Yurak-qon tomirlar tizimi a’zolari kasalliklari
Yurak-qon tomirlar tizimi a’zolari kasalliklari umumiy alomatlari
Yurak-qon tomirlar tizimini tekshirish usullari
Yurak va qon tomirlar kasalliklarining tashxisida asosiy tekshirish usullari — surishtirish, ko‘zdan kechirish, perkussiya, palpatsiya, auskultatsiya, rentgenologik, elektrokardiogafik, ballistokardio- grafik, fonokardiografik, qon va siydik tahlillari hamda boshqa qo‘shimcha tekshirish usullari yordamida aniqlanadi.
Bemorlarning shikoyatlari. Yurak-qon tomirlar kasalliklaridagi asosiy shikoyatlar jumlasiga yurak sohasida va to‘sh orqasida og‘riq sezish, hansirash, yurak o‘ynashi, yurak ishining to‘xtab-to‘xtab qolishi, yo‘talish, qon tuflash, badanga shish kelishi kiradi.
Og‘riq. Og‘riq sezgisi bosh miya po‘stlog‘ida shakllanib, keyin periferiyada aks etadi. Og‘riq lo‘qillovchi, sanchuvchi, kesuvchi, lovullatuvchi, simillovchi, timdalovchi, gohida esa kuchli xurujsimon bo‘ladi. Yurak sohasidagi og‘riqlar bir necha sekunddan bir necha soatgacha, hatto kunlab davom etadi. Og‘riqlar to‘xtab- to‘xtab, gohida esa doimiy bo‘ladi. Yurak sohasidagi og‘riq ko‘krak qafasining chap tomonida yoki to‘sh orqasida bo‘ladi. Og‘riq birdan yoki asta-sekin boshlanadi. Og‘riq bir lahzada o‘tib ketishi ham mumkin. Og‘riq ko‘pincha yurak sohasidan tashqari chap qo‘lga, chap yelkaga, bo‘yin sohasiga, chap kurak ostiga, ba’zan o‘ng qo‘lga ham beradi. Miokard infarkti kasalligining qorin turida esa (abdominal turida) me’daosti sohasi, qorin atroflarida og‘riq paydo bo‘ladi. Yurak sohasida og‘riq ko‘pincha yurak hamda boshqa organlar kasallanganda ham uchraydi.
To‘sh orqasida siqib boshlanadigan og‘riq jismoniy zo‘riqqanda yoki tinch holatda ham kuzatiladi. Yurak sohasidagi og‘riq ko‘pincha nevrozlarda yurak nerv apparatining funksional buzilishlari, ichki sekretsiya bezlari faoliyatining o‘zgarishi, turli intoksikatsiyalarda kuzatiladi.
Hansirash qon aylanishi yetishmovchiligida ko‘p uchraydigan va asosiy hisoblanadigan shikoyatdir. Hansirash kichik qon aylanishi doirasidagi dimlanish hodisalari natijasida qonda karbonat angidrid gazining ortiqcha to‘planib qolishi va kislorod miqdorining kamayib ketishidan kelib chiqadi.
Qon aylanishining yetishmovchiligi endigina boshlanib kela- yotgan davrda bemor faqat jismoniy zo‘riqish vaqtida hansirashni sezadi. Yurak yetishmovchiligi zo‘rayib borsa, hansirash doimiy bo‘lib qoladi. Chap qorincha muskullarining o‘tkir zaifligi boshlan- ganda esa nafas qisish xurujlari paydo bo‘ladi.
