2.3.O’simlik moylarini olishning asosiy usullari va texnologik sxemalari
Dunyo amaliyotida o’simlik moylari olishning asosiy ikkita usuli bo’lib, ular bir biridan tupdan farq qiladi. Bular, moyni mexanik siqib olish presslash usuli deb nomlanadi va moyni yengil uchuvchi organiq erituvchi yordamida eritib olish, yoki ekstraktsiya usulidir. Bu ikkala usullar alohida-alohida mustaqil ravishda yoki birgalikda aniq tartibda ishlatilishi mumkin. Oxirgi yo’l ishlatilganda bu usulni forpresslash-ekstraktsiyalash deyiladi. Qaysi bir usul ishlatilishidan qat’iy nazar xar bir usul aniq texnologik sxema bo’yicha olib boriladi.
Texnologik sxema deb, bir-biri bilan mantikiy jixatdan uzviy bog’langan texnologik jarayonlarning zaruriy tartibda bajariladigan yig’indisiga aytiladi.
Texnologik operatsiyalar bajarilayotganda ishlov berilayotgan mahsulot turli tashqi ta’sirlar ostida bo’ladi. Bularga mexaniq, issiqlik, namlik, erituvchi va kimyoviy reagentlarning o’z o’rnida ta’siri kiradi.
U yoki bu texnologik operatsiyalarni bajarishdagi jarayonlarni shartli ravishda asosiy va yondosh jarayonlarga ajratish mumkin. SHu narsani takidlash lozimki, ko’pchilik xollarda yondosh jarayonlar operatsiyaning umumiy yo’nalishi va yakuniy effektiga kuchli ta’sir ko’rsatadi. Masalan, moyni siqib olishda mexaniq va gidrodinamik (moyning oqib chiqishi) jarayonlar asosiy hisoblanib, ular mexaniq energiyani ishqalanish kuchi hisobiga issiqlik energiyasiga aylantiruvchi yondosh jarayonning sodir bo’lishiga turtki bo’ladi. Yondosh issiqlik ajralish jarayoni kunjaradagi oksil moddalarning denaturatsiyasi, moyning oksidlanishi kabi kimyoviy jarayonlarini va namlikning diffuzion bug’lanishini kuchaytirib yuboradi.
Moyli urug’larni qobig’ini mag’izidan ajratib qayta ishlash texnologik sxemalarida bajariladigan jarayonlar tayyorlov, asosiy, yordamchi va qo’shimcha operatsiyalardan tashkil topadi. Asosiy operatsiyalarga moyli urug’larni maydalash (yanchish), qovurish, presslash va ekstraktsiya yo’li bilan moy olish kiradi. Tayyorlov operatsiyalariga moyli urug’larni qabul qilish, quritish, saqlash, iflosliklardan tozalash va ust qobig’ini mag’izdan ajratish kiradi. Yordamchi operatsiyalarga esa shrot tarkibidan erituvchini haydash, moyni mistselladan ajratib olish, erituvchini bug’larini regeneratsiya va rekuperatsiya qilish kiradi. Qo’shimcha operatsiyalarga esa forpress yoki ekstraktsiyaqora moylarini birlamchi tozalash, fosfatid kontsentratini olish va oqsil moddalarini ajratish kiradi.
Asosiy, tayyorlov, yordamchi va qshshimcha operatsiyalarning uzviy bog’liqligi texnologik sxemani tashkil qiladi.
CHet el xamda MDX mamlakatlarda o’simlik moylari olish uchun quyidagi texnologik sxemalar qo’llaniladi:
1. Presslash metodi bilan tugallanadigan sxemalar: a) shnekli presslar yordamida bir marta presslash usuli; b) shnekli presslar yordamida ikki marta presslash usuli; v) shnekli presslar yordamida uch marta presslash usuli.
2. Ekstraktsiya metodi bilan tuganlanadigan sxemalar: a) ikki marta presslash va oxirida ekstraktsiyalash; b) bir marta presslash va oxirida ekstraktsiyalash; v) to’g’ridan-to’g’ri ekstraktsiyalash.
Ikkala sxema bo’yicha (b) usullari eng ko’p tarqalgan bo’lib, 2-b usuli esa “forpresslash-ekstraktsiyalash” sxemasi deb nomlanadi. Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan o’simlik moylarining 85% dan oshig’i shu sxema asosida olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |