mikrotsirkulyatsiya sistemasi
Bu sistemaga arteriolalar, kapillyarlar, venulalar va a r t e r i o l o–v e n u l ya r anastomozlarni o’z ichiga olgan mayda tomirlar sistemasi kiradi. Qon tomirlarning ushbu funksional kompleksi limfa kapillyarlari va limfa tomirlari bilan o’ralgan bo’lib, uni o’rab turgan biriktiruvchi to’qima bilan birgalikda a’zolarning qon bilan ta’minlanishini boshqaradi, qon va kapillyarlar orqali modda almashinishini ta’minlaydi. Shu bilan birga drenaj va qon deposi vazifalarini bajaradi. Ko’pincha, mikrotsirkulyatsiya sistemasi prekapillyar, kapillyar va postkapillyar tomirlarning qalin to’ridan iborat. Har bir a’zoning vazifalariga mos ravishda mikrotsirkulyatsiya sistemasi tomirlarining shakli, diametri va zichligi o’ziga xos xususiyatlarga ega.
Mikrotsirkulyatsiya sistemasi tomirlari qon oqimiga qarab o’zgarib turadi. Ular kengayib, o’zlarida qon shaklli elementlarini to’plashi yoki torayib, faqat qon plazmasini o’tkazishi hamda to’qima suyuqligi o’tishini o’zgartirishi mumkin.
ARTERIOLALAR (ARTERIOLAE)
Arteriyalar arteriolalarga tarmoqlanadi. Arteriolalar eng mayda mushak tipidagi arterial tomirlar bo’lib, diametri 50- 100 mkm dan oshmaydi. Ular bir tomondan arteriyalar bilan bog’langan bo`lsa, ikkinchi tomondan asta-sekin kapillyarlarga o’tadi. Arteriolalar devori ham 3 qavatdan iborat, lekin barcha qavatlar juda sust rivojlangan. Ichki parda bazal membranada yotgan endoteliydan va endoteliy osti qavatidan iborat. Endoteliy osti qavati hujayralari yakka-yakka holda uchraydi. Ichki elastik membrana arteriolalarda uncha taraqqiy qilmagan. O’rta parda 1–2 qavat joylashgan silliq mushak hujayralaridan tashkil topgan bo’lib, ular spiralsimon yo’nalishga ega. Mushak hujayralari orasida elastik tolalar ham uchrab turadi. Prekapillyar arteriolalarda silliq mushak hujayralari yakka-yakka yotadi. Kapillyarlarga yaqinlashgan sari ular siyraklashib boradi. Ammo arteriolaning prekapillyarlarga va prekapillyarning kapillyarlarga tarmoqlangan joylarida albatta bo’ladi. Tashqi elastik membrana arteriolalar devorida bo’lmaydi. Tashqi parda adventitsial hujayralardan va retikulin tolalar yig’indisidan iborat.
Arteriolalar devoridagi spiral yo’nalgan mushak hujayralarining qisqarishi a’zolarga qon kelishini boshqarishda muhim ahamiyatga ega. Prekapillyar arteriolaning kapillyarlarga tarmoqlanish joyida aylana joylashgan mushak hujayralari hisobiga tomir devori birmuncha torayib, prekapillyar sfinkter vazifasini bajaradi. I. M. Sechenov arteriolalarning funksional ahamiyatiga katta baho berib ularni «qon tomirlar sistemasining jo’mragi» deb atagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |