Gaz almashinuvi buzilishi
Qon oqimi sekinlashganda, to’qimalarning kapillyarlardan kislorod yutishi miqdori me’yoriy 30%dan 60-70% gacha ko’tariladi. Qonni kislorod bilan to’yinganligining arteriovenoz farqi oshadi, bu esa atsidoz rivojlanishiga olib keladi. Qonda oksidlanmay qolgan metabolitlarning to’planishi va nafas olish mushaklari ishining kuchayishi asosiy metabolizmning faollashishiga olib keladi. Bunda yopiq doira hosil bo’ladi: organizmning kislorodga bo’lgan ehtiyoji oshadi, qon aylanish tizimi esa uni qondira olmaydi.
Kislorod tanqisligi rivojlanishi sianoz va hansirashga olib keladi. Yurak yetishmovchiligida sianoz markaziy (kichik qon aylanishi doirasida dimlanish va qon oksigenatsiyasi buzilishida) va periferik (qon oqimining sekinlashuvida va to’qimalarda kislorod utilizatsiyasining ortishida) bo’lishi mumkin. Yurak yetishmovchiligi periferiyada nisbatan ko’proq namoyon bo’lishi sababli, yurak yetishmovchiligi bo’lgan bemorlarda akrosianoz kuzatiladi: qo’l-oyoq uchlari, quloq, burun uchi ko’kimtirligi.
Shishlar
Shishlar bir qator omillar natijasida rivojlanadi:
Kapillyar bosimning ortishi va qon oqimining sekinlashuvida to’qimalar ichida suyuqlik ushlanib qolishi;
Suv-tuz almashinuvi buzilishida suv va natriyning ushlanib qolishi;
Oqsillar almashinuvi buzilganida qon plazmasining onkotik bosimi buzilishi;
Jigar funktsiyasi pasayishida aldosteron va antidiuretik gormonni inaktivatsiyalash darajasining pasayishi.
Yurak yetishmovchiligida shishlar dastavval yashirin bo’ladi va tana vaznining tezda ortishi va siydik miqdorining kamayishi bilan ifodalanadi. Ko’rinuvchan shishlar agar bemor yursa, oyoqlardan, agar yotgan bo’lsa, dumg’azadan boshlanadi. Keyinchalik bo’shliqlarda suyuqlik to’planishi boshlanadi: astsit (qorin bo’shlig’ida), gidrotoraks (plevra bo’shlig’i), gidroperikard (perikardial bo’shliq).
A’zolarda dimlanishli o’zgarishlar
O’pkadagi dimlanish hodisalar kichik qon aylanishining gemodinamikasi buzilishi bilan bog’liq. U o’pka rigidligi, ko’krak qafasining nafas olish ekskursiyasining pasayishi, o’pka chetlarining cheklangan harakatlanishi bilan tavsiflanadi. Katta qon aylanishi doirasida dimlanish hodisalari gepatomegaliya (o’ng qovurg’a ostidagi og’riqlar bilan namoyon bo’ladi), kardial jigar fibrozini chaqiradi.
Yurak yetishmovchiligda yurak qorinchalari va bo’lmachalari bo’shlig’ining kattalashishi bo’lmacha-qorincha klapanlarning nisbiy yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin, bu bo’yin venalarining bo’rtishi, taxikardiya, yurak chegaralarining kengayishi bilan namoyon bo’ladi. Dimlanishli gastrit rivojlanishida ko’ngil aynishi, ishtaha yo’qolishi, qusish, ich qotishi va meteorizmga moyillik, tana vaznining pasayishi kuzatiladi. Progressiv yurak yetishmovchiligida holdan toyishning og’ir darajasi — kardial kaxeksiya rivojlanadi.
Buyraklarda dimlanish hodisalari oliguriya, siydik nisbiy zichligining ortishi, proteinuriya, gematuriya, silindruriyani chaqiradi. Yurak yetishmovchiligida markaziy asab tizimining buzilishi tez charchash, aqliy va jismoniy faollikning pasayishi, bezovtalanishning kuchayishi, uyqu buzilishi, depressiv holatlar bilan tavsiflanadi.
Tasnifi
Dekompensatsiya belgilarining ortishi tezligi bo’yicha o’tkir va surunkali yurak yetishmovchiligi ajratiladi.
O’tkir yurak yetishmovchiligining rivojlanishi ikki turga bo’linadi:
Chap tur bo’yicha (o’tkir chap qorincha yoki chap bo’lmacha yetishmovchiligi);
O’tkir o’ng qorincha yetishmovchiligi.
Vasilenko-Strajesko tasnifiga ko’ra, surunkali yurak yetishmovchiligining rivojlanishida uch bosqich ajratiladi:
I (boshlang’ich) bosqich — yurak yetishmovchiligi belgilari yashirin, faqat jismoniy zo’riqish davomida hansirash, ortiqcha charchoq bilan namoyon bo’ladi; tinch holatda gemodinamik buzilishlar kuzatilmaydi.
II (sezilarli) bosqich — uzoq muddatli qon aylanishi yetishmovchiligi va gemodinamik buzilishlar (kichik va katta qon aylanish doiralarida dimlanishlar) tinch holatda ham ifodalanadi; mehnat qobiliyatining keskin cheklanishi:II davr A — yurakning bitta qismida o’rtacha gemodinamik buzilishlar (chap yoki o’ng qorincha yetishmovchiligi). Hansirash normal jismoniy faoliyatda rivojlanadi, ish qobiliyati keskin kamayadi. Ob’yektiv belgilari — sianoz, kichik boldirning shishishi, gepatomegaliyaning dastlabki belgilari, qiyin nafas olish.
II davr B — butun yurak-qon tomir tizimini qamrab olgan chuqur gemodinamik buzilishlar (katta va kichik doira). Ob’yektiv belgilari — tinch holatda ham hansirash, jiddiy shishlar, sianoz, astsit; mehnat qobiliyatining to’liq yo’qotilishi.
III (distrofik, yakuniy) bosqich — qon aylanishining va modda almashinuvining jiddiy yetishmovchiligi, a’zolar tuzilmasining morfologik qaytarib bo’lmaydigan buzilishlari (jigar, o’pka, buyraklar), holdan toyish.
Do'stlaringiz bilan baham: |