Sotsiologik usulda axborotlar yig‘iladi va tahlil etiladi. Bularning birinchisiga turli shakldagi so‘rovlar (ommaviy anketa so‘rovlari, intervyu, ekspert 23
so‘rovlari, ijtimoiy tajriba, kuzatuv va boshqalar) kiradi. Ayniqsa, bola huquqlari sohasidagi dolzarb muammolar bo’yicha anketa so’rovlarini o’tkazish orqali aholining fikrini o‘rganish, odatda, ushbu muammolarni to‘g‘ri hal etishga yordam beradi va qabul qilingan qarorning aholi orasida xayrixohlik bilan qabul qilinishiga yordam beradi.
Mantiqiy usulda bola huquqlari muammolarini mantiqiy nuqtai nazardan o‘rganishning vositalari va usullari tushuniladi. Muammolarni o‘rganishda mantiqiy usullardan foydalanish, ushbu muammoni o‘rganish asosida qabul qilinadigan qarorlar va qonun hujjatlari ziddiyatlardan xolis bo‘lishiga yordam beradi.
Biz sanab o‘tgan usullarni “Bola huquqlari” fanini o‘rganishning barcha usullari, deb hisoblab bo‘lmaydi va ushbu fan doirasidagi muammolarni o‘rganishda bilish nazariyasining boshqa usullaridan ham foydalanish mumkin.
4. “Bola” va u bilan bog‘liq tushunchalar
“Bola va bolalar” tushunchasi. O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligida “Bola (bolalar)” tushunchasiga O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunida ilk marotaba ta’rif berilgan. Mazkur Qonun qabul qilinishiga qadar, “bola” yoki “bolalar” tushunchasi qo‘llanilganda, uning mazmuni yoritilmagan. Bolaga berilgan ushbu tarif muhim, chunki “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun va bolalarga oid boshqa qonunlar kimlarni himoya qilishga qaratilganligini aniq belgilab beradi.
Ushbu Qonun 20da bolalarga berilgan tarif, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining 1-moddasidagi “18 yoshga to‘lmagan har bir inson zoti, agar bolaga nisbatan nisbatan qo‘llaniladigan qonun bo‘yicha u ertaroq balog‘atga yetmagan bo‘lsa, bola hisoblanadi”, degan ta’rifga mos tushadi.
Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 1-moddasida berilgan tarif “bolalik” qaysi paytdan, ya’ni bola tug‘ilgan paytdan yoki undan avval boshlanishi to‘g‘risidagi masalani yoritmaydi va shu bilan ongli ravishda milliy normalar turfa xilligi tufayli istisnosiz barcha davlatlar uchun yagona bo‘lgan muammoning yechimini bermaydi.
Bola huquqlari to’g’risidagi konvensiya bolalikning yoki bola hayotining boshlanishini belgilash masalasini milliy qonunchilik ihtiyoriga qoldirgan.
Biroq, Konvensiyaning 1-moddasiga binoan, yuqori yosh chegarasini 18 yosh deb belgilangan. Shunday qilib, bu yosh chegarasi biron bir maqsad yoki faoliyat uchun aniq yosh belgilashi zarur bo‘lganda ishtirokchi-davlatlar uchun asos va boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qiladi.
“Bolaning qonuniy vakillari» tushunchasi. Qonunda “bolaning qonuniy vakillari” sifatida uning ota-onasi, farzandlikka oluvchilar, vasiylar va homiylar belgilangan. Qonuning 3-moddasida “bolaning qonuniy vakillari” tushunchasiga berilgan tarif O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 67-moddasidan kelib chiqqan bo‘lib, bolaning qonuniy vakili bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarning ro‘yxatini belgilab bergan.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 67-moddasida “bolaning huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish ota-onasi tomonidan (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar), ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda esa - vasiylik va homiylik organi, prokuror va sud tomonidan amalga oshiriladi” deyilgan.
Shunday qilib, Qonunning 3-moddasiga binoan, bolaning qonuniy vakili sifatida uning ota-onasi, farzandlikka oluvchi shaxslar, vasiylar, homiylar tan olinadi, biroq O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi va boshqa qonunda nazarda tutilgan hollarda, bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish prokuror va sud tomonidan amalga oshiriladi.
Ta’kidlash joizki, agar vasiylik va homiylik organlari tomonidan ota -onalar va bolalar manfaatlari o‘rtasida ziddiyatlar borligi aniqlansa, ota-onalar bolalarining manfaatlarini himoya qilishi mumkin emas. Ota-onalar va bolalar o‘rtasida kelishmovchilik bo‘lgan holda, vasiylik va homiylik organi bolalarning huquqi va manfaatlarini himoya qilish uchun o‘z vakilini tayinlashi mumkin. Ota - onalar ota- onalik huquqlaridan mahrum bo‘lgan hollarda ham bolaning qonuniy vakili bo‘lishlari mumkin emas.
