazviniyning «Zilolu maqol», Voiz Shirvoniyning «Ahsan ul-ahodis», Muhammad Bobir binni Muhammad Voizning «Hidoyat ut-taqdim», Quraysh Sindiyning «Anis ul-voizin», Mulla Kalon Voiz Samarqandiyning «Ravzat ul-voizin», Qozi Ushiyning «Miftoh un-najoh», Husayn Voiz Koshifiyning «Dah majlis», «Mahzan ul-insho» va boshqa asarlar yozilgan7.
Qadimda notiqlik san’atining dabirlik, xatiblik, muzakkirlik, nadimlik, qissago’ylik, masalgo’ylik, badihago’ylik, qiroatxonlik, muammogo’ylik, go’yandalik, maddohlik, qasidaxonlik singari ko’plab turlarining mavjud bo’lganligi bu san’atning xalqimiz ma’naviyati va madaniyati tarixida naqadar ildiz otganligidan dalolat beradi.
Shu o’rinda «O’zbek Milliy ensiklopediyasi»da bayon qilingan quyidagi fikrlarni ham to’laligicha keltirishni lozim topamiz: «Voizlik san’ati – jamoat oldida nutq so’zlash, notiqlik san’ati; ilmiy-siyosiy ma’ruza,bahs, munozara, targ’ibot va tashviqotning asosiy vositasi sifatida keng ijtimoiy mavqyega ega bo’lgan san’at Yunonistonda voizlik- ritorika deyilgan. Qadimda Sharq mamlakatlarida hukmdor shaxsan o’zi jamoat oldiga chiqib, o’z siyosatida xalqaro ahvol va boshqalar haqida nutq so’zlagan. El oldiga chiqish, ayniqsa juma namozi, hayit, navro’z kunlari va boshqalarda, mamlakatlararo urush boshlangandagi yig’inlarda odat tusiga kirgan. 9-asrga kelib, bu muhim ishni xushovoz, ta’sirchan gapiradigan, ishontira oladigan maxsus kishilar - voizlarga topshirganlar. Shunday qilib, voizlik san’ati shakllangan. Rivoji jarayonida dabirlik (davlat ahamiyatidagi yozishmalarni insho etish va o’qib berish), xatiblik (diniy, siyosiy mayldagi notiqlik), muzakkirlik (diniy-ahloqiy masalalarni sharhlab berish) kabi tarmoqlari vujudga kelgan. Voizlik san’atining nutq matnlari tinglovchilarning bilimi, ijtimoiy mavqyei va boshqa xususiyatlarga ko’ra turli maqom (qism)larga bo’lingan:
Sultoniyot (yuqori tabaqa uchun),
Xutubu jihodiya (jangovor nutqlar),
Faribona maqom (oddiy xalq uchun) va boshqalar.
Voizlik san’ati ijtimoiy va badiiy jihatdan muhimligi tufayli asrlar davomida rivojlana bordi. O’rta asrlarda voizlik san’atining nazariyasi va talqin uslublarini, yorituvchi ilmiy, uslubiy va xrestomatik asarlar yaratildi. Voizlik san’tini o’rgatuvchi maxsus soha – kalom ilmi balog’a ilmi yuzaga keldi. Voizlik san’ati o’tmishda katta ijtimoiy qudrat kasb etgan, hozirgi notiqlik san’ati rivojida muhim rol o’ynagan8.
Afsuski, o’zbek nutqi madaniyatining hozirgi bosqichida notiqlik san’atining mavqyeini sezmaymiz. XX asr o’zbek tilshunosligi taraqqiyotini o’rganishda bu masalaga hyech kim e’tibor bermadi. Aslida bu masalani kun tartibiga qo’yishga imkon ham bo’lgan emas. Deyarli barcha yig’ilishlar rus tilida olib boriladigan bir paytda o’zbek notiqlik san’ati bilan shug’ullanish, uni takomillashtirish choralarini ko’rish haqida bosh qotirilmagan.