Yurak o‘ynashi yoki yurak urishi — yurakning kuchli va tez- tez, goho noravon urishidan kelib chiqadigan sezgi bo‘lib, hamisha ham shu organning kasalligidan darak beradigan bevosita belgi deb hisoblanavermaydi. Yurak qisqarishlari chastotasini, ya’ni tez- ligini, asosan, reflektor ta’sirlar idora yetib boradigan bo‘lgani uchun taxikardiya (yurak qisqarishlarining tezlashib ketishi) boshqa sabablar tufayli kelib chiqishi mumkin. Masalan, qalqonsimon bez funksiyasi kuchayib ketganida choy, qahvaga ortiqcha ruju qo‘ygan odamlarda, kashandalarda shunday bo‘lishi mumkin yoki me’da-ichak yo‘li hamda o‘t yo‘llari kasalliklarida reflektor yo‘l bilan kelib chiqishi mumkin. Yurak o‘ynashi yurak kasalliklarida yurak funksiyasining yetishmay qolayotganini, uning charchab qolganini ko‘rsatadigan belgi bo‘lib xizmat qiladi. Bunday noxush sezgi ko‘pincha bemorlarda yurak ritmi buzilganida — paroksizmal taxikardiya, ekstrasistoliya va boshqalarda paydo bo‘ladi.
Nafas qisishi. Kasal yurak har bir qisqarganida tomirlar siste- masiga normal yurakka qaraganda kamroq qon chiqaradi, shuning uchun yurak organ va to‘qimalarni yetarli miqdorda qon bilan ta’minlash uchun tezroq qisqara boshlaydi.
Yurak yetishmovchiligida nafas tezlashadi va bemor nafas qisishini sezadi. Avvaliga nafas faqat jismoniy ishdan so‘ng qisadi, yurak yetishmovchiligi kuchayib borishi bilan u tinch holatda ham paydo bo‘ladi. Qoni o‘pkasida turib qolgan yurak yetishmovchiligi bilan og‘riyotgan bemorlarning nafasi kuchli qisadi.
Nafas qisishi vaqtida bemorlarga havo yetishmaydi va nafas olishi qiyinlashadi. Yurak yetishmovchiligi sababli yuz bergan ro‘y-rost nafas qisishida bemorning qaddini baland qilib yotqizish uning ahvolini yengillashtiradi, holbuki, odam gorizontal vaziyatda yotganida aylanib yurgan qon miqdori ko‘payib, nafas muskulaturasi va yurakning ishi qiyinlashadi.
Shishlar yurak yetishmovchiligining asosiy alomatlaridan hisoblanadi. Vena va kapillarlarda bosimning ko‘tarilishi, ularda qon oqimining sekinlashishi va kapillarlar o‘tkazuvchanligining oshishi, suyuqlikning zo‘r berib qondan to‘qimalarga o‘tishiga sabab bo‘ladi. Buyraklarda natriy va suv tutilib qolishi, shuningdek, buyraklar va jigar funksiyasining buzilishi oqibatida qonda oqsil miqdorining kamayishi shishlar paydo bo‘lishiga imkon beradi.
Yurak yetishmovchiligining boshlanishida shishlar yashirin holda yig‘ilishi mumkin. Chunonchi, organizmda yig‘ilib qolgan suyuq- likni ko‘zdan kechirish vaqtida payqamay qolinadi. Bu davrda og‘riqning ortishi, diurezning (siydik hosil bo‘lishi va ajralishi) kamayishi, tungi diurezning kunduzgidan ustunlik qilishi (nikturiya), teri orasiga yuborilgan 0,1 ml miqdordagi fiziologik eritmaning so‘rilish tezligining oshishi (Mak-Klyur-Oldrich sinamasi) bo‘yicha shishlarning yig‘ilishi to‘g‘risida xulosa chiqariladi.
Keyinchalik oyoqlarda shishlar kechga tomon paydo bo‘ladi. Ertalabga yaqin esa yo‘qoladi. Borib-borib tungi dam olish kifoya qilmay qoladi. Shishlar boldir, son, dumba, qorin, ko‘krakning teriosti yog‘ kletchatkasida yig‘ila borib, tananing pastida joylashgan qismlariga osonlikcha suriladi va bemor o‘tirsa, oyoqlari shishib qoladi, chalqancha yotsa, shishlar dumg‘aza, dumba va sonlarning pastki yuzasiga to‘planadi, asosan, bir yonboshni bosib yotilganda, shishlar ham shunga yarasha o‘sha tomonda yig‘iladi.
Yurak yetishmovchiligida shishlar, odatda, yumshoq bo‘ladi — barmoq bilan bosilganda chuqurcha qoladi. Uzoq vaqtdan buyon mavjud shishlar qattiqroq bo‘ladi. Shishgan teri qon bilan yetarlicha ta’minlanmaydi, uning harorati past bo‘ladi, teri silliq, yaltiroq infeksiyaga qarshilik qobiliyati pasaygan bo‘ladi. Teriosti yog‘ kletchatkasidan tashqari, shish ichki organlarda — jigar, o‘pka, me’da va boshqa organlarda rivojlanib, ularning funksiyasi buziladi. Shish suyuqligi qorin bo‘shlig‘ida — assit, ko‘krak bo‘shlig‘ida — gidrotoraks, yurak xaltasi bo‘shlig‘ida — gidroperikard nomini olgan holda vujudga keladi.
Yo‘tal va qon tuflash o‘pka infarkti yoki pnevmoniya ko‘rinishida asorat boshlanganligini ko‘rsatadi. Dimlanishga aloqador bronxitda yo‘tal avval quruq bo‘ladi, keyinchalik yo‘tal vaqtida seroz balg‘am tushadi, borib-borib ko‘pikli bo‘lib qoladi, unda ipir-ipir qon paydo bo‘ladi. Balg‘amda qon har xil miqdorda uchraydi — mikroskopda tekshirilganda topiladigan alohida «Yurak poroklari hujayralari»dan tortib, o‘pkadan bir talay qon ketishi mumkin.
Bemorni ko‘zdan kechirish. Bemorning es-hushi, vaziyatiga ahamiyat berish kerak. Yurak kasalligi munosabati bilan hansirash boshlanganida bemor o‘tirib yoki o‘rinda suyanib oladi. Bemorlarni tekshirish, asosan, ularning ahvoli, teri shilliq qavatlarining rangi, shishlar bor-yo‘qligi va pereferik qon tomirlarini ko‘zdan kechi- rishdan iboratdir. Bemorlarda ko‘pincha lab, lunj, burun, quloq supralarining ko‘karib qolgani — sianozi, qo‘l-oyoq barmoq- larining ko‘kargani — akrosianoz qayd qilinadiki, bu gemoglobinning yetarlicha oksidlanmayotganini yoki qon oqimi susayib, to‘qimalarning kislorodni ortiqcha yutayotganini ko‘rsatadi.
Yurak sohasini ko‘zdan kechirish yurak uchi zarbini aniqlashdan boshlanadi. Yurak uchining zarbi me’yorda ko‘zga ko‘rinmasligi mumkin, lekin ko‘krak qafasi astenik shaklda bo‘lgan ozg‘in odamlarda bu zarb, odatda, beshinchi qovurg‘a orasidagi ritmik pulsatsiya ko‘rinishida sezilib turadi. Chap qorincha muskullari gipertrofiyalanganda bu qisqarishlar ancha sezilarli bo‘ladi va kattaroq maydonni egallaydi.
Puls (lotin. pulsus—turtki) — tomir urishi. Yurak qisqarishi natijasida qon tomirlarining ritmik tebranishi kengayib-torayishi. Arterial venoz va kapillar puls tafavut etiladi. Odatda, bilak arteriyasi sohasida paypaslab bilinadigan arterial puls eng katta amaliy ahamiyatga ega. Buning uchun tekshiruvchining bilagini, bilak- kaft usti bo‘g‘ini sohasini qo‘l bilan shunday ushlash kerakki, bosh barmoq bilakning ichki tomonida, boshqa barmoqlar esa uning yuzasidagi pulslanuvchi bilak arteriyasining paypaslantiruvchi terisini bosadigan bo‘lsin (1-rasm).
Pulsni tekshirish nuqtalari: 1—tanada; 2—qo‘l (bilak)da.
Sog‘lom kishilarda pulsning tezligi yurak qisqarishi tezligiga mos bo‘lib, bir minutda 60—80 marta tomir urishiga teng. Yurakning bir minutda 90 martadan ortiq qisqarishi — taxikardiya, 60 martadan kam qisqarishi — bradikardiya deb ataladi. Yurakning ba’zi kasalliklarida puls yurak qisqarishi tezligidan kam bo‘lishi mumkin, bu puls defitsitidir. Bolalarda kattalarga nisbatan puls ortiqroq, qizlarda o‘g‘il bolalarga nisbatan birmuncha ortiqroq bo‘ladi. Tunda puls kunduzgiga nisbatan kamroq bo‘ladi. Jismoniy mehnat qilganda, nerv-emotsional reaksiyalarda puls ortadi.
Taxikardiya qon aylanish apparatining organizmni kislorodga ehtiyoji ortishiga nisbatan bo‘lgan moslanuv reaksiyasi bo‘lib, organ va to‘qimalarning qon bilan yuqori darajada ta’minlanishiga imkon beradi. Ammo chiniqtirilgan yurakning (masalan, sportchi- larda) kompensator reaksiyasi taxikardiyaning ko‘tarilishi bilan emas, balki yurak qisqarishining kuchayishi bilan ifodalanadi. Bu organizm uchun ancha qulayroqdir. Yurakning ko‘pgina kasalliklari tana harorati ortishi, ba’zan zaharlanishlar taxikardiyani kuchay- tiradi.
Bradikardiya yurakning ba’zi kasalliklarida, zaharlanishlarda, shuningdek, bir qator dorilar ta’sirida kuzatiladi. Sog‘lom odamda puls ritmik (bir tekis), ya’ni puls to‘lqinlari ma’lum vaqt oralig‘ida sodir bo‘ladi. Yurak ritmining buzilishi aritmiya deb ataladi, bunda puls to‘lqinlari bir xil vaqt oralig‘ida notekis bo‘ladi. Pulsning tarangligi arterial qon bosimiga bog‘liq gipertoniyada g‘oyatda kuchayadi, gipotoniya va yurak kasalliklarida bo‘shashadi. Pulsning to‘liq yoki to‘liq emasligi yurak qisqarishi kuchiga bog‘liq. Pulsning boshqa o‘ziga xos ko‘pgina xususiyatlarini bilish bemorning ahvoli haqida to‘liq ma’lumot beradi.
Palpatsiya. Yurak sohasini palpatsiya qilish yurak uchi zarbi seziladigan joyni hamda shu zarbning xarakterini bilib olishga, ko‘krak qafasida deformatsiya («yurak bukrisi») bor-yo‘qligini aniqlashga imkon beradi. Yurak uchining zarbi ko‘tarilib qolgan (aortal poroklar, gipertoniyada), manfiy (bunda qorinchalar sistolasi vaqtida ko‘krak qafasi do‘mbayib chiqishi o‘rniga ichga tortilib turadi — adgeziv perikarditda), yoyilgan (yurak bo‘limlari kengayib ketganida) bo‘lishi mumkin. Past chastotali shovqin- larning akslanishida «fremissment cataire»ni, fransuzchadan tarjima qilganda «mushuk xirillashi» ma’nosini bildiruvchi hodisani aniqlash uchun palpatsiya qilib ko‘rish katta ahamiyatga ega.
Perkussiya. Yurak sohasiga urib ko‘rish yo‘li bilan hosil qilinadigan tovushning xarakteriga qarab, nisbiy va mutlaq yurak o‘tmasligini aniqlab, uning haqiqiy chegarasini topish mumkin.