“Vasiylik va homiylik organlari” tushunchasi. “Vasiylik va homiylik organlari” tushunchasi O’zbekiston Respublikasining oila qonun-hujjatlarida bola huquqlari va erkinliklari buzilganda yoki buzilish ehtimoli bo’lganda keng qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksida vasiylik va homiylik maqsadi, vasiylik va homiylikni tayinlaydigan organlar, vasiylik va homiylik vazifalarini amalga oshiradigan organlar, vasiylik va homiylik belgilanadigan shaxslar ko‘rsatilgan alohida “Vasiylik va homiylik” deb nomlanadigan 21-bob mavjud. Ushbu bobda vasiyning va homiyning huquqlari va majburiyatlari, ularning faoliyatini nazorat qilish shakllari, vasiylar va homiylarni chetlatish hamda vasiylikni va homiylikni bekor qilish asoslari va hokazo belgilangan. Shunday qilib, vasiylik va homiylik organlari faoliyatlarining barcha jihatlari O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 173-193 moddalarida batafsil tartibga solingan.
Qonunning 3-moddasida “vasiylik va homiylik” tushunchasi ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ularga ta’minot, tarbiya hamda ta’lim berish, shuningdek ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida joylashtirishning huquqiy shakli deb tariflangan. Vasiylik o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan, homiylik esa o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan belgilanadi deyilgan. Ushbu tarif Oila kodeksining qoidalariga to‘liq mos keladi.
“Yetim bola” tushunchasi. Qonunning 3-moddasida ilk marotaba “etim bola” tushunchasiga tarifi berilgan. Yetim bola deb otasi ham, onasi ham vafot etgan yoki ular sud qaroriga binoan vafot etgan deb e’lon qilingan bola hisoblanadi. Farzandlikka olgan shaxslar vafot etgan bo‘lsa yoki sud orqali vafot etgan deb topilgan bo‘lsa ham ushbu Qonunga binoan bola yetim deb hisoblanadi.
“Jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bola” tushunchasi. Qonunga binoan, jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bola deb nogironlikni belgilash uchun yetarli bo‘lmagan jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) va (yoki) ruhiy nuqsonlari bo’lgan bola hisoblanadi. Ushbu tushunchalarning qonundagi tarifi bu toifadagi bolalarning huquqiy maqomi har xilligi bilan belgilanadi.
Nogiron deb hisoblangan bolalar muayyan huquqlarga ega va milliy qonun- hujjatlarda ko‘zda tutilgan muayyan nafaqalar olish huquqiga ega (quyida yoritilgan), jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalarga nisbatan esa bu qoida qo‘llanilmaydi. Qonun “ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar” tushunchasiga tarif berish orqali jismoniy va aqliy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun alohida himoya va tegishli nafaqalar olish huquqini ta’minlashga qaratilgan.
“Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar” tushunchasi. Qonunda ilk bor keng qo‘llaniladigan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar” tushunchasiga quyidagicha aniq tarif berilgan: “yuzaga kelgan holatlar sababli og‘ir turmush sharoitida qolgan, davlat va jamiyat tomonidan alohida himoya qilishga hamda qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bolalar”. Qonunga binoan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar deb:
nogiron bolalar;
jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar;
etim bolalar;
ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
ixtisoslashtirilgan bolalar muassasalarida tarbiyalanayotgan bolalar;
muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan bolalar;
kam ta’ minlangan oilalardagi bolalar;
jinoiy javobgarlikka tortilgan va jazoni ijro etish muassasalarida turgan bolalar;
zo‘ravonlik va ekspluatatsiya, qurolli mojarolar va tabiiy ofatlar natijasida jabrlangan bolalar hisoblanadi.
“Nogiron bola” tushunchasi. Qonun “nogiron bola” tushunchasiga ta’rif beradi. Nogiron bola - jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) va (yoki) ruhiy nuqsonlari bo‘lganligi tufayli turmush faoliyati cheklanganligi munosabati bilan ijtimoiy yordamga, himoyaga muhtoj hamda qonunda belgilangan tartibda nogiron, deb topilgan bola.
“O’zbekiston Respublikasi nogironlarning ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahririga binoan, nogiron deb jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor (sezgi) nuqsonlari borligi tufayli turmush faoliyati cheklanganligi munosabati bilan qonun hujjatlarida belgalangan tartibda nogiron deb topilgan hamda ijtimoiy yordamga va himoyaga muhtoj shaxs hisoblanadi. Shaxsning turmush faoliyati cheklanganligi deganda shaxsning o‘ziga o‘zi xizmat qilish, harakatlanish, yo‘lni topa olish, muloqot qilish, o‘z xatti-harakatini nazorat etish, shuningdek o‘qish va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish qobiliyatini yoki imkoniyatini to‘la yoxud qisman yo‘qotganligi tushuniladi.
“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonundagi “nogiron bola” “O‘zbekiston Respublikasi nogironlarning ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasida ko‘zda tutilgan barcha asosiy qoidalarni mujassam etgan.
O‘zbekiston Respublikasi nogironlarning ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun nogironlarning huquqiy maqomini belgilovchi asosiy hujjat bo‘lib, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish deganda nogironlarga turmush faoliyati cheklanganligini bartaraf etishi, qoplashi (kompensatsiya qilishi) uchun shart- sharoitlarni ta’ minlovchi hamda ularga jamiyat hayotida boshqa fuqarolar bilan teng ishtirok etish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan, davlat tomonidan kafolatlangan iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy chora-tadbirlar tizimini tushunish kerakligini nazarda tutadi.
Shaxsni, shu jumladan, o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogiron deb topish tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan, o‘n olti yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogiron deb topish esa tibbiy-maslahat komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Xalqaro standartlarda, (milliy qonunchilikdan farqli ravishda), nogironlar alohida himoyaga va yordamga muxtoj shaxslar deb hisoblanmaydi nogironlar boshqa fuqarolar bilan teng huquqlarga ega, lekin imkoniyatlari cheklanganligi sababli ularni to‘liq amalga oshira olmaydigan shaxslar deb belgilangan. Masalan, 2006-yil qabul qilingan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi yangi konvensiyada (O‘zbekiston imzolamagan) nogironlarga quyidagicha tarif berilgan: “boshqalar bilan bir xil tarzda jamiyat hayotida to‘liq va samarali ishtirok etishiga to‘sqinlik qiladigan uzoq muddatli jismoniy, aqliy, ruhiy va sensor nuqsonlari bo’lgan shaxslar” (1-modda).
Konvensiya nogironlar o‘z huquqlarini to’liq amalga oshira olishi uchun ushbu to‘siqlarni bartaraf etish berish maqsadida ishtirokchi-davlatlar zimmasiga barcha choralarni ko‘rish majburiyati yuklatilgan.
“Ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar” tushunchasi. Muayyan hayotiy vaziyatlar tufayli ota-onalar majburiyatlarini ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bajaradi va shuning uchun bu tushunchaning tarifi Qonuning 3-moddasida quyidagicha o‘z aksini topdi: “qonunda belgilangan tartibda bolaga nisbatan ota- onalik huquqini amalga oshiruvchi va ota-onalik majburiyatlarini bajaruvchi, lekin bolaning ota-onasi bo‘lmagan shaxslar (farzandlikka oluvchilar, vasiylar va homiylar)”.
Ota-onaning majburiyatlari quyidagi sabablarga ko‘ra bolalar ota-ona qaramog‘isiz qolgan holda farzandlikka oluvchi, vasiylar va homiylar, boqib olgan ota-onalar tomonidan bajariladi: ota-ona vafot etganda, ota-onalik huquqlaridan mahrum bo‘lganda, ota-ona muomalaga layoqatsiz deb topilganda, ota-onalar bolalarini tarbiya qilishdan bosh tortganda, bolalar muassasalarida bir yildan ortiq bolani ko‘rishga kelmaganida, ota-onalar bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb topilgan hollarda. Ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar oilalarga tarbiyaga (farzandlikka, vasiylikka, homiylikka yoki tarbiyaga oladigan oilalarga), bunday imkoniyat bo’lmagan hollarda - yetim bolalar yoki ota-ona qaramog’isiz qolgan bolalar uchun muassasalarga (tarbiyaviy, tibbiy, ijtiomiy himoya va boshqa shu kabi muassasalarga) topshirilishi lozim.
Ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni oilalarga yoki yuqorida ko‘rsatilgan muassasalarga joylashtirgunga qadar vasiy (homiy)lar vazifasini bajarilishi vaqtinchalik vasiylik va homiylik organlariga yuklatiladi.
Ta’kidlash joizki, farzandlikka olingan bolalar farzandlikka olgan shaxsning farzandlari bilan teng shaxsiy va mulkiy huquqlarga ega va o’zlarining biologik ota-onalariga nisbatan shaxsiy va mulkiy huquqlardan mahrum bo‘ladi. Boqib olingan bolalar o‘zlarining ota-onasi va qarindoshlari bilan muloqotda bo‘lish huquqiga ega.
“Ota-ona qaramog‘isiz qolgan bola” tushunchasi. Qonunda «yetim bola” va “ota-ona qaramog‘isiz qolgan bola” tushunchalari o‘rtasidagi farq ko‘rsatilgan. Ohirgisi - yetim bo’lib qolishdan tashqari (ya’ni ota-onasi vafot etgan yoki sud qarori bilan vafot etgan deb topilgan hollardan tashqari) boshqa har qanday sabab tufayli ota-onaning qaramog‘isiz qolgan bola hisoblanadi.
Ota-onasi o‘z majburiyatlarini sog‘lig‘i tufayli, majburiyatlari bajarishdan bosh tortgan hollarda, qonunda belgilangan tartibda ota-onalik huquqlaridan mahrum bo‘lganda, jinoyat sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum bo‘lish joylarida jazo o‘tayotgan hollarda va boshqa hollarda bola ota-onasining qaramog‘isiz qolishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |