Birinchidan, har bir ta'lim tizimi rahbarlari hamda mutaxassis xodimlar o‘z mutuxasisligi bo‘yicha chuqur bilimga va ayni vaqtda ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy va g‘oyaviy tomondan ham chuqur ilmiy-nazariy bilimga ega bo‘lishi;
Ikkinchidan, o‘zidagi ilmiy-nazariy bilimlarni o‘quvchi shaxsiga yetkaza olish uchun zamonaviy pedagogik va axborot-komunikatsion texnoligiyalarni amalda qo‘llay olish malakasiga ega bo‘lishi kabilardir.
Ta'kidlash lozimki, mazkur talablar hozirda qaysidir ma'muriy idora tomonidan qo‘yilayotgan va bajarilmay qolgan taqdirda qandaydir ma'muriy choralar bilan bartaraf etilsa bo‘ladigan talablar emas. Aksincha, bu talablar bugungi kun pedagogiga davr tomonidan qo‘yilayotgan, bajarilmay qolgan taqdirda uning zararli oqibatlari bir necha avlodni xayotini izdan chiqarib yuborishi mumkin bo‘lgan talablardir.
Yuqoridagi talablardan kelib chiqib, aytadigan bo‘lsak, hozirda mazkur talablarni qay darajada tushunib yetmoqdamiz va ularga nechog‘lik amal qilmoqdamiz?
Kuzatishlar natijasiga ko‘ra mazkur savolga javob beradigan bo‘lsak hozirda ham ta'lim muassasalarida yuqoridagi talablarni tushunib yetmagan yoki mazkur talablarga to‘la javob bera olmaydigan ta'lim tizimi rahbarlari hamda mutaxassis xodimlarni borligi ma'lum bo‘ladi. Aynan mana shunday ta'lim tizimi rahbarlari hamda mutaxassis xodimlarning ish faoliyatida o‘qituvchi quruq axborot berish, matnlarni bayon qilish, tezroq yanada tezroq ma'ruza o‘qish bilan ovvora bo‘lib qolmoqda. Dars jarayonida o‘quvchilarning yangiliklarni qabul qilish darajasi, har xil hoxish-istaklari va ularning darsga munosabati inobatga olinmagan holda aksincha, ularni quruq yodlatishga, qanday yo‘l bilan bo‘lsada baho olishga o‘rgatib qo‘yilmoqda. Asosiy muammo qo‘yilgan baholar bo‘yicha kimni yaxshiroq, kimni yomonroq deb aytishda emas, balki, qo‘yilayotgan baholar o‘quvchilarni maktab tashqarisida, real hayotda as qotadigan qobiliyatlar (kompetensiyalar)ni rivojlantirishga undamasligidadir. O‘qituvchi tomonidan dars jarayonida shunga o‘xshash muammolarni keltirib chiqarilayotganligi real hayotda maktabni bazo‘r tugatgan yosh tadbirkor oliy ma'lumotli sinifdoshidan bir necha barobar ko‘p pul topa olishi va yaxshi yashashi mumkinligi maktabdagi an'anaviy ta'limni kamchiliklarini ko‘rsatib qo‘ymoqda. Bu jarayon maktabni bazo‘r tugatgan yosh tadbirkor o‘z davrida “yomon” o‘qigan bo‘lsada hayotida mustaqil fikrlashini saqlab qola olganligi, oliy ma'lumotli sinifdoshi esa, maktablardagi an'anaviy ta'lim jarayonida “a'lo” o‘qib, o‘qituvchining gegomonligi sababli o‘zida mustaqil fikrlashni yo‘qotib borganligi bilan izohlanadi.
Shunday ekan, hozirgi shiddatli, axborotlashgan, murakkab davrda yashayotganligimizni xisobga olsak, bugungi kun aynan shu davrning murakkab vaziyatlarida yashash malakasiga ega bo‘lgan, o‘z mustaqil fikrga ega avlodni tarbiyalashni taqozo etmoqda. Buning uchun barcha fan ta'lim tizimi xodimlari kasbiy va mafkuraviy jihatdan avvalo o‘z mutaxasisligini chuqur bilish va ayni vaqtda jahonda va mamlakatimizda bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy va g‘oyaviy jarayonlardan boxabar bo‘lib borish talab etilmoqda.
Ta'kidlash kerakki, bugungi kunda yo‘nalishlar bo‘yicha (masalan matematika, fizika, ingliz tili va hokazo kabi) fan o‘qituvchilari o‘quvchilarga o‘z yo‘nalishim bo‘yicha bilim bersamgina kifoya deya o‘ylashi katta xato hisoblanadi. Chunki, yosh avlod fizika, kimyo, chet tili va boshqa shu kabi fanlarni yaxshi o‘zlashtirsa-yu lekin, ularda vatanparvarlik, ota-onaga hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat kabi tuyg‘ular shakllanmasa, bunday avlod o‘z bilimlari orqali shu bilimlarni shakllanishiga katta xizmat qilgan ota-onaga, ustozlariga, jamiyat va davlatga hyech qanday naf keltirmaydi. Aksincha, ba'zi holatlarda mazkur (fizika, kimyo va boshqa sohalardagi) bilimlarini o‘z xalqiga qurol qilib ko‘tarishda ham ishlatishi mumkinligi har bir ziyolining yodidan chiqmasligi kerak. Shu o‘rinda aytish lozimki, mazkur fikrlar orqali ta'lim tizimida boshqa fanlar jumladan, tabiiy va aniq fanlarni o‘qitilishi umuman kamsitilayotgani yo‘q. Faqatgina biz barcha fanlar, jumladan tabiiy va aniq fanlar orqali ham milliy g‘oyani singdirish davrimiz talabi ekanligini ta'kidlamoqdamiz. Binobarin, “ta'limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta'limdan ajratib bo‘lmaydi - bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasidir”43.
Hozirgi zamon o‘qituvchilari o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bilimdon va ayni vaqtda ma'naviy va g‘oyaviy tomondan ham yetuk bo‘lishi borabarida, o‘quv jarayoniga qadam qo‘yar ekan, endilikda u zamonaviy pedagogik va axborot komunikatsion texnologiyalar to‘g‘risidagi bilimlarni ham egallagan bo‘lishi shart hisoblanadi. Shu o‘rinda zamonaviy o‘qituvchi uchun zarur bo‘lgan zamonaviy pedagogik texnologiyaning mazmun-mohiyatiga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, pedagogik texnologiya atamasidagi «texnologiya» tushunchasi texnikaviy taraqqiyot bilan bog‘liq bo‘lgan holda fanga 1972 yili kirib kelganligi ma'lum bo‘ladi. U yunoncha ikki so‘zdan «texnos» (technos) san'at, hunar va «logos» (logos) - fan so‘zlaridan tashkil topib, hunar fani ma'nosini anglatadi.
Umumiy ma'noda texnologik jarayon har doim zaruriy vositalar va sharoitlardan foydalangan holda operatsiyalarning muayyan ketma-ketlikda bajarilishini ko‘zda tutadi, yoxud texnologiya jarayoni bu mehnat qurollari bilan mehnat ob'ektlariga yaratish borasidagi ishchi (yoki mashina) faoliyati hisoblanadi. Shu ma'noda texnologiya u yoki bu ishni bajarish uchun kerak bo‘lgan operatsiya, harakat va usullar ketma-ketligidir.
Zamonaviy, noan'anaviy ta'limning asosi bo‘lgan pedagogik texnologiya - bu o‘qitishga o‘ziga xos bo‘lgan yangicha (innovatsiya) yondashuvidir. U pedagogikadagi ijtimoiy muxandislik tafakkurining ifodalanishi, texnokratik ilmiy ongning pedagogika sohasiga ko‘chirilgan tasviri, ta'lim jarayonini muayyan standartlashuvi hisoblanadi. Fanda o‘qitish nazariyasi ushbu fanni o‘qitish bo‘yicha metodik tizimlarning faoliyat qonuniyatini ochib beradi. Metodika ularning tadbiqini, texnologiya esa ushbu modelning amalga oshirish usullarini ishlab chiqadi. Texnologiyaning vazifasi maqsadlarni tashxislash va sharoitlar (uslublar, shakllar, vositalar, bog‘lanishlar)ni aniqlash, ya'ni belgilangan maqsadga erishishga imkon beruvchi jarayonlarni loyihalashga olib keladi.
Zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash jarayonida albatta o‘qituvchidan axborot komunikatsion texnologiyalarni bilish ham talab etiladi. Axborot-komunikatsion texnologiyalari deganda – axborot olish, uni qayta ishlash va tarqatish jarayonida ishlatiladigan texnika va texnologiyalar tushuniladi.
Bugungi kun ta'lim tizimi xodimi yosh avlod ongi va qalbiga milliy g‘oyani singdirish uchun albatta axborot olish, uni qayta ishlash va ta'lim-tarbiya jarayonida axborotni yoshlarga yetkazishda ishlatiladigan texnika va texnologiyalardan foydalanishni bilishi lozim. Hozirgi sharoitda axborot komunikatsion texnologiyalar sohasida ta'lim tizimi xodimlari uchun qo‘yilayotgan minimal talablar quyidagilardan iborat:
Kompyuter va uning barcha qurilmalari (printer, skayner kabilar)dan mustaqil foydalana olish;
Kompyuterdagi MS Word, MS Power Point va MS Excel dasturlarini amalda ishlata olish;
Internet tarmog‘iga mustaqil kira olish va u yerdan ta'lim-tarbiyaga oid materiallarni ko‘chira olish kabilardir.
