Bundan keyingi tadqiqotlar sinish ko‘rsatkichini chastotaga bog‘liq ekanligini (dispersiya) ko‘rsatdi va demak, Maksvell nazariyasi takomillashtirishga muxtoj: o‘zgarmas elektr maydonda o‘tkazilgan tajribalardan olingan dielektrik singdiruvchanlik (statik dielektrik singdiruvchanlik) qiymatidan bevosita foydalanish mumkin emas, balki tez o‘zgaruvchan elektr maydoni ta’siri ostidagi muhitni xarakterlovchi singdiruvchanlik qiymatini hisobga olish kerak. Yorug‘likning elektromagnit nazariyasi ko‘pgina optik hodisalarni tushuntirishga muvoffaq bo‘ldi. Masalan, interferensiya, difraksiya, qutblanish va boshqalar. Biroq bu nazariya yorug‘lik tabiatini butunlay tushuntira olmadi. XX asrning boshlariga kelib bu nazariya fotoeffekt, mutloq qora jism nurlanishi, Kompton effekti kabi hodisalarni, ya’ni yorug‘likni modda bilan o‘zaro ta’sirini tushuntira olmadi. Atom o‘lchamidagi hodisalarni tushuntirishga ojizlik qildi. Bunday hodisalarni tushuntirish uchun kvant tushunchasi kiritildi. Fan yana korpuskula tushunchasiga qaytdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |