Yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi YO‘RIQNOMA I. Umumiy qoidalar 1. Mazkur Yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma (keyingi o‘rinlarda Yo‘riqnoma deb yuritiladi) ichki ishlar organlari tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilishiga doir ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibini belgilab beradi.
2. Yo‘l harakati qoidalarining (keyingi o‘rinlarda Qoidalar deb yuritiladi) buzilishiga doir ishlarni yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi (keyingi o‘rinlarda Kodeks deb yuritiladi), mazkur Yo‘riqnoma va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
3. Qoidalarning buzilishiga doir ishlarni ko‘rib chiqishning vazifalari har bir ishning holatini o‘z vaqtida, har tomonlama, to‘la va obyektiv ravishda aniqlab chiqishdan, bu ishni qonunchilik hujjatlariga muvofiq holda hal etishdan, chiqarilgan qarorning ijrosini ta’minlashdan, shuningdek ma’muriy huquqbuzarlik sodir etish sabablari va bunga olib kelgan shart-sharoitlarni aniqlashdan, huquqbuzarliklarning oldini olishdan, qonuniylikni mustahkamlashdan iboratdir.
4. Qoidalarning buzilishiga doir ishlar qonuniylikka qat’iy amal qilish asosida ko‘rib chiqiladi. Qoidalarning buzilishi uchun ta’sir choralarini qo‘llash chog‘ida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi vakolatli yuqori turuvchi organlar, mansabdor shaxs va prokurorning muntazam nazorati, shikoyat qilish huquqi va qonunchilikda belgilangan boshqa usullar bilan ta’minlanadi.
II. Yo‘l harakati qoidalarining buzilishi haqidagi hujjatlarni rasmiylashtirish 5. Qoidalarni buzgan haydovchilarga nisbatan Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (keyingi o‘rinlarda DYHXX deb yuritiladi) xodimi huquqbuzarlik sodir etilgan joyning o‘zida mazkur Yo‘riqnomaning 1-ilovasiga muvofiq shaklda Yo‘l harakati qoidalari buzilganligi haqida bayonnoma (keyingi o‘rinlarda ma’muriy bayonnoma deb yuritiladi) rasmiylashtiradi, bundan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan ma’muriy huquqbuzarlikni rasmiylashtirish mustasno.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning soddalashtirilgan tartibi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-iyundagi 407-son “Huquqbuzarliklarning oldini olishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan qo‘llanilishi mumkin.
Ma’muriy huquqbuzarlik maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda ma’muriy bayonnoma belgilangan tezlikni oshirish va svetoforning taqiqlovchi ishorasiga buysunmaslik bo‘yicha rasmiylashtirilmaydi.
Qoidalarni buzgan haydovchilardan joyida jarima olish qat’iyan man etiladi.
Ma’muriy huquqbuzarlik maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda ma’muriy javobgarlikka transport vositasining mulkdori, yuridik shaxsga tegishli transport vositalaridan foydalanib sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarlik qayd etilgan taqdirda yuridik shaxsning transport vositalaridan foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan shaxsi tortiladi.
6. Qoidalarning buzilishi to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan Kodeksning 138-moddasi birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda (piyodalarning ma’muriy huquqbuzarliklari) ma’muriy bayonnoma tuzilmaydi.
Huquqbuzar piyodaga mazkur Yo‘riqnomaning 2-ilovasiga muvofiq shaklda jarima to‘laganligi to‘g‘risida kvitansiya beriladi.
Huquqbuzar piyoda o‘ziga solinadigan jarimaga e’tiroz bildirsa yoki joyida jarima to‘lashga imkoni bo‘lmaganda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi va unga bu haqda yozib qo‘yiladi.
61. Ma’muriy huquqbuzarlik maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilmasdan huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning ishtirokisiz mazkur Yo‘riqnomaning 11-ilovasiga muvofiq shakldagi jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqariladi.
Jarima solish to‘g‘risidagi qaror maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qo‘llanilgan holda olingan materiallar ilova qilinib, yuridik kuchga ega bo‘lgan elektron hujjat shaklida rasmiylashtiriladi hamda uni tuzgan vakolatli shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi. Jarima solish to‘g‘risidagi qarorning ko‘chirma nusxasi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qo‘llanilgan holda olingan materiallar ilova qilinib, elektron hujjatni qog‘ozdagi hujjatga aylantirish yo‘li bilan tayyorlanadi hamda mazkur qaror chiqarilgan kundan e’tiboran uch kun ichida buyurtma pochta jo‘natmasi tarzida huquqbuzarga yuboriladi.
Unda quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
qaror chiqarilgan sana va joy, uni chiqargan organning nomi, shaxsning lavozimi va familiyasi, ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt, joy va holatlar, Kodeks Maxsus qismining mazkur huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasi, moddasining qismi ko‘rsatilgan holda, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari bilan qayd etilgan transport vositasining huquqbuzarlik sodir etilgan paytdagi davlat raqam belgisi bilan tushirilgan tasviri, qabul qilingan qaror, tayinlangan jarimani to‘lash tartibi va muddatlari, ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning huquq va majburiyatlari, shuningdek jarima solish to‘g‘risidagi qaror xususida shikoyat berishning protsessual tartibi.
7. Harakatni tartibga solishga vakolati bo‘lgan va xizmat vazifasini o‘tayotgan ichki ishlar organi xodimi (DYHXX xodimidan tashqari), harbiy avtomobil nazoratining mansabdor shaxsi xizmat vakolatini amalga oshirishga mo‘ljallangan bayonnoma varaqalaridan foydalanadilar. Unda ishni to‘liq hal etish uchun zarur ma’lumotlar ko‘rsatilishi shart.
8. DYHXX xodimi belgilangan tezlikka rioya etilmagan hollarda ma’muriy bayonnomani rasmiylashtirganda belgilangan tezlik ko‘rsatkichini albatta ko‘rsatgan holda qanday tezlikda harakatlanib kelganligini qayd etishi lozim. Masalan, “haydovchi 50 km/s tezlik chegaralangan yo‘l belgisi ta’siri doirasida 95 km/s tezlikda harakatlanib keldi”. Tezlik tezlikni o‘lchaydigan maxsus uskunalar hamda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari yordamida aniqlanadi.
Haydovchi belgilangan tezlikni oshirib yuborganda tezlikni o‘lchaydigan maxsus uskunalar va transport vositalari spidometrlari ko‘rsatkichlaridagi yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan jami nuqsonlar jamlangan holda hisobga olinishi kerak. Tezlikni o‘lchaydigan uskuna ruxsat etilgan tezlikdan soatiga 5 kilometrdan oshiq bo‘lganini ko‘rsatgan taqdirda ma’muriy bayonnoma tuziladi.
Ushbu talabga rioya etilmagan holda rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnoma DYHXXning ma’muriy amaliyot inspektori tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
9. Agar ma’muriy bayonnoma tuzish zarur bo‘lib, uni huquqbuzarlik sodir etilgan joyda tuzish imkoni bo‘lmasa, ma’muriy bayonnoma tuzishga vakolati bo‘lgan mansabdor shaxs yaqin oradagi ichki ishlar organlarida, transport vositalarini to‘xtash joylarida ma’muriy bayonnomani rasmiylashtirishi mumkin.
10. Ma’muriy bayonnoma uni tuzgan DYHXX xodimi va ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs (keyingi o‘rinlarda huquqbuzar deb yuritiladi) tomonidan imzolanadi, guvohlar, xolislar va jabrlanuvchilar bo‘lgan taqdirda ma’muriy bayonnoma ular tomonidan ham imzolanadi.
11. Huquqbuzar ma’muriy bayonnomaning mazmuni yuzasidan ma’muriy bayonnomaga o‘z fikr-mulohazalarini yozib qo‘yishga, shuningdek mazkur ma’muriy bayonnomaga imzo chekishdan bosh tortish sabablarini bayon etishga haqlidir. Huquqbuzar ma’muriy bayonnomani imzolashdan yoki yozma tushuntirish berishdan bosh tortgan taqdirda bayonnomaga bu haqda uni tuzgan shaxs tomonidan yozib qo‘yiladi.
Bunda guvohlar yoki xolislar ishtirokida dalolatnoma (haydovchining sodir etgan huquqbuzarligi fakti va uning ma’muriy bayonnomaga imzo qo‘yishdan bosh tortishi holati bo‘yicha) tuziladi va ma’muriy bayonnomaga ilova qilinadi. Dalolatnoma ilova qilinmagan ma’muriy bayonnoma DYHXXning ma’muriy amaliyot inspektori tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
12. Ma’muriy bayonnomani tuzish paytida huquqbuzarga Kodeksning 294-moddasida nazarda tutilgan uning huquq va burchlari hamda ushbu ma’muriy ish qayerda va taxminan qachon ko‘rilishi tushuntirilib, bu haqda ma’muriy bayonnomaga yozib qo‘yiladi.
13. Transport vositasini mast holatda boshqarayotgan deb hisoblashga yetarli asoslar bo‘lgan shaxs transport vositasini boshqarishdan chetlashtirilishi va mastlik holatini aniqlash uchun belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilishi kerak.
Mazkur shaxsni tekshirishga yuborish va bu tekshiruvni o‘tkazish Transport vositalari haydovchilarining mast holatda ekanligini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 3099, 2018-yil 14-dekabr) talablari asosida amalga oshiriladi.
14. Huquqbuzar tekshirishdan o‘tishdan bo‘yin tovlagan taqdirda ikki guvoh yoki xolis ishtirokida ma’muriy bayonnoma tuzilib, u transport vositasini boshqarishdan chetlashtiriladi.
Ma’muriy bayonnomada mastlik belgilari va huquqbuzarning tekshirishdan bo‘yin tovlash harakatlari batafsil ko‘rsatiladi.
Ma’muriy bayonnomaga huquqbuzarning bo‘yin tovlash sabablari haqidagi tushuntirish xati va ikki guvoh yoki xolis ishtirokida tuzilgan dalolatnoma ilova qilinadi.
15. Qoidalarni buzish natijasida transport vositalari, yuklar, yo‘l va boshqa inshootlarga yoki o‘zgalar mol-mulkiga moddiy zarar yetkazilsa, ma’muriy bayonnomaga mazkur Yo‘riqnomaning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi hodisaning chizmasi, shuningdek hodisa ishtirokchilarining, guvohlarining tushuntirishlari ilova qilinadi.
Hodisaning chizmasida transport vositalarining hodisadan keyingi holatini tiklash imkonini beruvchi aniq ma’lumotlar (ularning muqim obyektlarga nisbatan holati) ko‘rsatiladi. Chizma uni chizgan mansabdor shaxs, haydovchilar, guvohlar yoki xolislar tomonidan imzolanadi.
16. Haydovchilarga tergov yoki tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi tomonidan mazkur Yo‘riqnomaning 4-ilovasiga muvofiq shaklda Transport vositalarining shikastlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma beriladi.
17. Kodeksning 290-moddasiga ko‘ra sodir etilgan huquqbuzarlik uchun Kodeksga muvofiq transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish tarzida ma’muriy jazo qo‘llanilishi mumkin bo‘lsa, transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yiladi va bu haqda ma’muriy bayonnomaga, shuningdek talonga yozib qo‘yilib, talon huquqbuzarga qaytarib beriladi.
Agar mazkur bandning birinchi xatboshisida qayd etilgan huquqbuzarlik bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotgan davrda takroran transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilganda, huquqbuzarning taloni olinib, unga mazkur Yo‘riqnomaning 5-ilovasiga muvofiq shaklda vaqtinchalik ruxsatnoma beriladi.
Haydovchi vaqtinchalik ruxsatnoma bilan transport vositasini boshqarish paytida takroran transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etgan taqdirda unga boshqa vaqtinchalik ruxsatnoma berilib, unda avvalgi vaqtinchalik ruxsatnomaning amal qilish muddati qayd etiladi va bu haqda ma’muriy bayonnomaga yozib qo‘yiladi.
18. Haydovchilik guvohnomasi olingan kundan boshlab uning talonidan, talon olingan kundan boshlab vaqtinchalik ruxsatnomadan o‘ttiz kun davomida shaxsni tasdiqlovchi hujjat bo‘lgan taqdirda (o‘ttizinchi kunning soat 24:00 ga qadar) foydalanishga ruxsat etiladi, mazkur Yo‘riqnomaning 21-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
19. Haydovchilik guvohnomasi olinib, haydovchi istiqomat qilayotgan yoki transport vositasi ro‘yxatga olingan joydagi DYHXXga o‘ttiz kun ichida yetib kelmagan va talonning amal qilish muddati tugab qolgan hollarda talonning muddatini uzaytirish shu DYHXXning faqatgina ma’muriy amaliyot inspektori yoki bunday vazifa yuklatilgan xodimi tomonidan haydovchiga mazkur Yo‘riqnomaning 6-ilovasiga muvofiq shakldagi ma’lumotnoma rasmiylashtirilib berish orqali amalga oshiriladi. Ma’lumotnoma o‘n kun muddatga uch marotaba berilishi mumkin. Agarda ushbu muddatda ham haydovchilik guvohnomasi kelib tushmasa, istisno tariqasida ma’lumotnoma o‘n kun muddatga uch marotaba berilishi mumkin.