Ta'lim tizimi xodimlari mazkur bilimlarga ega bo‘lsalar ular o‘z faoliyatida axborot olish, uni qayta ishlash va dars jarayonida axborotni o‘quvchiga yetkazish ko‘nikma va malakalariga ega bo‘ladilar. Ta'lim tizimi xodimlarini bunday ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lishlari albatta darslarda milliy g‘oyani o‘quvchilarga singdirish jarayoni yanada jonlantiradi va uning ta'sir quvvati yanada ortishiga olib keladi.
O‘zbekiston ta'lim tizimida ta'lim tizimi xodimlari tomonidan zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarni qo‘llash ixtiyoriy, o‘qituvchi hoxishiga bog‘liq jarayon emas. Dars jarayonida pedagogik va axborot texnologiyalarni qo‘llash har bir o‘qituvchining qonun oldidagi vazifasi sanaladi. Binobarin, “Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonun44ning 26-moddasida o‘qitishning ilg‘or shakllari yangi pedagogik texnologiyalar o‘quv jarayonida joriy etilsin, deyilgan bo‘lsa “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”45da ta'lim tizimi xodimlaridan “Ta'lim berishning ilg‘or pedagogik texnologiyalarini, zamonaviy o‘quv metodik mashg‘ulotlarini yaratish va o‘quv tarbiya jarayonini didaktik jihatdan ta'minlash” talab etilgan.
Zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalar asosida tashkil etilgan dars mashg‘ulotlarining mazmun-mohiyatiga ko‘ra endilikda ta'lim-tarbiya jarayonining asosiy harakatlantiruvchi kuchi, ta'lim jarayonining sub'ekti bu o‘quvchi bo‘lishi kerak, ya'ni bu degani o‘qish, o‘rganish, mutolaa qilish o‘quvchi zimmasiga o‘tib borishi lozim.
Bunday tizimda o‘quvchi ham, o‘qituvchi ham ta'lim tarbiya jarayoniga birgalikda mas'ul bo‘ladi. Bu jarayonda ular har bir o‘quvchining bilim va qobiliyatini, individual ehtiyojlarini birgalikda aniqlaydilar. Mazkur holatda o‘qituvchi faqat “baholovchi” emas, balki, yangi bilimlar yetkazuvchi manbaga aylanadi. U endilikda majburiy o‘qitishdan o‘qishni o‘rgatishga, bilim berishdan o‘quvchilarning bilimlarini mustaqil egallashlariga ko‘maklashish vazifasini bajaradi.
Ma'lumki, har bir dars oldiga ta'limiy-tarbiyaviy va rivojlantiruvchi ya'ni bir-biri bilan uzviy aloqada bo‘lgan uch yoqlama maqsadlar qo‘yiladi. Zamonaviy darsni tashkil qilish shartli ravishda o‘qituvchi va o‘quvchilarning o‘zaro aloqalariga bog‘liq bo‘lib, bu jarayonda o‘quv materiallari, ta'lim metodlari va axborot komunikatsion texnologiyalari ham asosiy rol o‘ynaydi. Darsni tashkil etishda o‘qituvchi rahnamoligida o‘quvchilar birgalikda harakat qiladilar. Bunday darslarda o‘quvchiga obe'kt emas, balki shu darsning ishtirokchisi – subekti sifatida qaralishi, har bir o‘quvchining individual hususiyatlarini xisobga olinishini ta'minlab beradi. Darsning natijasini aniqlash ham avvalo har bir o‘quvchining indidual o‘zlashtirishidan kelib chiqqan holda guruhiy va jamoaviy natijalarni aniqlash orqali amalga oshiriladi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, ta'lim-tarbiya jarayonida ta'lim tizimi rahbarlari hamda mutaxassis xodimlariga milliy g‘oyani singdirish uchun dars jarayoniga zamonaviy yondashuv, ya'ni ta'lim-tarbiya jarayonida pedagogik va axborot texnologiyalarni qo‘llash muhim ahamiyatga egadir. Binobarin, ta'limda o‘quvchilarga milliy g‘oyani singdirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ularni mustaqil fikrlovchi, sobit e'tiqodli, vatanparvar, barkamol shaxs etib tarbiyalash ekan hozirgi kunda bu natijalarga ta'limda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarni qo‘llamasdan turib erishib bo‘lmaydi. Shunday ekan, hozirgi zamon ta'lim tizimi rahbarlari hamda mutaxassis xodimlari o‘z faoliyatlari uchun zarur bo‘lgan, o‘quvchilarni fanga bo‘lgan qiziqishlarini oshiruvchi, darsning maqsadiga erishishni ta'minlab beruvchi zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarni o‘rganishi hamda ularni amalda qo‘llay olish ko‘nikma va malakalariga ega bo‘lishlari lozimdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |