MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI HARBIY TAYYORGARLIK O‘QUV MARKAZI
FRONT ORTI VA MOLIYAVIY TA’MINOT SIKLI
Yong‘in xavfsizligini tashkillashtirish (280300-HHM) mutaxassisligida
tahsil olayotgan talabalar bilan yong‘in xavfsizligi profilaktikasi fanidan
MASHG‘ULOTLAR MATERIALLARI
3-MAVZU. YONG‘INDA ODAMLARNI QUTQARISH USULLARI VA VOSITALARI.
1-MASHG‘ULOT. YONG‘INDA YUZAGA KELADIGAN XAVF TUSHUNCHASI.
BIRINCHI O‘QUV SAVOLI: YONG‘INDAN YUZAGA KELADIGAN XAVFNING TA’SIRI. Odamlarning yong‘inning xavfli omillari mavjud xonadan tashqariga qarab tashkillashtirilgan tarzda mustaqil harakati evakuatsiya jarayoni hisoblanadi. Aholining kam harakatlanadigan guruhiga tegishli odamlarning xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar yordamida nomustaqil harakatini ham evakuatsiya deb hisoblash lozim. Evakuatsiya- evakuatsiya chiqish joylari orqali evakuatsiya yo‘llari bo‘ylab amalga oshiriladi.
Odamlarga yong‘inning xavfli omillarini ta’sir etish ehtimoli mavjud hududdan ularning xavfsiz hududga qarab majburiy tarzda harakatlanish jarayoni yong‘in sharoitida odamlarni evakuatsiya qilish deyiladi.
Odamlarga yong‘inning xavfli omillarini ta’sir etishida yoki shunday ta’sirning bevosita tahdidi hosil bo‘lganida ularning tashqariga qarab majburiy tarzda harakatlanishi qutqarish hisoblanadi. qutqarish evakuatsiya va avariyaviy chiqish joylari orqali yong‘in o‘chirish bo‘linmalari yoki maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan shaxslar yordamida, shu qatorda qutqarish vositalaridan foydalangan holda mustaqil tarzda amalga oshiriladi.
Evakuatsiya yo‘li - odamlar mavjud joydan xavfsiz hududga olib boradigan kommunikatsion uchastkalarning ketma-ketligidir. Bunday yo‘l me’yorlar tomonidan talab etiladigan hajmiy-rejaviy, ergonomik, konstruktiv, muhandislik va texnikaviy echimlarning hamda tashkiliy tadbirlarning kompleksi bilan himoyalangan bo‘lishi kerak.
Evakuatsiya chiqish joyi yong‘in vaqtida xavfsiz hududga olib boruvchi va xavfsizlik talablariga javob beruvchi evakuatsiya yo‘liga chiqadigan chiqish joyidir.
Evakuatsiya jarayonining xavfsizligi, evakuatsiya yo‘llari va chiqish joylarining konstruktiv va hajmiy rejaviy echimlari hamda foydalanilayotgan bino va inshootlarning ma’muriyati tomonidan amalga oshiriladigan tashkiliy tadbirlar evaziga ta’minlanadi. Evakuatsiya yo‘llari va chiqish joylarining konstruktiv va hajmiy rejaviy echimlari esa, o‘z navbatida qurilish me’yorlari va qoidalarining talablariga muvofiq maskanlarni loyihalash va qurish vaqtida tatbiq qilinadi.
Evakuatsiya jarayoni uchun ajratilgan muddat (vaqt)ning qisqaligining asosiy sababi, inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan omillarning yong‘in vaqtida ortib borishidadir. Odamlarni xonadan yoki butunlay binodan evakuatsiya qilishning haqiqiy (hisobiy) vaqti evakuatsiyaning zaruriy vaqtiga teng yoki undan kichik bo‘lganida odamlarning xavfsizligi ta’minlanadi
(1)
"SSBT. GOST 12.1.004-91* Pojarnaya bezopasnost. Obshie trebovaniya" standartiga muvofiq yong‘inning inson sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan omillarga quyidagilar kiradi:
-alanga va uchqunlar;
-atrof muhitning yuqori harorati;
-yonish va termik parchalanishning toksin (zaharli) mahsulotlari;
-tutun;
-kislorod miqdori (konsentratsiyasi)ning kamligi.