Mamlakatimiz qo’lga kiritgan mustaqillik esa ritorikani rivojlantirishni yana mantiqiy asosga qo’ydi. Demokratik tamoyillar asosida rivojlanish yo’lidan borayotgan mamlkatimizda Prezident va davlat siyosatini, milliy istiqlol g’oyasini xalqimiz ongiga singdirishda notiqlarga bo’lgan ehtiyoj g’oyatda katta bo’layotganligiga qaramasdan, bu borada ta’limning barcha tizimida amalga oshirilayotgan ishlar talab darajasida emas. Notiqlar bugun faqatgina san’at sohasida emas, balki ta’lim jarayonida, davlatni boshqarishda, mafkuraviy ishlarni amalga oshirishda nihoyatda zarur. Bu vazifani kasb darajasida ko’taradigan maktablar esa mavjud emas. Lekin ularni shakllantirish hayot talabidir.
Notiqlik san’atining ijtimoiy hayotdagi mavqyei bu san’atning qamrovi darajasini ham belgilaydi. Uning ijtimoiy-siyosiy, akademik, maishiy va diniy notiqlik kabi turlari orasida sud notiqligi alohida o’ringa ega.
Sud jarayoni o’ziga xos bir munozara maydoni bo’lib, unda umuminsoniy axloq me’yorlariga mos keladigan, xalq va davlat, ayni paytda, ayblanuvchi va jabrlanuvchi manfaatini himoya qiladigan adolat va haqiqat tushunchalari hukmron bo’ladi. Bu jarayondagi barcha vositalar, jumladan nutq ham ana shu adolat va haqiqatning tantanasiga qaratilgan bo’ladi.
To’g’ri, sud jarayonida tomonlar manfaatini himoya qiluvchi qarashlar va nuqtai nazarlar o’rtasidagi ma’lum ziddiyatlar bir-biri bilan to’qnash keladi. Ammo oxir oqibatda bu ziddiyatlar asl haqiqatning ochilishiga ko’maklashadi. Shunday ekan, sud notiqligining mohiyatini chuqur anglash va puxta o’zlashtirish huquqshunos-talabalar uchun nihoyatda zarurdir.
Mavjud ilmiy adabiyotlarda sud jarayonida ijro etiladigan nutqlarning quyidagi ko’rinishlari mavjudligi ta’kidlanadi: prokuror nutqi, advokat nutqi, jamoatchi-qoralovchi nutqi, jamoatchi-oqlovchi nutqi, ayblanuvchining o’z-o’zini himoya qilish nutqi. Ularning har biri tomonlar manfaatini himoya qilish mohiyatidan kelib chiqib, muayyan o’ziga xosliklarga ega. Bu o’ziga xosliklar nutqda til birliklarini tanlash, gap qurilishi, sudda hakamlik qiluvchiga nisbatan murojaatning o’ziga xos lingvistik va ekstralingvistik usullaridan foydalanishda ko’rinadi.
Prokuror nutqi. Yuqorida sanab o’tilgan nutqlar orasida prokuror nutqi o’zining mazmuni va til birliklarining tanlanishi bilan alohida ajralib turadi. Chunki prokuror o’z vazifasi nuqtai nazaridan sodir etilgan jinoyat yoki qonunbuzarlikni mavjud tuzum va davlat manfaatini hamda amaldagi qonunlar manfaatini ko’zlab baholaydi. Nega prokuror nutqi qoralovchi nutqi, ayblovchi nutqi deb ham nomlanadi? Aslida rasmiy tilda bu ibora ishlatilmasligi kerak. Chunki, u so’zlashuv uslubiga xos bo’lib, biron bir shaxs tomonidan sodir etilgan nojo’ya harakatning prokuror tilida davlat va qonun manfaati nuqtai nazaridan qoralangani uchun ham qoralovchi, ayblovchi, (ba’zan davlat ayblovchisi), qoralovchi nutq, ayblovchi nutq birliklari qo’llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |