Ularga tegishli narsani o‘zingizningnarsangiz
Bilan qo‘shib iste ’mol qilsangiz -
Bu gunohi azimku, axir, bilsangiz”48.
Ijtimoiy ko‘maklashish turi bo‘lgan sadaqa odamlarga tushunarli va fahmlash oson shaklda tartibga solingan. Kimki yetimga sadaqani ravo ko‘rmasa va uni boqishga da’vat etmasa, dinga ishonchi yo‘q shaxs deb hisoblanadi. Qur’onning 107. Mo’un sur’asida: “2. Bas, u yetimni jerkiydigan 3. va miskin (bechora)ga taom berishga targ‘ib qilmaydigan kimsadir”, deyilgani holda, bu sifat egalarini Makkaning ashaddiy kofirlari sifatida ko‘riladi49.
Asrlar osha e’tiqodlilarni diniy hayrixohlik sari chorlab, Qur’on bolalar, ayniqsa ularning eng murg'aki - yetimlar bilan chuqur insoniy munosabatda bo‘lishga da’vat qiladi. Bolalarga nisbatan insoniy munosabatlarning ta’sir kuchi Ikkinchi jahon urushi yillarida ayniqsa yorqin namoyon bo‘ldi. SSSRning frontga yaqin joylaridan evakuatsiya qilinib kelingan yuz minglab bolalar O'zbekistonda alohida mehribonlik obyekti bo'ldilar. Minglab bolalar o'zbek oilalarida, shu jumladan, ko‘p bolali oilalarda farzandlikka olindilar. Bu xayrli harakatlar “yuqoridan” berilgan farmoyish bo'yicha emas, qaramsiz qolgan bolalarga nisbatan chinakam insoniylik ko‘rsatish, ezgulik, hamdard va muruvvatli bo‘lish hissiyotlari bo‘yicha amalga oshdi50.
Bolalarga nisbatan bu hilda insoniy munosabatni asrlar davomida shakllanishi yo‘lida jamiyatning ayniqsa ojiz qisminini avaylash hissiyotlarini tarbiyalashda Qur’oni Karimdagi talablar ozmuncha rol o‘ynamadi. Ta’kidlash joizki, kattalarning bolalarga nisbatan munosabatlarini tartibga soluvchi qudratli manbalardan biri sifatida Qur’oni Karim taraqqiyotning hozirgi bosqichida ham axloq-odob jihatidan ta’sir ko'rsatib kelmoqda. Milliy turmush tarzining o'ziga xosligi Qur’oni Karim sur’alaridan joy olgan talablarga chuqur hurmat va ehtiromda ayniqsa ravshan ifodalanadi. Din qoidalariga chuqur ehtirom qilish xalq hayotida muqaddas sanaladi. Ular o‘zlarining axloqiy mohiyatiga ko‘ra, odamlarning ma’naviy ehtiyojlari va intilishlariga mos ekanligi sababli hayotiy kuchga ega. Shunday bo‘lgach, jamiyatning axloqiy taraqqiyotiga ta’sir o’tkazuvchi turli manbalarning ahamiyatiga baho berganda diniy ta’sirning ijobiy jihatlarini hisobga olmaslik mumkin emas. Muqaddas Yozuvdagi qoidalar, diniy qobiqda bo‘lsalarda, mazmunan axloqiy talablardan o‘zga narsa emas. Ularning tartiblashtirishuvchi roli, aynan axloqiy ta’sir ko‘rsatishda namoyon bo‘ladi51.
Islomning o‘zoq o‘tmishda bola huquqlarini tartibga solishga insoniy yondashuvi shunday ishonch tug‘diradiki, ularning huquqlari qo‘qqisdan, birdaniga emas, insoniy qadriyatlarni asta-sekin tushunilgan sari e’tirof etilgan52.
O'tmishdagi insoniyat yutuqlari tarix ostonasida qolib ketmaydi. Vaqti kelib ular kelgusi avlodlarning boyligiga aylanib, bola huquqlari nazariyasini va amaliyotini boyitadi, yanada yuqoriroq sifat darajasiga ko‘taradi. O‘tmish va zamona o‘rtasidagi mantiqiy bog‘lanish shunday mutanosiblikda o‘zini namoyon qiladi. Ma’lumki, boshliqdan biror narsa vujudga kelmaydi.
Payg‘ambar Muhammad s.a.v. bolalarga qanday munosabatda bo‘lganidan aniq darak beruvchi hadislarning axloqiy talablari islomiy jamiyatda bolalarni qadrlashning asrlar davomida tavsifi to‘g‘risida darak beradi53.
Angliyalik mashhur olim Jon Byorton diniy jihatdan musulmon aqidalarini tadqiq etib, Payg‘ambar hatto jamoa namoz o‘qib turganida bolani qo‘llariga ko‘tarib erkalatganiga e’tibor qaratadi. J.Byorton ta’kidlaganidek, o‘nta bolaning otasi “hech qachon ularning birontasini o‘pmagan” ekaniga iqror bo‘lganida Payg‘ambar “Boshqalarga takalluf ko‘rsatmagan har qanday odam vaqti kelganda boshqalardan takalluf ko‘rmog‘i dargumon”, deydi. Jon Byorton alohida ta’kidlaydi-ki, islom huquqi bo‘yicha beva va yetimlarga ko‘rsatilgan ehtirom, xuddi “Xudo yo‘lida” jang qilishdek, xudoga xush keladigan ishdir54.
Musulmon aqidalarida aytilishicha, ezgu ishlarni qilgan qaysi xudojuy eng muhimdir, deb so’raganlarida Muhammad s.a.v. “Bolaning ota-onalariga muhabbati” degan. Ota-onani e’zozlamaslikni Payg'ambar “eng ayanchli gunohlar” qatoriga kiritgan.
Payg‘ambar musulmon odam avvalo o‘z ota-onasi uchun, so‘ngra xudo yo‘lida ishlashi lozim, deb hisoblagan” 54.