Nisbiy yurak o‘tmasligi yurakning haqiqiy chegarasiga to‘g‘ri keladi. Yurak nisbiy o‘tmasligining normal chegaralari quyida- gilardir; o‘ng chegarasi, to‘shning o‘ng qirrasidan 0,5—1 sm narida III qovurg‘aning yuqori qirrasi oldida yurak chegarasi biroz ichkariga qiyshayib, to‘shning o‘ng qirrasi bo‘ylab birinchi qovurg‘a oralig‘igacha boradi. Yurakning chap chegarasi uchinchi qovurg‘a oralig‘ida parasternal chiziqni kesib o‘tkazadi va tashqariga bo‘rtgan ravoq hosil qilib, beshinchi qovurg‘a oralig‘igacha tushadi.
Mutlaq yurak o‘tmasligi chegaralari sekin perkussiya qilish usuli bilan aniqlanadi. Sog‘lom odamda mutlaq o‘tmaslikning o‘ng chegarasi to‘sh chap qirrasidan boshlab avvaliga IV qovurg‘a tog‘ayining pastki qirrasi, so‘ng ravoq hosil qilib chap chegaraga o‘tadi. Chap chegara tashqariga tomon pastga tushib, chap parasterial chiziq bo‘ylab yoki uning orasi va o‘rta o‘mrov bo‘ylab beshinchi qovurg‘a orasiga yetib boradi hamda jigar o‘tmasligi chegarasiga o‘tadi. Mutlaq yurak o‘tmasligi yurak qanchalik o‘pka bilan yopilganini ko‘rsatadi. Bu o‘tmaslikning hajmi yurakning kattaligiga ham, o‘pka qirralarining holatiga ham bog‘liq bo‘ladi. Yurak surilganda hamda u kattalashganda mutlaq va nisbiy chegaralar o‘tmasligi o‘zgaradi. Ba’zan yurak ko‘krak qafasining o‘ng tomonida joylashadi — dekstrakardiya (dekstra — o‘ng, kar — yurak).
Auskultatsiya — yurakni eshitib ko‘rish. Bu yurak-qon tomir sistemasini tekshirishda muhim usullardan biri hisoblanadi, ayniqsa, yurak nuqsonlarini aniqlashda eshitish va unga to‘g‘ri tashxis qo‘yish boshqa tekshirish usullariga qaraganda afzallikka ega.
Yurakni eshitishda bemor har xil vaziyatlarda — tik turgan, chalqancha va chap yonboshi bilan yotgan holda eshitib ko‘riladi. Yurakni eshitganda, odatda, ikki tovush farqlanadi, sog‘lom yurakda ular bir-biridan pauza bilan ajralib turadi. Birinchi tovush sistola vaqtida vujudga keladi, shuning uchun u sistolik tovush deyiladi. Ikkinchi tovush diastola vaqtida hosil bo‘ladi, u diastolik tovush deyiladi.
Birinchi tovush — ikki va uch tavaqali klapanlarning yopili- shidan, o‘ng va chap qorincha muskullarining taranglashishidan; aorta va o‘pka arteriyasi devorining tebranishidan hamda bo‘lmacha muskullarining taranglashishidan eshitiladi. Asosan, yurak uchida ancha kuchli va kalta birinchi tovush eshitiladi. Ikkinchi tovush yarimoysimon aorta va o‘pka arteriyasi klapanlarining yopilishidan va shu tomirlar boshlanish qismining tebranishidan hosil bo‘ladi. U baland va qisqa bo‘ladi. Ikkinchi tovush yurak asosida, o‘pka arteriyasi va aorta yarimoysimon klapanlari proyeksiyalanadigan yerda ancha ravon eshitiladi. Yurak tovushlari kuchayishi-pasayishi mumkin.
Ko‘krak qafasi old devori qalinlashganda, u shishganda, kishi semirganda yurak tovushlarining kuchi va aniqligi pasayadi, qo‘shni organlar shikastlanganda — o‘pka emfizemasi, yiringli plevrit, perikarditda, yurak mushaklarining o‘zi shikastlanganda — o‘tkir miokardit, kardiosklerozda ham bu hol kuzatiladi. Ko‘krak qafasining old devori yupqalashganda, masalan, kishi ozganda, o‘pka qirralari qisqarganda, jismoniy ish bajarilganda, asab qo‘zg‘al- ganda, Bazedov kasalligida yurakning barcha tovushlari kuchaygan bo‘lib, aniq eshitiladi.
Yurak shovqinlari. Shovqinlarning hosil bo‘lishida ikki omil — qon oqimining toraygan teshik orqali o‘tishi va qon oqimi tezligining ortishi hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Agar qon bir bo‘shliqdan ikkin- chisiga yurak qisqarishi yetarli bo‘lgan taqdirda toraygan teshik orqali o‘tsa, u holda qon harakatida girdoblar hosil bo‘lib, ular ushbu bo‘shliq devorini toraytiradi va shovqin hosil qiladi.
Teshik qancha tor bo‘lsa, shovqin shuncha kuchli bo‘ladi. Teshik torayganda qonning undan o‘tishi juda sekinlashib qoladi, shuning uchun shovqin pasayishi yoki butunlay yo‘qolishi mumkin. Shovqin yurakning qisqarish kuchiga ham bog‘liq, qisqarishlar kuchi oshganda shovqin kuchayadi, qisqarish kuchi pasayganda shovqin sekinlashadi. Qorinchalar sistolasi paytida eshitiladigan shovqinlar sistolik shovqin, qorincha diastolasi paytidagisi diastolik shovqin deb ataladi.
Sistolik shovqin ikki tavaqali va uch tavaqali klapanlar yetish- movchiligida, aorta va o‘pka arteriyasi teshiklari torayganda eshitiladi. Diastolik shovqinlar yurakning o‘ng va chap bo‘lmacha — qorincha teshiklari torayganda, aorta va o‘pka arteriyasi klapanlari yetishmov- chiligida eshitiladi.
Chap bo‘lmacha — qorincha teshigi torayganda shovqin, odatda, diastolaning eng oxirida, ya’ni sistola boshlanishidan oldin eshitiladi, shuning uchun bunday shovqin presistolik shovqin deb ataladi. Shovqinlar yurak tovushlari eshitiladigan nuqtalarda ham eshitiladi. Shovqinlar faqat ko‘rsatilgan nuqtalardagina eshitilib qolmaydi, ular qon oqimi bo‘ylab ham yaxshi tarqaladi.
Funksional shovqinlar kamqonlik, yuqumli kasalliklar, asab qo‘zg‘alishida paydo bo‘ladi. Ular bo‘lmacha-qorincha teshigini o‘rab turuvchi kapillar mushaklar yoki mushak tolalarining oziq- lanishi yoki innervatsiyasi buzilganda yoki qon oqimi tezlashganda, masalan, kamqonlik, tireotoksikozda paydo bo‘ladi. Funksional shovqin, deyarli hamma vaqt sistolik bo‘ladi. Jismoniy ish vaqtida funksional shovqin susayadi, organik shovqin esa kuchayadi. Organik shovqinlar qon oqimi bilan yaxshi o‘tkaziladi, funksional uzatil- maydi yoki yomon o‘tkaziladi.
Organik shovqinlar barqaror, funksional shovqin o‘zgaruvchan. Organik shovqinlar yurak nuqsonining turiga qarab ancha aniq joylashadi, funksional shovqin esa hamma nuqtalarda eshitiladi, yurak asosida kuchliroq bo‘ladi.
Perikard ishqalanish shovqini yurakoldi xaltasi pardalari (perikard) yallig‘langanda kuzatiladi va ularda ba’zan fibrin o‘tirib qoladi. Perikard bo‘shlig‘ida ko‘p miqdorda suyuqlik to‘planganda perikardial shovqin ko‘pincha yo‘qolmaydi, chunki bunda suyuqlik perikard bo‘shlig‘ining orqa tomonida va yurakning yon tomonlarida joylashgan bo‘ladi. Perikard bo‘shlig‘ida ko‘p miqdorda suyuqlik to‘planganda va bu bo‘shliqning hamma yerini to‘ldirganda perikard ishqalanishi shovqini eshitilmaydi.
|