Ma’lumotnoma berilganligi to‘g‘risida maxsus kitobga qayd etiladi. Maxsus kitobni yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
Talon olinib, haydovchi istiqomat qilayotgan yoki transport vositasi ro‘yxatga olingan joydagi DYHXXga o‘ttiz kun ichida yetib kelmagan taqdirda vaqtinchalik ruxsatnomaning muddati tugab qolgan hollarda uning muddati shu DYHXXning faqatgina ma’muriy amaliyot inspektori yoki bunday vazifa yuklatilgan xodimi tomonidan o‘n kun muddatga uch marotaba uzaytirilishi mumkin. Agarda ushbu muddatda ham talon kelib tushmasa, istisno tariqasida vaqtinchalik ruxsatnomaning muddati o‘n kun muddatga uch marotaba uzaytirilishi mumkin.
20. Agar haydovchi safarda bo‘lgan vaqtda talonning yoki vaqtinchalik ruxsatnomaning amal qilish muddati tugab qolsa, haydovchi taqdim etgan tegishli hujjatlar yoki ma’lumotlar asosida o‘sha hududdagi DYHXXning faqatgina ma’muriy amaliyot inspektori yoki bunday vazifa yuklatilgan xodimi tomonidan talonning yoki vaqtinchalik ruxsatnomaning amal qilish muddati uzaytirib beriladi.
Bunda talonga yoki vaqtinchalik ruxsatnomaga “Yashash joyiga yetib olgunga qadar” deb yozib, o‘n kungacha muddat qo‘yib beriladi.
21. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish materiallari uch oy muddat ichida tegishli organga kelib tushmagan hollarda xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, haydovchilik guvohnomasi yoki taloni yo‘qolganligi haqidagi xulosaga kelingan taqdirda haydovchining qo‘lida qolgan hujjat olib qo‘yilib, unga haydovchilik guvohnomasi va talonining dublikati imtihonsiz beriladi. Xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan vaqt davomida talonning amal qilish muddati uzaytirib beriladi.
22. Ma’muriy bayonnomalar va jarima kvitansiyalari hamda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzilishi yuzasidan chiqarilgan jarima solish to‘g‘risidagi qarorlarning blankalari qat’iy hisobdagi hujjatlar hisoblanadi. Ma’muriy bayonnoma, jarima kvitansiyasi, talon, vaqtinchalik ruxsatnomaga yozuvlar aniq holda ko‘k yoki qora rangli siyohlar (pasta) bilan qayd etiladi. Unda o‘chirib yozishga, tuzatishga yoki ilgari qayd etilgan yozuvlarni tuzatish, vositalar yordamida yo‘qotishga yo‘l qo‘yilmaydi.
23. Haydovchilik guvohnomasi, taloni, vaqtinchalik ruxsatnoma, ishonchnoma, transport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish va ijaraga berish shartnomalari bo‘lmagan shaxslar transport vositasini boshqarganda ularga nisbatan Kodeksning 135-moddasi ikkinchi qismi asosida ma’muriy bayonnoma tuzilib, Kodeksning 291-moddasi “a” qismiga muvofiq transport vositasi ushlab turish sababi bartaraf etilgunga va ish ko‘rib chiqilgunga qadar to‘xtash joylarida ushlab turilishi mumkin.
24. Haydovchilik guvohnomasi yoki talonining dublikati berilgandan so‘ng eski haydovchilik guvohnomasi yoki taloni kelib tushgan taqdirda ular belgilangan tartibda DYHXXning ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘limlari yoki tumanlararo ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘linmalari (keyingi o‘rinlarda RIB (TRIB) deb yuritiladi) tomonidan yo‘q qilinadi.
Vaqtinchalik ruxsatnoma yo‘qotib qo‘yilgan taqdirda ishni ko‘rib chiquvchi mansabdor shaxs huquqbuzardan bu haqda tushuntirish xati oladi. Huquqbuzar haydovchilik guvohnomasi va taloni olib qo‘yilishi bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun belgilangan jarimalarni to‘lagan taqdirda uning murojaat etgan kunidan boshlab 15 kundan so‘ng haydovchilik guvohnomasi, taloni qaytarib beriladi.
25. Ma’muriy bayonnoma, boshqa tegishli hujjatlar va ish bo‘yicha ashyoviy dalillar huquqbuzarlik sodir etilgan yoki aniqlangan paytdan boshlab bir sutkadan kechiktirmay ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan organ (mansabdor shaxs)ga yuboriladi.