Ota-onalar va bolalaring o‘zaro munosabatlari muammosi keng mulohaza nuqtai-nazaridan ko‘rilgan, chunki so‘z shu haqda boradiki, boshqalarning ota- onalarini sen xafa qilsang, u ham xuddi shunday qilishi mumkin. Bu “oltin” qoidalarning asl mazmunini tashkil etadi.
Islomshunoslik tadqiqotlariga oid ma’lumotlarga qaraganda, bola manfaatlarining ustuvorligini tan olish g‘oyasi qadimiy ekani bilan ajralib turadi. Ushbu g‘oyani diniy yo‘sinda tan olishning o‘zi dinga mansublarning avlodidan avlodigacha qo‘llanib va rivojlanib kelgan.55 56
Jamiyatning yordamga eng muhtoj qismini tashkil etuvchi bolalar manfaatlarini tan olish va ulug‘lashga qaratilgan musulmon o‘gitlari axloqiy asosining mohiyati ana shunda. Bu odamiylik g‘oyasining ta’siri ostida kichik insonga ehtiyotkorona munosabat rivojlanib va shakllanib kelgan.
Bolalar, ularning ota-onalari va kattalar bilan o‘zaro munosabatlariga oid muammo mashhur xitoy faylaso‘fi Konfutsiy (m.i. 551-549 y.) ta’limotida alohida o‘rin egallagan.
Konfutsiy bolalarning ota-onalari bilan o‘zaro munosabatlarini bolalarni ota- onalariga, kichiklarni kattalarga hurmat, e’zozlash ruhida tarbiyalash zarurligi asosida bayon qilinadi. Oila a’zolarining bir-biriga itoat etishiga oila faravonligi va tartibini belgilovchi zarur shart sifatida qaraladi. Ammo bola va ota-ona o‘rtasidagi munosabatlar tavsifi “katta oila” nuqta-nazaridan baholanadi. Shunday oila tarzida davlat va uning fuqarolari tushuniladi. Hokim o‘z fuqarolarining “otasi” sifatida, fuqarolar esa “farzand” sifatida qaraladi. Xonadon otasi qanday bo‘lsa, hokim ham o‘z qaramidagilarga otalarcha g‘amxo‘r, ularni ezgulik bilan boshqarishi lozim. Ezgulik bilan boshqarish tobelaming e’zozli bo'ysunishiga, qobilligi va “katta xonadon otasi” o‘rnatgan tartibni hurmat qilishiga bog‘liq57.
“Ezgulik boshqaruv” ta’limoti “bardoshlik”, “qobillik” va “bo‘ysunishlik” tushunchalariga asoslangan.
Bu xusutsiyatlar oilaning har bir a’zosi ongida yoshlikning dastlabki oilaridanoq singdirib kelinishi lozim. Oilaviy tarbiya uslubi shu sababli e’tiborga molik. “Katta oila” doirasida “O‘g‘ilning e’zoz etishi” onalarcha hokimiyatni to‘la mustahkamlash g‘oyasiga to‘la bo‘ysunadi. Ota-onalar zimmasiga o‘z qaromag‘idagilarni hokimiyatdan berilgan har qanday amrni bardoshlik va qobillik bilan ijro etish ruhida tarbiyalash mas’uliyati yuklatiladi.
Bola bo‘lsin yoki katta bo‘lsin shaxsning salohiyati konfutsiylik ta’ limotiga ko‘ra, onalarcha hokimiyat talab qilgan sifatga bog‘liq.
Ota-ona va kattalarga “hurmat va ehtirom bilan munosabatda” bo‘lishning o‘zi ko‘rkam sifatdir. Ammo, agar noiloj rozilik, ko‘r-ko‘rona bo‘ysinish va itoatkorlik shaxsni mutega aylantirish, erkinliklardan mahrum etish, odamning insoniy qadriyatlarini turli shakldagi quvg‘in va kamsitishga duchor qilish yo‘lida foydalanilsa, jamiyatni va davlatni “ezgulik” bilan boshqarish, xalqqa xayrixohlik ko‘rsatish to‘g‘risida so‘z ham bo‘lishi mumkin emas. O‘zining ijtimoiy mazmuniga ko‘ra, “katta oila” nazariyasi ijtimoiy tengsizlik, odamlarni “yuqori” va “quyi” toifalarga ajratishga asoslanib, davlat negizlarini mustahkamlashga yo‘naltirilgan. Bu nazariyaga muvofiq, aynan “quyi” toifaga kiritilganlar davlat negizlarini mustahkamlash uchun bolalikdan qullarcha hayot kechirishga mahkum edilar58.
Demak, bola va uning huquqlariga oid qadimgi davrda bildirilgan fikr va tasavvurlar hamda g‘oyalar to‘g‘risida xulosa qilib aytish mumkinki, bolaning oila va jamiyat uchun naqadar aziz ekanligi e’tirof etilsada, ammo, ularning huquq va erkinliklari, ularning huquqning subyekti sifatida ko’rish bilan bog’liq bo’lgan tushunchalar, hattoki, qadimgi mutafakkirlarda ham yetarli darajada berilmagan va ularning huquq va erkinliklari ayrim hollarda inkor etib kelingan. Ammo, dinlarda, ayniqsa islom dinida bu masala har tomonlama, chuqur o‘ylangan holda tartibga solingan va ularning huquq va erkinliklarini, oila va jamiyatda tutgan o‘rni va roliga alohida ahamiyat karatilgan.
Bola huquqlari masalalarining normativ shakllanishi va rivojlanishi
Inson huquqlari bo‘yicha dastlabki normativ hujjatlar to‘g‘risida fikr yuritilganda, odatda Angliyadagi 1215-yilda qabul qilingan “Erkinliklarning buyuk xartiyasi” bilan boshlangan Uyg‘onish davri ko‘rsatiladi. Albatta, shartli ravishda mazkur davrdan boshlab odatda, inson huquqlari masalasini normativ shaklda shakllana boshladi, desak adashmasak kerak. Chunki, insonning “oliy qadriyat” sifatida e’tirof etilishi aynan shu davrga borib taqaladi. Ilk demokratik inqiloblar bosqichida Yevropa mintaqasida taraqqiy eta boshlagan inson huquqlari g‘oyasi tabiiy-huquq nazariyasida alohida o‘z ifodasini topdi. Inson tafakkuri tarixida ilk marotaba inson huquq va erkinliklarining kelib chiqish tabiati haqidagi masala o‘rin oldi. Ushbu ilmiy yo‘nalish vakillari masalani hal etishga uning tabiiy, ya’ni tashqaridan hech bir aralashuvsiz vujudga kelishi nuqtai nazaridan yondashadilar. Mazkur yondashuvga ko‘ra inson tug‘ma huquqlarga davlat jamiyati tashkil topishidan ancha avval ega bo‘lgan. Faqatgina jamiyatga birlashish natijasida insonlar o‘z huquq va hayotiy manfaatlarini himoya vositasi sifatida davlatni tuzadilar. Ushbu nazariyaning mohiyati shundaki, u bir tomondan inson huquq va erkinliklarining tabiiy vujudga kelishi g‘oyasini asoslab berdi59.
Asrlar davomida huquqsizlik va kamsitilganlik holatida yashab kelgan insonlar, o‘zining dunyoga kelish va shakllanish davridagi “tug‘ma huquqlar”ga egaligi g‘oyasi ijtimoiy ongda tub o‘zgarish hosil qildi. Bu g‘oya kishilarning yoshi va boshqa farqlariga bog‘liq holda huquqiy tabaqalanishidan uzoq edi.
Aksincha, uning hayotiy ahamiyati shundaki, u har bir shaxs, avval boshdanoq ega bo‘lgan huquq va erkinliklarga oid qoidalarni rivojlantiradi. Vaholanki, “tug‘ma” atamasi o‘zining mohiyatiga ko‘ra, inson huquqlari uning tug‘ilganidan boshlab bir vaqtning o’zida u bilan birga vujudga kelishini bildiradi. Demak, inson huquqlari, xoh u o‘g‘il, xoh u qiz bo‘lsin, bola huquqlari bilan boshlanadi. XX asrga qadar, ko‘p ming yillar davomida bola ijtimoiy ongda alohida hurmat va e’tiborga sazovor shaxs sifatida qabul qilinmagan bo‘lsa, mazkur nazariya jamiyat va davlatning ancha huquqsiz, himoyasiz a’zosiga bo‘lgan munosabati o‘zgarishiga qay darajada ta’sir ko‘rsatganligini ayon qiladi60.
Tug’ma huquqlar konsepsiyasi jahonda inson huquqlari, xususan, bola huquqlarini himoya qilish harakatining rivojlanishiga chuqur g‘oyaviy ta’sir ko‘rsatdi. Uning tubdan o‘zgartiruvchan ta’sir ko‘rsatkichlari bo‘lib, hozirgi dunyoda mavjud bola huquqlari sohasidagi xalqaro va milliy andozalar xizmat qilishi mumkin.
Bola huquqlarini inson huquqlari umumiy konsepsiyasidan ayri holda ko‘rib chiqish mumkin emas. Buning ustiga, bola huquqlari inson huquqlari konsepsiyasining ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi.
Bola huquqlari konsepsiyasi - mazmunan inson huquqlari to’g’risida konsepsiya, lekin hali ulg’aymagan inson - shu sababli o‘z huquqlari va erkinliklarini kuchliroq himoya qilinishiga ayniqsa muhtoj inson to‘g‘risida konsepsiyadir61.
Bola huquqlari masalasini rivojlanishi to‘g‘risida fikr yuritar ekanmiz, albatta bola huquqlariga oid g‘oya va qarashlar o‘z navbatida rivojlanib, normativ tus ola boshladi. Bu esa, bu sohaga oid maxsus huquqiy normalar vujudga kelayotganligini ko’rsatib berdi. Bu boradagi dastlabki, normalardan biriga 312- yilda Imperator Konstantin bolani o’ldirib yuborish va tashlab yuborishning oldini olishga qaratilgan qonunni qabul qilganiga misol qilib keltirishimiz mumkin. 716yilda esa Milan shahrida tashlab ketilgan bolalarni boqib olishga mo’ljallangan Bolalar uyi tashkil etilgan62.
Butun Rus Imperatori Aleksey Romanov (1645-1676-yillar) davridan boshlab to XIX asrning oxirigacha bolalarning huquqlariga nisbatan qonun doirasida qarashga o‘tildi. Masalan, 1649-yilda qabul qilingan Tuzuklar (Ulojeniya) bolaning tug‘ilishi, nikohsiz tug‘ilgan bolaga nisbatan munosabatlarni huquqiy tartibga solishga qaratilgan Rossiya tarixidagi birinchi yuridik hujjat hisoblangan. Keyinchalik, Pyotr I davrida go‘dakning tashlab ketilishi davlatga qarshi harakat sifatida baholanadi. 1892-yilda Rossiyada qambag‘al va kasal bolalarni himoya qilish maqsadida “bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘limlari” tashkil etilgan. Bolalarni yashirincha emas, balki oshkora bolalar uyi (etimxona)ga joylashtirish to‘g‘risidagi hukumat qarorlari Rossiyada 1869-yildan to 1894-yilgacha qabul qilingan63.
XX asrning boshlariga kelib, vrach A.V.Siromyatnikov bola huquqlarini himoya qilishning quyidagi tizimini taklif etadi:
eng asosiy holati - tashlab ketilgan bolaning huquqlari barcha qulay usullar orqali himoya qilinishi lozim;
agarda, hududlarda vasiylik bo’limlari ma’naviy va moddiy ko'mak berib kelsa, bola va uning ota-onasi hamda oilani himoya qilgan bo'ladi;
go‘daklar uyiga joylashtirilgan bolaga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilsa, go‘dakka tibbiy-ijtimoiy himoya amalga oshirilgan bo‘ladi;
har tomonlama oilaviy patronaj amalga oshirilishi lozim;
-noqonuniy tug‘ilgan bolalalarning huquqiy holatini yaxshilashga qaratilgan ilmiy qoidalar ishlab chiqilishi kerak64.
Dunyoda inson huquqlarini himoya qilish yo‘lida kuchayib borayotgan umumiy harakat jarayonida jamiyatning eng murg’ak qismi - bolalarni muhofaza qilish muammosi alohida o‘rin tutadi.
Bola huquqlariga bag‘ishlangan huquqiy adabiyotlarda “bolalar jamoatchilik nazariga tushgan vaqt XIX va XX asrlar oralig‘iga” to‘g‘ri keladi, deb qayd etiladi.65 Ushbu fikrni Yevropada voyaga yetmaganlarning ishlari bo‘yicha kriminalistlar, sud’yalarning xalqaro uyushmalari yuzaga kelganligi ham tasdiqlaydi66.
Yangi, XX asr bo‘sag‘asida, ya’ni 1890-yili kriminalistlar Kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda qabul qilingan rezolyutsiyaga binoan, 14 yosh chegarasi belgilanib, undan kichik bo‘lganlarni jinoiy jazoga tortish taqiqlandi. Ikki yildan so‘ng, ya’ni 1892-yilda Bolalar ustidan vasiylik qilish Xalqaro jamiyati tuzildi. Bu jamiyat mazkur yo‘nalishdagi o‘zining ilk Xalqaro kongressini 1913-yili chaqirdi.
Shunisi e’tiborliki, XX asrning boshi, ya’ni 1900-yili Chikagoda voyaga yetmaganlarning ishlari yuzasidan ixtisoslashgan sud yaratilishi bilan boshlandi. Buning sababi - bolalarning yosh xusutsiyatlarini har tomonlama hisobga olish, ularga nisbatan ehtiyotkor tarbiyaviy choralarni qo‘llashga bo‘lgan intilish bo‘ldi.
“Bolalar sudi” g‘oyasi va uni yaratish amaliyoti shu qadar muhim bo‘ldiki, bu kabi sudlar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yuzaga kela boshladi67.
1913-yilda Norvegiya, nafaqat nikohdan, balki nikohsiz tug‘ilgan bolalar ham huquqlari teng ekanligini qonun yo‘li bilan e’tirof etdi. Sobiq Ittifoq respublikalarida bunday e’tirof, RSFSRning 1918-yilgi Fuqarolik holati qaydnomalari to‘g‘risidagi qonunlar kodeksida aks ettirildi. Uning Turkiston Avtonom respublikasi hududida ham amal qilganligi tufayli ushbu e’tirof O‘rta Osiyo (hozirda Markaziy Osiyo) mintaqasi respublikalari, shu jumladan, O’zbekistonga ham taalluqli edi68.
Yaratilayotgan tashkilotlar va me’yoriy-huquqiy hujjatlar bolalar huquqlarini saqlash va muhofaza qilish sohasidagi bir maqsadga yo‘llangan ijtimoiy-siyosiy faoliyatning rivojlanishiga ko‘maklashdi.
Inson huquqlarining keng ko‘lamda e’tirof etilish jarayoni unga ham subyektiv, ham obyektiv tusga ega bo‘lgan omillar ta’sir qilayotgan murakkab ijtimoiy taraqqiyot sharoitida yuz bermoqda. Bu davr inson, ayniqsa bola huquqlari hali davlat siyosatining tarkibiy qismi bo‘lib ulgurmagan bir davr edi. Shu bilan birga, davlat o‘z ijtimoiy mohiyatiga ko‘ra inson taraqqiyoti manfaatlariga xizmat qilmog‘i lozim. Uning xizmatida qonun bilan belgilangan huquq va erkinliklarga “ex offisio” rioya qilinishini ta’minlashi lozim bo‘lgan davlatning asl maqsadi namoyon bo‘ladi. Shu bilan bog‘liq ravishda fuqarolar va davlatning o‘zaro munosabatlarini “inson va hokimiyat” munosabati orqali ochib berish qabul qilingan. Bu sxemaning ustuvor bo‘g‘ini bo‘lib insonning o‘zi ishtirok etishini ham nazardan qochirmaslik lozim69.
Inson farovonligi to‘g‘risida qayg‘urish davlatning majburiyati deb tan olinadi. Bu kabi majburiyat inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hujjatlarda qayd etilgan. Huquqiy e’tirof etilishi tufayli inson huquqlari himoyasi, uning ayol yoki erkak, katta odam yoki bola ekanligidan qat’i nazar tengligi tamoyili, tarixda ilk bor demokratik tuzumli davlatlar siyosatining uzviy qismiga aylandi.
Inson huquqlari g‘oyasi rivoji murakkab, ziddiyatli jarayondan iboratdir. Inson huquqlari konsepsiyasi ayniqsa, ilg‘or, yangicha demokratik qarash vakillari tomonidan nafaqat qabul qilindi, balki u rivojlantirila bordi va jamiyatning mazkurr ilg‘or fikrli qismi umum tenglik va erkinlik g‘oyasini qo‘llab-quvvatlay boshladi. Ammo, qayd etish kerakki, bu g‘oyaga qarshi sifatida konservativ qarash vakillari ham, shu qadar kuchli va yashovchan bo‘lib chiqdiki, u, afsuski, ayrim hollarda va mamlakatlarda bugungi kunda ham saqlanib qolmoqda.
Bola huquqlarining normativ shaklda rivojlanishining yana bir shakli, bu bolalarga oid maxsus xalqaro normalarni shakllanishi va rivojlanishi bilan bog‘liqdir.
Jumladan, bola huquqlariga oid maxsus dastlabki xalqaro-huquqiy hujjat, Millatlar Ligasi tomonidan, 1924-yil 24-sentabrda Jeneva deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mazkur hujjatni ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusi Bolalarni qutqarish xalqaro ittifoqi (Tashkilot asoschisi Eglantin Djeeb) tomonidan ilgari surilgan edi. Mazkur hujjat 5 ta asosiy prinsipdan tashkil topgan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat edi:
Birinchi prinsip - bola yaxshi rivojlanishi uchun ham moddiy, ham ma’naviy imkoniyat yaratib berish lozim;
Ikkinchi prinsip - och bola ovqatlantirilishi, kasal bola parvarish qilinishi, ahloqsiz bola tarbiyalanishi, qarovsiz bola va yetim bolaga yashashi uchun boshpana berilishi lozim;
Uchinchi prinsip - halokat (falokat) paytida bolaga birinchi yordam ko‘rsatilishi lozim;
To‘rtinchi prinsip - bolaga mavjud bo‘lishi uchun vosita topishiga imkoniyat yaratib berilishi va u barcha shakldagi ekspluatatsiyadan himoya qilinishi lozim;
Beshinchi prinsip - bola, kelajak avlod uchun uning yaxshi sifatlari foydali bo'ladi, degan ongda tarbiyalanishi lozim70.
XX asrda qabul qilingan dastlabki hujjatlar to‘g‘risidagi fikr yuritilganda, 1921-yilgi Xalqaro ayollar va bolalar savdosiga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyani, 1933-yilgi, Voyaga yetmagan qizlar savdosiga qarshi kurash to'g'risidagi konvensiyani ham alohida qayd etib o'tish kerak. shuningdek, mazkur konvensiyalarga 1947-yilda BMT tomonidan qo'shima Protokol qabul qilindi. Protokol va konvensiyalarda davlatlarning ayollarni fohishalikka jalb qiladigan va ayollar va bolalar savdosi bilan shug‘ullanadigan odamlarga nisbatan jinoiy jazo tayinlashi hamda bu jinoyatlar bilan professional darajada shug’ullanuvchi jinoyatchilar haqida bir-birlariga habar berishlari e’tirof etilgan71.
Inson huquqlari, shu jumladan, bola huquqlari nazariyasi va amaliyoti rivojining sifat jihatidan yangi bosqichi - Ikkinchi jahon urushidan keyingi davr hisoblanadi, chunki urushning og‘ir oqibatlaridan biri, qariyalar, ayollar bilan bir qatorda, jamiyatning yana bir ojiz qatlami hisoblangan bolalarning og‘ir qismati hisoblanadi.
1945-yili BMT tashkil topishi bilan inson huquqlarining universallashuv jarayoni boshlandi. Shu davrdan inson huquqlariga xalqaro muammo sifatida qarala boshlandi. Bu esa inson huquqlarining buzilishi va poymol etilishi davlatning ichki muammosi bo‘lib qolmasligini anglatardi. U endilikda o‘z universalligi tufayli inson huquqlarining qo'pol va tizimli tarzda buzilishi bilan bog'liq holatlarning BMT kabi xalqaro mexanizmlar tomonidan ko'rib chiqilishi obyektiga aylandi. Ushbu bosqichda inson huquqlariga oid xalqaro me’yoriy hujjatlar yaratilishi bilangina cheklanmay, balki ularga rioya qilinishi hamda amalga oshirilishi ustidan nazorat qilishning xalqaro mexanizmlarini yaratishga ham jiddiy e’tibor qaratildi.
BMT tashkil etilgandan keyin inson huquqlari masalasiga katta e’tibor qaratilgan bo‘lsa-da, u mafkuraviy kurashning obyektiga ham aylanib qoldi. “Sovuq urush” davrida avj olgan keskin mafkuraviy kurash sharoitida kapitalistik mamlakatlar vakillari fuqarolik va siyosiy huquqlarning ustuvorligi g‘oyasi uchun zo‘r berib kurashdilar. Sotsialistik mamlakat vakillari esa iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarning nisbatan muhimligini e’tirof etish kerakligini uqtirdilar72.
Biroq qarashlar naqadar turli-tuman bo‘lmasin, huquqlarning har bir avlodi so‘zsiz o‘z ijtimoiy qadr-qimmatiga egadir. Bir avlod huquqlari boshqasini to'ldirib keladi. Uch avlod huquqlari ichidan o'rin olgan huquq turi har bir inson uchun hayotiy muhim ahamiyatga ega. Shu ham e’tiborga molikki, ikki qarama- qarshi siyosiy tizim vakillari orasidagi keskin munozaralar oqibatida umumiy kelishuv, bitimga erishildi. 1966-yilgi xalqaro paktlar: bir tarafdan, fuqarolik va siyosiy huquqlar, ikkinchi tarafdan, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar xususida erishilgan natijalarga yorqin misol bo‘la oladi.
Xalqaro paktlar qoidalari teng ravishda bolalarga ham ta’sir kuchini o‘tkazadi. Masalan, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 23-moddasi nikohda bo‘lgan yoki u bekor qilingan holatda ham “barcha bolalarni himoya qilish zarurati” to‘g‘risidagi qoidaga ega. Xuddi shu Paktning 24- moddasida qayd etilishicha, har bir bola “uning kichik yoshli sifatidagi holatida oilasi, jamiyat va davlat tomonidan” talab etilgan himoya choralari huquqiga egadir.
Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda barcha bolalarga nisbatan biron-bir kamsitishsiz “maxsus muhofaza qilish va ko‘maklashish choralarini” qabul qilish zarurati ko‘zda tutiladi. Bolalar va o‘smirlarni iqtisodiy va ijtimoiy ekspluatatsiyadan himoya qilishga alohida e’tibor beriladi.
XX asrning ikkiinchi yarmida bola huquqlari masalasi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hujjatlarda aks etishi bilan bir qatorda, bola huquqlariga odi maxsus xalqaro hujjatlarda aks etishi bilan ham rivojlanib bordi. Ya’ni, bu davrga kelib, bola huquqlari bo‘yicha xalqaro kodifikatsiyalash jarayoni boshlandi, desak adashmagan bo‘lamiz.
Mazkur jarayonda, 1959-yil 20-noyabrda qabul qilingan Bola huquqlari bo‘yicha deklaratsiyani alohida qayd etish lozim. O‘zida o‘nta ijtimoiy-huquqiy prinsiplarni ifoda etgan mazkur hujjat ota-onalarni, boshqa alohida shaxslarni, nohukumat tashkilotlarni, mahalliy hokimiyatni bolaning huquq va erkinliklarini, ularning qadr-qimmatini hurmat qilishga hamda ustuvor deb e’tirof etishga chaqirdi. Deklaratsiya bola huquqlari sohasidagi xalqaro siyosatga va olib borilayotgan ishlarga, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga ma’lum darajada turtki bo‘ldi.
Mazkur Deklaratsiyani qabul qilinganligiga 20-yil to’lishi munosabati bilan BMT tomonidan 1979-yilni “Xalqaro bolalar yili” deb e’lon qilindi va bola huquqlarini hurmatlash va himoya qilish borasidagi yangi xalqaro normalarni ishlab chiqish, bolalarni har tomonlama rivojlanishini ta’minlab b erish, bolalarga nisbatan jinoyatlarning oldini olish va bola huquqlariga oid boshqa barcha masalalarni qamrab oluvchi yangi xalqaro hujjat ishlab chiqish va qabul qilish to‘g‘risida tashabbuslar va takliflar ilgari surildi.
1986-yil 3-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan, 41/85 rezolyutsiyasi bilan “Bolalar himoyasi va xotirjamligi, asosan xalqrao va milliy darajadagi bolalarni tarbiyalashga va asrab olishga taalluqli siyosiy va huquqiy prinsiplar to‘g‘risida”gi Deklaratsiya qabul qilindi. Mazkur Deklaratsiya bola huquqlari bo‘yicha xalqaro kodifikatsiya hisoblanmish “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyaning g‘oyaviy asoslaridan biri bo‘ldi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining 34-sessiyasida ishtirok etgan davlatlar orasida Polsha delegatsiyasi 1959-yilgi Bola huquqlari to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida Bola huquqlari to‘g‘risidagi yagona Konvensiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi va Konvensiya loyihasini taqdim qildi73.
Konvensiyani qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad bola huquq va erkinliklarini, uning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ta’ minlashda davlatlar zimmasiga yuridik majburiyat yuklashdan iborat edi. Konvensiya loyihasi Inson huquqlari bo‘yicha komissiya tomonidan ko‘rib chiqildi va qabul qilindi74. Ammo, bu loyiha BMT a’zolari orasida anchagina tortishuvlarga sabab bo‘ldi75. Natijada, qarama-qarshiliklarni bartaraf etish va Konvensiya loyihasini yanada mukammallashtirish uchun BMTning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi tomonidan maxsus ishchi guruh tuzish taklifi bildirildi. 1979-yil yurist, vrach, pedagog, psixolog, sotsiolog va madaniyatshunos kabi soha mutaxassislaridan iborat maxsus ishchi guruh loyiha ustida ish boshladi.
1981 va 1988-yillar orasida maxsus ishchi guruh tomonidan har yili BMTning Inson huquqlari bo’yicha komissiyasi yig’ilishi oldidan Konvensiya loyihasiga bag‘ishlangan bir haftalik yig‘ilish o‘tkazilib turildi. Unda “manfaatdor hukumatlar”, BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari va xalqaro nohukumat tashkilotlar tomonidan Konvensiya matni borasida bildirilgan taklif va mulohazalar har tomonlama o‘rganilib, muhokama qilinib borildi.
Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya BMT Bosh Assambleyasining 44/25 rezolyutsiyasi bilan 1989-yil 20-noyabrda qabul qilindi va 1990-yil 26-yanvardan uni imzolash boshlandi. Konvensiya 20 ta davlat hukumatlari tomonidan imzolanganidan so‘ng, 1990-yil 2-sentabrdan kuchga kirdi. Qisqa vaqt ichida ko‘p mamlakatlar tomonidan ushbu hujjat imzolandi va ratifikatsiya qilindi. Konvensiyaga a’zo bo‘lgan davlatlar soni 1990-yil oxirlarida 57, 1992-yil oxirlarida 117 ta bo‘ldi, 1994-yilda 167, 1995-yilga kelib 174taga yetdi. Hozirgi kunga kelib, 140 davlat mazkur hujjatni ratifikatsiya qilgan, 193 ta davlat esa, ishtirokchi davlatga aylangan. Konvensiyaga BMTga a’zo-davlatlardan faqatgina AQSh (imzolagan, lekin ratifikatsiya qilmagan) va Somali (imzolamagan ham, ratifikatsiya qilmagan ham) a’zo emas. Konvensiya tarixga inson huquqlari sohasida eng ko‘p mamlakatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan hujjat sifatida kirgan76.
Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganidan beri dunyoda bolalar ahvoliga oid ko‘p narsa ijobiy tarafga o‘zgardi. Ushbu o‘zgarishlar, bolalarni mehnatning xavfli ko‘rinishlaridan ozod qilinishiga, ularning maktabda ta’lim olishga keng ko‘lamda jalb etilishiga, tibbiyot xizmatlarining kengaytirilishiga, rejali ravishda immunlashtirish kabi qator chora-tadbirlar bilan bog‘liq.
Shu bilan bir qatorda, “Konvensiya ishtirokchisiga aylangan davlatlarning bir qismi mavjud bo‘lgan qonunchilik tizimiga o‘zgartirish kiritish, uni isloh qilish yo‘lidan, bir qismi esa, maxsus qonunlar qabul qilish yo‘lidan ketishdi. Masalan, Braziliyaning yangi Konstitutsiyasiga bola huquqlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritildi, Finlyandiyada bola haqida maxsus qonun, Norvegiyada bola ishlari bo‘yicha vakilni (ombudsman) ta’sis etish to‘g‘risidagi qonun, Kubada bolalar va voyaga yetmaganlar to‘g‘risida Kodeks qabul qilindi. Germaniyada bolalarga va yoshlarga yordam ko‘rsatish to‘g‘risida yangi Qonun loyihasi ishlab chiqildi (Germaniyada bola haqida birinchi qonun XX asrning 20-yillarida qabul qilingan edi, lekin u fashistlar diktaturasi hokimiyat tepasiga kelgandan keyin kuchdan qoldirilib, bekor qilingan)”77.
Konvensiya bola huquqlari va erkinliklari, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida deyarli barcha masalalarni “qamrab olgan” bo‘lsa-da, lekin, vaqt o‘tishi bilan bola huquqlariga nisabatan sodir etilayotgan xalqaro jinoyatlar ko‘lami kengayib, ularning shakllari ko‘payib ketdi. Bu esa, bola huquqlari va erkinliklarini hamda ularning qonuniy manfaatlarini hurmatlash va himoya qilinishining ta’minlashga to‘sqinlik qilayotgan edi. Konvensiyada bolalarga nisbatan sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish uchun a’zo davlatlarga berilgan umumiy ko‘rsatmalar yetralicha natija bermadi. 2000-yil 25-may kuni BMT Bosh Assambleyasining A/RES-54/263 rezolyutsiyasi bilan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga ikkita Fakultativ protokol: Bolalarning qurolli mojarolarga jalb qilinishi to‘g‘risidagi fakultativ protokol (2002-yil 12-fevralda kuchga kirgan), Bolalar savdosi, bola fohishabozligi va bola pornografiyasi to‘g‘risidagi Fakultativ protokol (2002-yil 18-yanvarda kuchga kirgan) qabul qilindi.
Bola huquqlari bo‘yicha xalqaro huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish bilan bog‘liq jarayon Konvensiya va uning protokollari bilan to‘htab qolgani yo‘q.
Ayniqsa, bolaning odil sudlovga bo‘lgan huquqi, bu yo‘nalishda alohida qator xalqaro-huquqiy hujjatlarni qabul qilish bilan rivojlantirildi. Quyidagi hujjatlar bu yo‘nalishdagi asosiy hujjatlar hisoblanadi: 1985-yil 29-noyabrda qabul qilingan Balog‘atga yetmagan bolalarga nisbatan odil sudlov yuritishga doir minimal standart qoidalari (“Pekin qoidalari”); 1990-yil 1-dekabrda qabul qilingan Balog‘atga yetmagan bolalar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan dasturiy prinsiplari (“Ar-Riyod dasturiy prinsiplari”); 1990-yil 14-dekabrda qabul qilingan Ozodlikdan mahrum etilgan balog‘atga yetmagan bolalarni himoya qilishga doir qoidalari; 1990-yil 14-dekabrda qabul qilingan Qamoqda saqlash bilan bog‘liq bo‘lmagan choralarga doir minimal standart qoidalari (“Tokio qoidalari”), 2005-yil 22-iyulda qabul qilingan Jabrlangan va jinoyat guvohlari bo‘lgan bolalar bilan bog‘liq bo‘lgan odil sudlovga oid BMTning Rahbariy qoidalari. Bu hujjatlar boshqacha til bilan aytganda yuvenal adliya hujjatlari sifatida ham e’tirof etiladi.
Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan ham bola huquqlari oid, ularning mehnat huquqlariga oid xalqaro hujjatlar qabul qilinishi, bolalarning mehnat huquqlarining kodifikatsiyasi sifatida rivojlanib bordi. Bu boradagi ayrim hujjatlar, qabul qilinishi bo‘yicha yuqorida ko‘rib o‘tgan hujjatlardan ham oldinroq qabul qilingan. Jumladan, XMT doirasida 1919-yilda Sanovatda ishgaa qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi №5 Konvensiya qabul qilindi. Tashkilot shuningdek, 1973-yil 26-iyunda Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi №138 Konvensiyani va №146 Tavsiyani, 1999-yil 17-iyunda esa, Bolalar mehnatining eng yomon shakllari to‘g‘risidagi №182 Konvensiya va №190 Tavsiyani qabul qildi. Mazkur hujjatlar bolalarni ishga qabul qilishda minimal yosh chegarasini va sanovat korxonalarida, ishlab chiqarish fabrikalarida ishning xusutsiyatidan kelib chiqqan holda ishga qabul qilish uchun yoshni belgilash, bolalarning sog‘lig‘i uchun zararli bo‘lgan, ularni oila muhitida o‘sishlari va boshlang‘ich ta’lim olishlari uchun to‘sqinlik qiladigan mehnat turlariga barham berish nazarda tutilgan.
Umuman olganda, bola huquqlari masalalarini xalqaro shartnomaviy huquqiy shaklda rivojlanishi to‘g‘risida fikr yuritilganda, bola huquqlariga odi dastlabki xalqaro hujjatlar XX asr boshlarida qabul qilingan bo‘lsada, bola huquqlarini rivojlanish tendensiyalari XX asrning oxirlari va XXI asrning boshlarida ayniqsa, kuchayib bordi.
Shu bilan birga qayd etish kerakki, XX asrda bola huquqlariga oid milliy qonunchilik bu boradagi xalqaro normalarni shakllanishiga va riovjlanishiga kuchli ta’sir qilgan bo‘lsa, XX asrning oxiri va XXI asrning boshlarida esa, xalqaro normalar milliy qonunchilikni rivojlanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Ya’ni, dastlab, davlatlarning milliy qonunchiligi bola huquqlariga oid xalqaro normalarni ishlab chiqishga asos bo‘lgan va ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, keyingi davrlarda esa, xalqaro tashkilotlarning tashabbusi bilan ishlab chiqilib, qabul qilinayotgan bola huquqlari bo‘yicha xalqaro normalar davlatlarning milliy qonunchiligini takomillashtirib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi ham mustaqillikka erishganining dastlabki yillaridanoq, bola huquqlari borasida milliy qonunchiligini shakllantirish va rivojlantirishga katta e’tibor qarata boshladi. 1991-yil 20-noyabr kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonuni, O‘zbekistonning 1992-yilda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilishi, buning tasdig‘i hisoblanadi. O‘tgan mustaqillik yillari davomida O‘zbekistonda ham, uning xalqaro normalariga mos keluvchi bola huquqlari bo‘yicha milliy qonunchiligi shakllandi va u doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda.
Bola huquqlari universal ko‘rinishga ega bo‘lganligi sababli uning ahvolini yaxshilash yo‘lidagi harakatlar, choralar butun jahon hamjamiyati darajasida, har bir alohida davlatda, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida ham amalga oshirilmoqda.
Shunday bo‘lsa ham, muayyan yutuqlarga qaramay, inson, xususan bola huquqlarining ba’zi jihatlariga oid ma’lum kolliziyalar mavjudligini qayd etmay bo‘lmaydi. Chunki, turli madaniyat va sivilizatsiyalarga xos bo‘lgan xusutsiyatlar tufayli barcha huquq va erkinliklar ham universal ahamiyatli tushunchalar deb qabul qilinmaydi. Buning tasdig‘i sifatida 1995-yili Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan, ayollar ahvoliga bag’ishlangan IV Butunjahon anjumanida ayollar bilan bir qatorda bolalar masalalariga oid muhokamalar materiallarini keltirish mumkin78.
Bir qator mamlakat vakillari Pekin Harakat platformasining ba’zi qoidalariga qarshi ekanliklarini ma’lum qildilar. Aksariyat izohlar diniy, misol uchun islomga, jamiyatning ahloq va ma’naviy qadriyatlariga zid bo‘lgan qoidalar bilan bog‘liq ravishda bildirildi.
O‘z izohlarida Eron, Malayziya, Quvayt, Misr, Malta, Gonduras, Iroq, Marokash, Mavritaniya kabi mamlakatlar delegatsiyalari va vakillari abort va jinsiy befarqlik erkinligining ushbu mamlakatlar diniy-huquqiy va ma’naviy qadriyatlariga nomuvofiqligini yakdillikda qayd etdilar79.
Malayziya delegatsiyasi o‘zining abortga qarshi ekanligini uqtirib, ayniqsa ushbu muammoning o‘smir qizlar o‘rtasida noxush homiladorlik bilan bog‘liq ravishda keskinlashuvi tufayli, e’tiborni shahvoniy befarqlik va o‘smirlar orasida nosog‘lom jinsiy munosabatlar amaliyotiga chek qo‘yishga qaratdi.80
Malta delegatsiyasi esa “abort qonunga hilof bo‘lmagan shart-sharoitda” iborasini izohsiz qo‘llashga noroziligini bildirdi, chunki Maltada homiladorlikni sun’iy abort yo‘li bilan to‘xtatish noqonuniy hisoblanadi. Delegatsiya fikriga ko‘ra abort tibbiy va boshqa ruhiy jihatlardan butkul xavfsiz bo‘lishi mumkin. Ammo, bu holda hali tug‘ilib ulgurmagan bola huquqlari butunlay e’tibordan chekkada qolib ketadi.81
Gvatemala hukumati ham Harakat platformasiga “homilador bo‘lgan vaqtdan boshlab yashash huquqini so‘zsiz hurmat qilish” nuqtai nazaridan izoh berish bilan, hali tug‘ilmagan bola huquqlarini himoya qilishga oid o‘z pozitsiyasini ko‘rsatdi.82
Muqaddas Taxt nomidan ishtirok etgan delegatsiya vakillari o‘z izohida katolik cherkov abortlarni qonunlashtirishga qarshi ekanligi qayd etishdi. Muqaddas Taxt ayol kishining o‘z jinsiy axloqini nazorat qilish huquqiga oid mujmal atamalarni qabul qila olmasligini uqtirib, bu abortni jamoatchilik ko‘zi oldida qo‘llab-quvvatlash sifatida sharhlanishi mumkinligiga e’tibor qaratdi.
Ko‘rinib turibdiki, izohlar Pekin Harakat platformasida mavjud qoida va iboralar turli mamlakatlar tomonidan turlicha anglangani va qabul qilinganligiga yorqin misol bo‘la oladi83.
Demak, huquq va erkinliklarning bu kabi turlicha idrok etilishi asosida tarixan shakllangan o‘ziga xos turmush tarzi, fikrlash va dunyoqarashlarning o‘ziga xosligi, jamoatchilik ongida asrlardan buyon muhrlanib qolgan muayyan qarashlarni hosil qilgan va mustahkamlagan an’ana va odatlar yotadi. Ob’ektiv xarakterga ega bo‘lgan barcha ushbu omillar jamiyatda huquq va erkinliklarni idrok etishga ta’sir ko‘rsatadi, albatta.
Biroq munozara ko‘rinishidagi muhokama o‘tkazilishining o‘zi ham turli mamlakat va qit’a xalqlari Harakat dasturida mavjud muammoli masalalarning kelishilgan holda hal etilishidan qay darajada manfaatdor ekanligini namoyish etadi. Kelishmovchiliklar hali to‘laligicha barham topganicha yo‘q. Biroq inson huquqlarining muammoli jihatlarini keng ko‘lamda muhokama qilish yo‘lini tanlagan xalqlar, ertami, yo kechmi, hayotiy zarurat ta’sirida o‘zaro birdamlik va idrok etish ruhini anglab yetadilar. Axir bir vaqtlar huquq va erkinliklar g‘oyasining o‘zi jinoiy deb topilganligini unutish mumkin emas. Bugungi kunda esa u ham xalqaro, ham milliy andozalar darajasida qonunlashtirilgan. U hozirda muhokama mavzuigina bo‘lish bilan cheklanmay, balki jahon hamjamiyatining uni har yerda qaror toptirishga intilishiga sabab bo‘lmoqda.
Bola huquqlari masalalarini rivojlanishi va uni normativ ravishda shu kungacha shakllanishi hamda rivojlanishini tahlil qilish asosida aytish mumkinki, uning rivojlanishini quyidagicha bosqichlarga bo‘lish mumkin:
bola huquqlarini urf-odat normasi sifatida shakllanishi;
bola huquqlarini milliy qonunlarda norma sifatida o‘z aksini topishi va rivojlanishi;
bola huquqlariga oid milliy qonunlarning mazkur sohadagi xalqaro standartlarni shakllanishiga ta’sir ko‘rsatishi;
va nihoyat, xalqaro standartlarning o‘z navbatida milliy huquqni takomillashtirishga ta’siri.
Takrorlash uchun savollar
Do'stlaringiz bilan baham: |